Voyaga yetmaganlar jinoyatlariga oid ishlarni yuritish…

0
230

Taraflarning muzokarasi – sud muhokamasining sud tergovidan so‘ng mustaqil qismi hisoblanadi. Uning doirasida taraflar dastlabki tergov, sud tergovi natijalari va jarayoni to‘g‘risidagi fikrlarini bildiradi hamda ishni mazmunan hal qilish bo‘yicha qaror taklifini beradi. Sudning ushbu bosqichida ish yuritishning tortishuv prinsiplari boshqa bosqichlarga nisbatan yorqinroq namoyon bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 449-moddasi 1-qismiga binoan sud tergovining tamomlanganligi e’lon qilinganidan keyin sud taraflarning muzokarasini eshitishga o‘tadi. Odatda muzokara davlat ayblovchisi va jamoat ayblovchisining nutqlari bilan boshlanadi.

So‘ngra jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar yoki ularning vakillari, himoyachi va jamoat himoyachisi, sudlanuvchi, fuqaroviy javobgar yoki uning vakili so‘zga chiqadi.

JPKning 51-moddasi 1-qismi 1-kichik bandi talabiga muvofiq voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritishda, shu jumladan, sud muhokamasida himoyachi ishtiroki shart hisoblanadi.

Davlat ayblovchisi hamda himoyachi o‘z muzokara nutqlarida dalillarni tekshirish, baholash natijalari haqida to‘liq va har tomonlama asoslantirilgan fikrlarini ifoda etadi.

Biroq taraflarning muzokara nutqlari mazmuni qonunchiligimizda belgilanmagan. Shuningdek, bu milliy va nazariy adabiyotlarda ham kam o‘rganilgan masalalardan biri hisoblanadi. Aslida esa taraflarning so‘zga chiqishi munosabati bilan yuzaga keluvchi muammolar ilmiy tadqiqotlar predmetiga aylangan.

B. Po‘latovning fikricha, taraflar muzokarasida har qanday holatda: 1) obyektiv va isbotlangan; 2) har tomonlama va to‘la; 3) yuridik asoslantirilgan; 4) aniq belgilangan bo‘lishi kerak.

R. Shukurov “advokat ayblanuvchini himoya qilishdagi nutqida surishtiruv, tergovgacha surishtiruv, dastlabki tergov va sud tergovi jarayonlarida ishga oid hamda ayblanuvchi ahvolini yengillashtiruvchi barcha kerakli dalillarni keltirib, ularning ahamiyatliligi haqida sud ishtirokchilarini ishontirishda o‘z mahoratini ko‘rsata olishi kerak” degan fikrni ilgari surgan.

G. Sayakbayev sud muhokamasining aynan taraflar muzokarasi bosqichida protsess ishtirokchilari o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilib, har bir taraf o‘z protsessual kuchini, ish bo‘yicha pozitsiyasini asoslantirishga yo‘naltiradi deb hisoblaydi.

Biroq olimlar bildirgan fikrlarda voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar bo‘yicha sud muhokamasida ayblov va himoya nutqlarining alohida jihatlariga, xususan, tarbiyaviy xarakteriga e’tibor qaratilmaganini inobatga olib, ularga qisman qo‘shila olmaymiz.

Odatda davlat ayblovchisi va himoyachining har biri o‘zining protsessual pozitsiyasidan kelib chiqib, sudlanuvchining aybli yoki aybsizligini isbotlovchi dalillar tahlili hamda sud tergovining natijasi haqida fikr bildiradi. Protsess ishtirokchilari muzokara nutqida sud majlisida tekshirilmagan, sud tomonidan nomaqbul deb topilgan dalillarni havola qilishga haqli emas.

Muzokara tamom bo‘lganidan keyin taraflar sudlanuvchi aybli deb topilayotgan qilmish haqiqatan sodir etilgani, bu qilmish jinoyat deb hisoblanishi va u Jinoyat kodeksining qaysi moddasida nazarda tutilgani, bu qilmishni sudlanuvchi sodir etgani, sudlanuvchi jinoyat sodir etilishida aybliligi va basharti aybli bo‘lsa, uning aybi qanday shaklda ekani, sudlanuvchining javobgarligini yengillashtiradigan va og‘irlashtiradigan holatlar borligi, sudlanuvchi sodir etgan jinoyati uchun jazolanishi kerakligi (JPK 457-moddasi 1-qismi 1-6-kichik bandlar) haqidagi masalalar yuzasidan chiqariladigan qarorning o‘zlari taklif etadigan mazmunini sudga yozma ravishda taqdim etishlari mumkin.

