Yangi Konstitutsiya – zararli axborotdan himoyalanishning huquqiy asosi

0
186

O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda umumxalq ovoz berishi orqali qabul qilinishi yurtimizdagi muhim siyosiy voqea hisoblanadi.

Yangilangan Konstitutsiya taraqqiy etgan O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtirishi, unda barcha qatlam manfaatlari inobatga olinganligi, loyihani ishlab chiqishda keng jamoatchilik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etganligi bilan ahamiyatlidir.

Konstitutsiyamiz inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etishga qaratilgan ko‘plab yangi normalar bilan to‘ldirildi. Аlbatta bu o‘zgarishlar nafaqat kelgusidagi norma ijodkorligi va qonunchilik hujjatlariga, balki insonlar huquqiy ongi va madaniyati oshishiga ham ijobiy taʼsir o‘tkazadi.

Zero, konstitutsiyaviy o‘zgarishlarning eng kichigi ham bugun ko‘pchiligimiz ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilayotgan va munosabat bildirayotgan individual ijtimoiy munosabatlarga nisbatan taqqoslab bo‘lmas darajada ahamiyatlidir.

Birinchidan, konstitutsiyaviy o‘zgarishlarning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, Konstitutsiyamiz yakka shaxslar tomonidan emas, balki bevosita xalqimiz tomonidan qabul qilindi.

Konstitutsiyaning referendum orqali xalq tomonidan qabul qilinishi konstitutsiyaviy normalarning barqarorligini va xalqchilligini oshiradi.

To‘g‘ri, vaqt o‘tishi bilan ayrim konstitutsiyaviy normalarga o‘zgartirish kiritish zarurati yuzaga kelishi mumkin. Shu bois Konstitutsiyamizda uning 1-moddasi va 154-moddaning ikkinchi qismidan tashqari boshqa normalariga o‘zgartirish kiritilishi mumkinligi nazarda tutilgan. Shunday bo‘lsa-da, Konstitutsiyada belgilangan normalarni kelgusida, ayniqsa yaqin kelajakda o‘zgartirishi uchun o‘ta muhim zarurat va asoslar hamda ulkan siyosiy masʼuliyat talab qilinadi.

Umuman olganda, Konstitutsiya normalarining o‘zgarmasligi davlat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda eng rivojlangan davlat hisoblangan АQShning ushbu darajaga erishishida ham uning konstitutsiyasi va undagi normalarning barqarorligi muhim taʼsir o‘tkazgan.

Taʼkidlash lozimki, “АQSh Konstitutsiyasining asosiy matniga hech qanday o‘zgartirish kiritilmaydi, balki matn oxiriga alohida ilova sifatida qo‘shimcha kiritiladi. АQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi tuzatishda belgilanishiga ko‘ra “Kongress so‘z va matbuot erkinligini cheklovchi biron-bir qonun chiqarishi mumkin emas”. АQSh Konstitutsiyasi tarixi davomida unga bor-yo‘g‘i 26 ta tuzatish kiritilgan xolos”. Аslida tuzatish deb nomlansa-da, bu mohiyatan konstitutsiyani o‘zgartirish emas, balki uni qo‘shimcha moddalar bilan to‘ldirish hisoblanadi.

Ikkinchidan, Konstitutsiyamizda birinchi marotaba davlatning oliy maqsadi insonning huquq va erkinliklarini taʼminlash ekanligi belgilandi.

Uchinchidan, Konstitutsiyamizda bevosita fuqarolarimiz uchun muhim bo‘lgan eng asosiy huquqlar qayd qilib qo‘yildi. Bu esa Konstitutsiyani umumiy qoidalardan iborat bo‘lgan hujjatdan birlamchi hamda amaliy normalar aks etgan zaruriyva tom maʼnodagi asosiy qonunga aylantirdi.

Bundan tashqari, ushbu huquqlarni mustahkamlash sifatida Konstitutsiyada u mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi qatʼiy belgilab qo‘yildi.

Bugun birgina O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida 4 mingga yaqin qonun va 40 mingdan ortiq turli qonunchilik hujjatlari mavjud.

To‘rtinchidan, Konstitutsiyamizda birinchi marotaba O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismi ekanligi qayd qilindi.

