Qozi Ixtiyor va uning ilmiy merosi

0
210

Yozma manbalarda qayd qilinishicha, temuriylar (1370—1500) davrida Movarounnahr va Xurosonda ko‘plab salohiyatli faqihlar – islom huquqi bilimdonlari yashagan. Bu shaxslar fiqh ilmining qator sohalariga oid asarlar yozib qoldirishgan. Ulardan biri Qozi Ixtiyor edi.

Qozi Ixtiyor shaxsiyati

Qozi Ixtiyorning to‘liq ismi-sharifi Qozi Ixtiyoriddin Hasan ibn G‘iyosiddin ibn Zayn al-Obidiyn al-Husayniy at-Turbatiy al-Hiraviy (vaf. 927/1520 yoki 928/1521) bo‘lib, qozilar oilasida tug‘ilib o‘sgan. Jumladan, uning otasi, o‘zi va ikki o‘g‘li ham uzoq muddat qozilik lavozimida faoliyat yuritishgan1.

Qozi Ixtiyor Xuroson hukmdori, temuriy Husayn Boyqaro (1469-1506) davrida ko‘p yillar qozilik qilgan. 1498-yilda esa qozikalonlik lavozimiga tayinlangan. Husayn Boyqaro vafotidan keyin Badiuzzamon Mirzo (1506-1507) saroyida ham bir muddat faoliyat olib borgan. U o‘zining “Muxtor al-Ixtiyor” asarida aytishicha, Hirotda qozilik lavozimiga o‘tkazilgan vaqtda yigit yoshida bo‘lgan va uzoq muddat qozilik qilgan2.

“Habib us-siyar”da u yoshligida Hirotga kelib tahsil olgani, yosh yigit vaqtida fatvo berish va hujjatlarni tahrir qilish ishlari bilan shug‘ullangani qayd etilgan. Shuningdek, u insho, she’r, muammo janrlarida ham mahoratli bo‘lgani alohida zikr qilinadi.

Shayboniyxon (hukmronlik davri 1500-1510) Hirotni egallaganda ham Qozi Ixtiyor qozikalonlik lavozimida qolgan. Hatto Hirot Ismoil Safaviy (1502-1524) tarafidan egallanganda ham bir muddat qozi bo‘lgan. Lekin ko‘p o‘tmay tug‘ilgan yurtiga borib, vafotigacha dehqonchilik bilan shug‘ullangan.

Sadri Ziyo (1867-1932) Qozi Ixtiyorni “Xoja Ixtiyor o‘z davrida nasta’liqda shuhrat qozongan nomdor xattot, zamonasining yagonasi bo‘lgan. Husayn Boyqaroning munshiysi ham bo‘lib turgan, Alisher Navoiyga yaqinligi sababli oliy martabalar va katta e’tiborlar topgan”3 deb zikr qiladi. Haqiqatan ham Qozi Ixtiyor mahoratli xattot bo‘lgan, uning Husayn ibn Ali as-Sig‘noqiy qalamiga mansub “Domig‘at al-mubtadi’in va nosirat al-muhtadin” (“Bid’atchilarni yo‘q qiluvchi va hidoyat topganlarga yordam beruvchi”) nomli asarini kitobat qilgan nusxasi bugungi kungacha saqlanib qolgan.

Safaviylar shahzodasi Som Mirzoning “Tuhfayi Somiy” nomli asaridagi qaydlarga qaraganda
Qozi Ixtiyorning “Iqtibosot”, “Muxtor al-Ixtiyor” asarlari hamda “Adl va javr” nomli 5000 baytli masnaviysi bo‘lgan4. Bundan tashqari Qozi Ixtiyorning “Muqaddimat as-salavot” nomli asarga sharh yozgani5 hamda libos kiyish madaniyati oid maxsus risola ham yozgani aytiladi.

