HomeMaqolalarOliy Majlisda qonunchilik jarayoni tartib-taomillari

Oliy Majlisda qonunchilik jarayoni tartib-taomillari

O‘zbekiston rivojlanish davrida ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy va madaniy sohalar bilan bir qatorda, davlat va jamiyat qurilishi, huquq tizimi, norma ijodkorligi sohalarida ham qator yutuqlarga erishdi.

Xususan, mamlakatimizda ikki palatali parlament tizimi joriy etilgani hamda qonunlarni qabul qilish texnologiya va taomillarining rivojlangan demokratik huquqiy davlatlar tajribasi hamda milliy qadriyatlarimizni hisobga olgan holda mazmunan o‘zgartirilgani bu borada qo‘yilgan muhim qadamlardan hisoblanadi.

Davlatning demokratik rivojlanishi tahlili shundan dalolat beradiki, agar davlat va jamiyat hayotiga doir masalalarni ko‘rib chiqish va hal qilishda parlamentning ishtiroki darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, xususan, parlament nazorati mexanizmlari qanchalik takomillashgan bo‘lsa, ijro hokimiyati organlari faoliyati ham shunchalik samarali tashkil etiladi.

Yuridik adabiyotlarda qonun chiqaruvchi hokimiyatning nazorat vakolati qonun chiqarish jarayonida muhim ahamiyatga ega ekani e’tirof etiladi. Albatta, parlament xalqning vakillik organi bo‘lgani bois davlat hokimiyatining boshqa tarmoqlari, ayniqsa, o‘zi saylaydigan, ta’sis etadigan va tayinlaydigan idoralar va mansabdor shaxslar faoliyati ustidan muayyan nazoratni amalga oshirishi zarur.

Yagona xalq suvereniteti g‘oyasining tarafdori J. Russoning ta’kidlashicha: “Parlament millat va xalq irodasini aks ettiruvchi idora bo‘lganligi uchun ham xalq nomidan nazorat-tekshiruv funksiyasini bajaradi”. Fransuz tadqiqotchisi B. Shantebuning fikricha: “Parlament nazorat funksiyasi orqali o‘zining birlamchi funksiyasi hisoblangan qonunchilik funksiyasini ta’minlaydi”.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 91-moddasi birinchi qismiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.

So‘nggi yillar parlament faoliyatida faol islohotlar davri bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy qilingan 2017 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida Qonunchilik palatasi faoliyatida katta o‘zgarishlar bo‘ldi.

Parlamentda norma ijodkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida 2019-yilda Oliy Majlis palatalari yuridik xizmatlari negizida Yuridik boshqarmalar tashkil etilgani muhim ahamiyat kasb etdi.

Raqamlarga e’tibor bersak, agar 2015-yilda deputatlar qonunchilik tashabbusi tartibida 8 ta, 2016-yilda 11 ta qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritgan bo‘lsa, qonun ijodkorligi faoliyati samaradorligini yaxshilash borasida tizimli ishlar amalga oshirilishi natijasida 2017-yilda ushbu raqam 27 tani, 2018-yilda 23 tani va 2020 va 2021-yillarda 24 tani tashkil etdi.

Bu Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalarining o‘rtacha 14-15 foizini tashkil etadi. Milliy parlamentimizda bunday ko‘rsatkich avval bo‘lmagan.

Qonun ijodkorligi sohasidagi ishlarni butunlay yangicha asosda tashkil etish yuzasidan ko‘rilgan choralar natijasida qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlarining qonun ijodkorligi jarayonidagi mas’uliyati oshirildi. Endilikda qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilinayotganda, qoida tariqasida, qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti yoki uning vakili ma’ruza qilishi belgilandi. Bu esa qonun loyihasining birinchi o‘qish jarayonidagi muhokamasining qizg‘in o‘tishini ta’minlamoqda.

