HomeMaqolalarAdvokat maqomini olishni soddalashtirishning yuridik jihatlari

Advokat maqomini olishni soddalashtirishning yuridik jihatlari

Har bir mamlakatda inson huquqlarining ta’minlanishi qonun ustuvorligi, adolatli sud-huquq tizimi va albatta kuchli advokatura sohasi yo‘lga qo‘yilgani bilan bevosita bog‘liq. Huquqiy davlatda har qanday shaxs o‘z haq-huquqlarini advokat orqali himoya qilish imkoniga ega.

Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish biron-bir davlat organiga emas, balki advokatlarning kasbiy birlashmasi bo‘lmish advokatura zimmasiga yuklangan.

Advokatura fuqarolarning huquq va erkinliklarini avvalo jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning ishonchli kafolatlarini taʼminlashga, shuningdek, inson shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka, shaxs qonuniy huquqlarini himoyalashga qaratilgan.

Mamlakatimizda advokatura sohasida izchil islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda, jumladan, advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi joriy etildi. Shu bilan litsenziya talabgorlari litsenziya olish uchun arizani “Litsenziya” AT yoki YIDXP (my.gov.uz) orqali elektron yuborish va QR-kod qo‘yilgan litsenziyani elektron shaklda olish imkoniga ega bo‘ldilar.

Biroq bugungi kunda respublika hududida yuridik xizmat talabiga nisbatan advokatlarning soni kamligicha qolmoqda. 2023-yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, butun O‘zbekiston hududida 2554 ta advokatlik tuzilmasida (advokatlik byurosida, advokatlik firmasida, advokatlar hay’atida, yuridik maslahatxonada) jami 4979 ta advokat mavjud bo‘lib, bu mamlakatimizda o‘rta hisobda 7300 nafar aholiga bitta advokat to‘g‘ri kelishini ko‘rsatmoqda.

Advokatlar sonining kamligiga asosiy sabablardan biri advokatlik maqomini olish uchun talabgorlar ikki yillik yuridik stajga ega bo‘lishi hamda advokatlik tuzilmalarida kamida 3 oylik stajirovka o‘tagan bo‘lishi kabi talablarning mavjudligidir.

O‘z navbatida, huquqshunoslik (yurisprudensiya) bo‘yicha oliy ta’lim muassasasini tugatgan bitiruvchilar ikki yillik yuridik stajga ega emasligi hamda advokatlik tuzilmalarida kamida 3 oylik stajirovka o‘tamaganligi sababli advokatlik faoliyatini tanlay olmaydilar, ya’ni mavjud tartib-taomillar ularga sun’iy to‘siq bo‘lib qolmoqda.

Davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida taʼkidlanganidek, “Yangi O‘zbekiston strategiyasi mustaqil advokatura faoliyatini samarali tashkil etishni nazarda tutadi.

Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoyalash bugungi kunning dolzarb vazifasidir”.

Shu jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi 60-farmoni bilan tasdiqlangan 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 2-bobi 19-maqsadida – advokatlik litsenziyasini olish uchun yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga oid talabni bekor qilish;

– oliy yuridik ma’lumotli shaxslarga 3 oylik stajirovkadan keyin advokatlik imtihonini topshirish imkoniyatini yaratish hamda stajirovka o‘tamasdan advokatlik litsenziyasini olish uchun imtihon topshirishga ruxsat berilgan shaxslar toifasini kengaytirish;

– oliy yuridik ta’lim muassasalarining bakalavr yo‘nalishida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalariga o‘qishdan bo‘sh vaqtda advokat yordamchisi sifatida ishlash huquqini berish kabilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

Аyniqsa, advokatlarning onlayn litsenziya olish imkoniyati yaratilayotgani ovoragarchiliklarga chek qo‘yib, bor kuchini fuqarolar va yuridik shaxslar huquqlarini himoya qilishga sarflashiga yo‘l ochadi. Malaka imtihonini topshirish, litsenziya olish, advokatlik byurosini ro‘yxatdan o‘tkazish, advokatlik guvohnomasini olish bo‘yicha kompozit xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shuningdek, “Yuridik yordam” axborot tizimi yaratilmoqda. Ushbu tizim advokat so‘rovini elektron yuborish, elektron tartibda advokat orderini olish, advokatlar, sud, huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron maʼlumot almashish imkonini beradi.

Bu, o‘z navbatida, advokatning elektron shaxsiy kabineti orqali jismoniy va yuridik shaxslar bilan onlayn muloqot qilish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda masofadan turib yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida onlayn bitimlar (shartnomalar) tuzish va onlayn yuridik yordam ko‘rsatishiga ham yo‘l ochadi.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi 27-farmoni bilan tasdiqlangan 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 19-maqsadida advokaturaga ishga qabul qilish tartibini soddalashtirish, shu jumladan advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lish talabini bekor qilish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish topshirig‘i belgilangan.

Xalqaro tajribaga nazar solsak, Huquq ustuvorligi indeksida (Rule of Law Index) yuqori natija qayd etgan xorijiy davlatlar qonunchiligini tahlil qilish advokat maqomini olish uchun minimum yuridik staj yoki majburiy stajirovkadan o‘tish talab va shartlari mavjud emasligini ko‘rsatadi.