Qozi Ixtiyor yozma merosi haqida u zot bilan yaqin aloqada bo‘lgan temuriy shahzoda Mirzo
Bobur qaydlari ham qimmatli. “Boburnoma”da keltirilishicha, Mirzo Bobur “Xatti Boburiy”ni ishlab chiqqanida uni ilk bor 1505-1506-yillari Qozi Ixtiyorga ko‘rsatgani haqida quyidagilarni esga olgan: “Yana Qozi Ixtiyor edi, qozilikni xo‘b qildi. Fiqhda bir forsiy risola bitibtur, tavr risoladur. Yana bir mazmun bila iqtibos uchun oyoti kalomiyni jam qilibtur”6. Bobur bu yerda uning o‘zi xabardor bo‘lgan ikki asarini qayd qilgan. Birinchisi fiqhga oid risolasi. Bizningcha, bu “Muxtor al-Ixtiyor” asari yoki “Muqaddimat as-salavot” asariga bitgan sharhidir. Yana Bobur Qur’on oyatlari tafsiriga bag‘ishlangan risolasini ham zikr qilgan. Bu olimning 1491-1492-yillari yozilgan “Asos al-iqtibos” asaridir. Mazkur asarda oyat, hadislardan olingan hikmatomuz gaplar, donishmandlarning hikmatli o‘gitlari, zarbulmasallar to‘plangan. Asar “unvon”, “kalimot”, “sutur”, “huruf” kabi bo‘limchalarga bo‘lingan. Xondamir “Habib as-siyar”da mazkur asarni “Iqtibosot” nomi bilan zikr qilgan7. Mirzo Bobur Qozi Ixtiyorga o‘zi yaratgan “Xatti Boburiy”ning mufradoti – harflarning alohida holdagi ko‘rinishini yozib bergan va bu borada maslahatlashgan8.

Qozi Ixtiyorning yana bir asarining nomi “Axloqi Humoyun” deb ataladi. Uni Husayn Boyqaro uchun atab yozgan. Keyinchalik asarni qayta ishlab, Zahiriddin Muhammad Boburga taqdim qilgan. “Axloqi Humoyun” uchta “qonun” deb atalgan bobdan iborat, har bir bob “qoida” deb nomlangan fasllardan tarkib topgan. Birinchi bob axloqlarni takomillashtirish, yaxshi va yomon xulqlar haqida, ikkinchi bob moliyaviy va devonxona ishlarini yuritish odoblari, oxirgi bob esa sulton va hukmdorlarning axloqiy faoliyatlari to‘g‘risidadir. Asar “Axloqi Humoyun” deb nomlanganiga qaraganda u Bobur Mirzoning o‘g‘li Humoyun Mirzoga atab yozilgan.

Eronlik tadqiqotchi Zabihulloh Safo aytishicha, “Axloqi Humoyun”ning ikki tahrirdagi varianti
borligi ma’lum. Uningcha birinchisi “Axloqi Humoyun” deb ataladi. Ikkinchi variant esa “Dastur al-vuzaro” deb nomlangan bo‘lib, Sulton Salim (1512-1520)ga taqdim qilingan. Mazkur nusxa avvalida muallif nomi keltirilmagan, balki uning ismi asar o‘rtarog‘ida zikr etilgan va kitob oxirida asar 1519-yili muharram oyida tugagani qayd qilingan. Biroq Qozi Ixtiyorning Sulton Salim saroyiga tashrif buyurgani ma’lum emas, shoyad Badiuzzamon Mirzo (1506-1507) hamrohligida borgan bo‘lishi mumkin. Zabihulloh Safo “Dastur al-vuzaro” nomli asar Abulfazl munshiy Alouddin Ali Sheroziy qalamiga mansub bo‘lib, Sulton Salimning o‘g‘li Sulton Sulaymon Qonuniyga bag‘ishlanganini yozadi. Muallifning o‘zi “Dastur as-saltanat” asarida buni ham qayd qilgan9.

Qozi Ixtiyorning ikki o‘g‘li ham taniqli olim bo‘lgan. Ular Movarounnahrga kelib, Shahrisabz va Buxoroda istiqomat qilishgan. Mir Muhammad Shafe’ ismli bir o‘g‘li Shahrisabzda qozi bo‘lgan. Mir Bade’ ismli ikkinchi o‘g‘li esa Qozi Hiraviy nomi bilan tanilgan. Uning tabobatdan ham xabari bo‘lgan. U ham otasiga o‘xshab 5000 baytlik “Adn va hur” nomli masnaviy bitgan.

