Alohida tartibda ish yuritish maqsad va vazifalari

0
173

Huquq va fuqarolik protsessual huquqining teleologik asoslariga bag‘ishlangan adabiyotlarda, xususan, ularni tadqiq qilish uchun “maqsad”, “vazifalar”, “prinsiplar”, “funksiyalar” atamalariga duch kelamiz. Shunga asoslanib, ta’kidlash joiz, tadqiqotlar jarayonida ularning terminologik aralashishi va o‘xshatilishi kuzatiladi. Natijada ushbu tushunchalarni sof nazariy konstruksiyalar sifatida ko‘riladigan holat yuzaga keladi.

Nazarimda, ushbu pozitsiya fuqarolik sud ishlarini yuritishning, xususan alohida tartibda ish yuritishning maqsad va vazifalariga nisbatan to‘g‘ri emas. Biroq ushbu tezisni tasdiqlash uchun fuqarolik sud ishlarini yuritishning, xususan alohida tartibda ish yuritishning maqsadlari, vazifalari, prinsiplari va funksiyalari o‘rtasidagi munosabatni aniqlash lozim bo‘ladi.

Fuqarolik sud ishlarini yuritishning maqsadi va vazifalari Ilmiy adabiyotlarda “fuqarolik sud ishlarini yuritishning maqsad va vazifasi” tushunchalarining o‘zaro bog‘liqligi to‘g‘risida ko‘p fikr-mulohazalar mavjud. G. Jilinning fikriga ko‘ra, bu tushunchalar sinonim bo‘lib, ularning ma’no jihatdan yaqinligi vazifalar va maqsadlarni “maqsadli qoidalar” (“целевые установки”) nomi bilan bitta umumiy tushunchaga birlashtirish imkonini beradi1.

Boshqa mualliflar “fuqarolik sud ishlarini yuritishning maqsad va vazifasi” tushunchalarini aralashtirib, “sudning subyektiv huquqlar va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarni himoya qilish bo‘yicha yakuniy vazifalarini amalga oshirish yo‘lidagi yaqin maqsadlari” haqida so‘z yuritishadi2.

Uchinchi pozitsiya tarafdorlari bu tushunchalarning o‘zaro bog‘liqligiga e’tibor berishadi. Ammo fuqarolik sud ishlarini yuritishning maqsadi sifatida protsessual faoliyatning kutiladigan natijasini, vazifasi esa natijaga erishiladigan talabni tushunish deb ikkiga ajratishadi3.

“Fuqarolik sud ishlarini yuritishning maqsad va vazifasi” tushunchalarining o‘zaro nisbatini aniqlashda falsafiy nuqtayi nazardan qarash to‘g‘ri bo‘ladi.

Maqsad deganda ongda shakllantirilgan oldindagi natija tushuniladi. Maqsad harakatlarni yo‘naltiradi va tartibga soladi, amaliyotni inson irodasiga bo‘ysunadigan ichki qonun sifatida qamrab oladi4. Vazifa esa muayyan sharoitlarda faoliyatning maqsadi hisoblanadi5.

Maqsad va vazifalarning o‘zaro nisbati haqida fanda shakllangan umumiy uslubiy havolaga asoslanib, maqsad huquq subyekti ongli ravishda anglagan amaliy vazifalar to‘plami deb xulosaga kelishimiz mumkin. Maqsad vazifalarda aniqlashtiriladi. Shunday qilib, vazifa kelajakdagi natijaga (maqsadga) erishish uchun bosqich hisoblanadi.

E’tiborli jihati, aksariyat mamlakatlarda fan va qonunchilik “fuqarolik sud ishlarini yuritishning vazifalari” emas, balki “maqsadlari” tushunchasidan foydalanish bilan tavsiflanadi. Masalan, amaliy muammolarni hal qilish va fuqarolik ishlari bo‘yicha odil sudlovdan foydalanish ta’minlangan.