Xususan, Germaniya Federativ Respublikasi (GFR) Huquq ustuvorligi indeksining 2022-yil uchun ro‘yxatida 4-o‘rinni band etgan.

GFRda advokatlik tuzilmalari va huquqiy xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar faoliyatini rivojlantirish maqsadida dastlab “Tartibga solish qumdoni” (regulatorische “Sandkästen”) tajribasi qo‘llanilgan.

«Regulatorische “Sandkästen”» tajribasiga muvofiq GFRda talabgorlar advokatlik bilan shug‘ullanish huquqiga malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng, advokatlik guvohnomasi olib hamda advokatlar reyestriga kiritilganidan keyin ega bo‘ladi.

GFRda 2018-yildan boshlab “Tartibga solish qumdoni” tajribasi asosida advokatlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan talabgorlarga malaka imtihoni topshirmasdan turib, ushbu faoliyat bilan 6 (olti) oy muddatga shug‘ullanish huquqini beruvchi advokatlik guvohnomasi berila boshlangan.

Bu, birinchidan, talabgorga shu 6 (olti) oy davomida o‘z faoliyatini litsenziya talablari va shartlariga moslashtirish imkonini beradi.

Ikkinchidan, talabgorga amalda shu faoliyat bilan kelgusida shug‘ullanishda davom etish yoki davom etmaslik imkoniyatlarini to‘g‘ri baholashda yordam beradi.

Daniya qirolligi Huquq ustuvorligi indeksining 2022-yil uchun ro‘yxatida 1-o‘rinni band etgan.

Daniyada advokat maqomini olish uchun talabgorlardan faqat Daniya fuqarosi bo‘lishi talab etilmaydi, balki chet el fuqarolari ham ushbu maqomni olishlari mumkin. Bunda bir xil talab va shartlar belgilangan.

Daniyada advokat maqomini olish uchun minimum yuridik staj yoki majburiy stajirovkadan
o‘tish talab va shartlari o‘rnatilmagan.

Fransiya Respublikasi Huquq ustuvorligi indeksining 2022-yil uchun ro‘yxatida 21-o‘rinni band etgan.

Fransiyada advokatura sohasidagi munosabatlar asosan 1971-yil 31-dekabrdagi “Advokatlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadi.

Fransiyada advokatlik bilan shug‘ullanish uchun quyidagi talablar belgilangan:

– Fransiya fuqaroligiga yoki Yevropa ittifoqiga a’zo davlat yohud Yevropa iqtisodiy hududi to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilgan davlat fuqaroligiga ega bo‘lish;

– 1-darajali huquq magistri yoki unga tenglashtirilgan diplomga ega bo‘lish;

– advokat maqomi berilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘lish;

– sha’ni, odob-axloqiga zid bo‘lgan xatti-harakatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilmagan bo‘lish;

– ishdan bo‘shatish, a’zolikdan chiqarish, ro‘yxatdan o‘tkazish yoki litsenziyani bekor qilish tarzidagi intizomiy yoki ma’muriy jazoga sabab bo‘ladigan xatti-harakatlar sodir etmagan bo‘lish.

O‘rganish shuni ko‘rsatadiki, Fransiyada ham advokat maqomini olish uchun minimum yuridik staj yoki majburiy stajirovkadan o‘tish talab va shartlari o‘rnatilmagan.

Ko‘rinib turibdiki, xalqaro tajribada advokatlik maqomini olish soddalashtirilgan bo‘lib, bunda tegishli mutaxassislikka ega talabgor advokatlik bilan shug‘ullanishi uchun zarur imkoniyat yaratilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, advokatura sohasidagi tartib-taomillarni soddalashtirish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “Advokatura va advokatlik faoliyati to‘g‘risida”gi, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ishlab chiqilgan bo‘lib, ularda quyidagilar nazarda tutilmoqda:

– advokatlik litsenziyasini olish uchun yuridik mutaxassislik bo‘yicha ikki yillik ish stajiga oid talabni bekor qilish;

– O‘zbekiston Respublikasida kamida uch yil yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lgan shaxs advokatlik tuzilmasida stajirovkadan o‘tmasdan malaka imtihonida ishtirok etishi;

– yuridik ma’lumotga ega yoki oliy yuridik ta’lim tashkilotlarining bakalavr yo‘nalishida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabasi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi o‘qishdan bo‘sh vaqtda advokat yordamchisi bo‘lib shartnoma asosida ishlashi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, advokatlar jamiyat uchun juda kerak, chunki u fuqarolarning odil sudlovdan foydalanishini va ularning huquqlarini himoya qilishni ta’minlaydi. Advokatura sohasi davlat huquqiy o‘zini o‘zi boshqarish va aholining himoya huquqidan foydalanish tamoyilini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega. Shuni unutmaslik kerakki, advokatura sohasining zamirida adolatga intilish, inson huquqlarini himoya qilish, huquqiy jamiyat barpo etish kabi maqsadlar o‘rin olgan. Yuqoridagi qonun loyihalari normativ-huquqiy hujjat sifatida qabul qilinishi mamlalatimizda advokatlar sonining, shuningdek ushbu sohada yosh advokatlar salmog‘ining ortishiga xizmat qiladi.

Abduvali MUXTOROV,
Adliya vazirligi katta maslahatchisi

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa