Ta’lim tizimida yuridik klinikaning o‘rni va ahamiyati

0
321

Qaysi davlatda qonun ustuvor bo‘lsa, o‘sha davlatda taraqqiyot bo‘ladi. O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasining ikkinchi asosiy yo‘nalishi ham mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish hisoblanadi.

Bugungi kunda olib borilayotgan islohotlarning ko‘p qismi huquq sohasini rivojlantirish, huquqiy madaniyatni oshirishga qaratilgan. Binobarin, mazkur islohotlar ichida yuridik ta’lim tizimini mukammallashtirish, bu yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalarni zamonaviy ta’lim modelida o‘qitish ham bor.

Oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan bo‘lajak huquqshunoslarning ta’lim olish jarayonini takomillashtirish, ularga zaruriy bilim va ko‘nikmalarni berish bilan bir qatorda ularni amaliyotga bog‘lashga doir qo‘shimcha ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘layapmiz.

Bunga misol qilib hozir faoliyat yuritib kelayotgan, talabalar uchun amaliyot maktabi vazifasini o‘tayotgan yuridik klinikalarni ko‘rsatishimiz mumkin.

Yuridik klinika huquqshunoslik klinikasi deb ham yuritiladi. Bu o‘quv dasturidan biri bo‘lib, huquqshunoslik sohasida ta’lim olayotgan talabalarga amaliyot o‘tash imkonini beradi.

Yuridik klinika atamasini ilk bor 1855-yilda huquqshunos olim Dmitriy Meyer qo‘llagan.

Dastlabki yuridik klinikalar XIX asrda AQSH va Germaniyada tashkil topgan. Yuridik klinikalarda talabalar yuridik tadqiqotlar o‘tkazish, fuqarolar murojaatlariga huquqiy baho berish, huquqiy hujjatlar tayyorlash, mijozlar bilan ishlash kabi ko‘nikmalarni shakllantiradilar.

Yuridik klinikalar odatda mijozlarga bepul yuridik xizmatlarni taklif etadi. Qolaversa, talabalar harakatini ularning ustozlari, professorlar nazorat qiladi.

Yuridik klinikalarda ishlash, xizmat ko‘rsatish ixtiyoriy. Eng muhimi, bu yer talabalarga mehnat bozoriga chiqishlaridan oldingi qimmatli ish tajribasi bo‘ladi.

Klinikada ko‘rsatiladigan yuridik xizmat turlari cheklanmagan va huquq sohasining barcha tarmoqlarini qamrab oladi.

Bugungi kunda yuridik klinikalarga nisbatan 2 xil qarash bor: ayrimlar bu klinikalarga fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish shakli deb qaraydi, ba’zilar esa ta’lim tizimining tarkibiy qismi, talabalarni yangicha yondashuv asosida kasbga tayyorlash, ularga amaliy ko‘nikmalar berish vositasi deb e’tirof etadi.

Ta’lim tizimining bu modeli O‘zbekistonda ham qo‘llanib kelinmoqda va amaliyotda o‘z natijalarini ko‘rsata boshladi.

Bunday yuridik klinikalar dastlab 2000-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ochilgan. 2017-yili Toshkent davlat yuridik universiteti qoshida tashkil etildi.

Yuridik klinika keyinchalik Qoraqalpoq, Samarqand, Namangan va Termiz davlat universitetlarida ham o‘z faoliyatini boshladi. Klinikalar universitet tarkibiy qismiga kiritilib, bu yerda amaliyot o‘tagan talabalar bilimlarini mustahkamlaydi va kredit-modul tizimi bo‘lganligi sababli o‘zlariga kredit to‘plash imkoniyatiga ham ega bo‘ladilar.

Xorijiy tajribalarni qo‘llagan holda ta’lim tizimiga bu kabi modellarning kirib kelishiga ruxsat berish, jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini himoya qilishda huquqiy asoslarni qo‘llab-quvvatlash, yurtimizda yuridik klinikalarning sayyor qabullarini o‘tkazib borish, aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish va ularning muammolarini adolatli hal qilish, talabalarni ushbu klinikalarga jalb qilib, ish o‘rgatish lozim.

Bunday klinikalarni tashkil qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish va ularning tajribasini o‘rganish, kezi kelganda ular ham amaliy yordam ko‘rsatishi maqsadga muvofiq.

Norquvvat YANGIBOYEV,
Termiz davlat universiteti dotsenti

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here