1998-yildagi ingliz Fuqarolik protsessual qoidalarining 1-moddasida asosiy maqsad sifatida sud xarajatlarini taqsimlashning mutanosibligini hisobga olgan holda ishlarni adolatli ko‘rib chiqish belgilangan6.

Maqsad ushbu maqsadga erishishga qaratilgan xususiyatlarini sanash orqali ochiladi:

• taraflarning teng huquqliligini ta’minlash;

• sud xarajatlarini tejash;

• ishni jalb qilingan mablag‘lar miqdoriga, ishning ahamiyatiga, tekshirilayotgan masalalarning murakkabligiga, har bir tarafning moliyaviy ahvoliga mutanosib ravishda ko‘rib chiqish;

• ishning tez va adolatli ko‘rib chiqilishini ta’minlash;

• sud resurslarini oqilona taqsimlash;

• protsessual qoidalarga rioya qilish.

AQSh Federal fuqarolik protsessual qoidalarining 1-moddasida qoidalardan sud va taraflar ishni adolatli, vaqtida va tejamkor ko‘rib chiqish va hal qilishni ta’minlash maqsadida foydalanishlari lozim deyiladi7.

Avstriyada fuqarolik sud ishlarini yuritishning maqsadlari haqidagi nazariyaning rivojlanishiga Frans Kleinning “jamiyatdagi yovuzlik” (yoki ijtimoiy ziddiyat) deb ta’riflagan protsessual mafkurasi ta’sir ko‘rsatdi. Fuqarolik protsessi, uning fikricha, maqsadga muvofiqlik va samaradorlik nuqtayi nazaridan kamchiliklarni tuzatish vositasi hisoblanadi. Shunday ekan, fuqarolik sud ishlarini yuritishning maqsadi nafaqat ishlarni ko‘rib chiqish va hal etish, balki ijtimoiy nizolarni bartaraf etish orqali jamiyat farovonligini oshirishga xizmat
qilishdir8.

Aytish lozim, fuqarolik sud ishlarini yuritishning maqsadi xususida shunga o‘xshash g‘oya zamonaviy olimlar tomonidan ham aytilgan. Misol uchun, S. Degtyarev sud hokimiyatining asosiy maqsadini jamiyat ichidagi nizolarni bartaraf etish deb biladi9.

Norvegiyada fuqarolik sud ishlarini yuritishning ikki maqsadi bor: birinchidan, sudga murojaat qilgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish; ikkinchidan, huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan sud qarorlarini ijro etish orqali moddiy huquqning ustuvorligini ta’minlashdir. Norvegiya fuqarolik sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunining (nizolar to‘g‘risidagi qonuni, 2005-yil) yakuniy maqsadi fuqarolik ishlari bo‘yicha eng samarali odil sudlovni ta’minlashdan iborat. Bu degani nizoni to‘g‘ri, tez va tejamkor tarzda hal qilishdir. Shu bilan birga, qonun sudning faol ishtiroki orqali nizolarni hal qilish uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan10.

Italiyalik olimlarning fikriga ko‘ra, fuqarolik sud ishlarini yuritadigan barcha subyektlar sud tizimining sustligi va samarasizligiga utilitar yechim izlashadi.

“Fuqarolik sud ishlarini yuritishning vazifalari” tushunchasidan foydalanish MDH hududidagi
mamlakatlar uchun xosdir. Masalan, fuqarolik va iqtisodiy nizolar bo‘yicha ish yuritish vazifalarining tarkibi Belarus Fuqarolik protsessual kodeksining 5-moddasida va Xo‘jalik protsessual kodeksining 4-moddasida, Ukraina Fuqarolik protsessual kodeksining 1-moddasida, Xo‘jalik protsessual kodeksining 2-moddasida aks etgan. Rossiya qonunchiligida ham shundaydir.

