O‘zbekistonda ikki palatali parlamentning faoliyat ko‘rsatishi davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq, iqtisodiyot va hayotimizning boshqa sohalaridagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Qonun ijodkorligi jarayoni va texnologiyasi tubdan o‘zgardi. Shu bilan birga qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratining sifati va samaradorligini oshirish imkoniyati kengaydi.
Ayrim olimlarning fikricha, ikki palatalilik parlamentarizmning va hatto boshqaruvning alohida shaklidir. S.Bax va S.Gangof bir qator mamlakatlarda (Avstraliya, Yaponiya) sof parlament tipidan farq qiluvchi gibrid boshqaruv shakli mavjudligini ta’kidlaydi1. Yuqori palatani shakllantirish tartibi uning parlament ishidagi roliga bevosita ta’sir qiladi.
Parlament nazorati qonunlarning ta’sirchanligini oshirish bilan birga jamiyatda qonunga hurmatning ham ortishiga, qonunlar ijrosini ta’minlashda davlat organlarining o‘z vazifalarini og‘ishmay bajarishiga olib keladi. Shu jihatdan jamiyatni demokratlashtirishda Senatning o‘rni beqiyosdir.
Ilgari ba’zi davlatlarda Senat hisobot berish uchun vazirlarni majlislarga chaqirish huquqiga ega bo‘lgan bo‘lsa, endi ko‘p mamlakatlarda yuqori palataning doimiy qo‘mitalari ham ma’lumot olish uchun vazirlarni o‘z majlislariga chaqirishi mumkin.
Italiyada yuqori palata interpellatsiya qilish, hukumatga ishonchsizlik bildirish huquqiga ega2 va bu huquqdan bir necha marta foydalangan.
Parlament nazorati demokratik davlatlarda davlat nazorati tizimining muhim elementi hisoblanadi. Parlament nazoratisiz hukumatning samarali ishlashi mumkin emas, chunki aynan parlament nazorati tufayli ijro hokimiyati organlari tomonidan huquq va erkinliklarning buzilishi, hokimiyatni o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirishning oldini olish mumkin3.
Mamlakatimizda parlament nazoratining huquqiy asoslari Konstitutsiya, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunlar, “Parlament nazorati to‘g‘rsida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining reglamenti to‘g‘risida”gi qonunlarda belgilangan.
Mazkur qonun hujjatlaridan kelib chiqib, respublikamizda Senat nazorati boshqa davlatlarning parlament nazoratlaridan asosiy yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari bilan farq qilishini ko‘rish mumkin.
Senatning qonunlar ijrosi ustidan nazoratini nazariy jihatdan tahlil qiladigan bo‘lsak, uning shakllari sifatida quyidagilarni ajratish mumkin:
1) O‘zbekiston qonunlari, Oliy Majlis Senatining qarorlari ijrosi ustidan nazorat;
2) O‘zbekiston Prezidentining muhim siyosiy masalalar bo‘yicha farmonlarini tasdiqlash orqali nazoratni amalga oshirish;
3) davlat budjetini tasdiqlash va uning ijrosini nazorat qilish;
4) inson huquqlariga rioya qilinishi borasidagi nazorat;
5) davlat organlarini shakllantirish va mansabdorlarni saylash, tayinlash yoki tasdiqlash;
6) ijro etuvchi hokimiyatning faoliyatini nazorat qilish.
Demak, parlament nazorati tushunchasi keng ma’noda yuqorida qayd etilgan barcha yo‘nalishlarni, tor ma’noda esa faqat qonunlar va parlament palatalarining qarorlari ijrosi ustidan nazoratni o‘z ichiga oladi.
Senat nazoratining maqsadi qabul qilingan qonun va qarorlarning ijrosini puxta o‘rganish orqali zarur choralarni ko‘rish, jamiyatdagi «oq dog‘lar»ni aniqlab, ularni bartaraf etish uchun qonun loyihalarini tayyorlash, amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni Qonunchilik palatasiga kiritish orqali huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining qonuniy asoslarini takomillashtirishdan iborat.
Senat nazoratining ahamiyati shundaki, u qonunlarning ijro etilishini o‘rganish, ularning qo‘llanishiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni aniqlash, kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan choralarni belgilash, nazorat-tahlil natijasiga asosan qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, mansabdorlar hamda fuqarolarning qonunlarga so‘zsiz amal qilish mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi4.
Yana bir muhim masalaga e’tibor qaratish zarur. Parlament so‘rovi parlament a’zolarining davlat boshqaruv organlari bilan munosabatlarida muhim ahamiyatga ega. Parlament so‘rovi rasmiy talab hisoblanib, parlament nazoratining eng samarali vositasi hisoblanadi. Shu sababli uni keng qo‘llash lozim. Parlament so‘rovi orqali senator va deputatlar fuqarolarning talab va takliflarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashadi.
Senat nazoratini takomillashtirish maqsadida parlament so‘rovi va parlament tekshiruvidan unumli foydalanish kerak. Bunday tajribani Fransiya, Germaniya kabi ko‘plab rivojlangan davlatlarda kuzatish mumkin.
Senat nazorati O‘zbekiston Konstitutsiyasining qoidalariga asoslanadi. Chunonchi, uning 95-moddasiga muvofiq davlat organlarining mansabdorlariga parlament so‘rovini yuborish va parlament nazoratining boshqa shakllarini amalga oshirish; mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining qarorlarini, ular qonunchilik normalariga muvofiq bo‘lmagan taqdirda, bekor qilish va boshqalar Senatning mutlaq vakolatlari sirasiga kiradi.
