Ota-onalikdan mahrum qilish asoslari va oqibatlari

0
126

Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda 2021-yilda profilaktik hisobda turgan ota-onalar soni 12941, 2022-yilda 17032 nafarni tashkil etgan1. Ota-onalik huquqidan mahrum qilish bilan bog‘liq ishlarni fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning birinchi instansiyasida ko‘rish statistikasiga eʼtibor qaratsak, 2020-yilda 850 ta, 2021-yilda 1244 ta, 2022-yilda 1336 ta, 2023-yilning 6 oyida 601 ta2 ish ko‘rib tamomlangan va ota-onalar yoki ulardan biri ota-onalik huquqidan mahrum etilgan.

Ota-onalik huquqidan mahrum etish institutining vujudga kelishi va rivojlanish bosqichlari bir tarafdan bolaning oilaviy huquqiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Ikkinchi tarafdan ota-onalar hokimiyatini cheklash va ularning qonunga xilof xatti-harakatlariga nisbatan aniq sanksiyalar ishlab chiqilishiga asos bo‘lgan.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish oilaviy huquqiy javobgarlikning bir turi, unda jazo elementi aniq namoyon bo‘ladi. Shuningdek, ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishning asosiy vazifasi bolaning manfaatlarini taʼminlashdir.

Bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzganlik uchun himoya qilish va javobgarlikning amaldagi choralari oilaviy munosabatlar va huquq tizimi rivojlanishining har bir yangi bosqichi bilan o‘zgarib bormoqda. Bu esa ularni qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi. Qayd etish joizki, oila qonunchiligidagi javobgarlik choralariga jiddiy eʼtibor qaratilishi, ularni yangilash zarurati hamda ota-onalik huquqidan mahrum qilish institutini o‘rganish jiddiy ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda xalqaro huquqda bolalarga taalluqli barcha qarorlarda bolaning manfaatlari birinchi o‘rinda turishi kerak degan fikrni qo‘llab-quvvatlovchi keng konsensus mavjud. Ushbu tamoyil ota-onalik huquqidan mahrum qilish bilan bog‘liq muammolarga munosabatimizni ko‘rib chiqish va oila huquqi instituti mavjud bo‘lgan davrda yuzaga kelgan noqulay savollarga javob berish imkoniyatini beradi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish instituti XIX asrda vujudga kela boshladi. Yevropada zo‘ravonlikka uchragan bolalarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlar 1889-yildan paydo bo‘la boshladi: Fransiyada – 1889-yilda, Angliyada – 1889-yilda, Germaniyada – 1896-yilda, Shveysariyada – 1907-yilda. Bu qonunlar bilan ota-onalarning hokimiyatini cheklash masalasi ko‘tarildi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish institutinixalqaro huquqiy tartibga solish asoslari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida belgilab qo‘yilgan. Ushbu konvensiyaning 9-moddasiga ko‘ra, bola o‘z xohishiga zid ravishda ota-onasidan ajralishi mumkin emas. Faqat bunday ajralishga bolaning manfaati taqozo etganda sud qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi. Bunday choralar muayyan holatlarda, masalan, ota-onalar bolalari bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lsa, ko‘rilishi mumkin3.

O‘zbekiston Oila kodeksi ota-onalik huquqidan mahrum qilish tushunchasini ichiga olmaydi, lekin ota-onalik huquqini cheklash va undan mahrum qilish asoslarini ko‘rsatib o‘tadi.

Oila kodeksining 79-moddasida ota-onani ota-onalik huquqidan mahrum qilishning qatʼiy asoslari ko‘rsatilgan.

Birinchidan, ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa. Bunday holat bolaga taʼlim-tarbiya berish, birga yashash, unga g‘amxo‘rlik qilish, bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, zararli axborot xurujidan himoya qilish, bolalarining sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, maʼnaviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilish va uni iqtisodiy taʼminlashdan bo‘yin tovlashda namoyon bo‘ladi.

Ikkinchidan, uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘z bolasini tug‘uruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga o‘xshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa. Masalan, bugungi kunda yolg‘iz onalar, boquvchisini yo‘qotganlar, turmush o‘rtog‘ining chet elga ketib qaytib kelmasligi oqibatida farzandlarini mehribonlik uylariga olib kelish holatlari ortgan. Maʼlumotlariga ko‘ra, mehnat migratsiyasi sabab ota-onasi yoki qarindoshlaridan uzoqda, to‘liq davlat taʼminotidagi muassasalarda tarbiyalanayotgan bolalar soni 935 nafar, shundan 75 nafarining ham ota, ham onasi mehnat migrantlaridir4.

