Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi xalqimizning huquq va manfaatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish, turli ovoragarchiliklarining oldini olishdan iboratdir.
Bu borada fuqarolarning davlat organlariga murojaatlari fuqarolik jamiyatining muhim shakli hisoblanadi. Chunki mazkur jarayon davlatning fuqaro bilan “chambarchas aloqa” o‘rnatish vositasi sanaladi. Xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq murojaat qilish har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqidir.
Aslida davlat hokimiyati organlari fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirishdan manfaatdor hisoblanadi. Sababi bu vosita odamlarning hukumat vakillariga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Fuqarolarning murojaati shaxs huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish, davlat apparati va aholi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashning eng muhim va zaruriy vositalaridan biridir. Aholining murojaat yo‘llash huquqi davlat hokimiyati va boshqaruvi, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladigan ijtimoiy-siyosiy instrumentdir.
Davlat organlariga murojaatlar va ularga javob berish majburiyati ko‘plab ijtimoiy nizolarni hal qilishga, ommaviy norozilikning oldini olishga va shaxslarning huquqlarini himoya qilishga yordam beradi. O‘zbekiston Konstitutsiyasi fuqarolarning shaxsan murojaat qilish, shuningdek, davlat va mahalliy hokimiyat organlariga individual va jamoaviy murojaatlar yuborish huquqini mustahkamlaydi.
Ushbu huquq O‘zbekiston Prezidentigacha bo‘lgan istalgan organga va har qanday mansabdor shaxsga so‘rov, shikoyat yoki taklif bilan murojaat qilish imkoniyatini va mansabdor shaxsning ushbu murojaatga javob berish majburiyatini nazarda tutadi.
Davlat organiga murojaat yuborish orqali fuqaro u bilan muayyan huquqiy munosabatga kirishadi. Murojaatning asl maqsadi zamirida mansabdor shaxsning harakati yoki harakatsizligini baholash, unga qonuniy chora ko‘rish istagi yotadi.
Fuqaroning murojaati — davlat organiga, mahalliy davlat hokimiyati organiga yoki mansabdor shaxsga yuborilgan yozma taklif, ariza yoki shikoyati, og’zaki murojaatidir.
Shuni alohida taʼkidlab o‘tish joizki, Аdliya vazirligi va uning quyi tuzilmalari xalqimizning dardu tashvishlarini o‘ylab, aholi va tadbirkorlarga samarali xizmat ko‘rsatishni asosiy vazifa qilib belgilagan.
Bosh qonunimizning 40-moddasida har kim bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanligi hamda murojaatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shartligi qatʼiy belgilab qo‘yilgan. Har bir murojaat zamirida insonlar taqdiri yotadi.
Shu sababli Аdliya vazirligi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi va qonuniy hal etilishiga asosiy eʼtibor qaratilib kelinmoqda.
Bu borada raqamlarga murojaat etsak, o‘tgan davr mobaynida adliya organlari va muassasalariga jami 32478 ta (shundan 14695 tasi ariza, 17727 tasi shikoyat va 56 tasi taklif) murojaat kelib tushgan bo‘lib, ijroga qaratilgan murojaatlarning barchasi nazoratga olingan holda 28467 tasi, yaʼni 87,6 foizi qonuniy hal etildi.
Vazirlik va uning tizimiga hisobot davrida kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinganda, ularning aksariyati mehnat nizolari (oylik ish haqini olish), ish haqi, uy-joy bilan taʼminlash, uy-joy buzilishi va buzilgan imoratlarga nisbatan kompensatsiya to‘lovlarini undirish, yerga doir qonun hujjatlariga oid, tadbirkorlik, pensiya, moddiy yordam, bola puli, nafaqa masalalari, notariat sohasiga oid, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida, sud qarorlari, boshqa tashkilotlar xodimlari xatti-harakatidan noroziligi, advokatura faoliyatiga oid muammoli masalalar haqida ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish davomida aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha 6356 ta taʼsir chorasi ko‘rildi, natijada 335 nafar shaxs maʼmuriy hamda 506 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilishi taʼminlandi, 35 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Bekor qilingan yoki ijrosi to‘xtatilgan hujjatlar 3427 tani tashkil qiladi.
