NNTga oid qonunchilik: muammo va yechimlar

0
194

Mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlar nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq qonun hujjatlarini takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Akademik A.Saidovning ta’kidlashicha, “Davlat rahbarining 2018-yil 8-avgustdagi farmoni bilan tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasining qabul qilinishi norma ijodkorligi faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichiga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. Mazkur konsepsiyaga ko‘ra, mavjud barcha qonunchilik bazasi to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazildi va 200 ga yaqin qonun, 500 dan ortiq boshqa hujjat tizimlashtirilib, 61 ta yangi qonun qabul qilindi.

Shuningdek, ayrim hollarda qonun osti hujjatlari qonunlar mazmuniga zid holda qabul qilingani aniqlandi. 390 dan ortiq ana shunday idoraviy normativ-huquqiy hujjat bekor qilindi”.

O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 4-oktabrdagi “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida “… mamlakatni sosial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishning jadal sur’atlari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ishtirok etishlaridagi rolini oshirish, xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan tamoyillari va normalarini inobatga olgan holda ushbu yo‘nalishdagi ularning faoliyatini avj oldirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish zarurligini taqozo etmoqda” deyilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 30-oktabrdagi “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4501-qarorida “fuqarolik jamiyati rivojlanishining normativ-huquqiy tartibga solinishi holatini va ushbu sohada huquqni qo‘llash amaliyotini tizimli o‘rganish va tahlil qilishni tashkil etish, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish, jamoatchilik boshqaruvida ularning ishtirokini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar tayyorlash” vazifasi fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markaziga yuklatilgan.

Bu qarorlarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini tartibga soladigan qonunchilikni takomillashtirish vazifasi belgilangan.

Shunday ekan, qonunchilikni takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayonida yuridik texnika talablariga qat’iy amal qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Yuridik texnika nima?

Yuridik lug‘atda “yuridik texnika – normativ-huquqiy aktlar loyihasini tayyorlash, ularni rasmiylashtirish, nashr etish va tizimlashtirish qoidalari (tartibi, taomili) yig‘indisi” deb tushuntirilgan.

Yuridik texnika iborasini normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash, muhokama qilish va qabul
qilish jarayoniga qo‘yiladigan talablar yig‘indisi deb ham aytish mumkin.

Yuridik texnika qonunchilik hujjatlari sifatini oshirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Ammo yuridik texnikani tadqiq qilish, uning nazariy-huquqiy jihatlari chuqur o‘rganilmagan.

Yuridik fanlar doktori M.Axmedshayevaning mulohazalariga ko‘ra, “Yuridik texnika masalalariga bag‘ishlangan maxsus tadqiqotlarni ko‘paytirish zarur. Yuridik texnika, qonunchilik texnikasi, norma ijodkorligi va qonunlar sifatini oshirish bilan bog‘liq muammolarning murakkabligi sababli yuridik texnikani o‘rganish obyekti, predmeti, ko‘lami, doirasi, chegarasi kabi masalalar bo‘yicha huquqshunos olimlar o‘rtasida turli tortishuv, bahs-munozaralar, xilma-xil fikrlar, ba’zan bir-biriga zid qarashlar ham mavjud”.

Yuridik texnika institutining nazariy-huquqiy jihatdan tadqiq etilishi yangi, mukammalroq ilmiy ta’rifni yuzaga keltiradi. Yuridik texnikaning to‘g‘ri qo‘llanilishi tashkiliy-huquqiy mexanizmlarining ishlashiga olib keladi.

Yuridik texnikaning xos xususiyatlari normativ-huquqiy hujjatning konsepsiyasini mukammal ishlab chiqish imkoniyatini oshiradi. Uning samaradorligini ta’minlaydi.

Yuridik texnika normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va rasmiylashtirish jarayonida qo‘llanadigan qoida va vositalar uyg‘unligini ifodalaydi.

