Hozir texnologiyalar rivojlanishi davrida insonning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish dolzarb hisoblanadi. Sha’n, qadr qimmat va ishchanlik obro‘si fuqarolik huquqining obyekti sifatida ko‘plab tadqiqotlarning predmetini tashkil qiladi. Shaxsiy nomulkiy huquqlarning himoyasi hamda ularning fuqarolik huquqiy himoyasi bilan bog‘liq masalalar nazariya va amaliyotda yechim kutmoqda.
Xususan, sha’n va qadr-qimmatning ijtimoiy, falsafiy tushunchasi, shuningdek, huquqiy kategoriya sifatidagi o‘zaro aloqasini aniqlash muhimdir. Shuningdek, sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini badnom qiluvchi ma’lumotlarni tarqatish va so‘z erkinligi chegaralarini ajrata bilish lozim. Hamda sha’n, qadr-qimmatning himoyasida ziyonni qoplash bilan bog‘liq masalalar yechilishi kerak.
Sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘si insonning tabiiy huquqlaridan hisoblanadi. Ular shaxsga tug‘ilganidan mansub bo‘lib, uni kamsitishga hech kim haqli emas. Jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi1 ning 1-moddasiga ko‘ra, barcha odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar. Deklaratsiyaning 5-moddasiga ko‘ra esa hech kim qiynoqqa yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni xo‘rlovchi muomala va jazoga duchor etilmasligi kerak.
1966-yil 16-dekabrdagi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi pakt2ning 17-moddasida hech kimning or-nomusi va sha’niga noqonuniy tajovuz qilinishi mumkin emasligi belgilangan.
Asosiy qonunimiz inson manfaatlarini muhofazasi uchun o‘ndan ortiq qoidani belgilaydi.
Ayniqsa, uning sha’n va qadr-qimmati himoyasini ta’minlashni kafolatlaydi. Xususan, Konstitutsiyaning muqaddimasida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan davlat barpo etish maqsadi alohida qayd etilgan. 13-moddada esa O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, ularning barchasi Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinishi mustahkamlangan. Qolaversa, 26-moddada insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsiz ekanligi, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi o‘rnatilgan. 31-moddada har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga egaligi belgilangan bo‘lsa, 60-moddaga ko‘ra fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa insonlarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburligi qayd etilgan.
Shu bilan bir qatorda, Asosiy qonunimizda ayrim kasb egalarining, xususan, advokat hamda o‘qituvchining sha’n va qadr-qimmatini himoyasiga alohida normalar ajratilgan. 142-moddada advokat, uning sha’ni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi va qonun bilan muhofaza qilinadi deb belgilangan, 52-moddada davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi o‘rnatilgan.
O‘zbek tilining izohli lug‘ati3da “sha’n”ning ikkita ma’nosi berib o‘tiladi. Sha’n – arabcha so‘z bo‘lib, ish; aloqa; munosabat; qadr-qimmat, obro‘; ahamiyat; manfaat degani. Birinchisi, insonga, shaxsga tegishli bo‘lgan qadr-e’tibor, ikkinchisi sharaf, shuhrat, obro‘ ma’nolarini bildiradi. Mazkur lug‘atga ko‘ra4, qadr – arabcha miqdor, o‘lchov, daraja, martaba, taqdir, qismat ma’nolarini anglatadi. Jamiyatda kishilar o‘rtasida tutgan o‘rni, o‘zgalar tomonidan bo‘lgan hurmat, e’tibor deb ta’riflangan.
Yuridik ensiklopediya5da sha’n, qadr-qimmat, ishchanlik obro‘sini himoya qilish – nomoddiy farovonlikni ta’minlash usuli deb tushuntirish berilgan.
O‘zbekiston Fuqarolik kodeksi 81-moddasida fuqarolik huquqlarining obyektlari ko‘rsatilgan
bo‘lib, ularga shaxsiy nomulkiy huquqlar va moddiy hamda nomoddiy boyliklar kiradi. 99-moddaga asosan shaxsiy nomulkiy huquqlarga shaxsning hayoti va sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi, ishchanlik obro‘si, shaxsiy hayotining daxlsizligi, xususiy va oilaviy siri, nomga bo‘lgan huquqi, tasvirga bo‘lgan huquqi, mualliflik huquqi kiradi.
Fuqarolik kodeksining 100-moddasida sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘si himoya qilinishiga oid qoida belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra fuqaro o‘zining sha’ni, qadr-qimmati yoki
ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar yuzasidan, basharti bunday ma’lumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga to‘g‘ri kelishini isbotlay olmasa, sud yo‘li bilan raddiya talab qilishga haqli. Manfaatdor shaxslarning talabiga ko‘ra fuqaroning sha’ni va qadr-qimmatini uning vafotidan keyin ham himoya qilishga yo‘l qo‘yiladi.
Ushbu moddada belgilanganidek, fuqaroning sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan bo‘lsa, ayni shu ommaviy axborot vositalarida raddiya berilishi lozim. Agar bunday ma’lumotlar tashkilotdan olingan hujjatda uchrasa, bu hujjat almashtirilishi yoki qaytarib olinishi kerak hamda boshqa hollarda raddiya berish tartibi sud tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunining 34-moddasi raddiya berish va javob qaytarish huquqiga oid normalarni mustahkamlaydi. Unga ko‘ra, yuridik yoki jismoniy shaxs ommaviy axborot vositasida e’lon qilingan, haqiqatga mos kelmaydigan hamda o‘zining sha’ni va qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlovchi ma’lumotlar uchun raddiya berishni tahririyatdan talab qilishga haqlidir. E’lon qilingan material tufayli huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan yuridik va jismoniy shaxslar mazkur ommaviy axborot vositasida raddiya yoki javobni e’lon qilishga haqlidir. Raddiya yoki javob uning berilishiga sabab bo‘lgan material bosilgan ayni o‘sha sahifada maxsus ruknda e’lon qilinishi kerak. Raddiya yoki javob gazetalarda ular olingan kundan e’tiboran bir oy ichida, boshqa davriy nashrlarda navbatdagi sonda e’lon qilinishi shart.
Teleradio, video, kinoxronikal dasturlar va ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa elektron shakllari tahririyati tomonidan olingan raddiya yoki javob aynan o‘sha dastur yoki turkumda, kelgan kunidan e’tiboran bir oydan kechiktirmay efirga beriladi.
Agar raddiya yoki javobni e’lon qilish hajmi va vaqti ommaviy axborot vositasining faoliyatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lsa, matnni axborot manbayi yoki muallif bilan kelishilgan holda asoslangan tahrir qilishga yo‘l qo‘yiladi. Ommaviy axborot vositasi raddiyani, javobni e’lon qilishdan bo‘yin tovlasa yoxud ularni e’lon qilish uchun belgilab qo‘yilgan muddatni buzsa, yuridik yoki jismoniy shaxs da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
Fuqarolik kodeksining 1021-moddasi 2-qismiga binoan agar zarar qadr-qimmat va ishchanlik obro‘-e’tiborini haqoratlovchi ma’lumotlarni tarqatish tufayli yetkazilgan bo‘lsa, ma’naviy zarar uni yetkazuvchining aybidan qat’i nazar qoplanishini nazarda tutish lozim.
Ma’naviy (mulkiy bo‘lmagan) zararning miqdorini belgilashda sud fuqaroning sha’ni, qadr-qimmatini oyoqosti qilgan, obro‘sini to‘kkan maqolaning mazmuni va mohiyatini, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni e’lon qilgan ommaviy axborot vositasi yoki muayyan shaxsning ayb darajasini, shu maqola bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa e’tiborga molik holatlarni hisobga oladi.
Fuqarolik kodeksining 1022-moddasiga muvofiq ma’naviy zararni qoplash miqdorini aniqlashda sudlar jabrlanuvchiga yetkazilgan ma’naviy zararning og‘irligiga subyektiv bahosi, shuningdek, da’vogarning jismoniy va ma’naviy azoblarining darajasini tasdiqlovchi obyektiv ma’lumotlar xususiyati va haqoratlovchi yolg‘on ma’lumotlar tarqatilgan doirani hamda boshqa ahamiyatga molik holatlarni e’tiborga olishlari kerak.
Eng muhimi, O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining 163-moddasiga asosan sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlarga raddiya berish haqidagi talablarga da’vo muddati tatbiq qilinmaydi.
Da’vo qanoatlantirilgan taqdirda, sud hal qiluv qarorining xulosa qismida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarga raddiya berish usulini ko‘rsatishi shart. Raddiya aynan shu haqiqatga zid ma’lumotni bosib chiqargan ro‘znomada yoki boshqa ommaviy davriy nashrda e’lon qilinishi lozim. Sud hal qiluv qarorida beriladigan raddiya matnini bayon qiladi va u e’lon qilinadigan muddatni ko‘rsatadi.
Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar tashkilot tomonidan berilgan hujjatda ifodalangan bo‘lsa, sud hal qiluv qarorida bunday hujjatni almashtirish majburiyatini o‘sha tashkilotga yuklashi lozim.
Sud har bir ishning aniq holatlaridan kelib chiqib, javobgarga ko‘pchilik oldida kechirim so‘rash, tarqatilgan ma’lumotlarning noto‘g‘ri ekanligini yig‘ilishda e’lon qilish, da’vogarni badnom qiluvchi ma’lumot xabar qilingan tashkilotga raddiya yozib yuborish majburiyatini yuklatishi mumkin.
Oliy sud plenumining 2000-yil 28-apreldagi “Ma’naviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori6 da ma’naviy zarar jabrlanuvchiga qarshi sodir etilgan huquqbuzarlik harakati (harakatsizlik) oqibatida u boshidan kechirgan (o‘tkazgan) ma’naviy va jismoniy (kamsitish, jismoniy og‘riq, zarar ko‘rish, noqulaylik va boshqa) azoblar ekanligi tushuntiriladi. Shuningdek, qarorda qanday harakatlar qonunga xilof bo‘lishi va ma’naviy zarar qanday namoyon bo‘lishiga doir ta’riflar keltirilgan.
G‘ayriqonuniy harakatlar (harakatsizlik)ning obyekti fuqaroga tug‘ilgan vaqtidan buyon va qonunga muvofiq tegishli bo‘lgan nomoddiy manfaatlari (hayoti, sog‘lig‘i, shaxsning qadr-qimmati, ishchanlik obro‘-e’tibori, shaxsiy hayotning daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy siri), shaxsiy nomulkiy huquqlari (o‘z nomidan foydalanish huquqi, mualliflik huquqi va boshqa nomulkiy huquqlarning intellektual faoliyat natijalarini qonunlarga ko‘ra huquqiy muhofaza qilish) va mulkiy huquqlari (uy-joy daxlsizligi, mulk huquqi va boshqalar)ning buzilishi bo‘lishi mumkin.
Fuqarolik huquqlarining obyekti sifatida sha’n hamda qadr-qimmat va ishchanlik obro‘siga putur yetkazish tushunchalarini aniqlashtirish muhim sanaladi. Bu borada milliy va xorij sivilist olimlarining fikrlari va keltirib o‘tgan ta’riflarini tahlil qildik.
Ilmiy tadqiqotlar va ilmiy adabiyotlarda olimlarning fikrlari turli va bahsli ekan. Bir guruh olimlar7 mazkur tushunchalarning qonunda ta’riflarini berib o‘tish shart emas deb hisoblasalar, boshqalari8 sha’n, qadr-qimmat, ishchanlik obro‘si huquqiy mazmun-mohiyatga ega ekanligi haqida fikr yuritadilar.
Akademik H. Rahmonqulov fuqarolik huquqlarining obyekti haqida quyidagi tushunchalarga ta’rif berib o‘tadi. Nomoddiy ne’matlar insonning ijtimoiy muhitda mavjudligi bilan bog‘liq va unga qonunga muvofiq tegishli hisoblanadi. Bu sha’n va qadr-qimmat, shaxsiy va oila siri kabilardir.
Inson boshqalarda o‘ziga tegishli bo‘lgan sifatlari bilan, ijtimoiy burchini ado etish darajasi bilan qiziqish uyg‘otadi. Insonda boshqa odamlarga nisbatan hurmat, xayrixohlik, oliyjanoblik, mehr-shafqat tuyg‘ulari va boshqa ijobiy xususiyatlar qanchalik rivojlangan bo‘lsa, jamiyat uchun u shunchalik ko‘proq qimmatga ega bo‘ladi va sha’n, qadr-qimmat, ishchanlik obro‘si kabi axloqiy mezon yordamida shunchalik yuqori baho oladi. Inson qardr-qimmatining shakllanishida uning o‘z atrofidagi borliqqa munosabati, o‘z tevaragidagi jamoa bilan o‘zaro munosabati muhim hisoblanadi. Jamiyat har bir alohida shaxsga baho berishida inson qadr-qimmati mezon bo‘lib hisoblanadi. Sha’n deganda insonga beriladigan muayyan ijtimoiy baho yoki uning qadr-qimmatining boshqa kishilar ongidagi in’ikosi anglanadi.