Shu bilan birga, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida sudlarga 108 mlrd 323 mln 836 ming so‘mlik 4007 ta daʼvo kiritilib, 125 mlrd 796 mln 958 ming so‘mlik daʼvolar qanoatlantirildi. Natijada fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi.
Misol uchun, Payariq tumani adliya bo‘limiga 2022-yil 15-dekabr kuni fuqaro Аralov Iskandar murojaat qilib, unda “Nigor NV” MChJga 2007-yil 25-sentabrdagi 50-mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderiga asosan, Payariq shahri O.Quvvatov ko‘chasidan garaj binosi qurish uchun 1,155 ga yer maydoni ajratilganligini, tuman hokimining 2019-yil 18-yanvardagi 46-Q-qaroriga asosan Payariq shahri Go‘zal mahallasi hududida joylashgan fuqarolarga tegishli 8 ta uy-joy buzilib yerni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarib olingani va shu bilan birga “Nigor NV” MChJga tegishli bo‘lgan 0,8 ga yer va ushbu yerda qurilgan garaj va ayvon buzib tashlanib, tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilganligi, biroq tuman hokimligi tomonidan kompensatsiya to‘lab berilmaganligi bayon qilingan.
Payariq tumani adliya bo‘limi tomonidan daʼvo arizasi kiritilishi natijasida Payariq tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 17-martdagi hal qiluv qaroriga asosan daʼvo qisman qanoatlantirilib, “Nigor NV” MChJga jami 405 027 346 so‘m moddiy zarar undirilishi taʼminlangan.
Xalqaro tajribaga nazar solsak, aksariyat mamlakatlar fuqarolarning davlat organlariga ariza berish yoki shikoyat qilish huquqini ta’minlaydi. Biroq Buyuk Britaniya va Amerika Qo‘shma Shtatlarida Bosh vazir va Prezident devonxonasi mos ravishda fuqarolarning shikoyatlarini ko‘rib chiqadi, shunga qaramay, Amerikada faol guruhlar va tashkilotlar turli masalalar bo‘yicha petitsiyalarni topshirishda faol ishtirok etadilar. Daniya, Estoniya, Polsha, Shvetsiya va Kiprdan tashqari Yevropa ittifoqiga a’zo barcha davlatlar, Shotlandiya va Yevropa parlamentida murojaat yo‘llash jarayonining alohida turi mavjud. Bu mamlakatlarda davlatga murojaat qilish huquqi asosan davlatning qonunchilik kuzatuvi va nazorati funksiyalarining bir qismi sifatida tushuniladi. Shunday qilib, murojaat yoki shikoyat qilish huquqining doirasi davlat organi – parlament va qonun chiqaruvchilarga bog‘liq. Buni quyidagicha tushuntirish mumkin.
Masalan, murojaatda yangi shifoxona qurish so‘ralgan bo‘lsa yoki maktabning yopilishiga norozilik bildirilgan bo‘lsa, aslida fuqarolar parlamentning o‘zidan shifoxona qurishni yoki maktabni saqlab qolishni so‘ramaydi (bunday masalalar ijro hokimiyatining vakolatiga kiradi). Aslida bunday murojaatlarda fuqarolar parlamentdan o‘z nazorat funksiyalarini amalga oshirishni so‘rashadi, ya’ni vakolatli vazirliklarga savollar yo‘llab, javob talab qiladilar, bunda parlament a’zolari bilan masalani yuzma-yuz muhokama qilish mumkin.
Murojaatlarni qabul qilish hamda muammolarni batafsil o‘rganishning samarali usuli bo‘lgan sayyor hamda shaxsiy qabullarni tashkil etishga ham vazirlik rahbariyati hamda hududiy adliya organlari va muassasalari rahbarlari, masʼul xodimlari tomonidan alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Xususan, o‘tgan davr mobaynida birgina Аdliya vazirligi rahbariyati tomonidan jami 581 nafar (2022-yil I choragida 180 nafar, 401 nafarga ortgan) jismoniy shaxs va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilingan hamda masalalarning aksariyati ijobiy hal etilgan.
