Xususiy ayblov institutining qiyosiy tahlili (Osiyo mamlakatlari misolida)

0
487

Dispozitivlik, jumladan jinoyat protsessida xususiy ayblov institutining mohiyati, uni qo‘llash tartibi va o‘ziga xos jihatlarini anglash, shuningdek takomillashtirish uchun xorijiy davlatlarning ijobiy tajribasini o‘rganish foydadan xoli emas.

Osiyo mamlakatlaridan Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiyada ham kontinental huquq tizimi joriy etilgan. Ular ham Fransiya qonunchiligi va undan andoza olgan Yevropaning boshqa mamlakatlari qonunchiligidan olib o‘zlarining jinoyat va jinoyat-protsessual qonunlarini ishlab chiqqanlar.

Xitoy jinoyat protsessining asosiy manbalari 1982-yil 4-dekabrdagi konstitutsiya, 1997-yil 14-martdagi Jinoyat kodeksi va 1996-yil 17-martdagi Jinoyat-protsessual kodekslaridir. Xitoy jinoyat protsessi ham sudgacha ish yuritish, sud bosqichi va hukmni ijro etishdan tashkil topgan. Sudgacha ish yuritish jinoyat ishini qo‘zg‘atish, dastlabki tergov va ayb e’lon qilishdan iborat. Sud bosqichida xususiy ayblovga oid ish yuritishning alohida tartibi belgilangan (JPKning 170-173-moddalari). Unga ko‘ra xususiy ayblovga oid ishlarga: 1) faqatgina berilgan shikoyatlarga asosan ko‘rib chiqiladigan ishlar; 2) jabrlangan taraf mayda jinoyat sodir etilgani haqidagi dalillarga ega bo‘lgan ishlar; 3) jabrlangan taraf sudlanuvchi jinoiy ta’qib qilinishi kerakligini isbotlaydigan dalillarga ega bo‘lgan va jamoat xavfsizligi organi yoki xalq prokuraturasi tergov o‘tkazmagan ishlar kiritilgan.

Xitoy JKning 246, 257-moddasi 1-qismi, 260 va 270-moddalarida belgilangan ochiq haqorat qilish, fuqaroning nikoh erkinligi huquqidan foydalanishiga aralashish, oila a’zolari bilan shafqatsiz muomalada bo‘lish (og‘ir oqibatga olib kelsa), saqlash uchun topshirilgan yoki unutib qoldirilgan mulkni noqonuniy o‘zlashtirish jinoyatlari faqat jabrlanuvchi bergan shikoyat asosida javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkin.

Xitoy qonunchiligiga ko‘ra xususiy ayblovga oid ishlarda jabrlanuvchi jamoat xavfsizligi organi, xalq prokuraturasi yoki sudga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin. Jabrlanuvchining shikoyati jamoat xavfsizligi organi, xalq prokuraturasi tomonidan qabul qilinib ish qo‘zg‘atiladigan bo‘lsa, umumiy tartibda tergov o‘tkazilib, uning natijasiga asosan ayb e’lon qilinib, ish sudga yuboriladi. Jamoat xavfsizligi organi, xalq prokuraturasi jabrlanuvchining shikoyatiga asosan tergov o‘tkazmagan bo‘lsa, jabrlanuvchi sudga murojaat qilishga haqli.

Sud xususiy ayblovga oid ish bilan tanishib, agar jinoyatning faktik holatlari aniq bo‘lsa, ishdagi dalillar yetarli bo‘lsa muhokamani boshlaydi, agar dalillar yetarli bo‘lmasa va jabrlanuvchi qo‘shimcha dalillar taqdim eta olmasa shikoyatchiga shikoyatini qaytarib olishni taklif etadi yoki shikoyatni rad etish haqida ajrim chiqaradi. Agar xususiy shikoyat bergan shaxs qonunda belgilangan tartibda chaqirilganda sudga uzrli sabablarsiz ikki marta kelmasa yoki sudning ruxsatisiz sud zalini tark etsa shikoyatni ko‘rish bekor qilinadi. Sud muhokamasida ayrim dalillar sudyada shubha tug‘dirsa tanaffus e’lon qilinib, ular tekshirilishi mumkin.