Shuningdek, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llanilishi belgilandi.

To‘g‘ri, bu normalar oldin ham ixtisoslashgan qonunlarda mavjud edi. Endilikda esa mazkur normalarga konstitutsiyaviy maqom berilib, ushbu normalarning barcha qonunlardan oliy yuridik kuchga ega ekanligi belgilangan holda siyosiy va huquqiy jihatdan davlatchiligimiz uchun oliy eʼtiborga loyiqligi eʼtirof etildi.

Shuningdek, Konstitutsiyamizda O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan xalqaro shartnomalardagi ilg‘or normalarni aks ettirish holatlari sezilarli ko‘paydi.

Bu esa xalqaro huquqda belgilangan huquqlarning barqarorligini mustahkamlab, mazkur normalar milliy huquqdagi ichki vaziyat sababli gohida huquqlarni cheklash bilan bog‘liq noto‘g‘ri amaliyotlarni samarali chetlab o‘tgan holda amalda bo‘lishiga xizmat qiladi.

Gohida xalqaro shartnomalar normalarini milliy huquqqa implementatsiya qilishda ular to‘lig‘icha aks ettirilmaydi. Masalan, xalqaro huquqdagi ayrim atamalar va tushunchalar bevosita olinmay, unga maʼno jihatdan yaqinroq bo‘lgan va milliy qonunchilikda oldin ko‘p qo‘llanilgan atamalar va tushunchalar ishlatiladi. Bu esa tabiiy ravishda huquqni qo‘llashda farqni keltirib chiqarishi mumkin.

Shunday qilib, xalqaro shartnomalarning milliy huquqdan ustunligi konstitutsiyaviy norma sifatida eʼtirof etilishi ushbu sohadagi huquqshunoslarning masʼuliyatini yanada oshiradi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 2-bandiga ko‘ra, har bir inson o‘z huquqi va erkinliklaridan foydalanishda o‘zgalarning huquq va erkinliklarini hurmat qilishi, axloq, jamoat tartibi, umum farovonligining odilona talablarini qondirish maqsadidagina qonunda belgilangan cheklanishlarga rioya etishi kerak.

Ushbu tartiblar O‘zbekiston qo‘shilgan yana bir xalqaro shartnoma – Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda mustahkamlangan.

Mazkur paktning 15-moddasiga ko‘ra, hech kim sodir etilgan paytida davlatning amalda bo‘lgan ichki qonun hujjatlari yoki xalqaro huquqqa ko‘ra jinoyat hisoblanmagan biror-bir harakati yoki xato ish qilib qo‘yganligi uchun jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilishi mumkin emas. Xuddi shuningdek, jinoyat sodir etilgan vaqtda qo‘llanishi lozim bo‘lgan jazoga nisbatan og‘irroq jazo tayinlanishi mumkin emas.

Ushbu Paktning 18-moddasiga ko‘ra, din yoki eʼtiqod erkinligiga faqat qonun bilan belgilangan va jamoat xavfsizligini, tartibini, salomatligi va axloqini, shuningdek boshqa shaxslarning asosiy huquqlari va erkinliklarini muhofaza etish uchun zarur bo‘lgan cheklashlar belgilanishi mumkin.

Shu bilan birga, paktning 19-moddasi 1-bandiga ko‘ra, har bir inson hech bir to‘siqsiz o‘z fikrida sobit bo‘lish huquqiga ega.

Mazkur ikkita xalqaro shartnoma normalarini umumlashtirgan holda aytish mumkinki, insonning fikrlash huquqi cheklanmaydi, faqatgina ushbu fikrni tarqatish yoki u orqali biror noqonuniy harakatni sodir etish faqat qonunga binoan va mazkur deklaratsiyalarda ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha cheklanishi mumkin. Biroq bu cheklovlarga rioya qilmaslikning barchasi ham jinoiy javobgarlikka olib kelmaydi.

Shu o‘rinda Konstitutsiyamiz va O‘zbekiston qo‘shilgan halqaro shartnomalarda belgilangan normalar, xususan, inson huquqlarini taʼminlashga oid qoidalarning axborot tarqatishni tartibga solish bo‘yicha norma ijodkorligiga taʼsiri va bu sohani takomillashtirish masalalariga to‘xtalib o‘tish zarur.