Xitoyning 1991-yildagi Fuqarolik protsessual qonunining 2-moddasida fuqarolik sud ishlarini yuritishning 11 ta vazifasi qayd etilgan, jumladan:

• sud muhokamasi taraflarining huquqlarini himoya qilish, ish holatlarining to‘g‘ri aniqlanishini va qonunlarning to‘g‘ri qo‘llanishini ta’minlash, fuqarolik ishlarini tez ko‘rib chiqish, fuqarolik huquqlari va majburiyatlarini tasdiqlash, fuqarolik qonunchiligini buzgan harakatlar uchun javobgarlikni belgilash, fuqarolarning qonunga hurmat munosabatini tarbiyalash, ijtimoiy va iqtisodiy tartibni saqlash, sotsialistik tuzumning to‘siqsiz rivojlanishini kafolatlash.

Biroq taraflarning huquqlarini himoya qilish va jamoat tartibini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilgan11.

Agar fuqarolik sud ishlarini yuritish maqsadining turli yondashuvlarini tizimlashtirishga harakat qilsak, ularni quyidagicha soddalashtirish mumkin:

• davlat sudlari tizimi tomonidan nizolarni hal etish;

• ijtimoiy funksiyalarni amalga oshirish;

• ish bo‘yicha haqiqatga erishish;

• buzilgan (e’tiroz qilingan) huquqni himoya qilish.

Turli mamlakatlar fuqarolik sud ishlarini yuritishning maqsadlaridagi terminologik farqlarga qaramay, ular deyarli hech qachon bir-biridan ajratilmagan. Biroq davlat va huquq taraqqiyotining turli tarixiy bosqichlarida ular o‘rtasidagi nisbat har xil bo‘lishi va o‘zgarishi mumkin12.

Fuqarolik sud ishlarini yuritishning maqsad va vazifalari o‘rtasidagi nisbat xususida tadqiqotchi N. Arapovning pozitsiyasiga qo‘shilish mumkin. N. Arapov quyidagilarni ta’kidlaydi: “…ijtimoiy munosabatlarning tabiati va rivojlantirish zarurati ularni himoya qilish sohasida huquqiy tartibga solish maqsadini belgilaydi. Bu esa, o‘z navbatida, aniq shart-sharoitlar va vaqtni hisobga olgan holda, yurisdiksiya organining vazifalarini belgilaydi.

Falsafiy tushunchada maqsad deganda muayyan harakatlar orqali erishishga qaratilgan ongda oldindan kutilgan natija tushuniladi. Maqsad harakatlarni yo‘naltiradi va tartibga soladi. Bu harakatlar insonni o‘z irodasiga bo‘ysunadigan ichki qonun sifatida qamrab oladi. Ideal holatda, odil sudlov va boshqa yurisdiksiya organlari faoliyatining maqsad va vazifalari o‘rtasida nisbat bo‘lishi kerak. Yurisdiksiya organining huquqni tartibga solish maqsadi uning tashkil etilishi va faoliyatining maqsadini aks ettirsa, bu organ faoliyatining vazifasi esa maqsadga erishishni ta’minlaydi. Protsessual vositalar va usullar vazifalarning bajarilishiga ko‘maklashishi lozim”13.

I. Zaysevning so‘zlariga ko‘ra, “vazifa” atamasi “maqsad”dan ko‘ra ko‘proq amaliy mazmun bilan to‘ldirilgan. Shu ma’noda vazifani yaqin, juz’iy, dolzarb maqsad deb hisoblash lozim. Shu bilan birga, vazifalar maqsadlar bilan bir xil emas va ularni farqlash amaliy ahamiyatga ega. Vazifalar har bir ish bo‘yicha ish yuritishda sudning sa’y-harakatlari bilan oxirigacha hal qilinishi lozim. Chunki aniqlangan sud xatolari birinchi navbatda vazifalarning bajarilmaganligidan dalolat beradi. Misol uchun, sudning ayrim hujjatlari noto‘g‘ri (noqonuniy, asoslanmagan yoki o‘z vaqtida amalga oshirilmagan) ekanligi. Sud o‘z maqsadlarini faqat muayyan ish bo‘yicha ish yuritish doirasida emas, balki boshqa davlat yoki jamoat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshiradi14.