Uchinchidan, ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lsa, jumladan jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy taʼsir ko‘rsatsa. Ota-onalarning bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lishi, jumladan jismoniy kuch ishlatishi yoki ruhiy taʼsir ko‘rsatishi ota-onalik huquqlarini suiiste’mol qilish sifatida baholanadi va qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka asos bo‘ladi. Statistik maʼlumotlariga ko‘ra, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy bo‘limlariga 2022-yilda bolalarga zo‘ravonlik qilingani haqida jami 346 ta murojaat kelgan bo‘lib, 21 ta jismoniy, 11 ta jinsiy, 294 ta ruhiy, 4 ta iqtisodiy zo‘ravonlik hamda 16 ta boshqa turdagi zo‘ravonlik sodir etilgan5.

To‘rtinchidan, muttasil ichkilikbozlik yoki giyovandlikka mubtalo bo‘lgan bo‘lsa. Ota-onalarni ota-onalik huquqidan mahrum qilish uchun ularda ushbu kasallikka mubtalolik faktining o‘zi yetarli bo‘ladi. Chunki ushbu holat bola uchun xavf tug‘dirishi tabiiy. Bola nosog‘lom oilaviy muhitga tushib qoladi, o‘zi bilan o‘zi qolib ketadi hamda maʼnaviy va jismoniy qiynaladi.

Beshinchidan, o‘z bolalarining hayoti yoki sog‘lig‘iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo‘lsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin. Statistikaga ko‘ra, 2021-yilda oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq 1568 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Ushbu jinoyat ishlari doirasida jami 1692 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, mazkur jinoyatlarda 1617 nafar shaxs jabrlanuvchi sifatida belgilangan bo‘lsa, ularning 1184 nafarini yoki 73 foizini ayollar, 433 nafarini yoki 26 foizini erkaklar, 20 nafarini yoki 1 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etadi.

Yuridik adabiyotlarda ota-onalik huquqidan mahrum etish instituti bo‘yicha turlicha yondashuvlarni ko‘rish mumkin. M. Boratovning fikricha: “Birinchidan, ota-onalik huquqidan mahrum qilish yuridik faktdir, u tufayli fuqarolik huquq va majburiyatlari yangidan vujudga keladi, o‘zgaradi yoki kimlargadir nisbatan bekor bo‘ladi; ikkinchidan, oilaviy-huquqiy munosabatlarda axloq normalarini ham zinhor unutmaslik kerak. Zotan, oilaviy-huquqiy munosabatlarda mulkiy emas, shaxsiy, axloqiy jihatlar ustundir”. S. Muratovasudlarning (shu jumladan Konstitutsiyaviy sud va inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi) qarorlariga tayanib, ota-ona huquqlaridan mahrum qilish uchun asos, birinchidan, ota-onalarning aybi, ikkinchidan, bolani boshqa yo‘l bilan himoya qilishning imkonsiz ekanini taʼkidlaydi6. Ota-ona huquqlaridan mahrum qilish instituti birinchi navbatda voyaga yetmagan bolaning manfaatlari va huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Albatta, bola uchun yaqinlari bilan ota-onalari himoyasida qolish muhimroq, hatto oila og‘ir qiyinchiliklarga duch kelsa ham.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish instituti bolalar manfaatlarini himoya qilishni tavsiflovchi va ota-onaning javobgarligi choralarini birlashtirgan huquqiy institut ham sanaladi. Bola huquqlarini farzandlarining hayoti va sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir etgan ota-onalarning harakatlaridan himoya qilish mamlakatda ota-ona huquqlaridan mahrum qilish institutining asosiy vazifalaridan biridir. Voyaga yetmagan oila aʼzolarining huquqlari va manfaatlarini ustuvor himoya qilish zarurati bu shaxslar odatda oilaviy munosabatlarning eng zaif ishtirokchilari ekani bilan bog‘liq.

Anʼanaga ko‘ra, oilaviy huquq sanksiyalari ikki turga bo‘linadi: oilaviy huquqiy javobgarlik choralari va subyektiv huquqlarni oilaviy huquqiy himoya qilish choralari7. Shu munosabat bilan ota-onalik huquqidan mahrum qilish oilaviy huquqiy javobgarlik chorasidir, chunki u faqat ota-onalarga yoki ulardan biriga nisbatan qo‘llanadi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish natijasida yuzaga keladigan oqibatlarni shartli ravishda ikki turga, yaʼni moddiy va maʼnaviy oqibatlarga ajratib olish lozim. Ota-onalik huquqidan mahrum qilishning moddiy oqibatlari ushbu jazo chorasi qo‘llanganidan keyin yuzaga keladigan mulkiy munosabatlarni, meros va aliment, shuningdek, ayrim yuridik javobgarlik masalalarini o‘z ichiga oladi. Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-ona qaysi bolaga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa, shu bolaga nisbatan qarindoshlik faktiga asoslangan barcha huquqlardan, shu jumladan, undan taʼminot olish, shuningdek, bolali fuqarolar uchun qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqlaridan mahrum bo‘ladi.

