HomeMaqolalarO‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga egalik huquqini sudsiz belgilash masalalari

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga egalik huquqini sudsiz belgilash masalalari

Bugungi kunda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga egalik huquqini belgilashda aniq pozitsiyaning yo‘qligi, bu sohani to‘liq tartibga soladigan qonun normasining mavjud emasligi ko‘plab muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamizda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga
doir nizolarning sudda ko‘rilishi (noqonuniy qurilishlarni buzish) yildan-yilga ko‘payib bormoqda.

Bu holat esa noqonuniy qurilish institutini qayta tadqiq qilish lozimligini anglatadi.

Amaldagi Fuqarolik kodeksiga ko‘ra o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat bir tomondan fuqarolik huquqbuzarligi, ikkinchidan mulk huquqi sotib olish uchun asoslardan biridir. Shunga asoslanib, biz Fuqarolik kodeksining 212-moddasini qaramaqarshi, dualistik xususiyatga ega deb aytishimiz mumkin. Bir tomondan ushbu norma qonun talablarini buzganlik uchun sanksiyani ruxsatsiz qurilishni buzish shaklida belgilasa, boshqa tomondan noqonuniy qurilishni qonuniylashtirish uchun asoslarni belgilab beradi. Bunday holda insofsiz quruvchi o‘zining noqonuniy qurilishiga egalik huquqini belgilash uchun harakat qiladi, biroq qonun talablariga to‘liq rioya qilishga intilmaydi.

Umumiy qoida bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat (bino va boshqalar) buzilishi
kerak, ammo qonun chiqaruvchi organ noqonuniy ravishda qurilgan binolarni fuqarolik muomalasiga kiritishga va ularga egalik huquqini tan olishga imkon beradigan maxsus huquqiy vositalardan foydalanib kelgan.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga egalik huquqini olishning 2 xil usuli mavjud. Unga ko‘ra, ruxsatsiz qurilishni qonuniylashtirishning sud tartibi va suddan tashqari tartibi mavjud.

2018-yil 20-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 5421-farmoniga asosan mamlakatimizda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi e’lon qilingan edi va ushbu aksiya 2019-yil 1-mayga qadar davom etdi.

Mazkur farmon jismoniy shaxslarning qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan yakka tartibdagi uy-joyiga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish tartibini belgilab berdi.

Fuqaroning o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan egalik huquqini belgilash yoki uni rad qilish juda tez, ovoragarchiliklarsiz va qulay tarzda amalga oshirildi.

Aksiya natijasida yarim milliondan ortiq insonga uy-joylari qonuniy rasmiylashtirilib, mulk huquqi ro‘yxatdan o‘tkazib berildi. Bu yarim milliondan ortiq oila qonuniy boshpanali bo‘ldi, ertaga o‘z uyini avlodlariga meros qilib qoldirishi yoki sotishi va garovga qo‘yishi mumkin degani.

Biroq bugunga kunda ushbu aksiya tugaganligi sababli o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratda yashovchi fuqarolar bunday huquqdan foydalana olmaydi. Shu bilan birga aksiya doirasida murojaat yakuni bo‘yicha qarorlar qabul qilinmagan. Xususan, aksiya doirasida Toshkent shahrida 36 568 ta murojaatning 71 foizi ijobiy hal etilgan, 17 foizi rad etilgan, 12 foizi subyektiv va obyektiv sabablarga ko‘ra komissiya ishchi guruhi o‘rganishida turibdi1.

Ba’zi odamlarda “bunday aksiya yana davom etadi, uy-joyni qurib, biror yil ushlab tursak, davlat yana “kechirib” yuboradi” degan noto‘g‘ri fikr shakllanmasligi lozim. Chunki aksiya o‘z nomi bilan bir martalik, ya’ni bundan buyon bunday aksiya bo‘lmaydi. Bundan tashqari qayd etilgan Prezident farmonining 7-bandida “bir martalik aksiyaning amal qilish muddati tugagandan keyin o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish mumkinligi to‘g‘risidagi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini bekor qilish” va “o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar uchun javobgarlikni kuchaytirish” vazifalari qo‘yilgan edi2.