“Muxtor al-Ixtiyor” temuriylar davri
islom huquqiga oid manba

Temuriy hukmdorlarning barchasi ahli sunna va jamoaning hanafiylik mazhabiga mansub edilar. Shu sabab ham bu davrda hanafiylik fiqhida “Muxtasar al-Viqoya” va uning bir necha sharhi, “ash-Sharifiyya”, “al-Kifoya”, “Javohir al-fiqh”, “at-Talvih”, “Fatovoyi Dinoriy”, “Fatovoyi Bazzoziyya”, “Fatovoyi Hanafiyya”, “Hoshiyatu Sharh al-Viqoya”, “Jome’ al-muzmarot” kabi juda mashhur fiqhiy manbalari vujudga keldi. Bu davrda yaratilgan islom huquqiga oid eng mashhur asarlardan biri Qozi Ixtiyorning “Muxtor al-Ixtiyor” nomli kitobi edi.

“Muxtor al-Ixtiyor” 908/1502-yilda yozilgan va u islom fiqhining shurut sohasiga tegishlidir10. Asarni muallif o‘tgan va zamondosh olimlarning fikrlari asosida yozganligi uchun asarni “Muxtor al-Ixtiyor ala-l-mazhab al-muxtor” (“Ixtiyor qilingan mazhabga ko‘ra Ixtiyorning ixtiyor qilgani”) deb nomlagani asar muqaddimasida tilga olingan. Mazkur fiqhiy manba to‘g‘risida Hasanxoja Nisoriy (1516-1597) “Muzakkiri ahbob” asarida: “Barcha muxtor kishilarning ixtiyor etgani va jami ixtiyor egalarining muxtor kitobi va qozilarning dasturulamalidir”11 degan edi.

“Muxtor al-Ixtiyor”ning Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida yigirmadan ortiq qo‘lyozma nusxasi saqlanadi. Ulardan eng qadimiy ikkita nusxasi asar yozilgan yili, ya’ni 908/1502-yilda ko‘chirilgan12.

“Muxtor al-Ixtiyor” temuriylar davri huquq-tartibot tizimi haqida keng ko‘lamli ma’lumot berishi bilan juda muhim. Shu sabab quyida asarning tarkibi va unda ko‘rib chiqilgan masalalarni sharhlashga harakat qilamiz.

Asar muqaddima, uchta bo‘lim (mabhas) hamda va ichki fasllar (majlis, bob, qaziya) hamda bitta xotimadan (maqta) iborat. Kitobning har bir mabhasi alohida kirish bilan boshlangan va har birining ichki tuzilishi aytib o‘tilgan. Masalan, birinchi mabhas “Qozi va hokimlarning rasm-rusumlari, odoblari hamda unga taalluqli shart va hukmlari bayonida” deb atalgan. U o‘nta majlisga bo‘lingan, majlislar esa o‘z navbatida 30 ta qaziya (hukm) degan bo‘limchalarga ajratilgan.

Mazkur qismda qozilikning lug‘aviy va istilohiy ma’nolaridan tortib, qozi bo‘lish uchun kerakli shartlar, qozixonaning o‘ziga xos tartib-qoidalari, da’vogar va javobgarlarning qozixonada o‘zlarini qanday tutishi kerakligi, ularga qanday qasam ichirish, guvohlarni talab qilish, guvohlarning rostgo‘yligini tekshirish, hibsda ushlab turiladigan kimsalar, vakillik va vasiylik shart-sharoitlari to‘g‘risida batafsil so‘z yuritiladi.

Mazkur bo‘limda yana qozixonada ishlaydigan yordamchilar to‘g‘risida ham to‘xtalgan bo‘lib, ulardan o‘rta asr qozixonalarida kimlar faoliyat olib borgani, qozixona xodimlari borasida bilib olish mumkin. Unga ko‘ra qozixonada kotib, qussom (meros va boshqa narsalarni taqsimlab beruvchilar), muftiy, vakil, muhassil, mushaxxis (shaxslarning da’volarining to‘g‘ri-noto‘g‘riligini tekshiruvchilar), zindonbon, mirshab (asarda piyoda deb ko‘rsatilgan)lar bo‘lishi kerak va ularga maxsus maosh tayinlanmog‘i darkor13.

Muftiylarning fatvo berish odoblari, fatvo berishning shartlari, fatvo alomatlari (mo‘lama) kabilar ham ushbu bo‘limda yoritilgan. Bu yerda hanafiylik mazhabining muassisi Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit va uning yaqin shogirdlari, shuningdek, ayrim taniqli hanafiy olimlarning, aniqrog‘i, 37 nafar faqihning hayoti va ijodiga qisqacha to‘xtalib o‘tgani ham muhim ahamiyat kasb etadi.

“Muxtor al-Ixtiyor”ning ikkinchi mabhasi “Hujjat va vasiqalarning shartlari hamda unga aloqador qayd va kerakli narsalar zikrida” deb atalgan. Mazkur mabhas debocha, 22 kitob va xotimadan tashkil topgan. Har bir kitob ichki fasllardan iborat14. Mazkur bo‘lim tarixiy hujjatlarning formulyari, ichi tuzilishi, unda ishlatiladigan atamalarni o‘rganishda, ayniqsa, temuriylar davrida ish yuritish tizimini tadqiq etishda muhim ahamiyat kasb qiladi.

Ikkinchi mabhas ham kichik kirish bilan boshlangan. Unda muallif vasiqalarning tuzilishi, unda ishlatiladigan atamalar borasida ko‘plab asarlar bitilgani, biroq bu mavzuda fors tilida asarlar qariyb yozilmay kelayotgani bois zamondoshlari undan bir asar yozishini iltimos qilganini qayd etadi. Muallif uzoq vaqtlardan beri fatvo berish va qozilik ishlari bilan shug‘ullanib kelayotgani bois “Muxtor al-Ixtiyor”ni yozishga kirishganini aytadi. Ammo uni tugatish ishlari cho‘zilib ketayotgani sababli asarning mazkur ikkinchi mabhas(qism)ini tezda oqqa ko‘chirib, ommaga va mutaxassislarga taqdim qiladi. Bundan asarda ko‘rilgan masalalar nechog‘lik muhim bo‘lgani, o‘z davri uchun juda dolzarb ekanini anglash mumkin.

Ikkinchi mabhasning debochasi hamda birinchi kitobi hujjat va vasiqalarni qanday tuzish kerakligi to‘g‘risida, ularda ishlatilishi mumkin bo‘lgan atamalar izohiga bag‘ishlangan. Qozi Ixtiyor hujjatlarni qay tariqa tuzish haqida ko‘rsatmalari, shuningdek, u izohlab bergan tarixiy hujjatlarda ishlatilgan atamalar XIX asr oxirlarigacha hech o‘zgarishsiz qo‘llangan, deyish mumkin. Keyingi kitoblarda esa nikoh, taloq, qul ozod qilish, vakolat, kafolat, havola, sovg‘a-hadya, omonat, oriyat (muayyan narsadan vaqtinchalik foydalanib turish), vaqf, vasiyat, shuf’a (qo‘shnichilik haqi), taqsimlash, ijara, iqror, garov, sulh, sherikchilik, muzoraba (foyda-sherik), muzora’a (ekin-tikin), sug‘orish kabi holatlarda tuziladigan hujjatlar to‘g‘risida so‘z yuritiladi.

“Muxtor al-Ixtiyor”ning uchinchi mabhasi “Mahzar va sijillar hamda u haqidagi inkor va isbotlar bayonida” deb atalgan. Mazkur mabhas “muddao” deb atalgan ikki bo‘limdan va xotimadan tashkil topgan15. Birinchi muddao mahzarlar, ikkinchisi esa sijillarga ajratilgan. Mahzar aktlar, sijil esa hukmlar daftari sifatida yuritilgan. Ularda mahzar va sijil tushunchasi, ularning tuzilishi, atamalari borasida so‘z yuritilgan. Har ikki bo‘limda da’vo turlari misolidagi mahzar va sijillar ko‘rib chiqiladi. Birinchi muddaoda muayyan narsalarning urfda qiymat bilan belgilanishi yoki bir-biriga o‘xshash qilib olinishi (qiyamiy va misliy) alifbo tartibida ko‘rsatib o‘tilgan. Ikkinchi muddaoda sijilning ichki tuzilishi, unda ishlatilishi kerak bo‘lgan ibora va so‘zlarga alohida-alohida to‘xtab o‘tilgan.

“Muxtor al-Ixtiyor”ning “maqta’” deb atalgan xulosa qismi qozixona ishlari bo‘yicha kerak bo‘ladigan har xil masalalarga bag‘ishlangan. Jumladan, merosnoma tuzish, bolaning kimdan ekanini tasdiqlash, vasiy tayinlash va uni bo‘shatish, nafaqa belgilash kabi hujjatlarni qanday rasmiylashtirish haqida ko‘rsatmalar berilgan.

Xulosa qilib aytganda, Qozi Ixtiyor nafaqat qozi, balki musulmon huquqi nazariy muammolarini qalamga olgan huquqshunos sifatida ham muhim shaxs hisoblanadi. Uning “Muxtor al-Ixtiyor” asari esa temuriylar davri fiqh ilmi rivoji, qozixona ishlarini, qozi va muftiylar faoliyatini, u davrda qozixonalarda tuzilgan hujjatlarni o‘rganish va tahlil qilishda muhim manbadir.

Hamidulla AMINOV,
O‘zFA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari nomzodi

 

1 Забиҳуллоҳ Сафо. Тарихи адабиёт дар Эрон. Жилди панжум. Бахши саввум. – Теҳрон: Интишороти Фирдавс, 1373. 1609-б.

2 Қози Ихтиёр. Мухтор ал-ихтиёр. ЎзФА Шарқшунослик институти фонди, қўлёзма № 5438. 2-б.

3 Муҳаммад Шариф Садри Зиё. Тазкират ал-хаттотин. ЎзФА ШИ фонди, қўлёзма № 1304/III. 77-б.

4 Сом Мирзо. Туҳфаи Сомий. ЎзФА ШИ фонди, қўлёзма № 57. 32-б.

5 “Муқаддимат ас-салавот” фиқҳга оид манзума бўлиб, Шарафиддин Бухорий тарафидан форсийда битилган. Асар гоҳида “Муқаддимаи салот” номи билан ҳам танилган ва машҳур “Чаҳор китоб”нинг биринчи китоби сифатида тўплам таркибига киритилган.

6 Заҳириддин Муҳаммад Бобур. Бобурнома / Нашрга тайёрловчи П.Шамсиев. – Т.: Юлдузча, 1989. 161-б.

7 Абдулҳусайн Навоий. Рижоли китоби Ҳабиб ус-сийар. – Теҳрон, 1324. 210-б.

8 Жабборов Н. Хатти Бобурий тафсилоти // Имом ал-Бухорий сабоқлари. – № 1. – Тошкент, 2013. 21-б.

9 Забиҳуллоҳ Сафо. Тарихи адабиёт дар Эрон. Жилди панжум. Бахши саввум. – Теҳрон: Интишороти Фирдавс, 1373. 1611-б.

10 Асар тавсифи ҳақида қаранг: Собрание восточных рукописей (СВР). Том IV. № 3208-3209. / Под редкцией и при участии: А.А.Семенов. – Ташкент, 1952. – С. 292-293.

11 Ҳасанхожа Нисорий. Музаккири аҳбоб. 216-б.

12 Қози Ихтиёр. Мухтор ал-Ихтиёр. ЎзФА ШИ фонди, қўлёзма №№ 2064, 5438.

13 Қози Ихтиёр. Мухтор ал-ихтиёр. ЎзФА ШИ фонди, қўлёзма № 5438. 71-75-бетлар.

14 Қози Ихтиёр. Мухтор ал-ихтиёр. 98-99-бетлар.

15 Қози Ихтиёр. Мухтор ал-ихтиёр. 195-б.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here