Sudga shikoyat qilish huquqi – konstitutsiyaviy kafolat

0
113

Inson huquqlari – insoniyat paydo boʻlgandan buyon turli darajalarda, mutafakkirlar va faylasuflarning bahs-munozarasi mavzusi boʻlib kelgan. Uning huquqiy manbalari ham juda qadimgi zamonlarga borib taqaladi. Hozirgi zamon inson huquqlariga oid qonunchilik uch bosqichga boʻlib oʻrganiladi.

Birinchi bosqich 1789-yilda qabul qilingan Inson va fuqaro huquqlari fransuz deklaratsiyasidan boshlanib to birinchi jahon urushiga qadar davrni oʻz ichiga oladi. Inson huquqlari qonunchiligi birinchi bosqichida shaxs erkinligi va fuqarolar tengligi; shaxs daxlsizligi, xususiy mulk, saylov huquqlariga oid masalalar asosiy oʻrin egallagan.

Inson huquqlarining ikkinchi bosqichi XX asrning birinchi yarmini oʻz ichiga oladi. Bunda insonning mehnat qilish huquqi; dam olish huquqi; ijtimoiy yordam olish huquqi qonunchilikni asosiy mavzusi boʻlgan.

XX asrning ikkinchi yarmi inson huquqlariga oid qonunchilikning uchinchi bosqich davri hisoblanadi. Bu davrda inson huquqlari himoyasiga oid yaratilgan qonunlar inson huquqlari qonunchiligining “yangi avlod” davri deb nomlanadi. Uchinchi bosqich qonunchiligi markazida insonlarni tinch yashash huquqi, sof va toza atrof muhitga ega boʻlish huquqi, axborot olish huquqiga katta eʼtibor qaratilgan.

Mantiqan ketma-ketlikdan kelib chiqilsa, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi inson huquqlariga oid qonunchilik tizimining uchinchi bosqichida yaratilgan konstitutsiyalar qatoridan oʻrin olgan. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, biz yuqorida aytib oʻtgan inson huquqlarining barchasi Konstitutsiyamizda oʻz aksini topgan desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Yangilangan Konstitutsiyada davlat qurilishining yangi strategik maqsadi ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilab berildi. Ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi.

Konstitutsiyamizda avvalgi “davlat – jamiyat – inson” tamoyili “inson – jamiyat – davlat” deb oʻzgartirilgani, yaʼni, eng avvalo inson manfaatini har narsadan ustun qoʻyish maqsad qilinganligi nafaqat huquq va erkinliklarni mustahkamladi, balki ularni amalga oshirishning real imkoniyatlarini taʼminlash chora-tadbirlarini, kafolatlarini ham yaratdi.

Buni biz Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi muqaddimasidanoq “Biz, Oʻzbekistonning yagona xalqi, inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqligimizni tantanali ravishda eʼlon qilib” degan soʻzlardan boshlanishida ham koʻrishimiz mumkin.

Konstitutsiyaning ikkinchi boʻlimi inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga bagʻishlangan boʻlib, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi etib belgilanganligi va shu munosabat bilan inson huquqlarini kafolatlash mexanizmi, mutlaqo yangi masala va yoʻnalishlar aks etgan normalar 3 baravardan ortiqqa oshganligini koʻrish mumkin.

Xususan, 54-moddada ilk bor “Insonning huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadidir. Davlat inson hamda fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini taʼminlaydi” va 56-moddada “Davlat inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun sharoitlar yaratadi” deb belgilandi. Shuning barobarida, inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda huquqiy normalarning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi mumkinligi bizning huquqiy amaliyotimizda mutlaq yangi voqelikdir.

Insonning ajralmas huquqlardan biri – oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilish huquqidir. Bu umumeʼtirof etilgan xalqaro-huquqiy hujjatlarda belgilab berilgan huquqdir. Konstitutsiyaning 55-moddasiga yangi xatboshi kiritilib, unga koʻra, “Har kim Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli” deb muhrlandi.

Qonunchilikda har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan. Shaxsning buzilgan huquq va erkinlarini tiklash masalasi uning hayotida oʻta muhim oʻrin tutganligi sababli, sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlarni apellyatsiya, kassatsiya yoki nazorat tartibida qayta koʻrib chiqish institutlari joriy etilgan.

Ushbu normalar fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishning davlat kafolatlarini mustahkamlash imkonini yaratadi. Shuningdek, xalqimizning tinch, obod va farovon hayotini taʼminlash va xalqaro maydonda Oʻzbekiston Respublikasining ijobiy imidjini shakllantirish uchun sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Akmal MIRZAXANOV,

 jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudi sudyasi

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here