Shu asosda qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritildi, ya’ni o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish mumkin bo‘lgan moddalar chiqarib tashlandi. Bu bilan o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari masalasida davlatning qat’iy pozitsiyasi ma’lum qilindi Fuqarolik kodeksining 212-moddasida huquqbuzarlik natijasini qonuniylashtirish mumkin bo‘lgan holatlar ham nazarda tutilgan edi. Biroq hozirgi kunga kelib bunday qonuniylashtirish normalari chiqarib tashlangan bo‘lsa-da, o‘rniga adolat va yaxshi niyat tamoyillari asosida belgilanadigan normalar joriy qilinmadi.

Huquqshunos olimlarning fikriga ko‘ra, agar o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat qurilishni amalga oshirgan shaxsga tegishli bo‘lgan yer uchastkasida joylashgan bo‘lsa, ushbu noqonuniy binoni buzishni talab qilish asossiz va adolatsiz bo‘ladi. Chunki bino mulkchilik, qurilish va shaharsozlik norma va qoidalariga mos kelishi mumkin, boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi mumkin. Demak, qurilishi noqonuniy bo‘lishiga qaramay, u ijtimoiy xavf tug‘dirmaydi, uni fuqarolik muomalasiga kiritish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq va samarali bo‘lishi bilan birga ushbu obyektni buzish katta iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin3.

Shunday qilib, fikrimizcha ruxsatsiz qurilishga mulk huquqi nafaqat sud orqali, balki qonun bilan belgilanadigan boshqa tartibda ham tan olinishi mumkin. Bunda o‘zboshimchalik bilan qurilgan obyektini qonuniylashtirish masalasini ko‘rib chiqishda avvalo yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarning ustuvorligidan kelib chiqish lozim.

Yer uchastkasi va unda joylashgan ko‘chmas mulk taqdirining birligi prinsipini amalga oshirish albatta fuqarolik muomalasining barqaror bo‘lishiga yordam beradi.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga egalik huquqini tan olishda quyidagi shartlar talab qilinishi lozim deb hisoblaymiz:

Birinchidan, o‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs yer uchastkasiga egalik qilishi, umrbod meros qilib olishi, binodan doimiy (muddatsiz) foydalanishi kerak. Bu holat obyekt uchun kadastr pasporti va (yoki) kadastr mutaxassisining xulosasi, yer uchastkasining chegaralarini belgilash haqidagi dalolatnomani tuzish uchun asos bo‘ladi.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat kimning hisobidan qurilganidan qat’i nazar, qurilish yer uchastkasining egasi tomonidan amalga oshirilishi lozim. Yerga egalik huquqi, umrbod meros qilib olish yoki doimiy (muddatsiz) foydalanish asosida egalik qiladigan, ko‘chmas mulk obyektining yangi qonuniy egasi bo‘lgan shaxs qurilishni amalga oshirgan shaxsga sud tomonidan belgilangan qurilish xarajatlarini qoplab berishi kerak.

Fuqarolik qonunchiligining ushbu yondashuvi juda asoslidir. Chunki huquqiy nuqtayi nazardan quruvchi shaxs ushbu imoratga mulk huquqini ololmasligi bilan birga qurilish materiallarini imoratdan ajralmagan holda olib keta olmaydi.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga mulk huquqini tan olishning ikkinchi sharti – yerdan foydalanish uning maqsadi va vazifasiga mos kelishi kerak. Chunki ko‘chmas mulk obyektiga oid boshqa ma’lumotlar qatorida yer uchastkasining toifasi va undan foydalanishga ruxsat etilgan ma’lumotlar davlat ko‘chmas mulk kadastriga kiritiladi.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga mulk huquqini tan olishning uchinchi sharti – o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat qurilish norma va qoidalariga rioya qilingan holda amalga oshirilgan bo‘lishi va boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solmasligi zarur.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga bo‘lgan huquqni tan olishning to‘rtinchi sharti – quruvchi qurilishni qonuniylashtirish bo‘yicha choralar ko‘rgan bo‘lishi lozim.

