Adolat qo‘rgʻoni sari muhim qadam

0
165

Ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi, huquqiy demokratik davlatning shakllanishi, shu jumladan, jamiyat a’zolarining demokratik huquq va erkinliklarini himoya qilishda sudlarning ishonchli hamda samarali faoliyat yuritishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda oxirgi yetti yilda amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari natijasida sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikka erishish uchun uchta qonun, prezidentning beshta farmoni va o‘ndan ortiq qarori qabul qilindi. Buning natijasida sudning fuqarolar va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarining chinakam himoyachisiga aylanishiga qonuniy yo‘l ochildi.

Prezident ta’kidlaganidek, “Eng avvalo, odamlarimizning joylarda sudma-sud sarson bo‘lib yurishlariga barham beriladi. Buning uchun adolatli hukm va qaror chiqarish bo‘yicha viloyat sudlarining vakolati ham, mas’uliyati ham oshiriladi”.

Mazkur ustuvor vazifani ro‘yobga chiqarishda sud qarorlarini qayta ko‘rish institutini takomillashtirish zarurati tug‘ildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi 60-farmoni bilan tasdiqlangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi 15-maqsadida mamlakatimizda sud tizimini takomillashtirish va mustahkamlash, adolatli sudlovdan foydalanish imkoniyatini oshirishga qaratilgan vazifalar belgilangan. Mazkur sohadagi eng ustuvor vazifa – fuqarolar hamda tadbirkorlarning adolatli sudlovga ishonchini oshirish va shu orqali O‘zbekistonni dunyodagi qonun ustuvorligini ta’minlash indeksi bo‘yicha rivojlangan davlatlar qatoriga kiritishdan iborat. Sud hokimiyatning mustaqil tarmog‘i sifatida o‘z mohiyatiga ko‘ra qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyatlaridan tubdan ajralib turadi hamda sud hokimiyatining mustaqilligi darajasi mamlakatdagi qonun ustuvorligi, erkinlik va adolat g‘oyalari naqadar ro‘yobga chiqarilgani bilan chambarchas bog‘liq.

Fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini oshirishda avvalo sudyalar mustaqilligi, ular qabul qilayotgan qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi, sudning ochiqligi va shaffofligi, sudyaning xolisligi va beg‘arazligiga shubha tug‘diruvchi omillar mavjud bo‘lmasligi lozim.

Darhaqiqat, sud faoliyati mustaqilligining mezonlari sifatida adolatli sudlov ta’minlangani, sud qarorlarining yakuniy va barqarorligi darajasi, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoyalanganini ko‘rsatish mumkin.

Shu bilan birga “Yangi O‘zbekiston – yangi sud” tamoyili doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish sud-huquq tizimini isloh qilishni jadallashtirishni, sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etishni talab etmoqda.

Prezidentning 2023-yil 16-yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 11-farmonining qabul qilinishi sud-huquq islohotlaridagi yangi davrni boshlab berdi.

Mazkur farmon bilan 2023 – 2026-yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlandi. Ushbu strategiya sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Uni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlarini tahlil qilish quyidagilarni ajratishga imkon beradi:

1) sudni adolat qo‘rg‘oniga aylantirish;

2) sudning xalq, ya’ni shaxs va tadbirkorlar manfaatlarining kafolati bo‘lishiga erishish;

3) sudlar faoliyatining taraflar tengligi, tortishuv, xolislik tamoyili asosida amalga oshirilishini ta’minlash;

4) sudlar faoliyatini raqamlashtirishni kengaytirish;

5) sudga hurmatsizlik qilganlik uchun javobgarlik muqarrarligi ta’minlanishi choralarini ko‘rish;

6) sud qarorlari ijrosini ta’minlash barcha uchun majburiyligini ta’minlash;

7) “xalq, fuqaro va tadbirkor suddan rozi, davlatdan rozi” tamoyilini ro‘yobga chiqarish.

Mazkur strategiya bilan O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari hamda istiqbolli vazifalari belgilandi.

Sud tizimi oldida turgan dolzarb vazifalarning samarali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Oliy sud tuzilmasiga ham mavjud shtat birliklari doirasida bir qator o‘zgartishlar kiritildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi negizida Odil sudlov sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish departamenti tashkil etildi. Unga sud faoliyati sohasidagi qonunchilikni hamda odil sudlov muammolarini tizimli tahlil qilish, shuningdek, sohaning ish yurituvi tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifalari yuklatildi.

Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik boshqarmasi negizida Jamoatchilik bilan hamkorlik markazi tashkil etildi. Bu bilan esa sud faoliyati haqida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, boshqa axborot resurslari orqali axborot berish, shu jumladan, matbuot anjumanlari, brifinglar, mediaturlar tashkil etish yo‘li bilan aholiga muntazam, to‘liq va tezkor ravishda ma’lumot taqdim etib borishga erishiladigan bo‘ldi.

Shu bilan bir qatorda Oliy sud tuzilmasida yangi bo‘lgan Axborot-kommunikatsiya monitoringi – Vaziyatlar markazi tashkil etildi va uning asosiy vazifasi sifatida respublika bo‘yicha barcha sudlarda ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq vaziyatni onlayn tahlil qilish, sudlarda aholining murojaatlari bilan ishlash hamda ishlarni ko‘rishda protsessual tartib va muddatlarga rioya etilishini monitoring qilib borish belgilandi.

Shuningdek, farmonda sud tizimini 2023 – 2026-yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga olib
chiqishga qaratilgan kompleks vazifalar belgilangan bo‘lib, ular pirovard natijada sudlarning odil sudlov samaradorligini oshirishiga, ular qabul qilayotgan qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini ta’minlashga erishishi kerak.

Mazkur maqsadga erishish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga vakolatli davlat organlari bilan birgalikda jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlari qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinganini tekshirishning yangi tartibini joriy etish vazifasi yuklangan.

Amaldagi tartib bo‘yicha tuman (shahar) sudlari tomonidan ishlar birinchi instansiyada ko‘rilib, sud qarori qonuniy kuchga kirgunga qadar yigirma kun ichida berilgan shikoyat asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqiladi.

Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rilgandan keyin mazkur sudlar chiqargan, qonuniy kuchga kirgan qarorlar ustidan sudlanuvchi, mahkum yoki uning qonuniy vakili bergan shikoyat yohud tegishli sud raisi, prokuror va uning o‘rinbosarlari kiritgan protest asosida Oliy sudning tegishli sudlov hay’atlarida kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, sud qarorlarini tegishli sud raisi hamda prokuror va uning o‘rinbosarlari kiritgan protest asosida Oliy sudning sudlov hay’atlarida takroran kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish tartibi mavjud.

Sudlarning mazkur tartibga asosan faoliyat yuritishi yuqori instansiya sudlari, ayniqsa, Oliy sudda ishlarning qayta ko‘rilishi hajm jihatidan ortib ketishiga olib keldi. Misol uchun, 2020-yilda Oliy sud 1291 ta ishni, 2021-yilda 7560 ta, 2022-yilning 1-yarmida 3411 tani ishni qayta ko‘rib chiqqan.

Mazkur statistika yuqori instansiya sudlari tomonidan odil sudlovni amalga oshirish kuch va resurslaridan oqilona foydalanilmaganini tasdiqlaydi.

2021-yilda Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasining bir oylik o‘rtacha ish hajmi 89 tani tashkil qilgan. Buning oqibatida shikoyatdagi vajlar har taraflama tekshirilmay, ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmasdan, sud qarori bekor qilinib, quyi sudlarga yuborish holatlari ko‘paygan.

Prezidentning 2023-yil 16-yanvardagi 11-farmonining qabul qilinishi sudlarning faoliyatini tashkil etishda tizimli va tub o‘zgarish yasalishiga sabab bo‘ldi. Endilikda yuqori instansiya sudlarida ish yuritishning mutlaqo yangi tartibi joriy qilinadi. Jumladan: tuman (shahar) sudlari tomonidan ishlar birinchi instansiyada ko‘rilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va ularga tenglashtirilgan sudlarning sudlov hay’atida qonuniy kuchga kirmagan sud qaroriga (20 kun ichida) berilgan shikoyat asosida apellyatsiya tartibida, qonuniy kuchga kirgandan so‘ng, ya’ni yigirma kundan keyin berilgan shikoyat asosida kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqiladi, mazkur sudlar tomonidan apellyatsiya va kassatsiya tartibida qayta ko‘rilgan ishlar, aynan shu sudlarning rayosatida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqiladi, mazkur sudlarning rayosatida taftish tartibida ko‘rilgan ishlar esa Oliy sudning sudlov hay’atlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqilishi tartibi o‘rnatildi.

Bundan tashqari, yuqori instansiya sudlari, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va ularga tenglashtirilgan sudlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlar (tuman, shahar sudlari)ga yuborish tartibi bekor qilindi va ularga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish mas’uliyati yuklandi.

Yuqori instansiya sudlarida ishlarni taftish tartibida qayta ko‘rish deganda, sud qaroriga nisbatan tegishli shaxslar tomonidan berilgan shikoyat yoki kiritilgan protestda bayon etilgan vajlar bilan chegaralanmasdan, sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini to‘la hajmda, aniqrog‘i taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishga majburligi tushuniladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, sud qarorini yuqori turuvchi sudning qayta ko‘rib chiqishi shikoyatda keltirilgan vajlardan qat’i nazar, barcha epizodlarda hamda shikoyat bergan va shikoyat bermagan barcha shaxslarga nisbatan to‘liq hajmda qayta ko‘rib chiqiladi.

Mazkur yangi tartib fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, butun sud tizimining yanada samarali faoliyat yuritishiga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur o‘zgarishlar mazmun-mohiyati jihatidan sud-huquq tizimini isloh qilishga oid qonun hujjatlari normalarini tizimlashtirish va uyg‘unlashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarining ta’sirchan va ishonchli muhofaza qilinishini takomillashtirish, shuningdek, sudlar tomonidan sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish bilan odil sudlovni ishonchli va samarali ta’minlashdan iboratdir.

Xayrulla QO‘CHQOROV,
Jamoat xavfsizligi universiteti
Jinoiy-huquqiy fanlar kafedrasi professori,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here