Ekstraditsiya jarayonida huquq kafolatlari

0
291

Xalqaro hamjamiyatda integratsiya jarayonlari chuqurlashmoqda. Chegaralardagi byurokratik usullar soddalashtirilayapti. Bir davlatdan boshqa davlatga borish, ko‘chish osonlashmoqda.

Bu jarayon transmilliy jinoyatchilikning yangi shakllarini ham paydo qilayapti. Bu esa ekstraditsiya institutini rivojlantirish yuzasidan davlatlararo hamkorlikni kuchaytirishni taqozo qilmoqda. Chunki integratsiya inson huquqlari borasida davlatlararo ziddiyatli tendensiyalar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Zamonaviy xalqaro huquq xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashda davlatlarning hamkorligini tartibga soluvchi me’yorlar va tamoyillar to‘plami sifatida qonuniylik va tartibni saqlashga qaratilgan. Bunda qonuniylik va qonunning ustuvorligi jinoyat uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashda muhim hisoblanadi.

Xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashda eng qiyin masalalardan biri jinoyatchilarni boshqa davlatga topshirish muammosidir. Chunki bu jarayonda manfaatdor davlatlarning suvereniteti yoki turli idoralarning qonuniy manfaatlari buzilmasligi kerak. Shuning uchun ham ekstraditsiya jarayoni uzoq vaqtga cho‘ziladi.

Akademik A.Saidov ta’kidlab o‘tganidek, “Davlat hokimiyatining jinoiy-protsessual harakatlari uning hududi bilan chegaralangan. Zotan, ayrim vaqtlarda jinoiy ishlar bo‘yicha odil sudlovni amalga oshirish uchun boshqa davlat hududida ham protsessual harakatlarni amalga oshirish talab qilinadi. Holbuki, davlat suvereniteti tamoyili bir davlatning ikkinchi bir davlat hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri harakatlarini (shu jumladan, sudlov ishlarini) amalga oshirishni istisno qiladi. Shu bois zaruriy protsessual harakatlarni o‘tkazish uchun yagona imkoniyat tegishli davlatga yordam so‘rab murojaat etishdir. Davlatlarning jinoiy ishlar bo‘yicha hamkorligi ikki tomonlama va mintaqaviy darajada rivojlanadi va bunday hamkorlikning faqat ayrim masalalari ko‘p tomonlama shartnomalarga kiritiladi”.

Xalqaro huquqda davlatlar o‘rtasida do‘stona munosabatlar va hamkorlikni davom ettirish jarayonida vijdoniylik tamoyili muhim ahamiyat kasb etadi. Ekstraditsiya instituti ham xalqaro jinoyat qonunchiligiga yaxlitlik va to‘liqlik xarakterini berish uchun muhim hisoblanadi.

Ekstraditsiya jarayonida shaxs huquqlari bosqichma-bosqich ko‘rib chiqiladi. Ushbu huquqlar BMTning 1948-yildagi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida qayd etilgan.

Mazkur deklaratsiyaning 2-moddasiga ko‘ra, har bir inson irqi, tanasining rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy qarashi yoki boshqa e’tiqodlaridan qat’i nazar barcha huquq va erkinliklarga ega bo‘lishi zarur.

Demak, ekstraditsiya qilish jarayonida ham inson huquqlarini ta’minlash ustuvor vazifa hisoblanadi. Bundan tashqari, ekstraditsiya jarayonida inson mansub bo‘lgan mamlakatning siyosiy, huquqiy yoki xalqaro maqomi yoki hududi mustaqilmi, vasiymi, o‘zini-o‘zi idora qiladimi yoki boshqa tarzda cheklanganligi inobatga olinadi. Ya’ni shaxs bu asoslarga ko‘ra jazolanishi ehtimoli bo‘lsa, uni bir davlat ikkinchi davlatga ushlab berishni rad qiladi.

Shuningdek, ushbu deklaratsiyadan tashqari inson huquqlari himoyasini ta’minlashga qaratilgan boshqa xalqaro hujjatlar ham mavjud.