Fikrimizcha, imorat qurishda qayd etilgan talab va shartlarga to‘liq rioya qilingan bo‘lsa, ushbu binolarga nisbatan egalik huquqini belgilab berish lozim. Bundan tashqari, o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilma ko‘p qavatli turar joyda joylashgan bo‘lsa, unga mulk huquqini belgilashda Uy-joy kodeksining 16-moddasi inobatga olinishi kerak.

Ushbu moddada ko‘p kvartirali uylardagi yashash uchun mo‘ljallanmagan joylardan foydalanish tartibi belgilangan. Unga ko‘ra, fuqarolar va yuridik shaxslar ko‘p kvartirali uylardagi yashash uchun mo‘ljallanmagan joylardan bevosita belgilangan maqsadda foydalanishlari xususan bunday turar joylarni, qurilmalarni hamda inventarni tegishli tartibda saqlashlari, zarur ta’mirlash ishlarini bajarishlari, sanitariya va yong‘inga qarshi qoidalarga rioya etishlari, yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash choralarini ko‘rishlari shart.

Qayd etish joizki, O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga egalik huquqini ma’muriy tartibda belgilash uchun aniq moddiy huquq normalari mavjud emas. Tuman hokimliklari o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga egalik huquqini belgilashda aksariyat hollarda Fuqarolik kodeksining 187-moddasi va qonunosti aktlarini asos sifatida qo‘llab kelishmoqda. Fuqarolik kodeksining 187-moddasi talabiga ko‘ra, boshqa shaxsning egaligida bo‘lgan mulkka 15 yil ochiq, oshkora, halol egalik qilib, o‘z mulki kabi foydalanib kelgandagina mulk huquqi vujudga kelishi mumkin.

Davlatga tegishli bo‘lgan yer maydonini egallab noqonuniy qurilgan imoratlarga nisbatan
ushbu qonun normasini qo‘llab bo‘lmaydi.

Bundan ko‘rish mumkinki, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga egalik huquqini ma’muriy tartibda belgilashda huquqiy bo‘shliq mavjud bo‘lganligi sababli bunday imoratlarga egalik huquqini belgilashda turli hududlarda turlicha yondashuvlar, amaliyot shakllangan.

Yer mulk huquqining obyekti sifatida e’tirof etilsa-da, mulk huquqining barcha subyektlari ham mulkiy munosabatlarda yerning mulkdori sifatida ishtirok eta olmaydi. Yaqin davrga qadar yer uchastkasi oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya shartnomalarining predmeti bo‘lmagan, garovga qo‘yilmagan, ya’ni yerga nisbatan mutlaq mulkdor sifatida faqat davlat e’tirof etib kelingan. Fuqarolik kodeksining 214-moddasiga muvofiq yerlar respublika mulki hisoblanib keldi. 2021-yil avgust oyidan boshlab esa yer uchastkalari mulk sifatida kimoshdi savdolari orqali ochiqdan-ochiq sotilmoqda, sotib olgan shaxsda uni sotish, hadya qilish va garovga qo‘yish huquqlari vujudga keldi, ya’ni yer uchastkalariga bo‘lgan munosabat o‘zgardi. Holbuki, mulkka egalik qilish va undan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlar yer uchastkasi bilan bog‘liq holda kechar ekan, yerga nisbatan muayyan xususiyatlarni inobatga olgan holda egalik huquqi e’tirof etilishi zarur.

Bunday yondashuvlarning huquqiy mezonlarini belgilash uchun amaldagi qonunchilikka qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish lozim bo‘ladi. Masalan, Fuqarolik kodeksining 187-moddasiga aniqlik kiritish, boshqa shaxsning egaligida bo‘lgan mulklar doirasini kengaytirish maqsadga muvofiqdir. Yer uchastkasi ko‘chmas mulk obyekti hisoblangani sababli o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonida qurilgan imoratlarga ham Fuqarolik kodeksining 187-moddasini qo‘llash mumkin. Bunda boshqa shaxsning egaligida bo‘lgan mulkka davlat mulkining ham kiritilishi nazarda tutilishi mumkin.

Yer uchastkalariga nisbatan Fuqarolik kodeksining 187-moddasini qo‘llashning afzal tomonlari shundan iboratki, unda ikkita alohida shaxs o‘rtasida huquq va majburiyatlar kelib chiqadi. Xususan, yer uchastkasidan foydalanuvchi shaxsga umumiy da’vo muddati bilan 18 yil bo‘lgan muddatning vujudga kelishi unga nisbatan egalik huquqi paydo bo‘lishiga olib keladi. Yer maydoni umummilliy boylik bo‘lib, davlat mulki maqomiga ega. Davlat organlari esa yer uchastkalarini o‘zlashtirishga qarshi choralarni o‘z vaqtida ko‘rish, ularni nazorat qilish, yer uchastkalarini noqonuniy o‘zlashtirish holatlari ro‘y bergan taqdirda ularni o‘z vaqtida aniqlash va yer maydonini dastlabki holatga qaytarish choralarini ko‘rish kabi vazifalariga mas’uliyat bilan yondashishga majbur bo‘ladi. Bundan tashqari, taraflar o‘rtasida nizo kelib chiqqan taqdirda ham uni hal qilish oson kechadi. Oxir-oqibat respublikamiz hududida yer maydonlarini noqonuniy o‘zlashtirish holatlariga chek qo‘yilishiga olib keladi. Bu esa ham davlat manfaatiga, ham alohida subyekt bo‘lgan shaxs manfaatiga mos keladi.

Qayd etilganlarga ko‘ra, amaldagi Fuqarolik kodeksining 187-moddasi 1-qismini quyidagicha bayon qilish maqsadga muvofiq:

“187-modda. Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat Mulkdor bo‘lmagan, lekin ko‘chmas mol-mulkka, shu jumladan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonida qurilgan imoratlarga o‘n besh yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini oladi (egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat).”

Fuqarolik kodeksining 187-moddasining bunday to‘ldirilishi uy-joy sohasida amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, natijada uzoq muddatlardan buyon ko‘chmas mulkka ochiq, oshkora va halol munosabatda bo‘lib kelayotgan shaxslarning uy-joyga bo‘lgan huquqlari amalda ta’minlanadi. Ikkinchi tomondan esa davlatga tegishli bo‘lgan yer maydonlarining hisobi to‘liq yuritilishi bilan birga ularni nazorat qilish mexanizmi to‘liq ishlashiga erishiladi. Bir qarich yer ham xo‘jasizlarcha tashlab qo‘yilmaydi, balki undan maqsadli va unumli foydalaniladi.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga oid munosabatlarni tartibga soluvchi huquq manbalaridan biri sifatida bunday qurilmaga mulk huquqini e’tirof etishga oid alohida qonun normasini qabul qilish muhim ahamiyatga egadir.

Oxirgi paytlarda aholi punkti yerlarida va yakka tartibda qurilgan uy-joylar joylashgan mahallalarda ko‘p qavatli uy-joylar yoki ko‘p qavatdan iborat mehmonxonalar qurilmoqda. Ushbu holat qanchalik qonun normalari talablariga javob beradi degan savol tug‘ilishi tabiiy. Achinarlisi shundaki, ba’zi qurilish ishlari ruxsat beruvchi hujjatlarsiz qilinmoqda.

Amaldagi Shaharsozlik normalari va qoidalarining 3-bo‘lim 26-bandiga ko‘ra, turar joy va jamoat binolari orasidagi masofalar sifatida quyosh tushishi va yoritish, asosiy turar joy binolari va xonadonlar yonidagi hovlilarning ko‘rinish chegarasi normalari, shuningdek yong‘inga qarshi talablarga muvofiq keladigan eng kam masofalar qabul qilinishi lozim. Xususan, yong‘inga bardosh berishning I va II darajasi bo‘lgan turar joy, jamoat va yordamchi binolardan yong‘inga bardosh berishning I va II darajasi bo‘lgan ishlab chiqarish binolari va garajlarigacha eng kam masofalar 9 metr, polimer yoki yonuvchan materiallar qoplangan ishlab chiqarish binolarigacha – 15 metrdan kam bo‘lmasligi kerak4.