Xususiy ayblovga oid ishlarni ko‘rishda sud taraflarni yarashtirish choralarini ko‘rishi mumkin. Jabrlanuvchi hukm chiqarilguniga qadar sudlanuvchi bilan yarashishga yoki shikoyatini qaytarib ­olishga haqli. Jabrlangan taraf qonunga muvofiq sudlanuvchi jinoiy ta’qib qilinishi kerakligini isbotlaydigan dalillarga ega bo‘lgan va jamoat xavfsizligi organi yoki xalq prokuraturasi tergov o‘tkazmagan ishlarda (JPKning 170-moddasi 3-bandi) yarashuvga yo‘l qo‘yilmaydi. Xususiy ayblovga oid ishlarda ayblanuvchi qarshi ariza berishi mumkin.

U ham xususiy ayblovga doir ishlarni ko‘rish tartibiga amal qilingan holda ko‘rib chiqiladi. Xitoy jinoyat-protsessual qonunchiligida ishni ko‘rishning soddalashtirilgan tartibi ham belgilangan. Unga ko‘ra bitta sudya davlat aybloviga doir ishlarda uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, qamoq, nazorat, jarima jazolari qo‘llanishi mumkin bo‘lgan ishlarni, prokuraturaning taklifi yo roziligi bilan faqat berilgan shikoyatlarga asosan ko‘rib chiqiladigan ishlarni hamda jabrlangan taraf mayda jinoyat sodir etilgani haqida dalillarga ega bo‘lgan ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rishi mumkin. Bunda xususiy ayblovga doir ishlarda ayblov xulosasi e’lon qilinganidan so‘ng sudyaning ruxsati bilan ayblanuvchi va uning advokati xususiy shikoyatchi va uning vakili bilan munozaraga kirishadi. Soddalashtirilgan ishni ko‘rish tartibida sudya ishni ko‘rishni yigirma sutkada yakunlashi kerak. Ishni ko‘rishda uni soddalashtirilgan tartibda ko‘rish mumkin emasligi aniqlansa, sud ishni belgilangan tartibda ko‘rishga kirishadi.

Janubiy Koreya jinoyat protsessi manbalariga 1987-yil 29-oktabrdagi konstitutsiya, 1953-yil 18-sentabrdagi Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va boshqa qonunlarni kiritish mumkin. Koreya jinoyat protsessi ham sudgacha ish yuritish va sud jarayonidan iborat. Jinoiy ish prokuror tomonidan qo‘zg‘atiladi, bu orqali shaxsga ayb e’lon qilinadi. So‘ng ish sudga taqdim etiladi va sud muhokamasiga tayyorgarlik boshlanadi.

Koreya qonunchiligiga ko‘ra marhumning nomiga dog‘ tushiradigan faktlarni oshkor qilish (JKning 308-moddasi), haqorat qilish (311-modda), sirni oshkor qilish (316-modda), kasbiy faoliyatda ma’lum bo‘lgan boshqalarning sirini oshkor qilish (317-modda) jinoyatlari uchun faqat shikoyat bo‘lgandagina jinoiy ta’qib amalga oshiriladi. Boshqa shaxsning nomiga dog‘ tushiruvchi faktlarni oshkor qilish (307-modda) va boshqa shaxsning nomiga dog‘ tushiruvchi faktlarni nashr etish yo‘li bilan oshkor qilish (309-modda) jinoyatlarida jabrlanuvchi qarshi bo‘ladigan bo‘lsa ish qo‘zg‘atilishi mumkin emas. Shaxsning o‘z huquqlaridan foydalanishiga qarshilik qilish (323-modda), o‘g‘irlik, birovning transportidan ruxsatsiz foydalanish (329-332-moddalar), firib­garlik va tovlamachilik (347-352-moddalar), ishonchni suiiste’mol qilib mulkni rastrata qilish (355-360-moddalar), talon-toroj qilingan mulkni o‘zlashtirish (362-364-moddalar) ayblanuvchining yaqin qarindoshlari, turmush o‘rtog‘i, oila a’zolari, birga yashovchi qarindoshlari va ularning turmush o‘rtog‘iga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa shaxs javobgarlikka tortilmaydi va boshqa qarindoshlariga nisbatan sodir etilganda esa faqat jabrlanuvchining shikoyati bo‘lgandagina jinoiy ta’qib amalga oshirilishi mumkin.

Koreya qonunchiligida ham soddalashtirilgan ish yurituvi mavjud. Jarima belgilanishi mumkin bo‘lgan, shuningdek prokurorning iltimosiga ko‘ra musodara qilish jazosi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan ishlar soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilishi mumkin.