Fuqaroning sha’ni va qadr-qimmati bilan bir qatorga uning ishchanlik obro‘si qo‘yilgan. Bu narsa faqat fuqarolar uchungina xos bo‘lmay, balki yuridik shaxslarga ham tegishlidir. Bozor va raqobat sharoitida obro‘-e’tibor tadbirkorlik dunyosida yuqori baholanadi. Ishchanlik obro‘si fuqaroning yoki yuridik shaxsning kasbiy, ishlab chiqarish, vositachilik, savdo va boshqa faoliyati jarayonida shakllanadi9.
Sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘si bilan bog‘liq ilmiy yondashuvlarni uch turga ajratish mumkin:
Birinchi guruh olimlarining yondashuviga ko‘ra, sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘si turli xildagi kategoriyalar hisoblanadi.
Ikkinchi turdagi yondashuvga ko‘ra esa ular o‘zaro bog‘liq tushunchalardir. Ushbu yondashuv tarafdorlari Y.V.Molochkov, M.N.Maleinalar hisoblanadi.
Uchinchi yondashuv tarafdorlari fikrlariga ko‘ra mazkur tushunchalar orasida hech qanday tafovut yo‘q. Ushbu yondashuv tarafdori A.M.Erdelevskiy “sha’nga bo‘lgan huquq” va sha’n tushunchalari o‘rtasidagi farqlarni tahlil qilar ekan, sha’nga bo‘lgan huquqning subyektiv va obyektiv jihatlarini ochib beradi.
Sha’n subyektiv jihatiga ko‘ra davlat tomonidan har bir shaxsga tegishli bo‘lgan himoya qilinadigan qadr-qimmatidir. Sha’nning obyektiv tomoni esa shaxsning yaxshi nomi va obro‘si bu tashqi tomondan insonga berilgan bahodir deb ta’kidlaydi. Olim fikriga ko‘ra, ushbu tushunchalar o‘zaro tavofutga ega emas.
Bundan tashqari yana qator olimlar tomonidan sha’n, qadr-qimmat tushunchalari yuqoridagi uch yo‘nalishdan tashqari turlicha talqin qilinganligini va bu borada yagona yondashuvning mavjud emasligini ko‘rishimiz mumkin. Bularga S. V. Narijniy, L. O. Krasavchikova, N. K. Rudiylarning ishlari misol bo‘la oladi. Misol uchun L.O. Krasavchikova10 qadr-qimmat deganda shaxsning axloqiy, ishchanlik va boshqa ijtimoiy xususiyatlari ekanligini aytib o‘tadi. N. K. Rudiy11 esa qadr-qimmat deganda shaxsning jamiyat oldidagi burchi, dunyoqarashi, shaxsiy sifatlari, qobiliyatlariga va ijtimoiy muhimligiga nisbatan o‘ziga o‘zi bergan bahosidir deb ta’rif beradi.
Shu bilan birga, yuridik adabiyotlarda sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘si bilan bog‘liq tadqiqotlarning yana boshqa mazmundagi ikki yo‘nalishga ajralishini ko‘rish mumkin. Bir guruh olimlar sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini fuqarolik huquqiy himoya obyekti sifatida fuqarolik huquqi metodologiyasi nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda o‘rganganlar. Ikkinchi guruh olimlar kasbga oid sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘si bilan bog‘liq masalalarni tahlil qiladilar12. Misol uchun, Y. G. Komissarova, S. N. Shatilovich, A. S. Kondrashkinlar ta’rifi bo‘yicha sha’n mustaqil huquqiy kategoriya bo‘lib, o‘z huquqiy asosini fuqarolik huquqidan oladi, ma’muriy va jinoiy himoya tizimlari esa ushbu tushunchadan kelib chiqib o‘z choralarini belgilaydilar13.
A. Xolmatov ta’kidlab o‘tganidek, sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘siga bo‘lgan huquq avvalo fuqaro yoki yuridik shaxsning o‘zini o‘zi va ijtimoiy ahamiyatli bo‘lgan ma’naviy, ishchanlik va boshqa xususiyatlarini baholab, jamiyatdagi mavqeyini belgilab beruvchi huquqdir. Bu xususiyatlarni obyektiv va subyektiv baholash mumkin va ularning har biri agarda haqiqatga mos bo‘lgan faktlarga asoslansa mavjud bo‘lish huquqiga ega14.
Sha’n, qadr-qimmat kategoriyalarining mohiyatini ochib berishda shaxsning subyektiv bahosi va xislatlarini ko‘rib chiqish lozim bo‘ladi.