Turar joy va jamoat binolarini joylashtirish turar joy binolariga 22-martdan 22-sentabrgacha bo‘lgan davrda kuniga 2,5 soat davomida, yotoqxona, o‘yin va maktabgacha tarbiya muassasalarida 3 soat davomida uzluksiz quyosh tushib turishini ta’minlashi kerak.

Qayta qurish sharoitida xonalarga quyosh tushishi vaqti 0,5 soatga qisqarishi mumkin. Bundan tashqari, tomorqa uchastkalari bo‘lgan shaxsiy qurilishlarda quyidagi talablar ham qondirilishi talab etiladi: har qanday bino qurilishi qo‘shni uchastka egalari bilan kelishilishi; uy va xo‘jalik binolarining qo‘shni uchastkalardan ko‘rinish panaligi ta’minlanishi; o‘z hududidan muhandislik tarmoqlarini kiritish; piyoda-transport va muhandislik aloqalari, shuningdek umumiy foydalanishdagi ko‘kalamzorlarning saqlanishini ta’minlash; qo‘shnining uyiga quyosh tushishi normalarini ta’minlash5.

Biroq bunday talablar mavjudligini aholining aksariyat qismi bilmaydi. Shu boisdan ham shaxslar o‘z didi va mablag‘iga tayangan holda yakka tartibda uy-joylarni qurishmoqda. Ular uchun imorat qurishdan asosiy maqsad boshpanali bo‘lishdir.

Fikrimizcha, yuqorida qayd etilgan talablarni ommalashtirish va xalq uchun qulay tarzda yetkazish samara beradi.

Bundan tashqari, yakka tartibda qurilgan uy-joylar bilan noturar joy binolarini qurish o‘rtasida qat’iy masofani belgilash va buni amaldagi SHNQiga kiritish maqsadga muvofiq. Masalan, bundan buyon yakka tartibdagi uy-joylar bilan ko‘p qavatli noturar joy binolari o‘rtasidagi masofani kamida 30 metr etib belgilash taklif qilinadi.

Qonunchilikka bunday o‘zgartirish kiritishdan asosiy maqsad uy-joy sohasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni davom ettirish, shu yo‘l bilan avvalo fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning hayoti va sog‘lig‘i muhofaza qilinishiga erishishdan iboratdir.

Statistik ma’lumotga qaraganda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga egalik huquqini olish uchun my.gov.uz caytiga elektron shaklda murojaat qilgan shaxslar soni jami 894 542 ta. Shundan yangilari – 6 ta, jarayondagisi – 6890 ta, tugallangan – 594 779 ta, rad etilganlar – 168 736 ta, to‘lov jarayonidagisi – 107 914 ta, bekor qilinganlar soni – 16 217 ta6. Bundan ko‘rish mumkinki, hududimizda o‘zboshimchalik bilan qurilgan va maqomini aniqlash lozim bo‘lgan imoratlar soni ko‘pligicha qolmoqda.

Huquq to‘g‘risida nizo bo‘lmagan vaziyatda ruxsatsiz binoga sud tartibida egalik huquqini belgilash o‘ta mantiqsizlik hisoblanadi. Nega deganda, sud jarayoni uzoq muddat davom etishi va sud xarajati bilan bog‘liq bo‘lib, ba’zan qimmatga tushishi ham mumkin. Bunday masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishga mahalliy davlat hokimiyati organlari to‘liq vakolatlidir. O‘z navbatida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga egalik huquqini belgilashning sudsiz tartibi yer uchastkasini ajratib berishning mantiqiy davomi hisoblanadi. Shu o‘rinda turar joyga egalik huquqi va yer uchastkasini ijara huquqiga asosan qaysi vakolatli organ berishi mumkin degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Fikrimizcha, bunday mas’uliyatli vakolatni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga berish maqsadga muvofiq. Chunki, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 1-moddasi 3-qismida xalq deputatlari kengashi va hokim viloyat, tuman va shahar uchun umumiy bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish vazifalari amalga oshirilishini, joylarda qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan hujjatlar, yuqori turuvchi xalq deputatlari kengashlari va hokimlar qarorlarining ijrosini, O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasidagi aloqalarni, aholini viloyat, tuman va shaharni boshqarishga jalb etishni ta’minlashi belgilangan.