Shu tariqa fuqarolik sud ishlarini yuritishning maqsadini fuqarolik ishlarini ko‘rib chiqish va hal qilish tartibiga yo‘naltiruvchi, tartibga soluvchi degan xulosaga kelish mumkin. Fuqarolik sud ishlarini yuritishning vazifalari sud va ishda ishtirok etuvchi shaxslarning protsessual faoliyatining normativ tarzda belgilangan oraliq maqsadlari bo‘lib, bunda fuqarolik sud ishlarini yuritishning yakuniy maqsadiga (fuqarolik huquqiy munosabatlari subyektlarining buzilgan yoki bahsli huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish) erishish mumkin bo‘ladi.

Alohida tartibda ish yuritishning o‘ziga xos xususiyatlari Ayrim olimlar alohida tartibda yuritiladigan ishlarda isbotlashning o‘ziga xos postulatlari mavjud degan xulosaga kelishgan. Shunday qilib, V. Argunovning ta’kidlashicha, alohida tartibda ish yuritish ishtirokchilari sud protsessida isbotlashning barcha shakllaridan foydalanishlari lozim. Shu
sababli bu holatda protsessual materialni ko‘rib chiqishning maxsus prinsipi – yordam ko‘rsatish tamoyilidan kelib chiqish kerak. Ushbu prinsip barcha faktik protsessual materiallarni ishlab chiqishda sud va arizachining (manfaatdor taraflarning) hamkorlik qilishi bilan ifodalanadi15.

Masalan, farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlarda alohida tartibda ish yuritish orqali sud bolani asrab olishga talabgorning qonuniy manfaatlarini va bolaning oilada tarbiyalanish huquqini himoya qiluvchi funksiyasini bajaradi. Biroq bolaning huquqlarini amalga oshirish ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib, shu prinsip asosida sud o‘z tashabbusi bilan har qanday zarur dalillarni talab qilishi mumkin.

Alohida ish yuritish tartibida qarama-qarshi bo‘lgan ikki tarafning yo‘qligi sababli taraflarning tortishuvi prinsipi kam darajada namoyon bo‘ladi. Biroq alohida ish yuritish tartibida arizasiga ko‘ra ish yuritish qo‘zg‘atilgan shaxsdan tashqari ishda manfaatdor shaxslar deb ataladigan shaxslar ishtirok etishi mumkin. Bular ishning to‘g‘ri hal etilishidan manfaatdor fuqarolar, davlat organlari va boshqa shaxslar bo‘ladi. Chunki sud qarori ushbu shaxslarning manfaatlari yoki huquqlariga daxl qilishi mumkin. Sud ish bo‘yicha nafaqat isbotlash predmetini belgilaydi, balki ishda barcha manfaatdor shaxslarni ham majburiy ravishda jalb qiladi.

Alohida tartibda yuritiladigan ishlarni ko‘rib chiqish va hal qilishning to‘g‘riligi ko‘p jihatdan
himoya qilinadigan manfaatning xususiyatiga bog‘liq. Shuning uchun, masalan, ma’lum bir yuridik faktni aniqlash to‘g‘risidagi arizaga majburiy talab sifatida arizachi ushbu faktni aniqlash maqsadini ko‘rsatishi lozimligi belgilangan, chunki isbotlash predmeti va ishda manfaatdor shaxslar doirasi shu so‘ralgan talab natijasida vujudga keladigan oqibatiga bevosita bog‘liq.

