Tadbirkorlik subyektlarini litsenziyalash va ularga ruxsat berish bo‘yicha davlat xizmatlari: muammolar va yechim

0
292

Mamlakatimizda yildan yilga tadbirkorlik faoliyatiga keng yo‘l ochilib, bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Albatta, biror soha isloh qilinishi barobarida unga bog‘liq qonunchilik ham takomillashtirib boriladi. Shu jumladan tadbirkorlik sohasiga oid qonun hujjatlari ham zamonga moslashtirilmoqda.

2021-yil 14-iyulda O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinishi bilan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari takomillashtirilib, yagona qonunchilik hujjatida belgilandi.

Bu vaqtga qadar litsenziya hamda ruxsat berish sohasidagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ushbu yo‘nalishdagi munosabatlar hozir o‘ch kuchini yo‘qotgan “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi va “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlar bilan tartibga solinar edi.

“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingunga qadar ushbu sohada davlat xizmatlarini ko‘rsatishda bir qator muammolar hamda tadbirkorlar uchun noqulayliklar saqlanib qolmoqda edi:

– xususan, sohadagi munosabatlar bir qator qonun hujjatlari bilan tartibga solingani hamda tizimlashtirilmagani davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar uchun ham, xizmat ko‘rsatuvchi idoralar uchun ham qiyinchiliklarni vujudga keltirgan;

– ikkinchidan, axborot texnologiyalari hamda boshqa vositalarning rivojlanishi, xizmat ko‘rsatishning yangi shakllari vujudga kelgan bir paytda faoliyatni boshlashda talab etiladigan litsenziya hamda ruxsat berish tartiblari har tomonlama eskirgan edi;

– uchinchidan, litsenziya hamda ruxsat berish hujjatlarini taqdim qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishni turli idoralar har xil shaklda (ana’naviy, elektron, veb-sayt, pochta xizmati orqali) amalga oshirgani bu sohada yagona yondashuv asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatini bermagan;

– to‘rtinchidan, inson sog‘lig‘iga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan faoliyat turlarini amalga oshirishga litsenziya yoki ruxsatnomalar olib, tadbirkorlik faoliyatini boshlashda qiyinchiliklar mavjud edi;

– beshinchidan, litsenziya yoki ruxsatnomalar olishda zamonaviy axborot texnologiyalari orqali xizmat ko‘rsatish imkoniyati cheklangani, davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlari raqamlashtirilmagani sifatli hamda tezkor xizmatlardan foydalanish imkoniyatini bermasdi.

Yuqorida keltirib o‘tilgan muammolarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-avgustdagi “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Mazkur farmon bilan litsenziyalash sohasida jami 52 ta tartib-taomil bekor qilindi hamda 23 ta faoliyatni vakolatli organni xabardor qilgan holda boshlash tartibi yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur farmonga asosan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari elektron tarzda “Litsenziya” axborot tizimi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilishi belgilandi “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi va “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlar birlashtirilib, yagona qonun shaklida rasmiylashtirildi.

Xorijiy mamlakatlar, xususan Qozog‘iston, Gruziya, Ozarbayjon va Moldova Respublikasida litsenziyalash, ruxsat etish va xabardor etish tartib-taomillari sohasidagi munosabatlar yagona qonun bilan tartibga solinadi.

Qonun bilan jami 208 ta litsenziyalash (50 ta), ruxsat berish (124 ta) hamda xabardor qilish (34 ta) tartib-taomillari ro‘yxati tasdiqlandi hamda soha faoliyatini tartibga solishning yagona mexanizmlari belgilandi.

Shuningdek, litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish orqali normativ-huquqiy hujjatlar sonini qisqartirish hamda axborot tizimlaridan foydalangan holda litsenziyalash va ruxsat berish  tartib-taomillaridan o‘tishning yagona tartibini, shuningdek vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlarini boshlash va tugatishning unifikatsiyalashgan tartibini belgilash maqsadida hukumat qarorlari qabul qilindi.

Xususan:
– Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi 80-qarori;

– Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi “Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi 86-qarori;

– Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi “Faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi 88-qarori.