Yaponiya jinoyat-protsessual qonunchiligining asosiy manbalari 1947-yil 3-maydagi konstitutsiya, 1995-yil 12-maydagi Jinoyat kodeksi va 1948-yil 10-iyuldagi Jinoyat-protsessual kodeksidir. Yaponiya JPK Yevropa kontinental huquq tizimi asosida yaratilgan bo‘lsa-da, ingliz-amerika huquqidagi ijobiy jihatlarni ham o‘zida jamlagan. Jumladan, ayrim dalillar maqbulligiga oid cheklovlar, sud jarayonidagi tortishuv tizimi kabilar.

Yaponiya qonunchiligiga ko‘ra xat-yozishmalar sir saqlanishi tartibini buzish (JKning 133-moddasi), sirni oshkor qilish (134-modda), kuch ishlatish orqali fahsh sodir etish (176-modda), nomusga tegish (177-modda), fahsh va nomusga tegishga o‘xshash harakatlar sodir etish (178-modda) va suiqasd qilish (179-modda), ehtiyotsizlik oqibatida badangan shikast yetkazish (209-modda), odam o‘g‘irlash (224-modda, 225-modda, 227-moddaning 1, 3-qismlari), sha’nga qarshi jinoyatlar (230-modda, 230-modda, 231-modda), qarindoshlar o‘rtasidagi o‘g‘irlik (yaqin qarindoshlar, turmush o‘rtog‘i, birga yashovchi qarindosh sodir etsa javobgarlikka tortilmaydi, 235-modda), shaxsiy hujjatlarga zarar yetkazish (259-modda), asbob-anjomlarga shikast yetkazish (261-modda) va xat-yozishmalarni yashirish (263-modda) jinoyatlari faqat jabrlanuvchining shikoyatiga asosan ko‘rib chiqiladi.

JPKning 230-246-moddalarida xususiy ayblovga oid ishlarda kimlar shikoyat berishi mumkinligi, shikoyat berish tartibi, shikoyatni qaytarib olish tartibi va uning oqibati haqida bayon qilingan. Jumladan, shikoyat asosida ta’qib etiladigan jinoyatlar haqidagi shikoyatlar jabrlangan shaxsga jinoyat sodir etilgani va uni sodir etgan shaxs ma’lum bo‘lganidan olti oy o‘tgach yurituvga qabul qilinmaydi. Ammo bu qoida JKning 176-178, 225-moddalari, 227-moddasi 1, 3-qismlarida belgilangan, shuningdek chet davlatlar rasmiy vakillariga nisbatan sha’nga qarshi sodir etilgan jinoyatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Shu bilan birga shikoyat jinoiy ish qo‘zg‘atilguniga qadar qaytarib olinishi mumkinligi, bunday shaxs ayni holat haqida qayta murojaat qilish huquqidan mahrum bo‘lishi belgilangan. Yuridik shaxslarning vakillari shikoyat berishi mumkin, xususiy ayblovga oid shikoyatlar davlat ayblovchisiga yoki sudlov politsiyasi xodimiga beriladi. Sudlov politsiyasi xodimi tergov o‘tkazadi va asoslar yetarli bo‘lganida ishni prokurorga taqdim etadi. Prokuror hujjatlar bilan tanishib jinoyat ishi qo‘zg‘atishi yoki qo‘zg‘atishni rad etishi mumkin. Ish qo‘zg‘atilganidan so‘ng sudga taqdim etiladi.

Yaponiyada ham jadallashtirilgan sud ish yurituvi mavjud. Unga ko‘ra bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin bo‘lgan ishlar shunday tartibda ko‘rib chiqilishi mumkin.

Ko‘pgina musulmon davlatlarining jinoyat protsessi ham Fransiya huquq tizimi asosida ishlab chiqilgan. Shu bilan birga shariat normalari ta’sirida shakllangan ayrim o‘ziga xosliklar uchraydi. Saudiya Arabistoni va Eron shariat normalari ko‘proq amal qiladigan jinoyat protsessiga ega. Ammo so‘nggi paytlarda bu davlatlarda ham Yevropa jinoyat protsessi elementlari joriy etilgani ko‘zga tashlanadi.