Bundan tashqari, mazkur qonunning 6-moddasiga binoan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashi o‘z vakolatlari doirasida yuridik kuchga ega bo‘lgan va viloyat, tuman, shahar hududida joylashgan barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiy bo‘lgan hujjat, ya’ni qarorlar qabul qiladi.

Shuningdek, qayd etilgan qonunning 10-moddasi 3-4-qismlariga ko‘ra, qonunda nazarda tutilgan hollarda, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari yer uchastkasini yoki uning bir qismini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish, yer munosabatlari sohasidagi boshqa masalalarni ham hal qilish vakolatiga ham ega.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga egalik huquqini belgilash haqidagi qonunda ushbu qonunning maqsadi va vazifalari, asosiy tushunchalar, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga egalik huquqini berish va yer uchastkasini ijaraga berishning tartibi va asoslari, ushbu jarayonlarni rasmiylashtirish bosqichlari, undiriladigan yig‘im miqdorlari, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni bartaraf etish va yer uchastkasini qaytarish, nizolarni hal qilish tartibiga oid normalar kiritilishi joiz.

Xususan, fuqarolar yakka tartibda uy-joy qurgan va o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkalari 6 sotixdan oshmaganda quyidagi asoslarga ko‘ra ijara huquqi e’tirof etilishi maqsadga muvofiq:

– agar ushbu yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga chiqarilmagan bo‘lsa;
– agar ushbu yer uchastkasidan foydalanishda manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lmasa;
– agar ushbu yer uchastkasi uchun soliqdan qarzlari bo‘lmasa.

Qonunda shuningdek, egalik huquqini belgilashda quyidagi holatlarga e’tibor qaratish lozim:
1) o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, jismoniy shaxslar tomonidan uzluksiz foydalanilayotgan yer uchastkalari, agar o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzmasa yoki fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasa, qonun hujjatlarida belgilangan me’yorlar (shu jumladan, har bir oilaga belgilangan me’yorlar) doirasida;

2) belgilangan tartibda berilmagan yer uchastkalarida qurilgan obyektlar mulkdori bo‘lmagan, lekin o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilib jismoniy shaxslar tomonidan foydalanilayotgan imoratlariga va yer uchastkasiga;

3) ko‘chmas mulk obyektlariga egalik huquqi mavjud jismoniy shaxslar o‘zi yashab turgan yer uchastkasida o‘zboshimchalik bilan qurgan qo‘shimcha imoratlarga;

4) jismoniy shaxslar tomonidan 2021-yil avgust oyiga qadar yakka tartibda uy-joy qurish, shaxsiy yordamchi xo‘jalik yuritish uchun foydalanib kelayotgan imoratlar va yer uchastkasiga huquqlarni belgilovchi hujjatlar saqlab qolinmagan bo‘lsa.

Shu bilan birga qonunda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilishi mumkin bo‘lmagan holatlar ham aniq ko‘rsatib o‘tilishi lozim. Xususan, aholi punktlarining bosh rejalari loyihalariga zid ravishda joylashgan imoratlarga; magistral quvurlar, temiryo‘l va avtomobil yo‘llari, elektr quvvati uzatish va aloqa liniyalarining qo‘riqlanadigan muhofaza zonalari, suv muhofazasi va sanitariya-himoya zonalarida, shuningdek aerodromlar hamda chiqindilar va boshqa zaharli moddalarni ko‘mish joylari yaqinida joylashgan imoratlarga; qonun hujjatlari bilan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda joylashgan imoratlarga; o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasida qurilgan imoratlar shaharsozlik normalari va qoidalarini buzib qurilgan bo‘lsa, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzsa yoxud fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirsa.

Qayd etish joizki, egalik huquqini tan olishning sudsiz tartibi faqatgina qurilish yoki rekonstruksiya qilishga ruxsatnoma bo‘lmagan taqdirdagina qo‘llanilishi lozim.

Bundan ko‘rinadiki, mahalliy hokimiyat vakillik organlari o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat saqlab qolinishiga yo‘l qo‘yishi mumkin. Shu sababli egalik huquqini belgilashning sudsiz tartibini joriy qilish maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga egalik huquqini e’tirof etish mahalliy hokimiyat organlarining vakolatlariga ham to‘liq mos keladi. O‘z navbatida, 2021-yil avgustdan boshlab yer uchastkalari e-auksion orqali sotilishi munosabati bilan ushbu yer maydonida qurilgan imoratlarda bunday muammolar yuzaga kelmasligi mumkin.

Biroq 2021-yil avgust oyiga qadar bo‘lgan yer maydonlarida qurilgan noqonuniy qurilmalar taqdirini qanday bo‘lmasin hal qilish davr talabidir.

Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari orqali o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga egalik huquqini tan olish tartibi, ayniqsa, yer uchastkasini quruvchi va egasi bitta shaxs bo‘lgan hollarda yanada oqilona va asosli ko‘rinadi. Bunday holda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni saqlab qolish masalasini hal qilish, imoratga egalik huquqini tan olish uchun ma’muriy tartib bo‘lishi afzalroqdir.

Fuqarolik kodeksining 212-moddasida ruxsatsiz binoga egalik huquqi sud tomonidan tan olinishi mumkinligi aytilgan. Biroq qonunda belgilangan boshqa tartibda egalik belgilanishi nazarda tutilmagan. Shu bilan birgalikda egalik sudsiz tartibda belgilanishi taqiqlanmagan. O‘zboshimchalik bilan qurilishga bo‘lgan huquqlar bunday qurilishni amalga oshirgan yer uchastkasining egasi tomonidan rasmiylashtirilishi mumkin. Bu bo‘yicha Fuqarolik kodeksining 212-moddasi 4-qismiga quyidagicha to‘ldirish kiritish taklif qilinadi:

“O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi mahalliy davlat hokimiyati
vakillik organlari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari tomonidan e’tirof etilishi mumkin”.

Fikrimizcha, tegishli talabga javob bergan imoratlarga egalik huquqini beruvchi normani Fuqarolik kodeksining 212-moddasida mustahkamlab qo‘yish maqsadga muvofiq. Nega deganda, endilikda bunday aksiya o‘tkazilmaydi. O‘zboshimcha qurilma egasi esa javobgarlikka tortilishi mumkin. Biroq ba’zi sabablar bilan bunday imkoniyatlardan foydalanmay qolgan shaxslar ham bor.

Xulosa qilib aytganda, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat alohida huquqiy rejimni talab qiladi. Shu bilan birga amaldagi qonun normalarini, ularni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha mexanizmlarni takomillashtirish davr talabi hisoblanadi. Zero, yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar inson va uning manfaatiga xizmat qilishi darkor.

Xurshida QURBONOVA,
Sudyalar oliy maktabi mustaqil tadqiqotchisi

 

1 tps://kun.uz/news/2021/01/14/aksiya-tugagan-ozboshimcha-va-noqonuniy-qurilmalar-egasi-endidan-javobgarlikka-tortilishi-mumkin.

2 https://lex.uz/docs/3694455.

3 Шаповалова Э.В. Рухсатсиз қурилиш натижаларини қонунийлаштириш / Қурилишнинг ҳуқуқий масалалари. 2015. № 2. 37-39-бетлар.

4 Давлат архитектура ва қурилиш қўмитаси томонидан 2009 йилда тасдиқланган Шаҳарсозлик нормалари ва қоидалари. 1-илова, 1-банди, 131-бет.

5 Шаҳарсозлик нормалари ва қоидаларининг 26-банди, 26-бет.

6 https://my.gov.uz/uz/service/229.

7 Бетчер В.А. Рухсатсиз биноларни қонунийлаштиришнинг бошқача тартиби: талаб қилинадиган зарурият / Омск университети бюллетени. “Тўғри” серияси. 2016. № 1. П.141.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa

2024-yil noyabr soni