A. M. Erdelevskiy15 sha’n haqida fikr yuritar ekan, quyidagicha ta’rif beradi: “jamoat fikrida shaxsning ijobiy xislatlari namoyon bo‘lishi”dir.
A.L. Anisimov16 va A.A.Vlasov17larning ta’riflariga ko‘ra, sha’n deganda fuqaroning ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy xislatlarining me’yori, shaxsga nisbatan ijtimoiy baho deb ta’riflagan.
A. A. Vlasovning ta’kidlashicha, sha’n va qadr-qimmat axloqiy tushunchalar bo‘lishi bilan bir qatorda, huquqiy xususiyatga ega, bir-biri bilan chambarchas bog‘liq va ko‘pincha axloq hamda huquqda yagona toifalar juftligi sifatida qaraladi. Biroq doimiy o‘zaro ta’sirda bo‘lgan holda, ular farqlarga ega.
Bu tushunchalar orasidagi asosiy farq “agar sha’n umume’tirof etilgan axloqiy va huquqiy me’yorlarni amalga oshirish natijasida jamiyat tomonidan shaxsning tan olinishi, hurmat qilinishi darajasini belgilasa, qadr-qimmat barcha odamlarning bunga erishish imkoniyati tengligini nazarda tutadi”18.
Yuridik adabiyotlarda ishchanlik obro‘si va obro‘ tushunchalari bir-biridan farqlanishi haqida fikr bildiriladi19. Shuningdek fuqaroning ishbilarmonlik obro‘sini talqin qilgan holda, yakka tartibdagi tadbirkorlar ham, boshqa shaxslar ham (ishchilar, muhandislar, o‘qituvchilar, shifokorlar, ijodiy kasb egalari va boshqalar) teng darajada ishchanlik obro‘siga ega ekanligi ta’kidlanadi20.
Biz ham ana shu yondashuvlar tarafdorimiz va bu borada fuqarolik huquqlarining himoya obyekti sifatida ishchanlik obro‘sining tor nuqtayi nazardan talqin qilinishini ta’kidlamoqchimiz. Shu nuqtayi nazardan, obro‘ va ishchanlik obro‘si tushunchalari o‘rtasida keskin farq bor. Obro‘-e’tibor shaxsning ijtimoiy ahamiyatli sifatlariga asoslangan, u haqdagi mavjud fikrlardir. Ishchanlik obro‘si esa shaxsning kasbiy xususiyatiga, mahoratiga berilgan bahodir21.
Fuqaroning yoki muayyan kasb egasining obro‘-e’tibori masalasi e’tiborli sanaladi. Xususan,
A. L. Anisimov22ning fikricha, fuqaroning ishchanlik obro‘si uning malaka darajasi va kasbiy faoliyatining xususiyatlari bilan belgilanadi.
Fuqaroning ishchanlik obro‘sining batafsil talqini A. E. Sherstobitov tomonidan berilgan, bu uning kasbiy fazilatlariga bog‘liq. Shuni hisobga olib, ta’kidlash kerakki, yakka tartibdagi tadbirkorlar ham, boshqa shaxslar ham (ishchilar, muhandislar, o‘qituvchilar, shifokorlar va boshqalar) ishchanlik obro‘siga ega.
YUQORIDAGI TAHLILLARDAN KELIB CHIQIB QUYIDAGI XULOSALARNI KELTIRIB O‘TISHNI JOIZ DEB TOPDIK:
birinchidan, fuqarolik qonunchiligining doimiy takomillashtirib borilishiga qaramasdan sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘si ham normativ, ham huquqni qo‘llash amaliyotida o‘z yechimini kutib turgan muammolardan sanaladi;
ikkinchidan, qonunchilikda sha’n, qadr-qimmat, obro‘, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish kabi tushunchalarning yuridik ta’rifi keltirib o‘tilmagan. Bu o‘z navbatida sud amaliyotida sha’n va qadr-qimmatning himoyasi bo‘yicha yaxlit yondashuv mavjud emasligini ko‘rsatadi. Sudlardan har bir ishni ko‘rib chiqish jarayonida alohida holatda sha’n va qadr- qimmat toptalganligini aniqlash talab etiladi;
uchinchidan, ilmiy tadqiqotlarning ham bu borada kamligi hamda yetarli darajada o‘rganilmaganligini aytib o‘tish lozim. Huquqshunos olimlar o‘rtasida mazkur tushunchalar bo‘yicha yakdil ta’rif yetarli darajada ishlab chiqilmagan. Shu bilan bir qatorda ushbu tushunchalar huquqiy tabiatining zaifligi, ularning falsafiy, axloqiy va baholovchi xarakterda ekanligi ham ularning huquqiy ta’rifi mavjud emasligini ko‘rsatib beradi;
to‘rtinchidan, sha’n, qadr-qimmat, ishchanlik obro‘si bilan bog‘liq masalalarning tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu uch toifadagi tushunchalar turli talqindagi kategoriyalar hisoblanadi. Sha’n va qadr-qimmatni axloqiy, huquqiy, falsafiy va psixologik kategoriyalar sifatida o‘rganish hamda talqin etish mumkin. Ishchanlik obro‘si esa tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq holda ko‘proq talqin qilingan.