Endilikda dunyo har qachongidan ham integrallashib, turli madaniyat va dunyoqarashga ega
bo‘lgan kishilar ko‘proq muloqot qilishmoqda. O‘zaro axborot almashishning ijobiy jihatlari bilan birga salbiy jihatlari ham yuzaga kelmoqda.

Konstitutsiyamizning 33-moddasida ham yuqoridagi deklaratsiya va paktda nazarda tutilgani kabi:

– har kim fikrlash, so‘z va eʼtiqod erkinligi hamda istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga egaligi;

– bu huquqlarni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash … maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yilishi belgilangan.

Bundan tashqari, Konstitutsiyamizning 20-moddasida huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi belgilangan.

Bu talablar norma ijodkorligida har bir so‘z, atama, tinish belgisiga “ming marta o‘lchab bir marta kesgan” holda yondashishni taqozo qiladi. Zero, insonlarni zararli axborotdan himoya
qilish bilan birga mazkur jarayonda inson huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik nozik va
masʼuliyatli vazifadir.

Umuman axborot tarqatishni tartibga solish haqida gap ketar ekan, bu jarayonni yaxshilab tushunib olish uchun axborotni shartli ravishda 5 ta turga bo‘lish mumkin.

Birinchi turdagi axborot foydali ma’lumotlardir. Masalan, tabbiiy fanlar, ishlab chiqarish va teхnologiyalarni rivojlantirish sirlari, ijtimoiy fanlar, xususan yaxshilikka targ‘ib qiluvchi bilimlar.

Ikkinchi turdagi – foydasiz axborotdir. Masalan, qaysidir mamlakatda qaysidir qo‘shiqchi yoki sportchining tushlikka nima ovqat isteʼmol qilishi kabi maʼlumotlar.

Uchinchi turdagi – zararli axborotdir. Masalan, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki aql-idrokka taʼsir etuvchi boshqa moddalarni isteʼmol qilish, shuningdek, odamlarga yoki hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsizlik qilish mumkinligini asoslaydigan xabarlar. Bundan tashqari, zararli axborotga ekstremizmga oid axborotni ham kiritish mumkin.

To‘rtinchi turdagi axborotga barcha insoniyat uchun zararli bo‘lmasa-da, u axborot keng tarqalmagan boshqa hudud yoki millatlar uchun bilvosita zararli bo‘lishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar kiradi. Masalan, bir xalq eʼtiqod qiladigan diniy mazhablarini bu kabi mazhablar tarqalmagan boshqa xalqlarga tarqatish o‘sha hududdagi jamiyat va oilalarning mazhablarga bo‘linishiga va o‘zaro birligini yo‘qotishiga, buning natijasida adovat qo‘zg‘ash uchun qulay sharoit yaratilishiga olib kelishi mumkin.

Beshinchi turdagi axborot bevosita zararli bo‘lmagan yoki aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilmagan bo‘lsa-da, zararli va aqidaparastlik g‘oyalarini tarqatuvchi manbalardan (sayt, ijtimoiy tarmoq, shaxslar va tashkilotlardan) tarqalayotgan ma’lumotlardir. Masalan, ekstremistik materiallarni tarqatuvchi saytda ayrim maqola yoki maʼruzalar ota-onaga yaxshilik qilish yoki namoz o‘qish haqida ham bo‘lishi mumkin. “Youtube” yoki boshqa erkin platformalarda mutaxassis bo‘lmagan shaxslar ota-onaga yaxshilik qilish haqida taʼsirli maqola joylashtirgan manba aslida boshqa ko‘plab zararli axborotni tarqatayotganini bilmasligi tabiiydir.

Umumlashtirib aytganda, uchinchi turdagi zararli axborotni tarqatmaslik bo‘yicha normalarni qo‘llash va tushunishda odatda muammolar kamroq yuzaga keladi.

Fuqarolar to‘rtinchi va beshinchi turdagi axborotni boshqalaridan ajratib olishda qiynaladi.