O‘tgan davrda yana bir yangilik – qonun loyihalarining xalqaro shartnomalarga, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalarga mosligini o‘rganish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Yana bir muhim jihat. Parlamentda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga tatbiq etiladigan qonunlarni tayyorlashga jiddiy kirishildi. To‘g‘risini aytganda, ko‘pchilik parlamentning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish mexanizmiga ega qonunlarni ishlab chiqishiga shubha bilan qaragan edi. Parlament buning uddasidan chiqdi. Qonunchilik palatasi 2021-yilda jami 96 ta qonun qabul qilib, ma’qullash uchun Senatga yuborgan. Shundan 33 tasi yangi qonun, 43 tasi yaxlit qonun, 14 tasi jamlanma (44 ta qonun loyihasini o‘z ichiga olgan) qonun hamda 6 tasi xalqaro shartnomalar va bitimlarni ratifikatsiya qilishni nazarda tutuvchi qonundir.

Taqqoslash uchun aytsak, 2015-yilda 60 ta qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, 15 ta alohida qonun va 32 tasi esa 4 ta qonunga birlashtirilib, jamlama qonunlar tarkibida qabul qilingan, xolos.

O‘tgan davrda norma ijodkorligi sohasida muayyan sohaga taalluqli ijtimoiy-huquqiy munosabatlarni tartibga soladigan bir nechta qonunlar o‘rniga yagona kodeks qabul qilish amaliyoti muvaffaqiyatli joriy qilindi.

Qonun ijodkorligi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatining eng muhim, birinchi galdagi vazifasidir. Qabul qilinayotgan qonunlarning har jihatdan mukammal bo‘lishi inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga xizmat qiladi1.

Qonun qabul qilish parlament faoliyatining eng asosiy yo‘nalishi bo‘lib, bu orqali qonun chiqaruvchi hokimiyat organi davlat va jamiyat hayotining eng muhim masalalarini tartibga soladi, ularga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Qonunchilik jarayoni o‘z mohiyatiga ko‘ra parlamentning qonun chiqarish funksiyasini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy shakli hisoblanadi. Qonunchilik jarayoni bu davlat rahbari, parlament va qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlarining Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan tartibda qonun loiihalarini tayyorlash, ko‘rib chiqish va qabul qilish, ma’qullash, imzolash va e’lon qilishdan iborat faoliyati hamda bu borada yuzaga keladigan huquqiy munosabatlar tizimidir2.

Qonun ijodkorligi parlament faoliyatining eng muhim vazifasidir. Qonunchilik hujjatlarini qabul qilish masalasiga e’tibor qaratgan O. Husanov qonun qabul qilish – alohida va aniq tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan jarayon ekanini ta’kidlaydi hamda uni quyidagi bosqichlarga ajratadi:

1) Qonunchilik tashabbusi;

2) Qonun loyihalarini ko‘rib chiqish uchun qabul qilish va loyihani muhokama qilish;

3) Qonunlarni qabul qilish va ma’qullash;

4) Qonunlarni imzolash va e’lon qilish3.

Qonunchilik jarayoni bosqichlariga to‘xtalib o‘tgan R. Xakimov esa uni quyidagi 5 bosqichga bo‘lib o‘rganish mumkinligini ta’kidlaydi:

1) Qonunchilik tashabbusi bosqichi;

2) Qonun loyihasini ko‘rib chiqish bosqichi;

3) Qonunni qabul qilish bosqichi;

4) Qonunni ma’qullash bosqichi;

5) Qonunni imzolash va e’lon qilish bosqichi4.

Ularning fikrlaridan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, qonunchilik jarayoni bosqichlari to‘rt yoki beshta bo‘lishidan qat’i nazar bir-birini taqozo etuvchi harakatlar majmui hisoblanadi. Ushbu olimlar keltirgan bosqichlar mazmun jihatdan farqlanmaydi.

Ba’zi huquqshunos olimlarning fikricha, parlament qabul qilayotgan har qanday qonun insonning ajralmas huquq va erkinliklari, fuqarolarning qonun oldida tengligi hamda adolat tamoyillariga mos kelishi zarur. Aks holda, qonun samarasiz va ayrim tor doiralarning yakka hukmronligi yoki diktaturasi o‘rnatilishiga sabab bo‘ladi5.

