HomeMaqolalarXalqaro investitsion nizolarni hal etishda muqobil usullar

Xalqaro investitsion nizolarni hal etishda muqobil usullar

Xalqaro investitsiya huquqi tizimi investitsiyalarni jalb qilish, amalga oshirish va ularning ustidan nazorat olib borishga oid ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalar majmui hisoblanadi.

O‘z navbatida, bu huquq tizimining asosiy vazifasiga investorlar va ularning investitsiyasiga qulay shart-sharoit yaratish, qonunda belgilangan tartibda himoya qilish, ularning faoliyatini huquqiy tartibga solish kiradi1.

Xalqaro miqyosda davlatlar munosabatlarida investitsiya masalasi bosh soha hisoblanadi. Chunki muayyan davlat iqtisodiyotining taraqqiy etishida chet ellik investorlar kapitali muhim ahamiyat kasb etadi.

Investitsiya faoliyatini tartibga solish uchun qo‘llaniladigan normalarni ifodalash shakllari investitsion huquq manbalari hisoblanadi. Xalqaro investitsiya huquqi manbalari ikki guruhga bo‘linadi:

– xalqaro-huquqiy manbalar;

– milliy-huquqiy manbalar.

Xalqaro-huquqiy manbalar davlatlar va boshqa xalqaro huquqning subyektlari imzolaydigan shartnomalar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi2.

Xalqaro bitimlarni imzolagan davlatlar ushbu bitimlardagi normalarga qat’iy amal qilishi lozim. Agarda bir davlat bu qoidalarga rioya qilmasa ogohlantiriladi hamda shartnomaga qo‘l qo‘ygan boshqa davlatlar tomonidan muayyan soha bo‘yicha cheklovlarga uchrashi mumkin.

Shartnomalar investorlarning huquqlarini munosib ravishda himoya qilishga qaratilgan yagona mexanizmni yaratadi. Davlatlarni kapital borasida xalqaro prinsiplarga rioya qilishga undaydi. Har bir chet ellik investor boshqa investorlar qatori bir xil mavqega ega bo‘lishni istaydi.

Xalqaro investitsion nizolar globallashgan iqtisodiyotda keng tarqalgan. Ko‘pincha investorlar va davlatlarning manfaatlari mos kelmaydi.

Nizolarni hal qilish ikki tomon uchun ham, xalqaro hamjamiyat uchun ham muhim oqibatlarga olib keladi. Quyida investor va mezbon davlatlarning nizolarni hal qilish usullarini ko‘rib chiqamiz.

Diplomatik muzokaralar sarmoya bilan bog‘liq nizolarni hal qilishda muhim rol o‘ynaydi. Chunki bunda investor bilan qabul qiluvchi davlat nizosini hal qilishning rasmiyatchiliksiz va ziddiyatlarsiz usuli taklif qilinadi. Nizolarni hal qilishning bu usuli ko‘pincha vositachining yordamida ishtirok etuvchilarning bevosita muloqotini tashkil qiladi.

Bunday diplomatik muzokaralar nizolarni hal qilishning boshqa usullari, masalan, xalqaro arbitraj yoki sud jarayoniga nisbatan bir qator afzalliklarga ega. Chunki bunda tomonlar tashqi qaror qabul qiluvchiga ehtiyoj sezmasdan kelishishadi.

Nizolarni hal qilishda moslashuvchan va moslashtirilgan yondashuv olqishlanadi3. Tomonlar xos sharoitlari, manfaatlari va tashvishlarini hisobga olgan holda muzokara olib borishadi. Bunday yondashuvda nizo ijodiy va innovatsion yechim topishi mumkin.

Diplomatik muzokara boshqa usullarga qaraganda kamroq xarajat va vaqt talab qiladi. Bu, ayniqsa, uzoq sud jarayonlarida qatnashish uchun moliyaviy resurslarga yoki vaqtga ega bo‘lmagan investorlar uchun juda muhimdir. Diplomatik muzokara investor va qabul qiluvchi davlat o‘rtasida iliq munosabatlarni saqlab qoladi. Bu hol kelajakda investitsiya imkoniyatlari uchun muhim4.

Tomonlarda kuch nomutanosibligi mavjud bo‘lsa diplomatik muzokaralar har doim ham muvaffaqiyatli chiqmaydi. Misol uchun, agar mezbon davlat investorga qaraganda ko‘proq savdolashish qobiliyatiga ega bo‘lsa, o‘zaro kelishuvga erishish qiyin bo‘ladi. Bundan tashqari, agar tomonlarning nizo bo‘yicha tubdan farqli qarashlari bo‘lsa yoki nizoni muzokara yo‘li bilan hal qilishda huquqiy yoki tartibga soluvchi to‘siqlar mavjud bo‘lsa, diplomatik muzokara samara bermaydi.