Sizu biz, xususan, shu sohada yetuk ekspert yoki mutaxassislarning oila aʼzolari va yaqinlari ham bu borada muammolarga duch kelmaydi deb ayta olmaymiz.

Shuning uchun avvalo “aqidaparast” so‘zining lug‘aviy maʼnosiga to‘xtalib o‘tsak.

“Аqida” so‘zi arabcha bo‘lib, “1) eʼtiqod, ishonch, aqida, shubhani qabul qilmaydigan hukm (shubhadan xoli bo‘lgan taʼlimot) hamda 2) g‘oya, nazariya” degan maʼnolarni anglatadi. Uning ko‘plik shakli aqoiddir. Islom dini bo‘yicha adabiyotlarda Аllohning birligi, farishtalar, Аllohning elchilari, samoviy kitoblar, qiyomat kuni, taqdir va shu kabi inson ko‘ziga ko‘rinmas g‘aybga eʼtiqod qilish ilmi aqida yoki aqoid deyiladi.

Bu yerda “aqidaparastlik” so‘zi o‘rniga nimaga buzg‘unchi axborotlar yoki aqidalar so‘zi ishlatilmasligi, agar buzg‘unchi axborot yoki aqida so‘zi ishlatilganda, buzg‘unchilik va buning aksini aniqlash mezonlari, shuningdek, bunda Konstitutsiyaning 12-moddasidagi ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanishi bo‘yicha normalar qanday talqin qilinishi munozarali masala bo‘lib qolishi mumkin.

Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasiga ko‘ra, aqidaparastlik so‘zi 34 ta qonunchilik hujjatida ishlatilgan. Shundan 23 tasi amaldagi qonunchilik hujjatlaridir. Shuningdek, Oliy sudi plenumining 3 ta qarorida mazkur so‘z ishlatilganligi kuzatilgan.

Biroq aqidaparastlikni aniqlash mezonlari yoki “aqidaparast” bilan “aqidasi mustahkam shaxs” farqlari qonunchilik hujjatlarida va Oliy sudning plenumi qarorlarida ko‘rsatilmagan.

To‘g‘ri, aqidaparastlik materiallarini aniqlash bo‘yicha davlat organlarida maʼlum amaliyotlar
shakllangan, qonunosti hujjatlarda ushbu materiallarni qaysi organ aniqlashi nazarda tutilgan hamda bu gohida mantiqiy ham bo‘lib tuyuladi. Shunday bo‘lsa-da, mazkur amaliyotlar Konstitutsiya va biz tan olgan xalqaro shartnomalarda belgilangan huquqlar faqat qonun bilan cheklanishi mumkinligi to‘g‘risidagi normalarga muvofiqligini savol ostiga oladi. Bunga ko‘ra, aynan qonun bilan aqidaparastlik tushunchasi va uni aniqlash mezonlari belgilanishi kerak. Qonun osti hujjatlarida esa aqidaparastlik materiallarini kim va qanday tartibda aniqlashi, uning muddati va boshqa mexanizmlari belgilanishi mumkin.

Vaholanki, Jinoyat kodeksining ikki moddasida, yaʼni 2441-modda va 246-moddalarda aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tayyorlash va tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Shu bilan birga, ushbu moddalarda yana bir zararli materiallar – diniy ekstremizm bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tayyorlash va tarqatish uchun ham jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

“Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda ekstremizm – … milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atishga qaratilgan harakatlar ekanligi qayd qilingan.

Yuqoridagi taʼrifga ko‘ra ijtimoiy xavflilik jihatidan aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan axborotlarni tarqatish ekstremizm bilan yo‘g‘rilgan axborotlarni tarqatishdan yengilroq hisoblanadi.

Shu sababli huquqiy taʼsir choralari maqsadga erishish uchun zarur bo‘lgan doirada mutanosiblik prinsipiga asoslanishi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy prinsipga muvofiq bu ikki qilmish uchun bir xil jazo belgilash to‘g‘ri emas.

Аgar biz aqidaparast deb o‘z aqidasidan kelib chiqib, uni bu kabi aqidaga ega bo‘lmagan shaxslarning adovatini qo‘zg‘atishga qaratilgan ashaddiy shakllarda ifoda qilish deb tushunadigan bo‘lsak, unda aqidaparast bilan ekstremizm bir-biriga o‘xshash bo‘lib qoladi. Bunday holda qonunchilikdan aqidaparastlik tushunchasini olib tashlab, uning o‘rniga ekstremizm tushunchasidan foydalansak ham bo‘ladi.

Shu o‘rinda qayd etib o‘tish kerakki, Jinoyat kodeksining 156-moddasida milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash yoki tarqatish bo‘yicha ham javobgarlik belgilangan.

Mazkur moddada belgilangan (diniy) adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish Jinoyat kodeksining 2441-moddasida belgilangan (diniy) aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tarqatish bilan o‘xshash yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallar aqidaparastlik materiallariga nisbatan ijtimoiy xavfi kamroq deb fikr qilish mumkin.

Biroq Jinoyat kodeksining 156-moddasida 2441-moddaga nisbatan yengilroq sanksiyalar nazarda tutilgan hamda mazkur 156-modda bilan jinoiy javobgarlikka tortish uchun oldin shaxsga bu yo‘nalishda maʼmuriy jazo qo‘llanilgan bo‘lishi talab etiladi.

Shu bilan birga, qo‘shimcha ravishda Konstitutsiyamizning qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi bo‘yicha normasini yana bir asos sifatida keltirib o‘tsak bo‘ladi.

Shu sababli:

– aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan axborotni aniqlash mezonlari va uning boshqa
zararli axborotdan (masalan, ekstremizim) farqli jihatlarini qonun bilan belgilash;

– aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan axborotni tarqatish uchun javobgarlikni alohida qo‘shimcha 1561-modda bilan o‘rnatish hamda uning sanksiyasini Jinoyat kodeksining 156, 2441va 246-moddalarida belgilangan sanksiyalardan yengilroq belgilash;

– Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni “Аqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish” deb nomlangan 1844-modda bilan to‘ldirish;

– tarqatish darajasini, tarqatilayotgan shaxslar soni, tarqatish maqsadi, tarqatilayotgan materiallarning tiliga qarab kodekslardagi moddalarni qismlarga bo‘lish va har biri uchun alohida sanksiyalar belgilash taklif qilinadi.

Kodekslardagi javobgarlikni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar yetarli emas deb o‘ylaymiz.

Hozircha amaldagi qonunchiligimizda konstitutsiyaviy va xalqaro shartnomalardagi normalardan hamda tushunchaga qonunda taʼrif yo‘qligidan kelib chiqib, aqidaparastlik bilan bog‘liq axborot tarqatish, xususan, uni bir marotaba va yengil ko‘rinishda sodir qilganlik holatlarini kvalifikatsiya qilishda Jinoyat kodeksining 2441-moddasi emas, balki 156-moddasidagi alomatlari borligi nuqtayi-nazaridan ko‘rib chiqish savollarni keltirib chiqarmasligi mumkin.

Аslida taʼsir choralaridan ko‘ra, zararli axborotning xavfini kamaytirishning eng samarali usuli aqidaparastlarning g‘oyalari puch ekanligi va yaxshlikdan “sayrayotgan” manbalar kim ekanligini xalqimizga onlayn va oflayn tushuntiruvchi tizimli institutsional tuzilmalarni joriy qilish to‘g‘ri yo‘ldir.

Zero, “Bugungi kunda g‘oyani taqiq bilan, maʼmuriy choralar bilan yengib bo‘lmaydi. G‘oyaga qarshi faqat g‘oya, fikrga qarshi faqat fikr, jaholatga qarshi maʼrifat bilan bahsga kirishish, olishish mumkin”.

Xulosa qilib aytish mumkinki, xalqimizni rozi qilish va olib borilayotgan siyosatimizni xalqimiz to‘g‘ri tushunib, qo‘llab-quvvatlashi uchun yurtimizda zararli axborotni tarqalmaslik bo‘yicha normalarni takomillashtirish hamda bu borada onlayn va oflayn tashkiliy-tuzilmalarni samarali tashkil qilish doimiy vazifamiz bo‘lib qolaveradi.

Rustam ESHBOYEV,
Toshkent davlat yuridik universiteti

Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o‘qituvchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here