Har qanday normativ-huquqiy hujjatni rasmiylashtirishda unga qo‘yiladigan talablar aynan yuridik texnikada o‘z aksini topadi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini rasmiylashtirish uchun qo‘yiladigan talablar quyidagilardan iborat:

• yuridik shaklning aniqligi va qat’iyligi;

• tilning ravon va tushunarli bo‘lishi;

• munosabatlarning tegishli sohasini huquqiy jihatdan tartibga solishning to‘liqligi;

• huquqiy jihatdan tartibga solishning aniqligi;

• sinovdan o‘tgan atamalar, tushunchalar va ifodalardan foydalanish;

• normalar ta’rifining mumkin qadar aniqligi va lo‘ndaligi;

• huquqiy ko‘rsatmalarni bayon etish shakli, tuzilishi va usullarining bir xilligi, yagonaligi;

• qonunchilik texnikasi qoidalariga rioya etilishi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini rasmiylashtirishda sinovdan o‘tgan atamalar, tushunchalar va ifodalardan foydalanish talab etiladi.

“Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni 1999-yil 14-aprelda qabul qilingan. Unda “yuridik texnika” talabiga ko‘ra birlamchi xarakterdagi asosiy tushunchalar to‘laqonli ochib berilmagan.

Faqat mazkur qonunning 2-moddasida “Nodavlat notijorat tashkilotlari tushunchasi – jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad (foyda) olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni (foydani) o‘z qatnashchilari (a’zolari) o‘rtasida taqsimlamaydigan o‘zini o‘zi boshqarish tashkilotidir” tarzida yoritilgan xolos. Vaholanki, nodavlat notijorat tashkilotlari tushunchasi tashkiliy-huquqiy jihatdan bugungi kunda kengayib bormoqda.

Shunday ekan, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunga quyidagi asosiy tushunchalarni kiritishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:

Respublika nodavlat notijorat tashkiloti – O‘zbekiston Respublikasining barcha ma’muriy-hududiy birliklarida faoliyat olib boradigan hamda beshtadan kam bo‘lmagan ma’muriy-hududiy birlik (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar)da vakolatxona yoki filialiga ega tashkilot.

Hududiy nodavlat notijorat tashkiloti – ustaviga muvofiq bitta ma’muriy-hududiy birlikda faoliyat olib boradigan tashkilot.

Avtonom (muxtor) nodavlat notijorat tashkiloti – a’zolikka ega bo‘lmagan ta’lim, sog‘liqni
saqlash, madaniyat, fan, huquq, jismoniy tarbiya, sport va boshqa sohalarda xizmatlar ko‘rsatish uchun tashkil etilgan tashkilot.

Xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti – belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti, ustavida O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq O‘zbekiston hududida faoliyatini amalga oshirishi nazarda tutilgan tashkilot.

Norezidentlar – barcha xorijiy mamlakatlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar yoki chet davlatlarning fuqarolari va yuridik shaxslari, chet davlatlarda doimiy istiqomat qilayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yoxud ularning topshirig‘iga binoan pul va mol-mulk beruvchi hamda ularning nomidan harakat qiluvchi boshqa shaxslar.

Nodavlat notijorat tashkilotining vakolatxonasi – nodavlat notijorat tashkilotining manfaatlarini ifodalovchi va himoya qiluvchi, uning doimiy asosda ishlaydigan rahbar organi joylashgan yerdan tashqarida joylashgan alohida bo‘linmasi.

Nodavlat notijorat tashkilotining filiali – nodavlat notijorat tashkilotining barcha vazifalarini yoki vazifalarining bir qismini, shu jumladan, vakolatxona vazifalarini amalga oshiruvchi uning doimiy asosda ishlaydigan, rahbar organi joylashgan yerdan tashqarida joylashgan alohida bo‘linmasi.

O‘zbekiston qonuniga kiritilishi taklif etilayotgan ushbu asosiy tushunchalar davlat va jamiyat hayotida shaffof holatni ta’minlashga yordam beradi. NNTlar mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa ijtimoiy ahamiyatli vazifalarni hal etishda ko‘tarinki ruh bag‘ishlaydi.

Izzatullo TOLIBOV,
Sudyalar oliy maktabi doktoranti, yuridik fanlar nomzodi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here