Harbiy jinoyat bilan bog‘liq sudga qadar ish yurituv

0
212

Harbiy xizmatchilar ishtirokida sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan sudga qadar ish yurituvning huquqiy asoslari Jinoyat-protsessual kodeksida bildirilgan. Harbiy xizmatchining jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va huquqlarining ijtimoiy himoyasi “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunda ko‘rsatilgan. Hamda O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom”ni tasdiqlash to‘g‘risidagi 4447-qarori bilan tartibga solingan.

O‘zbekiston konstitutsiyasi normalarida inson huquqlari va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan qoidalar bor. Masalan, konstitutsiyaning 55-moddasida “Har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi” deb yozilgan.

Mazkur normativ huquqiy hujjatlar harbiy xizmatchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qiladi. Tergov organlari va sud hokimiyatining shaffofligini ta’minlaydi.

Harbiy xizmatchilar jinoyat qilganida Jinoyat-protsessual kodeksining 34, 36, 381, 392-moddasiga asosan sudga qadar ish yurituvchi organlarning vazifalari hamda ularning protsessual harakatlarni amalga oshirish huquqlari tartibga solingan.

Hozir harbiy jinoyatlarni puxta tergov qilish shakli va usullarini ishlab chiqish, shuningdek, amaldagi protsessual tartiblarni optimallashtirish kabi talablar kelib chiqmoqda.

Jinoyat protsessida (shu jumladan harbiy xizmatchilar ishtirokida sodir etilgan jinoyatlarda ham) jinoyat subyektlarining ayblilik masalasini uzil-kesil hal etish asosan dastlabki tergov bosqichida boshlanib, unda shaxsni gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishiga jalb etish, dalillarni qidirish, aniqlash, qayd etish, tadqiq qilish, tekshirish va baholashga qaratilgan protsessual tizim tergovchiga shaxsning huquqlarini qonun doirasida cheklash vakolatini beradi.

Harbiy xizmatchilar ishtirokida sodir etilgan jinoyat ishlarini yuritishda tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov jarayonida shaxsning huquq va erkinliklarni ta’minlash, protsessual harakatlarning odillik va adolatlilik mezonlari asosida olib borilayotganligini tekshirish shuni ko‘rsatdiki, hozirgi kunda ushbu faoliyatni samarali tarzda va optimal ravishda tashkillashtirishga imkon beradigan nazariya kerak.

Xorijiy olimlar harbiy xizmatchilar ishtirokida sodir etilgan jinoyatlar va ularning kriminalistik tavsifini o‘rganishgan. M.M.Lavrukov, P.V.Jesterov, V. G. Volchok va boshqa olimlarning ilmiy ishlarida harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlarning kriminologik tavsifi, jinoyat sodir etish mexanizmi, profilaktikasi haqidagi taklif va tavsiyalar beriladi. Mazkur jinoyatlarning sodir etilishiga aksariyat hollarda harbiy xizmatchilarning ko‘p yil moddiy javobgarlik lavozimlarida xizmat qilib kelganligi va harbiy mulkka beparvo munosabati sabab bo‘lgan.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar jamoat joylarida jismoniy qobiliyatlarini ko‘z-ko‘z qilishga urinishgan, oilaviy kelishmovchiliklar natijasida alkogolizmga ruju qo‘yishgan va oldin sodir etgan jinoyatlari oshkor bo‘lishining oldini olish maqsadida shaxsning hayotiga qarshi jinoyatlarni sodir etishgan.

Harbiy xizmatchilar ishtirokida sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksining (JPK) 36-moddasi asosida harbiy prokuratura tergovchilarining vazifa va vakolatlari alohida tartibda (harbiy xizmatchi jinoyat huquqining alohida subyekti ekanligi inobatga olingan holda) berilmagan.

Shu sababli amaldagi JPKning 36-moddasi (Tergovchining vakolatlari)da harbiy prokuratura
tergovchilari jinoyatlarni tergov qilishda harbiy xizmatchilarning harbiy va davlat sirlaridan xabardorligini, ularning jinoyat huquqining alohida subyekti ekanligini, shuningdek, harbiy xizmatni o‘tash joyining alohida yoki toifalangan obyektlar sirasiga kirishini hisobga olgan holda alohida vakolatlar belgilash maqsadga muvofiq.

Shu bilan birga, JPKning 36-moddasi asosida tergovchining dastlabki tergovdagi harakatlari umumiy asosda tartibga solingan.

Lekin harbiy bo‘linmalarda dastlabki tergovga qadar bajarilishi lozim bo‘lgan protsessual harakatlar kimlar tomonidan bajarilishi va qaysi turdagi protsessual isbotlash tergov harakatlarini o‘tkazish vakolatlari JPKning 392-moddasi (Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ boshlig‘ining va uning mansabdor shaxsiningvakolatlari)da tartibga solinmagan.

Aksariyat hollarda JPKning 329-moddasi tartibida harbiy qism va bo‘linmalarda jinoyat sodir etilganda jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror tuzishgacha bo‘lgan davrda bir qator isbotlash tergov harakatlari (qo‘shimcha hujjatlar, tushuntirishlar talab qilib olish, shaxsni ushlab turish, shaxsiy tintuv va olib qo‘yish, hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, ekspertiza o‘tkazish, taftish tayinlash va h.) o‘tkaziladi.