Yuridik adabiyotlarda ko‘plab mualliflar ota-onalarni huquqlaridan mahrum qilishni ota-onalar huquqbuzarlik sodir etgan taqdirda qo‘llanadigan oilaviy huquqiy javobgarlik chorasi sifatida talqin etadi. Huquqshunos S. Muratova bu borada quyidagi fikrni bildiradi: “Ota-onalik huquqidan mahrum qilish subyektiv oila huquqlaridan mahrum qilish shaklidagi oilaviy huquqiy javobgarlik chorasidir”8. Y. Tolstoyning fikricha: “Ota-onalik huquqlaridan mahrum qilish – bolalar manfaatlarini himoya qilish va ota-onalarni qayta tarbiyalashga qaratilgan sanksiya hisoblanadi”9.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish bilan bog‘liq munosabatlarni subyektiv yuridik majburiyatlar bilan quyidagicha ifodalashimiz mumkin.

Birinchidan, taqiqlangan hatti-harakatlarni sodir etishdan tiyilish, yaʼni ota-onalar bolalariga nisbatan munosabatda ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilmaslik, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lmaslik, jumladan jismoniy kuch ishlatmaslik yoki ruhiy taʼsir ko‘rsatmaslik; muttasil ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lmaslik; o‘z bolalarining hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilmaslikka majburdirlar.

Ikkinchidan, ota-onalar muayyan xatti-harakatlarni sodir etish, yaʼni bolalariga taʼlim-tarbiya berish, ularning sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, maʼnaviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdir. Qayd etilgan yuridik majburiyatlarni ota-onalarning bajarmasligi ularga nisbatan qonunda belgilangan javobgarlikni keltirib chiqaradi. Yaʼni davlat yuridik majburiyatni bajarmagan shaxsga nisbatan majburlov chorasini qo‘llaydi.

Keltirilgan fikrlarga ko‘ra ota-onalik huquqidan mahrum qilish oilaviy huquqiy javobgarlikning bir turi bo‘lib, unda jazo elementi aniq namoyon bo‘ladi. Shuningdek, ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishning asosiy vazifasi bolaning manfaatlarini taʼminlashdir.

Fikrimizcha, oila qonunchiligiga bolaning jinsiy daxlsizligiga tajovuz qilish, bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilish, boshqa oila aʼzolarining ham hayoti va sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilish, bolani jinoyat sodir etishga undash, axloqsiz xatti-harakatlar bilan bolaning tarbiyasiga salbiy taʼsir ko‘rsatish ham ota-onalik huquqidan mahrum etishga sabab bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi normalarni kiritish maqsadga muvofiq.

Umida MAHMUDXO‘JAYEVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Fuqarolik huquqi kafedrasi dotsenti,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori

 

1 Oʻzbekiston Respublikasi IIV arxiv materiallari. 2023-yil.

2 Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy sayti maʼlumotnomasi (murojaat etilgan sana 08.10.2023.)

3 Конвенция Организации Обединенных Наций о правах ребенка [Электронный ресурс]: [заключена в г. Ню-Йорке 20.11.1989 г.]

4 M.M.Xayitov. Ota-onalik huquqidan mahrum qilishning huquqiy asoslari. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi; Toshkent davlat yuridik instituti. T.: “M05N1K”, 2013, 12-b.

5 Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy boʻlimlariga 2022-yil 10 oyi davomida bolalar zoʻravonligi boʻyicha murojaatlar tahlili.

6 С.А.Муратова. Семейное право: учебник. – М.: Норма: Инфра-М, 2019. Ст. 214.

7 П.Н.Мардахаева. Лишение родителских прав как мера семейно-правовой ответственности: дис. … канд. юрид. наук.: 12.00.03 / П.Н. Мардахаева. – М., 2005. 189 л.

8 С.А.Муратова. Семейное право; учебное пособие. – М.: Юриспруденция, 2001. Ст. 159.

9 Й.К.Толстой, А. П. Сергеев. Гражданское право: учебник. В 3 ч. – М.: Проспект, 2002. Ст. 426.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here