Sud amaliyotiga ko‘ra, aynan ushbu takliflar asosida davlat ayblovchisi o‘z muzokara nutqini tayyorlayab, bayon etadi.

Davlat ayblovchisi va himoyachi bu masalalar yuzasidan chiqariladigan qarorning o‘zlari taklif etadigan mazmunini sudga yozma ravishda taqdim etishlari shart.

Himoyachi sifatida ishtirok etayotgan advokat esa odatda quyidagilarni amalga oshiradi:

– sud tergovida tekshirilgan dalillarni ko‘rsatadi va ularga yuridik baho beradi;

– ish yuritish davomida yo‘l qo‘yilgan protsessual harakatlarga (agar mavjud bo‘lsa) nisbatan huquqiy baho beradi va ularning oqibatlariga o‘z munosabatlarini bildiradi;

– sudlanuvchining aybli yoki aybsizligi haqida o‘z xulosasi va sodir qilingan jinoiy harakatini malakalash haqida fikr bildiradi;

– sudlanuvchining shaxsini tavsiflaydi;

– sudlanuvchiga nisbatan jazo tayinlash yoki uni jazodan ozod qilish masalasi bo‘yicha fikr bildiradi.

Sud har bir ish yakuniga ko‘ra, ichki ishonchiga tayanib qaror qabul qiladi. Bu esa ish holatlarining har tomonlama va chuqur tahlil qilinishi asnosida protsess ishtirokchilarining bildirgan fikrlari asosida shakllanadi. Hattoki sudning noto‘g‘ri xulosaga kelishining oldini oladi. Taraflar muzokarasining ahamiyatli jihatlari aynan shunda namoyon bo‘ladi.

Prokuror nutqi o‘z mazmuniga ko‘ra tarbiyaviy ahamiyat kasb etib, uning asoslantirilgani hamda umume’tirof etilgan odob-axloq qoidalariga rioya qilingani nafaqat davlat ayblovini quvvatlashning, balki fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning muhim kafolatidir. Sud protsessida taraflar muzokarasi sud majlisida ishtirok etayotgan fuqarolarga tarbiyaviy ta’sir etishda, ularning ishning mazmunini, sodir qilingan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini, jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni va oqibatlarini tushunishida asosiy vazifani bajaradi.

Biroq voyaga yetmaganlarning jinoyatlariga oid ishlar bo‘yicha ayblov va himoya nutqlari sud majlisida ishtirok etayotgan katta yoshdagi fuqarolardan ko‘ra ko‘proq sudlanuvchi bolaga nisbatan tarbiyaviy ta’sirga egadir. Binobarin, huquqshunos A. Konining ta’biri bilan aytganda voyaga yetmaganlar o‘zi haqidagi barcha ma’lumotlarni chin ko‘ngildan eshitadi va qabul qiladi.

Ta’kidlash joizki, davlat ayblovchisining muzokara nutqi voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarini ko‘rishda har doim ijtimoiy-siyosiy va umumaxloqiy ahamiyat kasb etadi. Chunki ayblov nutqining asosiy qismini ishning ijtimoiy-siyosiy xarakteri (xususan, sudlanuvchining shaxsi, uning jinoyat sodir qilishiga imkon bergan shart-sharoitlarning tahlili va ularni bartaraf etish) tashkil qiladi.

Davlat ayblovchisi sud muhokamasining natijalariga asosan ikki turdagi pozitsiya bilan muzokarada ishtirok etadi. Birinchi, davlat ayblovchisi agar sudlanuvchining aybli ekaniga ishonchi komil bo‘lsa va uni sudda tekshirilgan dalillar bilan isbotlab bersa, ayblov nutqi bilan muzokarada ishtirok etadi. Ikkinchi, sud tergovi ma’lumotlari sudlanuvchining aybsizligidan dalolat beradi degan ishonchga kelsa, JPKning 409-moddasiga asosan ayblovdan voz kechadi.

Muzokarada voyaga yetmagan sudlanuvchining sodir qilgan ijtimoiy xavfli qilmishiga nisbatan o‘zining ayblov fikrini beradigan davlat ayblovchisi mantiqiy, izchil va sudlanuvchiga tushunarli tilda o‘z nutqini bayon qilishi kerak. Chunki ayblov nutqi sudlanuvchiga qonunga zid harakatlarini to‘la-to‘kis anglab olishiga, jinoiy qilmishining ijtimoiy xavflilik darajasini va oqibatini tushunib olishiga ko‘maklashishi kerak.

Huquqshunos olim V. Baskov davlat ayblovchisining nutqi nafaqat sudlanuvchining sodir qilgan jinoyatini fosh qilishning, balki sudlanuvchi qayta jinoyat sodir qilishining oldini olishning ham protsessual vositasi deb hisoblaydi.

