HomeMaqolalarVasiylik va homiylik instituti mohiyati

Vasiylik va homiylik instituti mohiyati

Ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga vasiylik va homiylik qilish oilaviy tarbiyaning keng tarqalgan shakli hisoblanadi. Bu shakldagi munosabatlar Fuqarolik kodeksining 32-moddasi, Oila kodeksining 173-175-moddalari, 2014-yil 2-yanvarda qabul qilingan “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi 364-qonun, O‘zbekiston hukumatining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-qarori bilan tasdiqlangan “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi nizom va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.

Maxsus adabiyotlarda vasiylik va homiylikning mazmun-mohiyati haqida sivilist olimlarning turli mulohazalari keltirilgan. Xususan, G.F.Shershenevich vasiylikni “sun’iy oila”1, V.I.Sinayskiy – “bolalar, ularning shaxsi va mulkiga oid ota-onalik qaramog‘ining yasama shakli”2 sifatida ta’riflagan bo‘lsa, L.M. Pchelinseva “fuqarolik-huquqiy sohada vasiylik va homiylik fuqarolarning muomalaga layoqatini to‘ldirish usuli” deb ataydi3. Shuningdek, L.M.Pchelinseva “oila – bu bolalarni joylashtirish shakli, qaramog‘idagi shaxslar layoqatini to‘ldirish vasiy (homiy)ning vasiylikdagi bolaning manfaatlariga ko‘proq javob beradigan irodasini shakllantirish yoki bu iroda yetishmasligining o‘rnini bosishga yo‘naltirilgan harakatlarida aks etishi” deb fikrini davom ettiradi.

Oilaviy huquq mutaxassislari vasiylik va homiylikni sohasining maqsadi deb hisoblamaydi, sivilistlar esa bu institutni oilaviy huquq sohasiga tegishli deb faraz qilib, tadqiq qiladilar.

Aslida, vasiylik va homiylik instituti fuqarolik, oilaviy va ma’muriy huquq me’yorlaridan iborat bo‘lgani uchun majmuaviydir. Vasiylikning majmuaviy xususiyatini ta’kidlab aytish mumkinki, vasiylik va homiylik instituti fuqarolik huquqi fani tomonidan ko‘rib chiqiladi. Chunki oila huquqida vasiylik va homiylik masalalari faqat bolalar va oilaga tegishli holda ko‘rib chiqiladi. Xuddi shu g‘oya O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining 32-moddasida qayd etilgan. Unda ta’kidlanishicha, vasiylik va homiylik muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga to‘liq layoqatli bo‘lmagan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun belgilanadi. Voyaga yetmaganlarga vasiylik va homiylik ularni tarbiyalash maqsadida ham belgilanishi mumkin. Vasiylar va homiylarning bunga tegishli huquq va burchlari nikoh va oila haqidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Ta’kidlash joizki, vasiylikning homiylikdan farqi vasiylikka olinganlarning layoqati hajmi bilan belgilanganligi bois homiylik g‘oyasi, shubhasiz, vasiylik g‘oyasidir. Fuqarolik huquqida ikki turdagi vasiylik, ya’ni homiylik va himoyalash turlari ajratib berilganligi diqqatga sazovor. Birinchisi to‘liq huquqqa ega bo‘lmagan, o‘zini idora qilishga va o‘z ishlarini boshqarishga oid tabiiy va qonuniy huquqqa egalikdan mahrum shaxslar ustidan belgilansa, ikkinchisi esa mulkni qo‘riqlash uchun belgilanadi.

Ma’lumki, vasiylik va homiylik masalasi tuman yoki shahar hokimining qarori bilan hal qilinadi. Vasiylik va homiylik vasiy yoki homiy tayinlanishiga muhtoj bo‘lgan shaxs yashayotgan joyda, agar shaxsning muayyan yashash joyi bo‘lmasa, vasiy yoki homiy yashayotgan joyda belgilanadi. Vasiylik va homiylik organlari vasiyning vasiylik yoki homiylik majburiyatlarini bajarishga qobiliyati, yoshi, sog‘lig‘i (jismoniy va ruhiy holati), ma’naviy va shaxsiy sifatlari, oilasidagi axloqiy muhitni hisobga oladi.

Vasiylik va homiylik vazifalari bepul va ko‘ngilli bajariladi hamda muddatli xususiyatga ega. Latviya Fuqarolik kodeksining 245-moddasida belgilanishicha, vasiylik lavozimi jamoat majburiyati hisoblanadi. Undan hech kim qonuniy sababsiz bosh tortishi mumkin emas. Mazkur majburiyatni bajargani uchun yetimlar sudi vasiyga adolatli va vasiylikka olinganning mulkiga mutanosib, ammo yillik hisobot tasdiqlangandan keyin sof daromadning besh foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda mukofot belgilaydi. Vasiylik va homiylik organlari vasiy va homiyning faoliyatini nazorat qiladi. Zamonaviy huquqiy tizimlarda vasiylik masalalarini ko‘rish bo‘yicha vakolat u yoki bu darajada maxsus sudlarga yuklatiladi.