Xalqaro arbitraj nizolarni hal qilishning muqobil usuli hisoblanadi. Huquqiy nizoda tomonlar kelishmovchiliklarini sud tizimidan tashqarida hal qilishga rozi bo‘ladilar. Investitsion nizolar kontekstida xalqaro arbitraj investorlar va qabul qiluvchi davlatlar o‘rtasidagi nizolarni hal qilishning muhim vositasiga aylandi. Xalqaro arbitraj nizolarni hal qilishning adolatli, xolis va samarali usulini ta’minlaydi. Shuningdek, xalqaro investitsiyalarni rag‘batlantirish qobiliyatiga ham ega5.

Xalqaro arbitraj nizolarni hal qilish uchun neytral forumni tashkillashtiradi. Siyosiy qarash yoki milliy manfaat ta’siridagi milliy sudlardan farqli, xalqaro arbitrlarning tajribasi va xolisligi shaffof jarayonni yuzaga chiqaradi. Tomonlarga natijaga ishonch hosil qilish imkonini beradi. Xalqaro arbitraj – nizolarni hal qilishning xususiy, konsensual usuli. Unda tomonlar nizolarini xolis uchinchi shaxs (arbitr yoki hakamlik sudi)ga majburiy qaror qabul qilish uchun topshirishga rozi bo‘lishadi6.

Xalqaro arbitraj bir necha sababga ko‘ra milliy sudlarda da’vo ko‘rishdan afzalroqdir, jumladan:

  • betaraflik: xalqaro arbitrlar tajribalari va xolisligi asosida tanlanadi, qaror qabul qilish jarayoni tarafkashlikdan xoli bo‘ladi;
  • samaradorlik: xalqaro arbitraj odatda milliy sudlardagi jarayonga qaraganda tezroq va samarali kechadi;
  • moslashuvchanlik: tomonlar nizolarni hal qilishning qulay va tejamkor vositalarini izlaydi, boshqaruvchi qonunni, ish yuritish tilini va arbitraj joyini tanlaydi;
  • majburiylik: xalqaro arbitraj qarorlari Nyu-York konvensiyasiga muvofiq tan olinadi va ijro etilishi mumkin bo‘lib, tomonlar uchun aniqlik va bashoratlilik darajasini ta’minlaydi.

Mediatsiya investitsiya nizolarini hal qilishning ommalashyotgan usuli hisoblanadi. Bu usul majburiy bo‘lmagan va maxfiy jarayon bo‘lib, unda uchinchi neytral shaxs, vositachi tomonlar maqbul qarorga kelishi uchun muloqot va muzokara olib boradi. Investitsiya nizolarini hal qilishda vositachilik ham asosiy rolni o‘ynaydi.

Investitsion nizolarni hal etishda vositachilikning ahamiyati quyidagicha:

  • aloqalarni saqlab qolish: vositachilik tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarni saqlab qolishga yordam beradi, ayniqsa tomonlarning investitsiya nizolarida muhim ahamiyatga ega. Bu tomonlarga qaror qabul qilishda uchinchi shaxsga tayanmasdan, har ikki tomon uchun maqbul bo‘lgan yechimni topish uchun birgalikda ishlash imkonini beradi;
  • tejamkorlik: mediatsiya odatda nizolarni hal qilishning boshqa usullari, masalan, sud muhokamasi yoki arbitrajga qaraganda kamxarj. Bunda jarayon tez kechadi va kamroq resurslarni talab qiladi. Mediatsiya masofadan turib ham amalga oshiriladi;
  • moslashuvchanlik: mediatsiya tomonlarning ehtiyojlariga moslab qaror chiqaradi va yechim izlaydi.

Nizolarni hal qilishda Camisea gaz loyihasi misolida vositachilik usulini keltirish mumkin. Perudagi “Camisea” gaz loyihasi Peru hukumati va loyiha uchun mas’ul kompaniyalar konsorsiumi o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli kechiktirildi.

Nizoni hal qilish uchun vositachilikdan foydalanildi va loyihani oldinga siljitish imkonini beruvchi kelishuvga erishildi7.

Mediatsiya nizolarni hal qilishning majburiy bo‘lmagan va maxfiy vositasi, unda taraflarni muloqot va muzokaralar olib borishga sharoit yaratadigan neytral uchinchi shaxs, vositachi ishtirok etadi. Mediatsiya moslashuvchan va tejamkor usul ham, tomonlarga nizo bo‘yicha yechimlarni ishlab chiqishga imkon beradi.

Mediatsiya, shuningdek, tomonlarning munosabatlarini saqlab qolishga yordam beradi. Ayniqsa tomonlarning doimiy ish munosabatlariga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan investitsiya nizolarida muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, tomonlarda kuch muvozanati sezilarli hollarda vositachilik to‘g‘ri kelmasligi mumkin8.

