Аdolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqqa doir xalqaro standartlar

0
225

Аdolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqqa doir xalqaro standartlar o‘tgan asrning o‘rtalaridan boshlab paydo bo‘la boshladi. Lekin insonlarning o‘z huquqlarini sud orqali himoya qilishga bo‘lgan ehtiyoji ancha oldin paydo bo‘lgan. Demak, sud funksiyasi insoniyat hayoti davomida shakllanib kelgan deyishga asos bor.

Jumladan, Sharl Monteskyoning mustaqil va xolis sud tizimi konsepsiyasi burjua siyosatchilarining deklaratsiyasida tasdiqlanganidan so‘ng XVIII asrda Fransiya burjua inqilobi konstitutsiyaviy hujjatlariga kiritilib, real mazmun bilan to‘ldirildi. Ushbu hujjatlar sud hokimiyatining konstitutsiyaviy mustahkamlanishini talab qiluvchi vakolatlarini belgilab berdi.

Monteskyo asarlarida demokratik jamiyatda sud hokimiyatini tashkil etish va faoliyatining uchta asosiy tamoyili belgilangan: xalq prinsipi, siyosatdan mustaqillik va professionallik.

Sud hokimiyatining alohida tarmoqqa ajratilgan holda faoliyat ko‘rsatishi dastlab Аngliyada, keyinchalik esa АQSh va Fransiya kabi davlatlarda hakamlar hayʼati shaklida tashkil etilgan.

Аngliyada bir qancha qonunlar chiqarildi, xususan qirol hokimiyatini baronlar foydasiga cheklovchi (Magna Carta, 12152 ), shuningdek shaxsning daxlsizlik va sud himoyasiga bo‘lgan huquqlarini kafolatlaydigan hujjatlar qabul qilingan (Huquqlar to‘g‘risidagi bill, 1689).

“Magna Carta”, 1215-yil iyunda ingliz zodagonlarining qirol Ioann Yersizga qo‘ygan talablari asosida tuzilgan va o‘rta asr Angliyasining erkin aholisining bir qator qonuniy huquq va imtiyozlarini himoya qiluvchi siyosiy-huquqiy hujjat hisoblanadi. Qonun sud va sud ishlarini yuritish va boshqa sohalarga oid masalalarni tartibga soluvchi 63 moddadan iborat. Shuningdek, “Magna Carta” normalarida bir qator progressiv tamoyillar – mansabdor shaxslar xatti-harakatlarining qonunga muvofiqligi, qilmish va jazoning mutanosibligi, aybdorning faqat sudda hukm qilinishi, fuqaro erkinligining faqat sud tomonidan cheklanishi, daxlsizlik qoidalari va boshqa kafolatlar belgilangan.

Аhamiyatlisi, qonun adolatli sud muhokamasi huquqini kafolatlaydi. Keyinchalik “Magna Carta” ko‘plab qonun hujjatlari va xalqaro hujjatlar, jumladan, AQSh Konstitutsiyasi va BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi uchun asos bo‘ldi. Qonunning atigi uchta qoidasi bugungi kunda kuchda – ulardan biri erkin fuqaroni faqat sud ozodlikdan mahrum qilishi haqidadir.

Eng muhimi shuki, sud hokimiyatining mustaqillik, obyektivlik, xolislik va adolat kabi xususiyatlari quyida qayd etilgan ikki shart:

a) odil sudlovni amalga oshirishda xalq unsurining ishtirok etishi;

b) sudni siyosiy bosimdan ozod qilish bilan bevosita bog‘liqdir.

Har bir davlatda inson huquqlarining birinchi o‘ringa qo‘yilishi va davlat organlari yoki mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlaridan himoya qiladigan institutning mavjud bo‘lishi, shunday institutni shakllantirish va rivojlantirish eng muhim insonparvarlik g‘oyasidir.

Yigirmanchi asrning o‘rtalarida adolatning asosiy tamoyillari xalqaro huquqda tan olindi va mustahkamlandi. Adliya sohasida xalqaro standartlarni shakllantirish g‘oyasini amalga oshirgan birinchi xalqaro normativ hujjat sifatida 1948-yilda Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini aytish mumkin.

Ushbu xalqaro hujjatda barcha davlatlar uchun universal bo‘lgan adolat tamoyillarini shakllantirishga harakat qilindi.

Ushbu xalqaro-huquqiy hujjat matni:

– barchaning qonun oldida tengligini eʼlon qiluvchi qoidalarni (7-modda);

– har kimning qonun asosida tashkil etilgan vakolatli sud t omonidan amalga oshiriladigan samarali sud himoyasi yoki odil sudlovdan foydalanish huquqini (8-modda);

– xolis va oshkora ochiq sudga bo‘lgan huquqni (10-modda);

– shuningdek sudda va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarda huquqlarni himoya qilish sohasida inson huquqlarining kafolatlarini o‘z ichiga olgan (shaxs va mulk daxlsizligi prezumpsiyasi).

Yuqoridagi universal adolat tamoyillari 1966-yildagi “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt” qoidalari bilan yanada to‘ldirilgan. Xususan, ular adolatning asosiy parametrlarini belgilab berdi, milliy huquq tizimi umuman sudga emas, balki mustaqil va xolis sudga kirishni taʼminlashi kerakligi nazarda tutildi.

Shuni alohida taʼkidlash lozim, 1966-yildagi “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt” qoidalari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqlarning ancha takomillashgan va to‘ldirilgan normalarini o‘zida mujassam etadi. Jumladan, paktning 14-moddasida bir qancha standartlar belgilab qo‘yilgan, ushbu moddaning birinchi bandiga ko‘ra, barcha shaxslar sudlar va tribunallar oldida tengdir. Har bir kishi unga qo‘yilayotgan har qanday jinoiy ayblov ko‘rib chiqilayotganda yoki biror-bir fuqarolik jarayonida uning huquq va burchlari aniqlanayotganida qonunga asosan tuzilgan vakolatli, mustaqil va xolis sud tomonidan adolatli hamda ochiq holda ko‘rib chiqilishi huquqiga ega.

Shuningdek, ikkinchi bandda nazarda tutilgan norma, yaʼni jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har qanday kishi qonunga muvofiq aybi isbotlanmaguncha aybsiz deb sanalish huquqi (aybsizlik prezumpsiyasi) ham birinchi navbatda deklaratsiyada, so‘ngra esa yuqoridagi xalqaro paktda yana bir bor mustahkamlandi.

Biroq uchinchi banddagi normalar jinoyat protsessi uchun ixtisoslashtirilgan xalqaro standartlar sifatida deklaratsiyada belgilangan normalarga qaraganda ancha aniq va qatʼiy ifodalangan. Unga ko‘ra, har bir kishi o‘ziga qo‘yilgan har qanday ayblov ko‘rib chiqilayotganda to‘liq tenglik asosida kamida quyidagi kafolatlar taʼminlanishi huquqiga ega:

a) o‘ziga qo‘yilgan ayblov xususiyati va asoslari haqida o‘zi tushunadigan tilda darhol va batafsil xabardor etilish;

b) o‘z himoyasini tayyorlash va o‘zi tanlagan himoyachi bilan muloqotda bo‘lish uchun yetarlicha vaqt va imkoniyatga ega bo‘lish;

d) asossiz holda to‘xtatib turilmasdan o‘z ishining sudda ko‘rib chiqilishi;

e) o‘zi qatnashib sud qilinishi va o‘zini o‘zi yoki tanlab olingan himoyachi vositasida himoya qilinishi, agar himoyachisi bo‘lmasa, unga ega bo‘lish huquqi borligi haqida xabardor qilinishi;

f) odil sud manfaatlari talab etgan har qanday holda o‘ziga tayinlangan himoyachiga ega bo‘lish, unga to‘lash uchun yetarli mablag‘i bo‘lmagan barcha hollarda o‘ziga himoyachining tekinga berilishi;

g) o‘ziga qarshi ko‘rsatma berayotgan guvohlarni so‘roq qilish yoki ana shu guvohlar so‘roq qilinishi huquqiga ega bo‘lish;

h) agar sudda qo‘llanilayotgan tilni tushunmasa yoki bu tilda so‘zlay olmasa bepul tarzda tarjimon ko‘magidan foydalanish;

k) o‘ziga o‘zi qarshi ko‘rsatma berishga yoki o‘zini aybdor deb tan olishga majbur qilinmaslik kabilar.

Inson huquqlarining xalqaro miqyosda tan olinishi va himoya qilinishi, ayniqsa, jinoyat sudlarida shaxsning huquq va mafaatlarining taʼminlanishi adolatli sud muhokamasini taʼminlash bo‘yicha davlatlar tomonidan xalqaro standartlar etib belgilanishida “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi paktning o‘rni alohida hisoblanadi. Chunki ushbu pakt to‘liq Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi qoidalari ustunligini yana bir bor xalqaro huquqda tan olib, uning normalaridan chekinmagan holda yangi normalar bilan to‘ldirildi.

Аdolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquq to‘g‘risida so‘zimizni davom ettirar ekanmiz, aytish joizki jinoyat ishlari bo‘yicha sohadagi tabiiy huquqlarga insonning himoyalanish, advokat yollash, sud qarorini qayta ko‘rib chiqish va hokazo huquqlari ham kiradi. Ushbu hujjatlarda xalqaro inson huquqlari normalari buzilishidan jabrlanganlarning huquqiy himoyalanishga oid normalar mavjud bo‘lib, bu inson huquqlari bo‘yicha xalqaro meʼyorlar qurilishining mutlaqo mantiqiy xulosasi bo‘lib ko‘rinadi.

Ushbu normalar quyidagi normativ hujjatlarda ko‘rsatilgan:

1) Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 8-moddasi;

2) Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 2-moddasi;

3) Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konventsiyaning 6-moddasi;

4) Qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazoga qarshi konvensiyaning 14-moddasi;

5) Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 39-moddasi.

Biroq har bir davlatda samarali va insonparvar sud tizimini yaratishning alohida ahamiyatidan kelib chiqib, bir qator maxsus hujjatlar qabul qilindi.