MASALAN:

  • Finlandiyada sud tizimining quyi bo‘g‘inlari vasiylikni belgilashlari mumkin. Portugaliyada maxsus oilaviy sudlar, Buyuk Britaniyada vasiylik ishlari magistratlar idorasi bor, biroq ularning qarorlari Oliy sudning oilaviy bo‘linmalarida qayta ko‘rilishi mumkin.
  •  Shvetsiyada balog‘atga yetmagan shaxsni vasiylikka olish va uning mulkini boshqarishni nazorat qilish okrug sudlarining sudyalariga yuklatilgan.
  •  AQShning ko‘pgina shtatlarida oilaviy sudlar vazifalarini bajaradigan, balog‘atga yetmaganlarning ishi bo‘yicha sudlar mavjud bo‘lib, vasiylar va homiylar sifatida aksariyat hollarda fuqarolar belgilansa-da, biroq qonunchilikka ko‘ra vasiylar va homiylar sifatida tarbiyalash, davolash muassasalari, aholini ijtimoiy himoya qilish muassasalari va shunga o‘xshash boshqa muassasalar xizmat qilishi mumkin. Vasiylikni (homiylikni) belgilash uchun vasiy (homiy) va vasiylikka olingan bola o‘rtasida qarindoshlik holati bo‘lishi talab qilinmaydi.

Zamonaviy sharoitlarda vasiylik va homiylik organlari vasiylar (homiylar)ni tanlaganda, vasiylikka olinayotgan bolaning yaqinlarini afzal ko‘radi. Chunki bolani oilaga joylashtirishda uning etnik kelib chiqishi, ma’lum dinga va madaniyatga mansubligi, ona tili, tarbiyalash va ta’lim berishda merosxo‘rlikni ta’minlash imkoniyati hisobga olinadi. Bolaning yaqin qarindoshlari oilasida tarbiyalanishi ma’lum darajada uning manfaatlariga mos keladi, u tanish muhitda, unga yaxshi tanish odamlar orasida bo‘ladi.

Ba’zi manbalarda ta’kidlanishicha, ko‘pgina huquqiy tizimlarda ota (ona) o‘lim holatida turganda bolasiga vasiy tayinlash huquqi bo‘lgan.

Ayrim mamlakatlarda bu me’yor bugungi kunda ham mavjud. Masalan, Latviya Fuqarolik kodeksining 229-moddasida “Ota ham, ona ham vasiyatida o‘z bolalariga – mavjudlariga ham, endi tug‘ilajaklariga ham vasiylar tayinlash huquqiga ega” deyilgan.

Balog‘atga yetmagan fuqarolar vasiylarining (homiylarining) huquq va majburiyatlari zimmalarida turgan vazifalarga mosdir. Xususan, vasiy va homiy belgilashdan maqsad balog‘atga yetmagan bolalarni tarbiyalash, ularning ta’minoti, salomatligi, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishdir. Shu bois, agar bolaning sog‘lig‘iga, mulkiga ziyon yetkazilgan bo‘lsa, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar sudga bu ziyonni va ma’naviy zararni qoplash talabi bilan murojaat etish huquqiga ega.

Mazkur sohada ikki turdagi huquqbuzarlikni ko‘rsatish mumkin. Birinchisi ota-onalik huquqidan mahrum qilishga asos bo‘luvchi harakatlar bilan mos tushadi, bundan ikki istisno mavjud: biri – alimentlarni to‘lashdan qasddan bosh tortish, chunki vasiylar (homiylar) vasiylikka olinganlarni o‘z mablag‘lari hisobidan boqishga majbur emas, boshqasi – uzrsiz sabablarsiz bolani tug‘ruqxonadan olib ketishdan bosh tortish.

Ota-onaning o‘rnini bosuvchi va bolaga nafaqa, yordam puli va boshqa to‘lovlarni oluvchi shaxslar, mazkur mablag‘larni bolani tarbiyalashga, ta’lim berishga va boqishga sarflashlari kerak. Agar bu mablag‘ yetarli bo‘lmasa, vasiylikka olingan fuqaroning daromadlaridan yoki vasiylik va homiylik organlari ruxsati bilan sotilgan mulkdan olingan mablag‘dan foydalanishi mumkin. Huquqbuzarlikning ikkinchi turi – vasiylikka olingan bolaning mulkini noqonuniy xarajat qilishdir. Bunga, xususan, oilaviy huquq manbalaridagi nuqsonlar imkon yaratadi, masalan, vasiylik va homiylik organlari to‘layotgan nafaqani xarajat qilishga oid hisobotni taqdim etish tartibi batafsil berilmagan.