Qayd etish zarurki, eski Konstitutsiyaning 78-moddasida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari doirasida Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan davlat budjetini qabul qilish va uning ijrosini nazorat etish belgilangan bo‘lsa, 2023-yil 30-aprelda qabul qilingan Konstitutsiyaning 93-moddasida Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlaridan davlat budjetining ijrosini nazorat qilish chiqarib tashlangan. Endi Senat davlat budjetini qabul qilish, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda qatnashsa-da, uning ijrosini nazorat qilishda ishtirok etmaydi. Ushbu vakolat Qonunchilik palatasiga berilgan.
Parlament xalq vakilligi tamoyiliga asoslanganidan kelib chiqib, uning vakolatlarini mutlaq hisoblash yoki parlamentga cheksiz vakolatlar berish, parlament nazorati sohalarini belgilashda milliy davlatchilik an’analari, davlat boshqaruvi shakli kabi bir qator xususiyatlarni inobatga olmaslik ham to‘g‘ri emas. Bu kabi holatlarni inobatga olmaslik jamiyatda o‘rnatilgan siyosiy plyuralizm tamoyiliga zid bo‘lsa, boshqa tomondan Konstitutsiyada mustahkamlangan hokimiyatning bo‘linishi tamoyiliga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ko‘p mamlakatlarda hukumat qonun loyihasini quyi palataga taqdim etganda uning nusxasini yuqori palataga ham beradi. Quyi palatada bo‘lgani kabi yuqori palatada ham “hukumat soati” mavjud.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 11-moddasiga asosan O‘zbekiston davlat hokimiyatining tizimi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi. Yuqorida keltirib o‘tilgan xorijiy tajribadan kelib chiqib, Senatning davlat hokimiyati tizimining har bir tarmog‘i bilan munosabatini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.
Ijro hokimiyati bilan Senatning munosabati bir qator normalarda va Senatning vakolatlarida
namoyon bo‘ladi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Senatining mutlaq vakolatlariga mansabdorlarni tayinlash kiradi. Senatning ijro hokimiyati, Vazirlar Mahkamasi bilan o‘zaro tiyib turish faoliyati aynan yuqoridagi holat bilan bog‘liq.
Bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga asosan O‘zbekiston Bosh vaziri nomzodi uning uchun senatorlarning yarmidan ko‘pi ovoz bergan taqdirda Senat tomonidan tasdiqlangan hisoblanadi.
Senatning Bosh vazir nomzodini tasdiqlash yoki rad etish haqidagi qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida O‘zbekiston Prezidentiga yuboriladi. Fikrimizcha, qonunchilikdagi aynan shu jihat hokimiyatlar bir-birini tiyib turishining yaqqol dalili bo‘la oladi.
O‘zbekiston Senati raisi T.Norboyeva ham “Oliy Majlis Senati: yaqin va uzoq istiqboldagi faoliyatimizning bosh mezoni – xalq farovonligini yuksaltirishdir” nomli maqolasida “Senat faoliyatida ommaviy axborot vositalari bilan ishlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan keyin nafaqat yuqori palataning yalpi majlislarini onlayn efirga uzatish, balki qo‘mitalarimizda o‘tkaziladigan eshituvlarni ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilish ustida ish olib borilmoqda” deb ta’kidlaydi5.
R.Hakimovning fikriga ko‘ra, parlament vakolatiga tegishli masalalarni amalga oshirish tartibini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Konstitutsiyada belgilash parlamentning samarali faoliyat yuritishiga muhim zamin yaratadi6. Demak, Senat ham o‘zining barcha vakolatlarini amalga oshirishda yuqoridagi tamoyillarga asoslanishi kerak.
Ta’kidlash lozimki, parlament nazorati xalq hokimiyatchiligi prinsipini amalga oshirishni ta’minlaydigan eng demokratik nazorat institutidir. Shu bilan birga parlament nazoratisiz hokimiyatlar bo‘linishi mexanizmini samarali amalga oshirish mumkin emas. Zero, aynan parlament nazorati ijro hokimiyatini noto‘g‘ri qaror qabul qilishdan tiyib turishning eng samarali vositasidir.
Homid HOTAMOV,
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish
qo‘mitasi kotibiyati bosh maslahatchisi,
Jamoat xavfsizligi universiteti mustaqil tadqiqotchisi
1 Bach S. Platypus and Parliament: The Australian Senate in Theory and Practice. Canberra, 2003. 368 p.
2 Чиркин В. Элементы эволюции верхних палат современного парламента //Труды института государства и права Российской академии наук. – 2012. – №. 1. – С. 106-120.
3 Романова Е. А. К вопросу о законодательной власти в системе разделения властей //Форум молодых ученых. – 2018. – №. 12-3 (28). – С. 1028-1033.
4 Файзиев Ш.Х. Парламент назоратининг тушунчаси ва асосий йўналишлари: ҳуқуқий таъминлаш масалалари. “Парламент назорати: назария ва амалиёт масалалари”. Илмий-амалий семинар материаллари / Масъул муҳаррир: Ф.Ҳ.Отахонов. – Т.: 2005. –Б 14-16.
5 http://xs.uz/uzkr/post/olij-mazhlis-senati-yaqin-va-uzoq-istiqboldagi-faoliyatimizning-bosh-mezoni-khalq-farovonligini-yuksaltirishdir
6 Ҳакимов Р. Давлат ҳокимияти тармоқлари ўртасида мувозанатни таъминлашнинг ҳуқуқий механизмларини такомиллаштириш. Диссертация. – Т. 2018. 83-б