Murojaatning maqsadi, qoida tariqasida, fuqaroning shaxsiy manfaatlariga qaratilgan bo‘lishiga qaramay, uning murojaati oqibatlari, aksariyat hollarda, ommaviy-huquqiy ahamiyatga ega hisoblanadi. Yakka shaxs o‘z muammosini bayon qilish orqali jamiyatning boshqa a’zolari ham duch kelishi mumkin bo‘lgan muammoga yechim topishga xizmat qiladi. Murojaatlar orqali jamiyatni qiynaydigan muammolarga qanday yechim topish mumkinligini quyidagicha tahlil qilish mumkin.
Birinchidan, shikoyat qilish huquqi davlat va mahalliy hokimiyat organlarining harakatlarini nazorat qilish usullaridan biriga aylanmoqda.
Ikkinchidan, qonunga xilof harakatni bekor qilish yoki mansabdor shaxsning harakatini qoralash huquqni muhofaza qilish tizimining elementlaridan biridir.
Uchinchidan, murojaatni mohiyatan ko‘rib chiqish natijasida qonuniylik va adolatning tiklanishi fuqaroni davlat-hokimiyat munosabatlari ishtirokchisiga aylantiradi, uning muhim qismi konstitutsiyaviy-huquqiy tartibga solish predmeti hisoblanadi.
Shuningdek, Аdliya vazirligida murojaatlarni markazlashtirilgan holda qabul qilish, ro‘yxatga olish, tizimlashtirish, o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish maqsadida 1008 va 1148 qisqa raqamli ishonch telefonlari tashkil qilingan.
Ular orqali jami 60 958 ta qo‘ng‘iroq qabul qilinib, xodimlar tomonidan huquqiy axborot yetkazilgan.
Bundan tashqari, vazirlik tomonidan fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning tizimli tahlili asosida ularning yechimiga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishga ham alohida eʼtibor qaratiladi.
Chunki bitta murojaatni ijobiy hal qilish orqali bir yoki bir necha shaxsga yordam ko‘rsatilsa, amaliyotdagi muammo bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish orqali bir necha yuz ming fuqaroning mushkulini oson qilishga erishiladi.
Shundan kelib chiqib, murojaatlarni tahlil qilgan holda normativ-huquqiy hujjat loyihalari tayyorlandi.
Xususan, murojaatlarni o‘rganish davomida murojaatlar bilan ishlashga masʼul xodimlarning
bu sohadagi huquqiy bilimlari yetarli emasligi hamda ularning doimiy ravishda huquqiy bilimlarini oshirib borish lozimligi aniqlanib, hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-oktabrdagi “Dаvlаt orgаnlаri vа tаshkilotlаrining jismoniy vа yuridik shаxslаrning murojааtlаri bilаn ish olib boruvchi xodimlаri mаlаkаsini oshirish tаrtibi to‘g‘risidаgi nizomni tаsdiqlаsh hаqidа”gi 582-qarori qabul qilinib, murojaat bilan ishlashga masʼul bo‘lgan xodimlarning uch yilda bir marotaba malakasini oshirish mexanizmlari belgilandi.
Xulosa o‘rnida qayd etish kerakki, murojaat qilishga oid mazkur konstitutsiyaviy huquqdan
har bir shaxsning teng foydalanish imkoniyati to‘liq yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunga kelib, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil davlat va jamiyat hayotiga tatbiq etildi. Murojaatlar bilan ishlashning zamonaviy modelini yaratishga erishildi. Respublikamizning barcha hududida murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha teng imkoniyatlar, ochiq va shaffof mexanizm ishlamoqda. Zero, insonlarni murojaat qilishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquq bilan taʼminlash demokratik jamiyatda oliy qadriyat sifatida eʼtirof etiladi.
Zafar FARMANOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Аdliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i