1985-yilda Milanda BMTning VII kongressi tomonidan qabul qilingan “Sud hokimiyati mustaqilligining asosiy tamoyillari” maxsus xalqaro aktini ana shunday hujjatlardan biri deyish mumkin.

Unda mustahkamlangan tamoyillar BMT Bosh assambleyasining 1985-yil 29-noyabrdagi rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan. Ushbu hujjat sud-huquq tizimini barpo etuvchi davlatning o‘ziga ham, uning sudlar bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan vakolatlariga ham, bevosita sudlarning o‘ziga ham, sud hokimiyati egalari sifatidagi sudyalarga ham qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.

Xalqaro huquqning eng muhim yutug‘i, bizning fikrimizcha, davlatlarga odil sudlovni taʼminlashda bir qator talablar qo‘yilgani bo‘ldi. Jumladan, ular orasida:

a) odil sudlov jarayoniga boshqa organlar va shaxslarning noqonuniy va ruxsatsiz aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi;

b) har qanday sud qarorlarini faqat sud orqali ko‘rib chiqish;

d) sud hokimiyatining davlat tomonidan kafolatlangan mustaqilligi, shu jumladan, ushbu tamoyilni mamlakat konstitutsiyasi yoki qonunlarida mustahkamlab qo‘yish orqali;

e) davlat va boshqa institutlarning sud hokimiyati mustaqilligi va boshqa tamoyillarni hurmat qilish va qo‘llab-quvvatlash majburiyati.

Bundan tashqari sud hokimiyati o‘z faoliyatini quyidagi tamoyillar asosida qurishi kerakligi belgilangan:

f) sudning mustaqilligi huquqi va ayni paytda sud muhokamasining adolatli o‘tkazilishini taʼminlash va taraflarning huquqlarini hurmat qilish talabi;

g) sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish jarayonida yetkazilgan moddiy zarar uchun javobgarlikka tortilishdan shaxsiy daxlsizligi (agar bunday zarar o‘z vakolatlarini suiisteʼmol qilish natijasida yetkazilmagan bo‘lsa, bu alohida tartibda isbotlanishi kerak);

h) sudyaning sudyalik va kasbiy vazifalarini bajarishi jarayonida ayblov yoki shikoyatni tez va xolisona ko‘rib chiqish;

i) sudyalarning o‘z xizmat vazifalarini bajara olmaganligi yoki egallab turgan lavozimiga noloyiq xatti-harakati tufayligina to‘xtatib turish yoki ishdan bo‘shatish.

Ushbu sud hokimiyati mustaqilligiga oid tamoyillar xalqaro huquqda muhim ahamiyatga ega. Chunki boshqa xalqaro hujjatlarda faqatgina sud hokimiyatiga bag‘ishlangan bob yoki moddalar bilan cheklanilgan bo‘lsa, birinchi marta xalqaro huquqda faqat sud hokimiyati va uning mustaqilligiga oid normalardan iborat alohida bir hujjat ishlab chiqildi.

Mazkur ro‘yxatdan ko‘rinib turibdiki, odil sudlovning asoslari va sud hokimiyatini tashkil etish xalqaro huquqda juda murakkab va muhim tizimdir.

Uzoq davom etgan rivojlanish va umumiy tizimning shakllanishi natijasida adliya sohasidagi xalqaro standartlar ikkita asosiy toifaga bo‘lindi:

1) hokimiyat organi sifatida davlat tizimida sud hokimiyatini tashkil etish va faoliyati tamoyillari;

2) ushbu sud organlari tomonidan aniq ishlarni ko‘rib chiqish uchun belgilangan qoidalar va tartiblarning asosini tashkil etuvchi sud ishlarini yuritish tamoyillari.

Bu toifalarning birinchisiga sud hokimiyatining muxtoriyati va mustaqilligi prinsiplari, ijro va qonun chiqaruvchi hokimiyatlarning, sud hokimiyati tarkibiga kirmaydigan nazorat organlarining sud faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi kiradi.

Xususan, birinchi toifaga sudyalarni tanlashda nomzodlarni ko‘rsatish, sudyalarning vakolat muddatini, ularning mustaqilligi va xavfsizligini qonun bilan kafolatlaydigan, tegishli haq to‘lanishini, munosib xizmat ko‘rsatish sharoitlarini taʼminlash, pensiyaga chiqishi va ularni himoya qilishning boshqa zarur ijtimoiy chora-tadbirlari; sudyalarning uyushmalar va boshqa kasbiy tashkilotlarni tashkil etish erkinligi; o‘z manfaatlarini himoya qilish, kasbiy tayyorgarligini oshirish va sudyalar mustaqilligini saqlash maqsadida ularga qo‘shilish; sudyalarning moddiy zarar uchun javobgarlikka tortilishdan shaxsiy daxlsizligi va boshqalar belgilab qo‘yilgan.

Xurshid IBRAGIMXO‘JAEV,
Sudyalar oliy kengashi huzuridagi
Sudyalar oliy maktabi tinglovchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here