Shuningdek, JPKning 38112-moddasida surishtiruv organlari ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar bo‘yicha ayblov dalolatnomasi tuzishi belgilangan. Bir qarashda mazkur holat umumiylik asosida tartibga solib qo‘yilgandek. Lekin hozir harbiy xizmatchilar o‘rtasida sodir etilgan ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar bo‘yicha ayblov dalolatnomasi JPKning 381-moddasi tartibida qaysi surishtiruv organlari surishtiruvchilari tomonidan chiqarilishi qonunchilikda ochiq qolmoqda. Ushbu masala amaliyotdagi tergovga qadar tekshiruv olib boruvchi mansabdor shaxslarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Shu sababli amaldagi JPKning 38-moddasiga harbiy xizmatchilar ishtirokida sodir etilgan ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar yuzasidan surishtiruvni olib boradigan “Harbiy surishtiruvchi” nomli yangi surishtiruv organini kiritish maqsadga muvofiq.

Harbiy xizmatchilar ishtirokida sodir bo‘ladigan jinoyatlarni tergov qilishda umumiylik asosida yondashish maqsadga muvofiq emas. Chunki mazkur protsess harbiy xizmatni o‘tash bilan bog‘liq holda sodir etilganligi, shuningdek harbiy xizmatchilarning huquqiy maqomi qonun bilan himoya qilinganligi tergov va surishtiruv organi xodimidan maxsus amaliy va nazariy bilimlarni talab etadi.

Shuningdek, aynan Milliy gvardiya bo‘linmalarida xizmatni o‘tash tartibi davlat sirlarini saqlash to‘g‘risidagi qonun bilan himoyalangan davlat va harbiy sirlar bilan bog‘liqligi sababli ulardan maxsus maxfiy hujjatlar bilan ishlash uchun ruxsatnomani ham talab etadi.

Shuningdek, Qurolli kuchlar tizimidagi harbiy qism va bo‘linmalarning qariyb 90 foizida tergovga qadar tekshiruvni o‘tkazish komandirning ma’naviy axloqiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosarlariga yuklatilgan. Mazkur mansabdor shaxslarning aksariyati oliy yuridik ma’lumotga ega emas. Mazkur holat prokuratura organiga o‘z-o‘zidan bog‘lanib qolishiga sabab bo‘ladi. Va tergovga qadar tekshiruvning mustaqilligi prinsipiga, shuningdek sudga qadar ish yurituvda odillik va qonuniylikka qat’iy amal qilish prinsipiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Harbiy bo‘linmalarda sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha sudga qadar ish yurituvning ijtimoiy asoslari bo‘linmalarda xizmat olib borayotgan shaxsiy tarkibning yoshi, ish staji, ijtimoiy kelib chiqishi, ma’lumoti va ularning jinoyat sodir etayotgandagi ruhiy holatlariga bog‘liq bo‘ladi.

Shundan kelib chiqib fikr yuritadigan bo‘lsak, 20-25 yoshdagi harbiy xizmatchilar jinoyatni ko‘pincha xatti-harakatlarining huquqiy oqibatini ongli ravishda bilmagan holda sodir etishadi. Shu sababli sudga qadar ish yurituvda bilib-bilmay jinoyat sodir etilganligi sababli harakatlarining jinoiy oqibatlarini ongli ravishda anglab yetmaganliklari sabab o‘zlarini aybsiz aybdor deb hisoblaydilar. Bu holat tergov jarayonida bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Lekin, jinoyatning huquqiy oqibatlari tushuntirilganidan so‘ng, aksariyat hollarda ayblanuvchilar aybiga iqrorlik to‘g‘risidagi ariza yozib, jinoyatning tez va oson ochilishiga hissasini qo‘shadi.

Yoshi va ish staji katta harbiy xizmatchilar jinoyatni uning huquqiy oqibatini bilgan holda sodir etishadi. Shu sababli ular bilan surishtiruvchi va tergovchilar isbotlashga qaratilgan tergov harakatlarini jiddiy amalga oshirishi lozim bo‘ladi.

Harbiy xizmatchilarning mast va kuchli hayajon (stress) holatida sodir etgan jinoyatlari tergov qilinganda bu holatlar yengillashtiruvchi holat deb baholanadi. Shu sababli tergovchi va surishtiruvchilar jinoyat sodir etish paytidagi ruhiy holat jazoni yengillashtirmasligini, aksincha, og‘irlashtiruvchi holat ekanligini tushuntirishganida shikoyat arizalari yozilishiga sabab bo‘ladi.

Bu misollardagi holatlarda ayblanuvchilar va gumon qilinuvchilarning huquqiy ongi va madaniyatining yetarli darajada bo‘lmaganligini ko‘ramiz.

Shu sababli harbiy qism va bo‘linmalarda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan huquqshunoslik mashg‘ulotlarini tashkillashtirish maqsadga muvofiq.

SHUNINGDEK: shaxsiy tarkib orasida bezorilik, talonchilik, haqorat, shaxsning sog‘lig‘iga qarshi jinoyatlar va o‘zganing mulkini talon-toroj qilish bilan bog‘liq jinoyatlarning mohiyati va ularning huquqiy oqibatlari haqida misollar bilan tushuntirish ishlari olib borish; harbiy xizmatchilar ishtirokida sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish jarayonida harbiy qismning ichki tartibi, shaxsiy tarkibning soni va maxfiy hujjatlar bilan bog‘liq holatlar mavjud bo‘lganligi sababli tergovchi va surishtiruvchilarning maxfiy hujjatlar bilan ishlashga ruxsatnomasi borligi va maxfiylik tartibiga rioya qilgan holda ish olib borishiga ahamiyat qaratish lozim.

Muhammadjon ALIMOV,
Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti,
yuridik fanlar doktori

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here