Bularga BMTning Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyasi, 1950-yildagi Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha Yevropa konvensiyasi, BMTning Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakti va mazkur paktga muvofiq ikkita fakultativ protokol hamda boshqa xalqaro shartnomalar kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi BMTning inson huquqlari to‘g‘risidagi 7 ta xalqaro shartnomasiga qo‘shilgan hamda ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha BMTning shartnomaviy va ustav organlariga o‘zining muqobil ma’ruzalarini taqdim etmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi BMT maxsus jarayonlari tartib-taomillariga muvofiq o‘zining xalqaro majburiyatlarini bajarib kelmoqda.

BMT Bosh assambleyasining 45/116-rezolyutsiyasi bilan 1990-yil 14-dekabrdagi “Ekstraditsiya to‘g‘risidagi namunaviy shartnomasi” qidiruvdagi jinoyatchilarning ekstraditsiyasiga ta’sir qiluvchi qonuniy asoslardan biri hisoblanadi.

Mazkur shartnomada davlatlarning ekstraditsiya qilish majburiyatlari va ekstraditsiya qilishni rad etish uchun asoslar batafsil bayon qilingan.

Xususan, shartnomaning 1-moddasiga binoan har bir tomon so‘rov bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish, hukm chiqarish yoki uni ijro etish uchun qidiruvdagi shaxsni boshqa davlatga topshirishga rozi bo‘lishi lozim.

Shuningdek, shartnomaning 4-moddasiga binoan davlatlar jinoyatchi deb tan olingan shaxslarni ekstraditsiya qilishni rad etishi mumkin.

JUMLADAN,

a) agar ekstraditsiyasi so‘ralayotgan shaxs so‘ralayotgan davlat fuqarosi bo‘lsa, so‘ralayotgan davlat mazkur ishni vakolatli organlariga taqdim qilib ekstraditsiya qilishni rad etadi;

b) agar so‘ralayotgan davlatning vakolatli organlari tutib berish so‘ralayotgan shaxsga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atmaslik yoki tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan bo‘lsa;

d) agar ekstraditsiyani so‘rayotgan davlat qonunchiligida aynan ekstraditsiya qilinayotgan shaxs sodir etgan jinoyati uchun o‘lim jazosi nazarda tutilgan bo‘lsa;

e) agar tutib berish so‘ralayotgan jinoyat tomonlardan birining hududidan tashqarida sodir etilgan bo‘lsa va so‘ralayotgan davlat qonunchiligida o‘xshash vaziyatlarda uning hududidan tashqarida sodir etilgan jinoyatga nisbatan yurisdiksiya nazarda tutilmagan bo‘lsa;

f) agar ekstraditsiya qilish so‘ralayotgan davlat ishning holatlariga ko‘ra ushbu shaxsni topshirish insonparvarlik nuqtayi nazariga to‘g‘ri kelmaydi deb hisoblasa, masalan, ushbu shaxsning yoshi, sog‘lig‘i yoki boshqa shaxsiy holatlarini hisobga olib ekstraditsiyani rad etishi mumkin.

Bu moddadagi rad etish asoslarini Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, 1950-yildagi Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha Yevropa konvensiyasi, BMTning Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyasi, BMTning Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakti va mazkur paktga muvofiq ikkita fakultativ protokol hamda boshqa xalqaro shartnomalar to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

Misol uchun Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 3-moddasiga ko‘ra har bir inson yashash, erkin bo‘lish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga egadir. Demak, shaxs jinoiy qilmishidan qat’i nazar o‘limga mahkum qilinishi mumkin emas, bu esa uning tabiiy yashash huquqi himoyasi hisoblanadi.

Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga yo‘l qo‘ymaslik huquqidan ortga qaytish bo‘lgan ta’qiq fundamental xarakterdagi xalqaro shartnomalarda o‘z aksini topgan. Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 5-moddasida hech kim qiynoqqa yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini xo‘rlovchi muomalaga va jazoga duchor etilmasligi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, namunaviy shartnomaning 3-moddasiga ko‘ra, agar shaxs ekstraditsiyasi so‘ralgan davlatda qiynoqqa yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki shaxsni kamsituvchi muomalaga yoki jazolashga duchor bo‘lgan yoki bo‘ladigan bo‘lsa yoxud jinoiy surishtiruv jarayonida BMTning Fuqarolik yoki siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktining 14-moddasida ko‘rsatilgan minimal kafolat huquqlariga ega bo‘lmagan yoki ega bo‘lmaydigan bo‘lsa, qiynoqqa solinishi, g‘ayriinsoniy yoki shafqatsiz munosabat yoki jazo turlari qo‘llanishi mumkin bo‘lgan shaxsni davlatga qaytarish milliy qonunchilik aktlariga hamda xalqaro fundamental xarakterdagi inson huquqlari to‘g‘risidagi shartnomalarga zid bo‘ladi.

Bunday holatlarda hech qaysi taraqqiy etgan davlat shaxsni ekstraditsiya qilish jarayoni natijasida shaxs qiynoqqa solinishi yoki ta’qiqlangan muomala qilish xavfi ostida qolishi mumkinligiga rozi bo‘la olmaydi. Shuning uchun ekstraditsiya qilish amaliyotida ekstraditsiya qilinayotgan shaxslarning topshirilayotgan davlatda qiynoqqa solinishi xavfi mavjudligi to‘g‘risidagi arzlari barcha holatlarda yuqori sinchkovlik bilan o‘rganib chiqishni talab etadi.

Inson huquqlari kafolatlarini ta’minlashda WikiLeaks sayti asoschisi avstraliyalik Julian Assanj bilan bog‘liq ekstraditsiya jarayonini eslash kifoya.

Jurnalist korrupsiya va harbiy jinoyatlar bilan bog‘liq tafsilotlarni fosh etish orqali dunyoning
eng qudratli davlatlarini xavotirga solgan. 2012-yil 27-sentabr kuni AQSHda Julian Assanj davlat dushmani deb tan olindi. 2012-yilda Julian Assanj Ekvadorning Londondagi elchixonasidan boshpana so‘radi. U Ekvadorni bejiz tanlamagandi. Chunki 2010-yilda bu davlat unga siyosiy boshpana taklif qilgandi. 2012-yil iyun oyidan u Londondagi Ekvador elchixonasi hududida yashirinib yurdi.

2019-yil aprel oyida AQSH so‘roviga binoan hibsga olindi. London sudi Assanjni garov shartlarini buzganlikda aybdor deb topdi va uni 11 oy qamoq jazosiga hukm qildi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida u josuslik to‘g‘­ risidagi 18 ta qonunni buzganlikda, shuningdek, maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilganlikda ayblanmoqda. Unga 175 yillik qamoq jazosi berilishi mumkin.

Joriy yilning yanvar oyida Londondagi Vestminster magistratura sudi WikiLeaks asoschisining ekstraditsiya qilinishini noqonuniy deb topdi. Assanj autizm va klinik depressiyadan aziyat chekadi.

Shunday ekan, u AQSH qamoqxonasiga tushib qolsa joniga qasd qilishi mumkin. Biroq Britaniya hukumati WikiLeaks asoschisi Julian Assanjni AQSHga ekstraditsiya qilishga qaror qildi.

Yuqoridagi tahlildan xulosa qilish mumkinki, inson huquqlarining buzilish holatlari ham inson ekstraditsiyasiga to‘sqinlik qilolmas ekan.

Ekstraditsiyani to‘sib qo‘yishi mumkin bo‘lgan huquqlarning mazmuni va ko‘lami haqida hech qanday aniqlik yo‘q. Ekstradisityaga mutlaq to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan yoki tegishli sharoitlarda ekstraditsiyaga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan inson huquqlarining buzilishi mavjud.

Ekstraditsiya jarayonida inson huquqlarini ta’minlash kafolatlari to‘liq yaratilmagan. Shu bois ekstraditsiya jarayonida inson huquqlarini buzuvchi holatlarni bartaraf etish maqsadida davlatlararo shartnomalar va inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlar mexanizmini chuqurroq o‘rganish talab etiladi.

Iqbol ABDUMAJIDOV,
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz
Xalqaro hamkorlik bo‘limi bosh mutaxassisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here