Saudiya Arabistoni jinoyat-protsessual huquqining asosiy manbalari Qur’oni karim, sunna, shariat va hokimiyat haqidagi asosiy nizom hamda 2001-yil 16-oktabrdagi jinoyat-protsessual qonunidir. Jinoyat-protsessual qonun 225 moddadan iborat bo‘lib, uning ilk moddasida “Sudyalar ularga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan ishlarni hal etishda shariat prinsiplarini ular Qur’oni karim va sunnada qanday bo‘lsa shu shaklda qo‘llashga majbur. Shuningdek ular davlat tomonidan o‘rnatilgan qonunlarni ham Qur’oni karim va sunnaga zid kelmaydigan tarzda qo‘llashlari hamda mazkur qonunga muvofiq belgilangan tartibga rioya etishlari shart”, 3-moddasida “Shaxs shariat prinsiplari yoki davlat qonunlari bilan taqiqlangan va jazoga tortiladigan qilmishni sodir etganlikda shariat qoidalariga asosan o‘tkazilgan sud muhokamasida chiqarilgan, qonuniy kuchga kirgan qaror bilan aybli deb topilganida belgilanganidan boshqa hech qanday jazoga tortilishi mumkin emas” deb belgilangan. Mazkur qonunning boshqa normalarida ham universal mazmunga ega qoidalar aks etgan. Saudiya Arabistonida ham fransuz jinoyat protsessi modelidagiga o‘xshash jinoyat ish yurituvi joriy etilganini ko‘rish mumkin. Jumladan, Saudiya Arabistonida ham sudgacha va sudda ish yuritish bosqichlari bor. Sudgacha ish yuritish jinoyat ishini qo‘zg‘atish va dastlabki tergovdan iborat bo‘lsa, sud bosqichlari sudga topshirish, sud muhokamasi, apellyatsiya instansiyasida ish yuritish, sud qarorlarini qayta ko‘rish va hukmni ijro etishdan tashkil topgan.

Jumladan, ommaviy ayblovni amalga oshiruvchi Tergov va ta’qib byurosi vakillari sudga qadar ish yuritishda tuzadigan ayblov hujjati sudga taqdim etilishi, oshkora sodir etilgan jinoyatlarga nisbatan qo‘llanadigan og‘ir jinoyatga oid normalar, dalillar haqidagi normalar, ehtiyot choralari haqidagi va boshqa normalar yuridik texnika nuqtayi nazaridan boshqa davlatlar qonunchiligi normalaridan jiddiy farq qilmaydi. Saudiya Arabistonida shariat prinsiplariga ko‘ra jinoyat va jazo tizimining musulmon huquqidagi tasniflanishidan (qasos, ta’zir, hadd) kelib chiqadigan jinoiy ta’qibni amalga oshirish tartibi farqlanadi, ya’ni xususiy, xususiy-ommaviy va ommaviy. Saudiya Arabistoni jinoyat protsessida xususiy ayblov jabrlanuvchining shikoyatiga asosan amalga oshiriladi. Jabrlanuvchi barcha tergov harakatlarida qatnashish huquqiga ega, jabrlanuvchining ayblanuvchini kechirishi ish yuritishni tugatishga asos bo‘ladi. Xususiy-ommaviy ishlarda jinoiy ta’qib faqat jabrlanuvchining shikoyati asosida qo‘zg‘atiladi, ammo jabrlanuvchining kechirishi ishni tugatishga asos bo‘la olmaydi.

Saudiya Arabistonida ham soddalashtirilgan sud ish yurituvi mavjud. Mamlakatda mustaqil ayblov organi sifatida prokuraturaning mavjud emasligi ham ishni soddalashtirilgan tartibda yuritishga xizmat qiladi. Bunday ish yuritish faqat ta’zir jazosi qo‘llanadigan jinoyat ishlariga nisbatan tatbiq etilishi mumkin. Bunda ayblanuvchi aybiga iqror bo‘lsa sud dalillarni tekshirmasdan hukm chiqaradi, ayblanuvchi sudga kelmasa ham ishni ko‘rib hukm chiqarish mumkin.

Umuman olganda turli tajribalarni o‘rganish muayyan masalada har tomonlama mulohaza qilib xulosa chiqarish imkonini beradi. Yuqorida ko‘rib chiqilgan davlatlarning qonunchiligidagi xususiy ayblov institutining tahliliga ko‘ra aytish mumkinki, ushbu davlatlarda xususiy ayblov instituti samarali qo‘llanib kelmoqda. Ulardagi ayrim ijobiy jihatlarni milliy qonunchilikda aks ettirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Behzod RASHIDOV,
IIV akademiyasi Jinoyat-protsessual huquq kafedrasi boshlig‘i,
yuridik fanlar nomzodi, dotsent

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here