Bahodir ULUG‘BEKOV,
IIV Malaka oshirish instituti boshlig‘i o‘rinbosari,
Kasbiy tayyorgarlik fakulteti boshlig‘i
1 https://constitution.uz/uz/pages/humanrights.
2 https://lex.uz/docs/2640479.
3 Ўзбек тилининг изоҳли луғати. Ш-ҳарфи. “Ўзбекистон миллий энциклопедияси”. – Т.: 2006-2008 й. – 559 б.
4 Ўша манба, Қ-ҳарфи. 207-б.
5 Юридик энциклопедия/Юридик фанлар доктори, профессор. У. Таджиханов умумий таҳририда. – Т.: Шарқ. 2001. – 448-б.
6 Олий суд пленумининг 2000 йил 28 апрелдаги “Маънавий зарарни қоплаш ҳақидаги қонунларни қўллашнинг айрим масалалари тўғрисида”ги 7-қарори// https://lex.uz/docs/1449509.
7 Копьев В.В.Компенсация морального вреда чести и деловой репутации юридических лиц//Закон. 2004. №4 С.116.
8 Власов А.А. Особенности судебной защиты чести, достоинства и деловой репутации.// Юрист.2005 №1 С.54.
9 Ўзбекистон Республикаси Фуқаролик кодексига шарҳ. 1-жилд (биринчи қисм) Адлия вазирлиги. – Т.: “Vektor-Press”, 2010.– 281- б.
10 Красавчикова Л.О. компенсация морального вреда субъектам экономической деятельности в случаях причинения вреда их деловой репутации//Юридический мир.-2008.-№8.-12 с.
11 Рудый Н.К. Правовая характеристика чести, достоинства и репутации. // Юрист-2008.-№3-13 с.
12 Клеандров М.И. Статус судьи: правовой и смежные компоненты/под.ред. М. М. Славина. М.: Норма, 2008.258 с.,
13 Комиссарова Е.Г., Шатилович С.Н, Кондрашкин А.С. Честь как гражданско-правовое понятие и честь профессиональная: проблема связи и соотношения. //Вестник Пермского университета.2015,С.64-70.
14 Холматов А. Шахсий номулкий ҳуқуқларни фуқаролик ҳуқуқий ҳимоя қилиш. Оммабоп рисола. Тошкент, ТДЮИ нашриёти, 2011. 99 -б.
15 Эрделевский А.М. Компенсация морального вреда: анализ и комментарий законодательства и судебной практики (3-е издание). – “Волтерс Клувер”, 2004 г. С.16.
16 Анисимов А.Л. Гражданско-правовая защита чести, достоинства и деловой репутации по законодательству РФ-М.: С.4.
17 Власов А.А. Проблемы судебной защиты чести, достоинства и деловой репутации.-М.: 2000. с.17.
18 Власов А.А. Проблемы судебной защиты чести, достоинства и деловой репутации.-М.2000. с.14.
19 Беспалов В. “Честь, достоинство и деловая репутация как объекты гражданских прав” автореф.дисс. канд. юрид. наук. Краснодар 2004. 28 с.
20 Гражданское право: В 4.т. Вещное право.наследственное право. Исключительные права. Личные неимущественные права: Учебник (том 2).под. ред. Е.А.Суханова -М.: ВолтерКлувер,2005.
21 Холматов А. Шахсий номулкий ҳуқуқларни фуқаролик ҳуқуқий ҳимоя қилиш. Оммабоп рисола. Тошкент, ТДЮИ нашриёти, 2011. 99 -б.
22 Анисимов А.Л. Гражданско-правовая защита чести, достоинства и деловой репутации по законодательству РФ-М.: С.18.