Mazkur qarorlar bilan tasdiqlangan nizomlarda litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish bilan bog‘liq ma’muriy shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha apellyatsiya kengashlari, litsenziya, ruxsat beruvchi hujjatlarni to‘xtatib turish, bekor qilish va tugatish asoslari hamda tartiblari, mexanizmlari yangidan o‘rnatildi.

Qonun bilan sohadagi bir muncha eskirgan tartibotlar (amaliyotlar) bekor qilindi, masalan, litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatini berish, shuningdek litsenziya shartnomasini tuzish instituti(amaliyoti)ni bekor qilish shular jumlasidandir.

Ayni vaqtda qonun bilan sohaga yangi institutlar, tartibga solish mexanizmlari joriy qilindi. Misol tariqasida litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etishga oid huquqbuzarlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash institutini keltirishimiz mumkin.

Xorijiy mamlakatlardan Ozarbayjon Respublikasining Ma’muriy xatti-harakatlar to‘g‘risidagi
kodeksida, Gruziya qonunchiligida, shuningdek Singapurning “Quruvchilar to‘g‘risida”gi (Housing Developers (Control and Licensing) Act Singapore) va “Mehmonxonalar to‘g‘risida”gi (Hotels Act Singapore) qonunlarida noqonuniy tadbirkorlik faoliyati hamda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etishga oid huquqbuzarlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan javobgarlik (jarima) belgilangan.

Umuman olganda, litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish sohasidagi munosabatlarni  tartibga solish bo‘yicha qonunchilik bazasi yaratildi hamda kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish kabi ma’muriy tartib-taomillarda taraflarning aniq harakatlari belgilandi.

Bugungi kunda “Litsenziya” axborot tizimida litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilishga doir jami 106 ta (36 ta litsenziya, 41 ta ruxsatnoma, 29 ta xabarnoma) davlat xizmati ko‘rsatilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida “Litsenziya” axborot tizimi orqali jami 106073 ta (10096 ta litsenziya, 64567 ta ruxsatnoma, 31410 ta xabarnoma) litsenziya, ruxsatnoma va xabarnoma rasmiylashtirildi.

Shu bilan birga, litsenziya, ruxsat berish hamda xabardor qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida bir qator muammolar saqlanib qolmoqda.

Birinchi, qonunga muvofiq litsenziya, ruxsat berish hamda xabardor qilish tartib-taomillari Maxsus elektron tizim vositasida tasdiqlangan pasportlarga muvofiq amalga oshirilishi lozim.

MA’LUMOT UCHUN:
Qonunda belgilangan 14 ta litsenziya, 83 ta ruxsatnoma hamda 5 ta xabardor qilish tartiboti “Litsenziya” axborot tizimida joriy etilmasdan qolmoqda.

Ikkinchi, qonun qabul qilinishi bilan soha faoliyatini tartibga solishning yagona mexanizmlari belgilandi. Biroq mazkur qonunni chetlab o‘tish maqsadida davlat organlari yangi turdagi ruxsat etish xususiyatiga ega ma’muriy tartib-taomillarni joriy etishmoqda.

Jumladan, aslida mazmunan ruxsat berish hisoblangan faoliyatlar “reyestrga kiritish”, “akkreditatsiya qilish”, “ro‘yxatdan o‘tkazish”, “hisobga qo‘yish” va “xulosa berish” kabi atamalar bilan tartibga solib kelinmoqda.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda ruxsat etish xususiyatiga ega bo‘lgan jami 100 dan ortiq, shundan ro‘yxatdan o‘tkazish 26 ta, reyestrga kiritish 33 ta, hisobga olish 27 ta va akkreditatsiya qilish 22 ta bo‘yicha davlat xizmatlari xatlovdan o‘tkazildi.

Uchinchi, tadbirkorlik subyektlari litsenziya olishda bir xil bo‘lgan tartibotlardan qayta-qayta
o‘tishga majbur bo‘lmoqda.