Shunday qilib, alohida tartibdagi ishlarni ko‘rib chiqish va hal qilishdan maqsad fuqarolar va tashkilotlarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish hisoblanadi. Ushbu maqsad ishni to‘g‘ri hal qilish uchun arizachi va manfaatdor shaxslar bilan hamkorlikda faktik materiallarni ishlab chiqishda sudning faol rolini nazarda tutadi.

Binobarin, fuqarolik ishini qo‘zg‘atish bosqichida nizoli huquqiy munosabatlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida aniqlash alohida tartibda ish yuritishning vazifalaridan biri deb hisoblanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bundan tashqari, adolatli va obyektiv hal qiluv qarorlarini qabul qilish uchun sudlar Fuqarolik protsessual kodeksning 27-37-boblarida nazarda tutilgan xususiyatlarni hisobga olgan holda alohida ish yuritish tartibidagi ishlarini ko‘rib chiqishlari lozim.

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, alohida ish yuritish tartibidagi ishlarni ko‘rishda sudlar
uchun vazifani amaldagi FPKning 2-moddasida aks ettirish maqsadga muvofiqdir.

Ishlarning sud tomonidan ko‘rib chiqilishi sud hokimiyatining nizoga o‘rin qoldirmaydigan va
ijrosi majburiy hujjatini ishlab chiqishni nazarda tutadi.

Alohida ish yuritish tartibida ko‘riladigan ishlar bo‘yicha sudning hal qiluv qarori taxminiy, ehtimoliy xarakterga ega bo‘ladi. Ya’ni, sudya taraflar taqdim etgan ishonchli dalillar asosida qaror qabul qiladigan da’vo tartibidan farqli o‘laroq sudga ma’lum bo‘lgan va u taqdim etgan ma’lumotlar asosida qaror qabul qiladi.

Sherali SUBXONOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual
huquqi kafedrasi o‘qituvchisi

 

1 Жилин Г.А. Цели гражданского судопроизводства и их реализация в суде первой инстанции. М. 2000. С.16.

2 Елисейкин П.Ф. Предмет судебной деятельности в гражданском процессе (его понятие, место, значение): Автореф. дис. … докт. юрид. наук. Ленинград., 2014. С. 25.

3 Богомолов А.А. Процессуальные гарантии правильности и своевременности рассмотрения и разрешения гражданских дел: Автореф. дис. … канд. юрид. наук. Саратов., 2004. С. 11.

4 Философский словарь. Под ред. И.Т. Фролова. М. 2000. С. 534.

5 Словарь практического психолога. М. Под ред. С. Ю. Головина. 1998. С. 205.

6 https://www.justice.gov.uk/courts/procedure-rules/civil/rules/part01

7URL:https://www.uscourts.gov/sites/default/files/federal_rules_of_civil_procedure_dec_1_2019_0.pdf.

8 Oberhammer, Domej, Germany, Switzerland and Austria (CA. 1800–2005) // Van Rhee (ed.), European Traditions in Civil Procedure, 2005, p. 121; Ballon.

9 Дегтярев С.Л. Реализация судебной власти в гражданском судопроизводстве (теоретико-прикладные проблемы): Автореф. дис. … докт. юрид. наук. Екатеринбург, 2008. С. 8.

10 Backer I.L. The Norwegian Reform of Civil Procedure. URL: https://scandinavianlaw.se/pdf/51-2.pdf

11 https://www.refworld.org/pdfid/3ddbca094.pdf.

12 Uzelac. Editor. Goals of Civil Justice and Civil Procedure in Contemporary Judicial Systems. 2014. P.6.

13 Арапов Н.Т. Проблемы теории и практики правосудия по гражданским делам. Ленинград. 2004. С. 19

14 Зайцев И.М. Целевые установки гражданского судопроизводства. Проблемы реформы гражданского процессуального права и практики его применения. Межвузовский сборник научных трудов. Свердловск. 2010. С. 15.

15 Аргунов В.В. Судебное познание и доказывание по делам особого производства // Вестник гражданского процесса. 2021. № 5. С. 315.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here