Ko‘p taraflama xalqaro shartnomalar chet el investitsiyalarini jalb qilishda samarali hisoblanadi. Masalan, 1985-yil oktyabrda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruv a’zolarining yig‘ilishida “Investitsiyaga oid kafolatlarlar bo‘yicha ko‘p taraflama agentlik” (MIGA)ni tashkil etish haqida kelishuv imzolangan9. Bu agentlikning asosiy vazifasi konvensiya ishtirokchisi hisoblangan davlatlarga investitsiyalarini kiritishni rivojlantirish, rivojlanayotgan davlatlarga nisbatan ko‘proq investitsiya jalb qilishni rag‘batlantirish hisoblanadi. Qo‘shimcha ravishda ko‘char va ko‘chmas mulkka egalik qilish va tasarruf etish, xalqaro miqyosda shartnomalar tuzish va sudda da’vogar, javobgar sifatida ishtirok etish huquqi ham berilgan.

1965-yilda investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha yana ICSID konvensiyasi qabul qilingan.

ICSID nizolarni hal qilish bo‘yicha mustaqil, siyosatsiz va samarali institutdir. Uning asosiy vazifasi tomonlarni yarashtirish, vositachilik, arbitraj yoki faktlarni aniqlash yo‘li bilan hal qilishni nazarda tutadi10.

ICSID jarayoni xalqaro investitsion nizolar va ishtirok etuvchi tomonlarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish, investorlar va qabul qiluvchi davlatlar manfaatlari o‘rtasida ehtiyotkorlik bilan muvozanatni saqlash uchun ishlab chiqilgan.

Investorlar va davlatlar uchun mavjud nizolarning hal qilinishiga ishonchni ta’minlash orqali xalqaro investitsiyalarni rag‘batlantirishga yordam beradi. Mintaqaviy bitimlar muayyan bir geografik hududda joylashgan davlat tomonidan tuzilgan va shu hududda joylashgan davlatlar uchun majburiy ahamiyatga ega xalqaro shartnoma hisoblanadi.

Mintaqaviy bitimlarni tuzishdan asosiy maqsad shartnomani imzolayotgan muayyan davlatlarning manfaatlarini hisobga olishdir. O‘zbekiston mintaqaviy bitimlarni MDH davlatlari bilan imzolagan.

Dastlab MDH davlatlari bir-birining hududida faoliyatini milliy maqomdan foydalangan holatda amalga oshirgan. Mintaqaviy bitimlarning imzolanishi davlatlarga bir-biri bilan o‘zaro kelishilgan holatda barcha tomonlarning manfaatini ko‘zlagan holda foydali iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayotda uzoq vaqtga mo‘ljallangan dasturlarni amalga oshirishga imkon beradi.

Bu esa shartnomani imzolagan har bir davlatning infrastrukturasi rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shadi.

Birinchi BIT11lardan biri 1956-yilda Qo‘shma Shtatlar va Germaniya imzolagan Do‘stlik, savdo va navigatsiya to‘g‘risidagi shartnoma bo‘ldi12. Bu shartnoma xorijiy investitsiyalarni himoya qilish, shu jumladan xorijiy investorlarga munosabat va investitsiya nizolarini hal qilish bilan bog‘liq qoidalarni ichiga olgan. Vaqt o‘tishi bilan boshqa davlatlar ham xuddi shunday BITlarni qabul qilishdi. Hozir dunyoda 3000 dan ortiq BIT mavjud.

Investorlarni himoya qilish tamoyili xorijiy investorlar qabul qiluvchi mamlakatda mahalliy investorlar kabi huquqiy himoya va rejimga ega bo‘lishi kerak degan tushunchaga asoslanadi. Ushbu tamoyil ko‘plab BITlarda aks ettirilgan. Ularda mamlakatlardan xorijiy investorlarga adolatli munosabatni ta’minlashni talab qiladigan qoidalar kiritiladi.

Investorlarni himoya qilish tamoyili xalqaro investitsiya huquqining asosiy tamoyillaridan biridir. Ushbu tamoyil investorlarni qabul qiluvchi davlat kamsitish yoki o‘zboshimchalikdan himoya qilishini ta’minlashga qaratilgan. Ushbu tamoyil ko‘pincha ikki tomonlama investitsiya shartnomalarida (BIT) mustahkamlanadi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi bitimlar bo‘lib, ular bir mamlakat investorlarining boshqa mamlakatga investitsiya qilish qoidalari va shartlarini belgilaydi. Investorlarni himoya qilish prinsipi transchegaraviy investitsiyalar uchun barqaror va bashorat qilinadigan investitsiya muhitini yaratishga qaratilgan.

