Chet elda “Legal tech”ning roli

0
241

Tadqiqotimiz davomida chet davlatlardagi “Legal tech” elektron yuridik o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish tizimini joriy qilgan yuridik firmalarning tajribasi bilan tanishdik.

Ushbu davlatlar bilan bizning davlatda “Legal tech”ning rivojlanishini taqqoslab o‘rganish juda muhim. Chunki ayrim davlatlar “Legal tech” texnologiyalarini qo‘llashni 2000-yillardan boshlagan. Shunday ekan, ularda huquqiy texnologiyalar sohasida tajribalar yig‘ilgan.

Shuni unutmaslik lozim, huquqshunoslik firmasidagi raqamlashtirish harakati avvalo samaradorlik uchun kurashni bildiradi.

Yuridik tashkilotlar yangi texnologiyalarni tartibga solish bo‘yicha an’anaviy tavsiyalar berish bilan birga ularni bozorga olib chiqib, “Legal tech” sohasida yechimlarini ishlab chiqishadi.

Masalan, “Dentons” yuridik firmasi yuridik, texnik va moliyaviy xizmatlar kesishmasida, shu jumladan, intellektual mulk sohasida tavakkal kalkulyatorlarini joriy etdi. Ushbu turdagi kalkulyator yordamida advokat nafaqat “yaxshi-yomon” yoki “ko‘p-oz” toifalarida biznes bilan aloqada bo‘lish, balki bir qator voqealar ehtimolini taxmin qilish, ularni pul bilan hisoblashda ham imkoniyat yaratadi.

“Legal tech” yo‘nalishi Amerika Qo‘shma Shtatlarida paydo bo‘ldi. 1977-yilda “LexisNexis” yuridik texnologik kompaniyasi1 tashkil etilib u ko‘p tarmoqli ma’lumotlar bazalariga kirishni ta’minladi. Ushbu dastur jismoniy va yuridik shaxslarni huquqiy ma’lumotlar bilan ta’minlaydi, huquqiy bilimlarini oshiradi.

“Hogan Lovells” kompaniyasi esa “Legal tech” loyihalari orasida biznesni kengaytirish yoki yangi bozorga kirishda qayta ro‘yxatdan o‘tishning o‘ziga xos xususiyatlarini baholaydi2.

Ushbu dastur tadbirkorlar uchun juda qulay yuridik dastur bo‘lib, ularning o‘z faoliyatini qonuniy amalga oshirishida ko‘makchi vazifasini bajaradi. Dasturlardan maqsad dasturchilar mahsuloti orqali foyda ko‘radi. Iste’molchilar esa huquqlarini himoya qilishda qo‘shimcha himoya bilan ta’minlanadi.

Hozir O‘zbekistonda ushbu dasturlarga o‘xshash faqatgina sanoqli saytlar mavjud. Bulardan
biri “lex.uz” sayti hisoblanadi. Shu bilan birga, “Hogan Lovells” sud jarayonining ehtimoliy natijalarini baholash uchun “Prism” dasturidan foydalanadi. Bu dastur sud jarayonlarida g‘alaba qozonish uchun fuqarolarga yordam berishi mumkin3. Bunday dastur sud jarayonlarida bashorat qilish imkonini beradi. Fuqarolarni sud jarayonini to‘liq va puxtaroq o‘rganishga majbur etishi bilan birga, ortiqcha sud va advokat uchun xarajatdan xalos etadi.

O‘zbekistonda esa bunday dastur mavjud emas, o‘rganuvchilar “sud.uz” saytida joylashtirilgan sud ishlarini ko‘radi va xulosaga kelishadi xolos. Kelajakda davlatimizda ham yuqorida eslangan dasturlar yaratilishi ehtimoli katta. Chunki mamlakatda huquqiy bilim olishga talab o‘smoqda. Bu esa, o‘z navbatida, sud va advokatlarga ehtiyojni oshirmoqda.

Rossiyada “Legal tech”ning muhiti Har qanday sohadagi texnologiyalar jarayonlarni avtomatlashtirish, ya’ni mehnatni kamaytirish, uni standartlashtirish darajasiga yetkazish va xatarlarni bartaraf etish uchun yaratilgan.

Tadqiqot mavzusi uchun Rossiyaning huquqiy tizimidagi jarayonni o‘rgandik. Rossiya ko‘pmillatli davlat, unda har xil turdagi huquqiy tizimning namunasi mavjud. Shu boisdan ham ular huquqiy texnologiyalarni qo‘llashda mukammalikka harakat qilishadi.

2018-yilga kelib Rossiyada yuridik xizmat ko‘rsatish sohasida 110 mingdan ziyod birlashma faoliyatini boshladi: shulardan 28 mingtasi advokat birlashmasi, 50 mingi yuridik firma, 30 mingi tadbirkor, ikki mingga yaqini esa notijorat tashkilotlar hisoblanadi.

2000-yillarga qadar iqtisodiyotning ushbu sohasidagi texnologiyalarni qo‘llash imkonsiz tuyulardi, chunki inson omili sun’iy aqldan ustun edi. Aytish kerak, hatto Yevropada ham elektron huquqiy tizimlar keyinchalik paydo bo‘ldi. Bungacha yuristlar, sudya yordamchilari tonnalab qog‘oz qo‘lyozmalar bilan mashg‘ul edi.

Biroq Rossiyada hamma narsa 2010-yilga kelib, moliyaviy inqirozdan keyin keskin o‘zgardi. Yuridik bo‘limlarning ish yuki o‘sishni boshlagan, bu shtat, sifat va samaradorlikka ta’sir qilardi albatta, yuridik maslahatchilar uchun esa budjet qisqartirildi.

“Legal tech” Rossiyada yaxshi istiqbolga ega. Rossiyada Yevropa ittifoqidagi “shunchaki qabul qilishingiz va yuridik savollarga javob beradigan xizmatni ko‘rsatishingiz mumkin emas” kabi tartib mavjud emas. Rossiyada AQSh singari keskin raqobat yo‘q, rus huquqshunoslarining innovatsion bo‘lish istagi bor xolos.

Shuni unutmaslik lozim, O‘zbekiston bilan Rossiyaning huquqiy tizimi juda ham o‘xshash, huquqiy baza yaratilish tizimi bir hisoblanadi. Rossiyadagi huquqiy texnologiyalarni O‘zbekistonga muvofiqlashtirib qo‘llash yoki huquqqa moslangan holda huquqiy texnologiyalarni joriy etish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Furqat TOJIYEV,
Toshkent davlat yuridik universiteti izlanuvchisi

1 https://www.lexisnexis.com/en-us/gateway.page.

2 Walker, Janet. Conflict of Laws. Markham, Ont.: LexisNexis, 2006. 34-б.

3 https://www.kommersant.ru/doc/3744609.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here