P. Poroxovshikov o‘z asarlarida davlat ayblovchisining nutqidan so‘ng sud zalidagi ishtirokchilar ishning mazmuni va qonuniy chegarasini anglashi kerakligi haqida fikr bildiradi.

Shu bilan birga, bir qator huquqshunoslar ishning dalillar bilan bog‘liq muammoli qismida nutqning ravon, mantiqiy davomiyligi biror ahamiyat kasb etmasligi haqida fikr bildiradi. Shu o‘rinda D. Dovudovaning “prokuror nutqi o‘z mazmuniga ko‘ra tarbiyaviy ahamiyat kasb etishi” haqidagi fikriga to‘liq qo‘shilamiz.

Umuman olganda nazariy bilimlar va amaliyot sudning tarbiyaviy maqsadiga erishish uchun davlat ayblovchisining nutqi aniq, ravon, mantiqiy davomli, siyosiy xolis bo‘lishi kerakligini talab etadi.

Xuddi shu kabi protsessda himoya nutqini bayon qiluvchi advokat sudlanuvchining ijtimoiy xavfli qilmishni sodir qilishida katta yoshdagi shaxslarning aybdorligi yoki uning atrofidagi muhit sabab bo‘lgan mazmunidagi fikrlarni uyg‘otishdan saqlanishi lozim.

Ta’kidlash joizki, himoya nutqining samarasi ishdagi dalillarning to‘g‘ri tekshirilishida ishtirok etishda emas, balki ullarni baholash natijalarida ko‘rinadi.

Himoyachi muzokara nutqida bildirgan fikrlari bilan nafaqat sudning ichki ishonchiga ta’sir qiladi, balki voyaga yetmagan sudlanuvchining sodir qilgan ijtimoiy xavfli qilmishini anglab olishiga turtki beradi. Chunki himoyachi o‘z nomi bilan himoyachi, voyaga yetmagan sudlanuvchi protsess davomida boshqa ishtirokchilarga nisbatan unga ko‘proq ishonadi.

Shuning uchun himoya nutqining maqsadi ijtimoiy xavfli qilmish sodir qilgan voyaga yetmaganning o‘z xatti-harakatlari hamda manfaatlarini qayta baholashiga turtki berishdan iborat. Himoya nutqi mazmuni voyaga yetmaganning qayta jinoyat sodir qilishining oldini olishga yo‘naltirilgan tarbiyaviy komponentlardan tashkil topishi kerak. Himoyachi xulosasida jinoyat sodir qilgan voyaga yetmagan shaxsni insonparvarlik nuqtayi nazaridan boshqa ta’sir choralari bilan tarbiyalash mumkinligiga ishontirishga harakat qiladi.

Ushbu mazmundagi talablar Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1985-yil 29-noyabrdagi 40/33-qarori bilan qabul qilingan “Balog‘atga yetmagan bolalarga nisbatan odil sudlov yuritishga doir minimal standart qoidalari”da ham aks ettirilgan.

Ushbu standart qoidalarning 14-bandi 2-qismida sudlov harakatlari balog‘atga yetmagan bola manfaatlariga muvofiq bo‘lishi, unda voyaga yetmaganning ishtirok etishi va o‘z nuqtayi nazarini erkin bayon etish imkonini berish muhiti bo‘lishi zarurligi qayd etilgan.

Har bir sudya shaxsiy xususiyatlari hali shakllanib ulgurmagan voyaga yetmganlarning kelajagi uning qo‘lidaligini tushunishi kerak. Shuning uchun u ish bo‘yicha isbotlash jarayonini voyaga yetmagan sudlanuvchining psixologik holatini inobatga olib, har bir shaxsga individual yondashgan, har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda tashkil etishi lozim.

Yuqoridagilarga ko‘ra, voyaga yetmagan sudlanuvchining qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining “Voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga quyidagi mazmunda qo‘shimcha band kiritish maqsadga muvofiq: “Sudlar voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar bo‘yicha taraflar muzokarasining sudlanuvchiga u o‘z nuqtayi nazarini erkin bayon etish imkonini beradigan muhitda o‘tkazilishini ta’minlashi lozim”.

Sud majlisi ishtirokchilarining voyaga yetmaganga tushunarli muhitda muzokara qilishi sudlanuvchining qilmishining ijtimoiy xavflilik darajasi va oqibatlarini anglab olishiga hamda davlat ayblovchisining unga nisbatan qanday turdagi jazo tayinlanishi haqidagi taklifini tushunishiga imkon beradi.

Sh. XAMRAYEVA,
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
mustaqil izlanuvchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here