Vasiylik va homiylik organlari vasiy yoki homiydan zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni insofsizlik yoki e’tiborsizlik bilan bajarishi natijasida yetkazilgan mulkiy zararni to‘lashini talab qilishga majbur, vasiylik va homiylik tugatilganda esa vasiylik va homiylikda bo‘lgan
muomalaga layoqatli shaxs ham bunday talabni qo‘yishga haqli.

Vasiylar (homiylar) o‘zlarini javobgarlikdan ozod etish uchun vasiylikka olingan shaxsning mulkini tasarruf etganida o‘zlarining shaxsiy mulklarini tasarruf etgandek yo‘l tutganini, ya’ni begonaning narsasiga o‘zlarining mulklaridek munosabatda bo‘lganini, demak, vijdonan va oqilona harakat qilganini isbotlab berishlari kerak. Javobgarlikning xuddi shunday choralari ko‘pgina huquqiy tizimlarda mavjud.

Vasiylar (homiylar) bolani tarbiyalash usullarini o‘zlari belgilaydi, ammo ular mensimaslik, qo‘rs, shafqatsiz, inson qadrini kamsitadigan muomalaga yo‘l qo‘ymasliklari kerak. Vasiy yoki homiy majburiyatlaridan g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda foydalanganida, shuningdek vasiylik yoki homiylikdagi shaxsni nazoratsiz yohud zarur yordamsiz qoldirganida, vasiylik va homiylik organlari aybdorni javobgarlikka tortish uchun zarur choralarni ko‘rishlari mumkin.

Ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslarning noqonuniy harakatlari oqibatida vasiylik (homiylik)ni bekor qilish oilaviy-huquqiy javobgarlik chorasidir. Bu yerda oilaviy-huquqiy javobgarlik chorasi sifatida ota-onalik huquqidan mahrum qilish bilan o‘xshashlik namoyon bo‘ladi. Ularning farqi huquqiy oqibatlaridadir.

Vasiy (homiy) zimmasiga faqatgina vasiylikka olingan bolani tarbiyalash emas, balki uni nazorat qilish majburiyati ham yuklatilgan. Tarbiyalash va nazorat qilish bo‘yicha majburiyatlar o‘zaro bog‘liqdir. Agar tarbiyalash ma’lum fazilat va ko‘nikmalarni singdirishni nazarda tutsa, nazorat turli salbiy oqibatlarning oldini olishni nazarda tutadi.

Mazkur majburiyatni bajarmaslik yoxud lozim darajada bajarmaslik bir qator salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin:

  • vasiylikdan chetlatish;
  • kichik yoshdagi yoki 14 yoshdan 18
    yoshgacha bo‘lgan bolalarga yetkazilgan ziyonni qoplash majburiyatini yuklash.

Ko‘rinib turibdiki, vasiylik va homiylikni amalga oshirishda bir muncha muammolar mavjud. Asosiy muammolardan biri shuki, vasiylar (homiylar) majburiyatlarini lozim darajada bajarmaydi. Bunda fuqarolarga mukofot berish yo‘li bilan muammoni hal etish mumkin. Bu nafaqat davlatga xos minnatdorchilik shakli, balki joylashtirishning xususiy shakllarini rivojlantirishni rag‘batlantirish vositasidir. Vasiylik majburiyatlarini pulli bajarishga oid masala mazkur institut tarixida turlicha hal bo‘lgan va hal bo‘lmoqda.

Bizning fikrimizcha, asosiy muammolarni vasiylar va homiylar faoliyati ustidan aniq nazorat o‘rnatib, vasiylar (homiylar)ni moliyalashtirish bilan hal qilish mumkin. Vasiylik (homiylik)dan g‘arazli niyatlarda foydalanish nojoizdir. Buning oldini olish uchun bir nechta bolani biryo‘la vasiylikka (homiylikka) olishni taqiqlash zarur. Faqat favqulodda hollarda, vasiylik va homiylik organlarining aniq asoslab berishi bo‘yicha bir nechta bolaga vasiy (homiy) sifatida bir shaxs tayinlanishi mumkin (masalan, tug‘ishgan aka-ukalar, opa-singillar ota-ona qaramog‘isiz qolganida). Shu bilan birga, vasiylik va homiylik organlari ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslar faoliyatini nazorat etish majburiyatini bajarmagani uchun ommaviy-huquqiy javobgarlikni belgilash zarur.

Insonga xos oilaviy samimiyat, shinamlik va dilkashlikka ehtiyojni qondirish oila institutining asosiy mazmunini tashkil qiladi.

Rustam RO‘ZIYEV,
Jamoat xavfsizligi universiteti
Fuqaroviy-huquqiy fanlar kafedrasi professori,
yuridik fanlar doktori

1 Шершеневич Г.Ф. Курс гражданского права. –Тула, 2001. –С. 456.

2 Синайкий В.И. Русское гражданское право. –М., 2002. –С. 529.

3 Пчелинцева Л.М. Комментарий к Семейному кодексу Российской Федерации. –М., 1999. –С. 493.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa