Xalqaro hujjatlarda voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosining ijrosi masalalari

0
359

Bugungi kunda ozodlikdan mahrum qilish jazosini ijro etish va o‘tash tizimi har tomonlama tartibga solingan va samarali tashkil etilgan. Bu esa jinoiy jazo maqsadlariga erishish, jinoyat-ijroiya sohasidagi huquqiy munosabat subyektlarining huquq-erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga rioya qilish, jazoni ijro etish muassasalarida, tarbiya koloniyalarida qonuniylikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonunchiligimizda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy jazolarni tayinlash hamda ijro etishda alohida tartib va qoidalar belgilangan. BMT Bosh assambleyasining 1989-yil 20-noyabrdagi qarori bilan qabul qilingan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 9-dekabrdagi 757–XII-qaroriga muvofiq ratifikatsiya qilingan “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyaning 1-moddasi1, 2010-yil 29-sentabrda qabul qilingan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasiga asosan 18 yoshga to‘lmagan har qanday shaxs voyaga yetmagan hisoblanadi2.

Voyaga yetmaganlar alohida huquqiy maqomga ega shaxs bo‘lganliklari sababli ularning huquq va erkinliklari har bir davlat tomonidan ichki qonun hujjatlari asosida, shuningdek xalqaro darajada umume’tirof etilgan normalar asosida kafolatlanadi.

Xususan, “Bola huquqlari to‘g‘risida” gi konvensiyaning 2-moddasida ishtirokchi davlatlar ushbu konvensiyada o‘z ta’sir doirasida bo‘lgan har bir bola uchun ko‘zda tutilgan barcha huquqlarni hech qanday kamsitishlarsiz, irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodlari, milliy, etnik yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, bolaning sog‘lig‘i va tug‘ilishi, uning ota-onasi yoki qonuniy vasiysi yoki biror bir boshqa holatlardan qat’i nazar, hurmat qilishlari hamda shu huquqlarni ta’minlab berishlari lozimligi belgilangan.

Qayd etish lozimki, voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosini ijro etish tartibi, xususan voyaga yetmagan mahkumlarning huquqiy holatini belgilab beruvchi qator xalqaro normalar mavjud. Mazkur normalar jazoni ijro etish muassasalarida voyaga yetmagan mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlab beruvchi asosiy xalqaro standartlardir.

Mazkur xalqaro standartlarni dunyoning qariyib 80 foiz davlati ratifikatsiya qilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad penitensiar muassasalarda saqlanayotgan irqi, tana rangi, jinsi, yoshi, tili, e’tiqodi, millati, siyosiy yoki boshqa maslagi, madaniy qarashlari yoxud amaliyoti, mulkiy, tabaqaviy va oilaviy ahvoli, etnik yoxud ijtimoiy kelib chiqishi hamda ishga yaroqsizligidan qat’i nazar voyaga yetmagan mahkumlarning huquqlarini himoya qilish, ularning qayta jinoyat sodir etishining oldini olishdir.

Yuqorida ta’kidlangan xalqaro normalar Birlashgan Millatlar Tashkiloti qabul qilgan qator hujjatlarda o‘z ifodasini topgan. Mazkur hujjatlar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:

• 1948-yil 10-dekabrdagi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi;

• 1955-yil 30-avgustdagi BMT Bosh assambleyasining Mahkumlar bilan muomalada bo‘lishning minimal standart qoidalari;

• 1966-yil 16-dekabrdagi “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro pakt;

• 1985-yil 25-noyabrdagi Voyaga yetmagan bolalarga nisbatan odil sudlovni amalga oshirishga taalluqli minimal standart qoidalar (“Pekin qoidalari”);

• 1989-yil 20-noyabrdagi “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiya;

• 1990-yil 14-martdagi “Mahbuslar bilan muomala qilishning asosiy prinsiplari” rezolyutsiyasi;

• 1990-yil 14-dekabrdagi “Ozodlikdan mahrum etilgan voyaga yetmaganlarni himoya qilish to‘g‘risida” gi BMT qoidalari;

• 1984-yil 10-dekabrdagi Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki uning qadr-qimmatini kamsitadigan turlariga qarshi konvensiya.

Asosiy qonunimizning 17-moddasida O‘zbekiston o‘zining tashqi siyosatida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga asoslanishi belgilangan. Shuningdek, amaldagi Jinoyat-ijroiya kodeksining 4-moddasida ham jinoyat-ijroiya qonunchiligi xalqaro huquqning jazoni ijro etish va mahkumlar bilan muomalada bo‘lishga taalluqli prinsiplari va normalarini inobatga olishi belgilangan3. Jinoyat-ijroiya qonunchiligining normalari mahkumlarni qiynoqqa solish va boshqa g‘ayriinsoniy yoki kamsituvchi muomala turlaridan himoya qilish to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarga zid bo‘lishi mumkin emas.

Yuqorida ta’kidlangan ko‘plab xalqaro hujjatlarda qayd etilgan normalarni O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan. Voyaga yetmagan mahkumlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlovchi ushbu normalarning O‘zbekiston Jinoyat-ijroiya kodeksida o‘z ifodasini topganligi buning isbotidir.

Voyaga yetmagan mahkumlarning alohida huquqiy holatini e’tiborga olib ishlab chiqilgan xalqaro qonun hujjatlari mazmuniga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq.

Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 5-moddasida hech kim qiynoqqa solinishi yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud uning qadr-qimmatini kamsitadigan muomala yoki jazoga duchor qilinmasligi lozimligi belgilangan.

BMT Bosh assambleyasining Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalarining 8-bandida penitensiar muassasalarda toifalar bo‘yicha taqsimlash belgilangan. Ushbu bandning “g” kichik xatboshisiga asosan voyaga yetgan huquqbuzarlar voyaga yetmasdan jinoyat sodir etganlardan alohida saqlanishi lozim.

“Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro paktning 10-moddasi 2-qismi “b” bandida voyaga yetmagan ayblanuvchilar voyaga yetganlardan ajratilishi va qisqa muddatda sud hukmi chiqarilishi qayd etilgan.

“Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyaning 37-moddasida4 har bir ishtirokchi davlat ozodlikdan mahrum qilingan har bir bola bilan insonparvarlarcha muomala qilish hamda uning yoshidagi shaxs ehtiyojlarini hisobga olgan holda shaxsning ajralmas qadr-qimmati hurmat qilinishini ta’minlagan holda kattalardan ajratilishi hamda o‘z oilasi bilan yozishmalar va uchrashuvlar orqali aloqa bog‘lab turishini ta’minlashi lozimligi belgilangan.

Shu bilan birga ozodlikdan mahrum qilingan har bir bola darhol huquqiy va boshqa yordam olish huquqiga ega bo‘lishini, sud yoki boshqa vakolatli, mustaqil va xolis organ oldida uning ozodlikdan mahrum etilishi qonuniyligini ko‘rib chiqish huquqiga ega ekanligi hamda ular tomonidan ana shunday protsessual harakatlar bo‘yicha kechiktirmasdan qaror qabul qilinishini ta’minlash lozimligi qayd etilgan.

Voyaga yetmagan mahkumlarning huquqiy holati “Voyaga yetmagan bolalarga nisbatan odil sudlovni amalga oshirishga taalluqli minimal standart qoidalari”da (“Pekin qoidalari”) ham atroflicha bayon etilgan. Mazkur xalqaro qoidalarning 26-bandi axloq tuzatish muassasalarida huquqbuzarlar bilan muomalaga bag‘ishlanadi. Jumladan, qoidalarning 26.1-bandida jazoni ijro etish muassasalaridagi voyaga yetmaganlar bilan tarbiyaviy ishlarning maqsadi ularga jamiyatda ijtimoiy foydali rollarni bajarishiga yordam ko‘rsatishi uchun vasiylik, himoya, ta’lim va kasbiy tayyorgarlikni ta’minlash5 ekani belgilangan.

26.2-bandida esa axloq tuzatish muassasalarida voyaga yetmaganlarga ularning yoshi, jinsi va shaxsini hisobga olgan holda parvarish, himoya va kerak bo‘lishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy, psixologik, tibbiy, jismoniy, ta’lim va kasbiy tayyorgarlik sohasida yordam ta’minlanishi lozimligi qayd etilgan.

Xalqaro normalarnig tahlili shuni ko‘rsatadiki, haqiqatan ham fiziologik va psixologik jihatdan hali to‘liq shakllanmaganlik, ular o‘z huquq-manfaatlarini himoya qila olmasligi – voyaga yetmagan shaxslarni alohida huquqiy himoya qilish, huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash va jazoni o‘tash jarayonida ularga axloq tuzatishning samarali vositalarini qo‘llashni talab qiladi.

Ushbu holatlarni e’tiborga olib qayd etish joizki, voyaga yetgan shaxslar uchun belgilangan tartib-qoidalarni voyaga yetmaganlar uchun ham qo‘llash o‘rinsizdir. Shuning uchun ham mazkur toifadagi shaxslarga jinoyat qonunchiligida alohida javobgarlikning belgilangani ijtimoiy jihatdan ham, odillik va insonparvarlik jihatidan ham o‘rinlidir.

Xulosa sifatida ta’kidlash lozimki, voyaga yetmaganlar uchun bugungi zamonaviy jazoni ijro etish muassasasi oldida turgan asosiy vazifa psixologik, pedagogik va reabilitatsiya tadbirlarini tashkil etishdan iborat. Mazkur tadbirlar ularning nafaqat yoshi, balki individual (psixologik, fiziologik, jinoiy-huquqiy) xususiyatlarini ham hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim. Shuningdek, jazoni ijro etish jarayonida voyaga yetmagan mahkumlar bilan ijtimoiy, psixologik va tarbiyaviy ishlarni olib borishda individual ta’sir ko‘rsatish shakllarini ko‘proq qo‘llash, shu bilan birga ushbu ishlarni jamoatchilik bilan hamkorlik asosida amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.

Bu esa shubhasiz penitensiar tizimda xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasi va xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali voyaga yetmaganlarga nisbatan jazoni ijro etishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqishning obyektiv zarurligidan dalolat beradi. Bunda asosiy maqsad – voyaga yetmagan mahkumlarning jazo o‘tab chiqqanidan so‘ng qayta ijtimoiylashuvi va reintegratsiyalashuviga yordam berish, ularni axloqan tuzatishga qaratilgan jazoni ijro etishning yaxlit va samarali tizimini tashkil etishdan iborat bo‘lishi lozim.

Sarvinoz KULTURAYEVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi

 

1 BMT Bosh assambleyasining 1989-yil 20-noyabrdagi 44/25-qarori bilan tasdiqlangan “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya. O‘zbekiston mazkur Konvensiyaga O‘zbekiston Oliy Kengashining 1992-yil 9-dekabrdagi 757–XII-qaroriga muvofiq qo‘shilgan.

2 “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni. “Xalq so‘zi” gazetasi, 2010-y., 190 (5105)-son. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 39-son, 341-modda.

3 https://lex.uz/docs/-163629.

4 BMT Bosh assambleyasining 1989-yil 20-noyabrdagi 44/25-qarori bilan tasdiqlangan “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya. O‘zbekiston Respublikasi mazkur konvensiyaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 9-dekbrdagi 757–XII-qaroriga muvofiq qo‘shilgan.

5 Mak-Klellan D. International standards for the protection of the rights of juvenile. Netherlands, 2014. – P. 51. https://www.prisonstudies.org/.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here