Fuqarolik jamiyati va huquqiy demokratik davlatning bosqichma-bosqich qurilishini ta’minlash hamda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish milliy qonunchilikni takomillashtirishning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Huquqni qo‘llash amaliyotiga alohida e’tibor berilishi, qabul qilinayotgan qonunlarning sifati yaxshilanishi, qonun loyihalarining davlat boshqaruvining va fuqarolik jamiyati institutlarining turli bo‘g‘inlarida keng muhokama qilinishi, xorijiy mamlakatlarning huquqiy tajribasi bilan har tomonlama qiyosiy tahlil qilish asosida mukammal qonunlar qabul qilishga erishish muhim masalalardan biridir.

Konstitutsiyaning 98-moddasiga muvofiq qonunchilik tashabbusi huquqiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi ega. Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Bosh prokuror ham o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar bo‘yicha qonunchilik tashabbusi huquqiga egadir.

Qonun loyihasi ishlab chiqilayotgan jarayonda o‘tkaziladigan qiyosiy tahlil chog‘ida quyidagi hujjatlar o‘rganiladi:

birinchisi, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari – Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari, Yevropa ittifoqi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning hujjatlari;

ikkinchisi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari;

uchinchisi, AQSH, Kanada, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy, Singapur, Buyuk Britaniya, Yevropa ittifoqi mamlakatlarining, shu jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi ayrim mamlakatlarning (Rossiya, Qozog‘iston, Belarus) qonun hujjatlari.

Qiyosiy tahlil ishlab chiqilayotgan qonun loyihasining har bir asosiy qoidasi bo‘yicha o‘tkaziladi.

Qiyosiy tahlilga doir ishlar quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

birinchisi, qo‘yilgan vazifani aniq anglab olish hamda o‘rganilayotgan masalaga oid hujjatlarni to‘plash;

ikkinchisi, milliy tajribani o‘rganish va umumlashtirish, milliy huquqiy tartibga solishdagi bo‘shliqlar va muammolarni aniqlash;

uchinchisi, xalqaro hujjat va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlari matnining aniqligini tekshirish, shu jumladan, kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni hisobga olgan holda tekshirish;

to‘rtinchisi, ishlab chiqilgan qonun loyihasi qoidalarini xalqaro hujjatlarning va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlarining normalari bilan qiyoslash;

beshinchisi, xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlarining prinsiplari, qoidalari va mazmunining batafsil tahlili bayon etilgan tahliliy qiyosiy jadvalini tayyorlash;

oltinchisi, tayyorlangan hujjatlarni zarur bo‘lgan hollarda manfaatdor tashkilotlar bilan, shuningdek, olimlar, mutaxassislar va ekspertlarning keng doirasini jalb etgan holda muhokama qilish.

Qiyosiy tahlil natijalari xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlarini o‘rganish
bo‘yicha tahliliy qiyosiy jadvalda aks ettiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 99-moddasida qonunni qabul qilish tartib-taomili keltirilgan. Unga ko‘ra qonun Qonunchilik palatasi qabul qilib, Senat ma’qullab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangach va qonunda belgilangan tartibda rasmiy manbalarda e’lon qilingach, yuridik kuchga ega bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuboriladi. Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan oltmish kun ichida ko‘rib chiqiladi va ma’qullangan taqdirda, imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga o‘n kundan kechiktirmay yuboriladi.

Agar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida oltmish kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni oltmish kun ichida imzolaydi va e’lon qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qaytariladi. Agar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonunni qayta ko‘rib chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qonunni yana ma’qullasa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin. Palatalar kelishuv komissiyasi takliflarini qabul qilganda qonun odatdagi tartibda ko‘rib chiqilishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni o‘z e’tirozlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli.

Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullansa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘n to‘rt kun ichida imzolanishi va e’lon qilinishi kerak. Qonunlarning va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning e’lon qilinishi ular qo‘llanilishining majburiy shartidir.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasiga muvofiq qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan kiritiladi.

Qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritishda quyidagilar taqdim etilishi kerak:

1) qonun loyihasiga uning konsepsiyasi bayon qilingan tushuntirish xati, ushbu konsepsiyada huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy g‘oyasi, maqsadi va predmeti; tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning mazkur sohada amalda bo‘lgan qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar tahlili ilova qilingan holdagi umumiy tavsifi va holatiga berilgan baho; qonun loyihasini ishlab chiqish zaruriyati asoslari; qonun loyihasining asosiy qoidalari; bo‘lg‘usi qonunning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va boshqa oqibatlari prognozi belgilab berilgan bo‘lishi kerak;

2) o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi, shuningdek qonun loyihasi kiritilishi bilan bog‘liq qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi qonun loyihasi;

3) o‘zgartirilishi, qo‘shimchalar kiritilishi, o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi yoki qabul qilinishi lozim bo‘lgan qonunosti hujjatlarining ro‘yxati;

4) xalqaro hujjatlarning va chet el mamlakatlari qonun hujjatlarining, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining tegishli qoidalari, O‘zbekiston Respublikasi sharoitida tegishli xalqaro tajriba qo‘llanilishining maqbulligi to‘g‘risidagi asosli takliflar ketma-ket tartibda ko‘rsatilgan tahliliy qiyosiy jadval;

5) moddiy xarajatlarni talab qiladigan qonun loyihalari uchun moliyaviy-iqtisodiy asoslar;

6) davlat daromadlarini kamaytirish yoki davlat xarajatlarini ko‘paytirish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti moddalari bo‘yicha o‘zgartirishlarni nazarda tutuvchi qonunlarning loyihalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining xulosasi.

Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilinguniga qadar qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti loyiha matnini o‘zgartirish yoki o‘zi kiritgan qonun loyihasini chaqirib olish huquqiga ega. Qonunchilik palatasiga ilgari birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasiga doir masalaga daxldor bo‘lgan qonun loyihasi kelib tushgan hollarda, Qonunchilik palatasi yangi kiritilgan qonun loyihasini qaytarish to‘g‘risidagi yoxud uni ilgari birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasi bilan birlashtirish haqidagi masalani mas’ul qo‘mitaning xulosasi asosida hal etishga haqli.

Shuningdek, ushbu qonunga binoan Qonunchilik palatasi spikeri mas’ul qo‘mitani belgilaydi, qonun loyihasi hamda unga ilova qilingan materiallarni mas’ul qo‘mitaga va, bir vaqtning o‘zida, fraksiyalarga topshiradi, shuningdek fraksiyalar tomonidan fikrlar va takliflarni hamda mas’ul qo‘mita tomonidan xulosani taqdim etish muddatini belgilaydi.

Dastlab mas’ul qo‘mita qonun loyihasini muhokama qiladi va uni Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishga tayyorlaydi.

Qonunchilik palatasi qonun loyihasini, qoida tariqasida, uch o‘qishda ko‘rib chiqadi. Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi majlislarida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish chog‘ida uni qabul qilish zarurati, qonun loyihasining konsepsiyasi, uning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligi, shuningdek qonunni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar hamda moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi masala muhokama qilinadi. Birinchi o‘qishdagi qonun loyihasi yuzasidan ma’ruza bilan, qoida tariqasida, qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti yoki uning vakili, keyingi o‘qishlarda esa mas’ul qo‘mita vakili so‘zga chiqadi. Mas’ul qo‘mita birinchi hamda keyingi o‘qishlarda fraksiyalarning fikrlari va takliflarini deputatlarga yetkazishi shart. Qonunchilik palatasi muhokama natijalari bo‘yicha qonun loyihasini maromiga yetkazish va keyingi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun palataga kiritish muddatini majburiy tartibda belgilagan holda birinchi o‘qishda qabul qilish haqida yoxud rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Qonunchilik palatasi muhokamasiga qonun loyihalarining muqobil tahrirlari kiritilgan taqdirda ular bir vaqtda ko‘rib chiqilishi kerak. Qonunchilik palatasi deputatlarining qaror qabul qilish uchun talab qilinadigan eng ko‘p miqdordagi ovozini to‘plagan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingan hisoblanadi.

Birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasining matni, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida, zarur bo‘lgan hollarda esa Qonunchilik palatasining qaroriga ko‘ra ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi. Bunda eng muhim ijtimoiy, ijtimoiy-­iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan qonun loyihalari Qonunchilik palatasining uni birinchi o‘qishda qabul qilish haqidagi qaroriga muvofiq qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida keng muhokamaga, shu jumladan, joylarda fuqarolar ishtirokidagi
keng muhokamaga chiqarilishi mumkin.

Mas’ul qo‘mita qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida qonun loyihasining moddama-modda muhokamasini o‘tkazadi, kelib tushgan fikrlar va takliflarni umumlashtiradi.

Qonun loyihasining maromiga yetkazilgan matni fraksiyalarga, shuningdek qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga ularning ushbu qonun loyihasi bo‘yicha fikrlari va takliflarini olish uchun yuboriladi.

Mas’ul qo‘mita maromiga yetkazilgan qonun loyihasi bo‘yicha fikrlar va takliflarni olganidan so‘ng ularning muhokamasini qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti vakillari, fuqarolik jamiyati institutlarining hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining vakillari ishtirokida tashkil etadi. Muhokamalarga olimlar, mutaxassislar ham taklif etilishi mumkin.

Fraksiyalar o‘z vazifalaridan kelib chiqib, qonun loyihalarining joylarda fuqarolar ishtirokidagi muhokamasini hamda ular bo‘yicha kelib tushgan takliflarni o‘rganishni siyosiy partiyalar tashkilotlarining xodimlarini jalb etgan holda tashkil etadi. Fraksiyalar o‘rganishlar yakunlariga ko‘ra kelib tushgan fikrlar va takliflarni o‘z majlislarida muhokama qiladi, o‘z vazifalaridan kelib chiqqan holda takliflar ishlab chiqadi, ular mas’ul qo‘mitaga yuboriladi. Mas’ul qo‘mita asosli deb topgan takliflar qonun loyihasining matniga kiritiladi.

Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishi chog‘ida muhokama uning nomi, muqaddimasi (agar mavjud bo‘lsa), har bir moddasi bo‘yicha alohida-alohida o‘tkaziladi. Bunda mas’ul qo‘mita ma’qullagan fikrlar va takliflar ham, ma’qullanmagan fikrlar va takliflar ham muhokama qilinadi. Qonun loyihasi bo‘yicha qoida tariqasida uning nomiga, muqaddimasiga (agar mavjud bo‘lsa), har bir moddasiga alohida-alohida ovoz beriladi. Qonunchilik palatasining qaroriga ko‘ra qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berish boblar yoki bo‘limlar bo‘yicha, shuningdek bir necha moddalar bo‘yicha bir vaqtning o‘zida o‘tkazilishi mumkin.

Muhokama natijalari bo‘yicha Qonunchilik palatasi qonun loyihasini maromiga yetkazish va
keyingi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun palataga kiritish muddatini belgilagan holda uni ikkinchi o‘qishda qabul qilish haqida yoxud qonun loyihasini rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Uchinchi o‘qishda qonun loyihasi muhokama qilinmasdan to‘laligicha ovozga qo‘yiladi.

Qonun loyihasi birinchi yoki ikkinchi o‘qishda qabul qilingan taqdirda, mas’ul qo‘mitaning taklifiga binoan qonunni keyingi o‘qishlar tartib-taomilini istisno etgan holda qabul qilish to‘g‘risidagi masala ovozga qo‘yilishi mumkin.

Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun o‘n kun ichida Senatga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi. Senatga qonun bilan birgalikda qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritish chog‘ida taqdim etilgan materiallar yuboriladi.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasiga muvofiq Senatga kelib tushgan qonun ro‘yxatga olinadi va Senat raisi qonunni ko‘rib chiqadigan hamda uning yuzasidan xulosa tayyorlaydigan qo‘mitaga topshiradi.

Mas’ul qo‘mitaning xulosasida qonunni ma’­qullash yoki rad etish to‘g‘risidagi tavsiya bo‘lishi
kerak. Qonunni rad etish zarurligi to‘g‘risidagi xulosada mas’ul qo‘mitaning qonunni rad etish zarur deb hisoblashining vajlari bayon etilishi lozim.

Mas’ul qo‘mitaning xulosasi Senat kengashiga taqdim etiladi, kengash qonunni Senat majlisining kun tartibi loyihasiga kiritish-kiritmaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Senatning majlisida qonunni ko‘rib chiqish ma’ruzachining mas’ul qo‘mita xulosasini o‘qib eshittirishidan boshlanadi. Ko‘rib chiqilayotgan qonun yuzasidan senatorlar so‘zga chiqishlari mumkin.

Senat tomonidan ma’qullangan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun Senat qarori bilan birgalikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.

Senatning qonunni rad etish to‘g‘risidagi qarorida rad etish vajlari ko‘rsatilishi kerak. Unda bir vaqtning o‘zida qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish zarurligi to‘g‘risidagi, shuningdek kelishuv komissiyasi tuzish haqidagi takliflar bayon etilishi mumkin.

Senatning qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risidagi qarori mazkur qaror qabul qilingan
kundan e’tiboran o‘n kun ichida Qonunchilik palatasiga yuboriladi.

Qonun Senat tomonidan senatorlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullanadi. Lekin O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini, konstitutsiyaviy qonunni, ularga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlarni ma’qullash uchun senatorlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi talab qilinadi.

Mazkur qonunga muvofiq Senat ma’qullagan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga o‘n kun ichida yuboriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonun o‘ttiz kun ichida imzolanadi va e’lon qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni o‘z e’tirozlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan va Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullash uchun Senatga qaytadan kiritilgan qonunni Senat ko‘rib chiqib, uni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda Senat a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullansa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘n to‘rt kun ichida imzolanishi va e’lon qilinishi kerak.

Oliy Majlis tomonidan qabul qilinayotgan qonunlar, shubhasiz, doimiy rivojlanishda bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda muhim hayotiy omil hisoblanadi. Qayd etish joizki, qabul qilinayotgan qonunlar ustidan samarali parlament nazoratini o‘rnatish uning hayotga tatbiq etilishida muhim ahamit kasb etadi. Huquqshunos olim M. Lesaj ham parlament nazoratining ahamiyati masalasida fikr yuritib, “qonunni chiqargan organ uning ijrosini ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘lmasa, qonun “o‘lik harflar”ga aylanib qolishini” ta’kidlaydi.

Xulosa qilib aytganda, Harakatlar strategiyasi asosida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga qaratilgan tizimli o‘zgarishlar, albatta, milliy parlamentimiz faoliyatiga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Ushbu jarayonlar parlament nazorati institutiga yangi ruh, yangi nafas olib keldi. Hukumat va qonun chiqaruvchi organ o‘rtasidagi munosabatlar, ular o‘rtasidagi muvozanat tizimi tubdan o‘zgardi, o‘zgarmoqda va tobora konstitutsiyaviy tusga ega bo‘lib bormoqda. Bu esa parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanayotganligi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi sifatida gavdalanayotganidan darak beradi.

Muhtabar HUSANOVA,
yuridik fanlar nomzodi

 

1 Хакимов Р. Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг конституциявий-ҳуқуқий мақоми. Ўқув қўлланма. – Тошкент: ТДЮУ, 2020. 96-бет.

2 Хакимов Р. Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг конституциявий-ҳуқуқий мақоми. Ўқув қўлланма. – Тошкент: ТДЮУ, 2020. 96-бет.

3 Ҳусанов О. Т. Конституциявий ҳуқуқ: Дарслик. Тўлдирилган ва қайта ишланган тўртинчи нашр. – Т.: Yuridik adabiyotlar publish, 2022. 400-бет.

4 Хакимов Р. Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг конституциявий-ҳуқуқий мақоми. Ўқув қўлланма. – Тошкент: ТДЮУ, 2020. 96-бет.

5 Конституциявий ҳуқуқ: Дарслик/ Х.Т.Одилқориев, Ў.Х.Мухамедов, Б.А.Саидов ва бошқ.; Масъул муҳаррир Ш.Т.Икрамов. –Т.: Ўзбекистон Республикаси ИИВ aкадемияси, 2014. 661-бет.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa

2024-yil noyabr soni