Investorlarni himoya qilish, xorijiy investorlarga munosabat va investitsiya nizolarini hal qilish tamoyillaridan tashqari, xalqaro investitsiya huquqining yana bir qancha o‘ziga xos tamoyillari mavjud.

Ekspropriatsiya prinsipi xalqaro investitsiya huquqining asosiy elementi bo‘lib, u xorijiy investorlarning mulklarini qabul qiluvchi davlat kompensatsiyalarsiz tortib olishidan himoya qiladi13.

Pulni erkin o‘tkazish prinsipi xalqaro investitsiya huquqining asosiy elementi bo‘lib, u xorijiy investorlarning mablag‘larini qabul qiluvchi davlatdan erkin va cheklovlarsiz o‘tkazish huquqini ta’minlaydi. Amalda bu tamoyil qabul qiluvchi davlat chet ellik investorlar tomonidan olingan foyda, dividendlar yoki boshqa moliyaviy aktivlarni repatriatsiya qilishda ortiqcha cheklovlar qo‘ymasligini bildiradi. “Técnicas Medioambiyentales Tecmed S.A.” ispan kompaniyasi va Meksika davlati o‘rtasidagi sud ishi mablag‘larni tekin o‘tkazish tamoyiliga misol bo‘ladi. Bunday holatda, Meksika hukumati pulni mamlakatdan tashqariga o‘tkazishga cheklov qo‘yganidan keyin NAFTA (Shimoliy Amerika erkin iqtisodiy zona shartnomasi)ning 11-bobi bo‘yicha ispan kompaniyasi Meksikaga qarshi da’vo qo‘zg‘atgandi14.

Tribunal Meksika da’vogarning daromadlarini vataniga qaytarish bo‘yicha asossiz cheklovlar qo‘yish orqali pulni bepul o‘tkazish tamoyilini buzganligini aniqladi, bu esa da’vogar uchun katta yo‘qotishlarga olib keldi. Tribunal “Tecmed”ga 16,7 million dollar tovon puli tayinladi15. Bu holat qabul qiluvchi davlatlar ushbu tamoyilni hurmat qilmasa, investitsion nizolar yuzaga kelishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Xulosa qilib aytganda, xalqaro investitsiya huquqi tamoyillari xorijiy investorlar va qabul qiluvchi davlatlar o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishda muhim ahamiyatga ega. Bu tamoyillar mutlaq emas va ularni qo‘llash har bir ishning o‘ziga xos faktlari va holatlariga qarab farq qilishi mumkin. Biroq ular xorijiy sarmoyalarni himoya qilish uchun asos yaratadi, shu bilan birga mezbon mamlakatlarning ichki siyosati va iqtisodiyotini tartibga solish huquqini tan oladi.

Abduaziz ISAQULOV,
Nyu-York shahridagi
Fardham universiteti doktoranti

 

1 Sornarajah, M. (2015). The international law on foreign investment. Cambridge University Press.

2 Dolzer, R., & Schreuer, C. (2012). Principles of international investment law. Oxford University Press.

3 United Nations Conference on Trade and Development (UNCTAD). (2015). Investment policy framework for sustainable development. Geneva: UNCTAD.

4 UNCTAD. (2018). World Investment Report 2018: Investment and new industrial policies. United Nations.

5 Salacuse, J. W., & Sullivan, N. (2005). Do BITs really work? An evaluation of bilateral investment treaties and their grand bargain. Harvard International Law Journal, 46(1), 67-130.

6 World Bank, “Investor-State Dispute Settlement: A Reality Check,” World Bank Group, 2017.

7 Douglas, Z., The International Law of Investment Claims, 2009.

8 McLachlan, C. and Others, International Investment Arbitration: Substantive Principles, 2nd ed., 2017.

9 Schreuer, C., Investments, International Protection, in Wolfrum, R. (ed.), Max Planck Encyclopaedia of Public International Law, 2013.

10 Gaillard, E., Identify or Define? Reflections on the Evolution of the Concept of Investment in ICSID Practice, in Binder, C. and Others (eds.), International
Investment Law for the 21st Century, 2009, pp. 403-416.

11 BIT – Bilateral Investment Treaty, ya’ni ikki tomonlama investitsion shartnoma.

12 Treaty between the United States and Germany Restoring Friendly Relations, 1956.

13 Paulsson, J., Arbitration Without Privity, ICSID Review – Foreign Investment Law Journal, 1995, pp. 232-257.

14 Sasson, M., Substantive Law in Investment Treaty Arbitration: The Unsettled Relationship Between International Law and Municipal Law, 2017.

15 Romanetti, A., Defining Investors: Who Is Eligible To Claim?, Journal of International Arbitration, 2012, pp. 231-254.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa