Yosh bolali ayollar: mehnat qonunchiligida ularga qanday imtiyozlar berilgan?

0
763

Mehnat qonunchiligida homilador va yosh bolali ayollarga bir qator qo‘shimcha kafolat va imtiyozlar taqdim qilingan. Mazkur kafolat va imtiyozlarni ko‘rib chiqamiz.

2 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar uchun kafolat va imtiyozlar:

• 2 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolani parvarish qilayotgan ayollarga ularning xohishiga ko‘ra, har yili 14 kalendar kundan kam bo‘lmagan muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda muqarrar tartibda ta’til beriladi (Mehnat kodeksining 150-moddasi).

• 2 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin bo‘lmagan taqdirda, bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar avvalgi ishidagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkaziladi (MKning 227-moddasi).

Homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til berilib, bu davrda qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa to‘lanadi.

Bola parvarishi bo‘yicha nafaqa parvarish qilinayotgan bolalar sonidan va nafaqa oluvchi shaxsning mehnat stajidan qat’i nazar har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 60 foizi miqdorida to‘lanadi (2022-yil 1-iyundan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 920 000 so‘m).

DIQQAT!
Bu nafaqa budjet tashkilotlarida ishlovchi onalarga to‘lanmaydi (MKning 234-moddasi).

2 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarga dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari, bolani ovqatlantirish uchun qo‘shimcha tanaffuslar ham beriladi. Bu tanaffuslar kamida har 3 soatda bir marta, har biri 30 minutdan kam bo‘lmagan muddat bilan beriladi. 2 yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolasi bo‘lgan taqdirda, tanaffusning muddati kamida bir soat qilib belgilanadi (MKning 236-moddasi).

3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar uchun kafolat va imtiyozlar:

• Homilador ayollar, 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi (MKning 84-moddasi).

• 3 yoshga to‘lmagan bolalari bor, budjet hisobidan moliyaviy ta’minlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi (MKning 2281-moddasi).

• Ayolga, uning xohishiga ko‘ra, bolasi 3 yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til ham beriladi (MKning 234-moddasi).

• Homilador ayollar va 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno. Bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi (MKning 237-moddasi).

Mehnat qonunchiligida 2-3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollardan tashqari, 12 yoki 14 yoshga to‘lmagan bolani (16 yoshga to‘lmagan nogiron bolani) tarbiyalayotgan ayollarga ham ayrim kafolatlar nazarda tutilgan. Bular quyidagilardir:

• 14 yoshga to‘lmagan bitta va undan ortiq bolani (16 yoshga to‘lmagan nogiron bolani) tarbiyalayotgan yolg‘iz ota, yolg‘iz onaga (beva erkaklar, beva ayollar, nikohdan ajrashganlar, yolg‘iz onalarga) va muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga yillik ta’tillar, ularning xohishiga ko‘ra yoz vaqtida yoki ular uchun qulay bo‘lgan boshqa vaqtda beriladi (MKning 144-moddasi).

Homilador ayollarni va 14 yoshga to‘lmagan bolasi (16 yoshga to‘lmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilish va xizmat safariga yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bilan birga, homilador ayollarni va 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish ona va bolaning sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi (MKning 228-moddasi).

Homilador ayolning, 14 yoshga to‘lmagan bolasi (16 yoshga to‘lmagan nogiron bolasi) bor ayolning, shu jumladan qaramog‘ida shunday bolasi bor ayolning yoki oilaning betob a’zosini parvarish qilish bilan band bo‘lgan shaxsning iltimosiga ko‘ra, ish beruvchi tibbiy xulosaga muvofiq ularga to‘liqsiz ish kuni yoki to‘liqsiz ish haftasi (119-modda) belgilashga majburdir (MKning 229-moddasi).

12 yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki 16 yoshga to‘lmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili 3 ish kunidan kam bo‘lmagan muddat bilan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi (MKning 232-moddasi).

12 yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki 16 yoshga to‘lmagan nogiron bolasi bor ayollarga ularning xohishiga ko‘ra, har yili 14 kalendar kundan kam bo‘lmagan muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda ta’til beriladi. Bunday ta’til yillik ta’tilga qo‘shib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishib belgilanadigan davrda undan alohida (to‘liq yoxud qismlarga bo‘lib) foydalanilishi mumkin (MKning 232-moddasi).

Muhammadamin KARIMJONOV,
TDYU Mehnat huquqi kafedrasi katta o‘qituvchis

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here