Masalan, talabgor ekologik, yong‘in xavfsizligi hamda sanitariya talablarining bajarilgani haqida xulosa olgandan so‘ng litsenziya olishda ushbu organlar bilan mazkur talablar bo‘yicha yana bir bor kelishishga majbur bo‘lmoqda.

To‘rtinchi, ayrim litsenziya hamda ruxsat berish hujjatlari beriladigan sohalarning boshqa tartibga solish vositalari bilan samarali tartibga solinishi natijasida ruxsat berish hujjatlari bilan tartibga solish o‘z ahamiyatini yo‘qotgani ma’lum bo‘ldi.

Beshinchi, tadbirkorlik subyekti (yuridik shaxslar) litsenziyalash sohasida sodir etgan bir huquqbuzarligi uchun ikki marotaba javobgarlikka tortilmoqda.

MA’LUMOT UCHUN:
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunning 52-moddasiga asosan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi bir qator huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga jarimalar solinadi.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 165-moddasiga asosan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarning mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortiladi.

Oltinchi, qonunda belgilangan ayrim litsenziyalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha qonunchilikda aniq tartibotlar mavjud emas.

Masalan, bukmekerlik faoliyatini va lotereyalar tashkil etish faoliyatini litsenziyalashda mana shunday muammo saqlanib turibdi.

Yettinchi, litsenziya va ruxsat berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishda doimiy tarzda qonunbuzilish holatlari saqlanib qolmoqda.

MA’LUMOT UCHUN:
“Litsenziya” axborot tizimi orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini monitoring qilish natijasida 2022-yilda jami 5 992 ta qonun buzilish holati bo‘lgani aniqlangan.

Vakolatli idoralarning litsenziya va ruxsatnoma berish bo‘yicha arizalarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqmagani oqibatida “Litsenziya” axborot tizimida 2022-yilda 250 ta litsenziya va 265 ta ruxsatnoma (xulosa) avtomatik shakllangan. 

Qayd etib o‘tilgan muammolarni hal qilish yuzasidan quyidagilar taklif etiladi:

– qonunning amaliyotga to‘liq tatbiq etilishini ta’minlash maqsadida litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini “Litsenziya” axborot tizimida joriy etishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqishda vazirlik va idoralarning mas’uliyatini kuchaytirish, ishlab chiqilgan loyihalarning qisqa muddatlarda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinishi ta’minlash;

– hisobga olish, reyestrga kiritish, ro‘yxatga olish va boshqa shunga o‘xshash tadbirkorlik faoliyatiga aloqador tartibga solish vositalari ruxsat berish tartib-taomillari deb hisoblanishini belgilash;

– litsenziya va ruxsat berish jarayonlarini tahlil qilgan holda byurokratik takrorlanuvchi tartiblarni, amaliyotda boshqa tartibga solish vositalari bilan samarali tartibga solinayotgan
faoliyatda litsenziya yoki ruxsat berish hujjatlarini olishni bekor qilish.

Masalan, bojxona tashuvchilarining reyestriga kiritish, sug‘urtalovchining ogohlantirish tadbirlari zaxirasidan moliyalashtiriladigan ogohlantirish tadbirlari ro‘yxatini kelishib olish va yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini (to‘liq yoki qisman) boshqa shaxsga berish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida qaror kabi ruxsatnomalarni bekor qilish;

– mazkur sohada huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun yuridik shaxsga jarima qo‘llanganda uning mansabdor shaxslarini ma’muriy javobgarlikka tortishning taqiqlanishini belgilash;

– bukmekerlik faoliyatini va lotereyalar tashkil etish faoliyatini litsenziyalashni qayta ko‘rib chiqish orqali mazkur faoliyatni litsenziyalash tartibini belgilash yoki qonundan ushbu faoliyat turlarini chiqarib tashlash;

– litsenziya va ruxsat berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qonunbuzilish holatlarini bartaraf etishda vakolatli organlarning mas’uliyatini yanada oshirish.

Ulug‘bek ABDULLAYEV,
Adliya vazirligi Davlat xizmatlarini tahlil qilish va rivojlantirish
boshqarmasi boshlig‘i

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here