Yuridik texnika tarixi va rivojlanish jarayonlari

0
475

Huquqshunoslikka oid adabiyotlarda yuridik texnikaning predmeti, qoidalari, talablari, vazifalari, vositalari va metodlari xususida ko‘p munosabat bildirilsa-da, uning rivojlanish jarayonlariga har doim ham yetarlicha e’tibor berilmaydi. Har qanday hodisa yoki predmetning kelib chiqishi, tom ma’noda aytganda “ildizlari”ni aniqlagandan so‘ng u haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish mumkin. Shu nuqtayi nazardan, yuridik texnika va u haqdagi ta’limotlarning kelib chiqishini o‘rganish, uning mohiyatini chuqurroq anglash imkonini beradi.

“Yuridik texnika” atamasining muallifi nemis huquqshunosi Rudolf fon Iyering (1818–1892)
hisoblanadi. Bu tushuncha uning “Rim huquqining ruhi uning turli bosqichlardagi rivojlanishida” nomli asarida keltirilgan. Biroq yuridik texnikaning ildizlari qadimgi davrlarga borib taqaladi.

Huquqning paydo bo‘lishi, boshqaruvda ma’lum bir qonun-qoidalarga asoslanish, shaxs, jamiyat va davlatning o‘zaro munosabatlari, qonun va qonunosti normalarining sifati, huquqiy tartibotni ta’minlashdagi o‘rni, aholining huquqiy ongi, madaniyati va boshqa shu kabilar yuridik texnika haqidagi ta’limot hamda nazariyalarni shakllantirdi. Bu ta’limot va nazariyalar keyinchalik qonunlarning yaratilishi hamda qabul qilinishi, takomiliga yetkazilishi va muayyan davlatlar fuqarolarining huquqiy ongi va madaniyati shakllanishida katta ahamiyatga ega bo‘lgan.

Yuridik texnika − huquq paydo bo‘lishi bilan paydo bo‘lgan voqelikdir. Chunki yuridik texnikaning namoyon bo‘lishi huquq doirasida yuz beradi. Huquqning rivojlanishi va takomillashuvi yuridik texnikaning takomillashuvi bilan bir vaqtda kechadi. Huquqshunos olimlar yuridik texnikaning shakllanishi va rivojlanishini to‘rt davrga bo‘ladi: 1. Qadimgi davr. 2. O‘rta asrlar. 3. Yangi davr. 4. Eng yangi davr.

Qadimgi davrda yuridik texnika qoidalari insoniyat tafakkuriga mutanosib bo‘lib, oddiy (primitiv) va takomillashmagani bilan tavsiflanadi. Masalan, ibtidoiy jamoa tuzumida ham ma’lum bir qonun-qoidalar bo‘lganki, ular jamoa oqsoqollari tomonidan o‘rnatilganini tarixiy manbalar tasdiqlaydi. Arxaik huquq asosan og‘zaki shaklda ifoda etilgan. Arxaik huquq avloddan-avlodga muayyan kazusli masalalarni yechishga oid hikoya va rivoyatlar ko‘rinishida o‘tadigan yozilmagan qoidalar yig‘indisidir.

Yuridik texnikaning tarixi haqida so‘z yuritganda, ko‘pincha, xorijiy davlatlarga taalluqli masalalarga e’tibor qaratamiz. Aslida yurtimizda ham yuridik texnika o‘ziga xos tarzda rivojlanganini ko‘rish mumkin. Qariyb uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega bo‘lgan O‘zbekistonning qadimiy tarixini bayon etuvchi shunday nodir manbalar mavjudki, ular asosida yurtimizda yuridik texnikaning shakllanishi uzoq o‘tmishga borib taqalishini dadil e’tirof etish mumkin.

Avestoshunos olim M.Isxoqov izlanishlariga ko‘ra, “Avesto”ning 8-naski “Huquqiy masalalar”; 16-naski esa “Adliya va harbiy qonunlar, nikoh borasida qarindoshlikka qarshi qonunlar, dinning asosiy ahkomlari”ga bag‘ishlangan. Shu bilan birga “Avesto”da jinoyat va jazo masalalari ham atroflicha tartibga solingan. Jinoyatlar quyidagi turlarga bo‘lingan: shaxsga qarshi jinoyatlar; dinga qarshi jinoyatlar; mulkka qarshi jinoyatlar; hayvonlarga qarshi jinoyatlar; axloqqa qarshi jinoyatlar; tabiatga qarshi jinoyatlar. Demak, “Avesto” o‘sha davr uchun ma’lum tizimga ega bo‘lgan universal kodeks vazifasini bajargan.

O‘rta asrlarda yuridik texnikaning rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan manbalardan biri Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asaridir. Ma’lumki, tarixda “Hidoya” nomi bilan tanilgan fiqhiy mavzudagi boshqa asarlar mavjud bo‘lgan. Ammo mutaxassislar Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asari tili, yozilish uslubi, so‘zlarni qo‘llash san’ati, huquqiy talqini kabi jihatlariga ko‘ra boshqa asarlardan ustun ekanini e’tirof etishadi.

Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asarini Islom huquqshunosligi uchun eng yirik huquqiy manba, yuridik texnikaning o‘ziga xos namunasi sifatida ta’riflash mumkin. Yuridik-texnik shakllanishi jihatidan asarning sodda va ravon tilda yozilish uslubi diqqatga sazovordir.

X-XI asrlarda Sharqda davlat hukmdorlari uchun mamlakatni boshqarishga oid maslahat va
yo‘l-yo‘riqlardan tashkil topgan qo‘llanmalar ishlab chiqilgan. Ana shunday qo‘llanmalar ichida eng mashhurlaridan biri Nizomulmulkning “Siyosatnoma” asaridir. Saljuqiylar davlatida vazir lavozimida ishlagan Abu Ali Hasan ibn аt Tusiy – Nizomulmulk mazkur asarini 1091-yilda yozadi, 1092-yilda esa qayta ishlaydi. So‘ng kotibiga topshirib, o‘zi Bag‘dod safariga jo‘nab ketadi. Ammo bu asar faqat 1105-yilda, ya’ni G‘iyosuddin Muhammad binni Malikshoh davrida e’lon qilinadi.

“Siyosatnoma”ning huquqiy manba sifatida o‘ziga xos yozilish uslubi mavjud. Bu asar normalar tizimi shaklida emas, balki hikoya, rivoyat janrida yozilgan. Biroq bu uning huquqiy manba sifatida e’tirof etilishiga to‘sqinlik qilmaydi. “Siyosatnoma”ni o‘z davri uchun o‘ziga xos huquq va qonun analogiyasi namunasi deyish mumkin.

Mamlakatimizda yuridik texnikaning shakllanishi va rivojlanishi tarixi haqida so‘z borar ekan, Amir Temur va temuriylar saltanati asosiy qonuni (konstitutsiyasi) bo‘lgan “Temur tuzuklari” xususida to‘xtalib o‘tish lozim.

X. Mamatov o‘zining “Temur tuzuklari”da davlat va huquq masalalari” nomli ilmiy ishida “Amir Temur tuzuklarini tarixiy-huquqiy jihatdan tahlil qilib, eng avvalo uning tilida (matnida) kengashdim, amr qildim, hukm qildim kabi iboralarning ko‘p uchrashi uning huquqiy xarakterini ochib beradi. Unda davlat, fuqarolik, moliya, jinoyat va boshqa huquq tarmoqlari bo‘yicha ma’lum normalar mavjud” deb ta’kidlab o‘tadi.

XVII-XVIII asrlarga kelib yuridik texnika masalalari olimlar tomonidan keng o‘rganila boshlangan. Bu o‘ziga xos yangi davr bo‘lib, davlat miqyosida huquqiy islohotlar amalga oshirilgan.

Bunda islohotlarning asosiy yo‘nalishi huquqiy tizim – qonunlarga, qonun tilining aniq va tushunarli bo‘lishiga qaratilgan. Qonunlar fuqarolar manfaatidan kelib chiqqan holda sodda va lo‘nda tuzilishi shart bo‘lib, ularni har xil talqin etishiga yo‘l qo‘yilmaydi degan fikr hukmronlik qilgan.

Jumladan, ushbu davrda yuridik texnikaning muhim qoidalari buyuk fransuz mutafakkiri Sharl Lui Monteskyoning “Qonunlar ruhi haqida” nomli asarida yoritib berilgan. Mutafakkir qonunlarda ishlatiladigan til xususida shunday deydi: “Qonun tili barcha fuqarolarga bir xil tushuncha berishi, unda tushunarsiz jumlalarga yo‘l qo‘yilmasligi, qonunchilik uslubi o‘zining qisqa va aniqligi bilan ajralib turishi lozim”.

Sh.Monteskyoning yuqorida ta’kidlangan asariga asoslanib, ingliz huquqshunos olimi I. Bentam “Nomografiya” nomli kitob yozadi. Ushbu asarda qonun tiliga qo‘yiladigan talablar keltirilgan bo‘lib, asosiy talab sifatida qonunlarda fuqarolar tushunadigan til ishlatilishi zarurligini e’tirof etadi. Ushbu davr huquqshunoslari A. Shtoss va B. Vax esa qonun chiqaruvchi fikri qanchalik sodda ifodalansa, matn shuncha tushunarli va aniq bo‘ladi deb hisoblaydi.

XIX asr nemis huquqshunosi R.Iyering qonunchilik texnikasi, qonun tili masalalarini tadqiq etib, “huquqshunos bo‘lmagan fuqarolarga huquqiy bilimlarning tushunarli bo‘lishi uchun huquqning xalqqa singib ketgan ifoda vositalaridan keng foydalanish lozim” deb ta’kidlaydi.

Qonun ishlab chiqish masalalarida yuqorida ta’kidlangan ijobiy jihatlar bilan bir qatorda O‘rta asrlar sharoitiga xos avtoritar yondashishga intilish sabab qonunlarning mazmun-mohiyatini yashirib, jumlalarni nihoyatda uzun yoki haddan ziyod qisqa va mavhum tuzish holatlari ham bo‘lgan.

Masalan, Napoleon Fransiya konstitutsiyasini tuzuvchilariga qarata “Shunday yozingki, qisqa va tushunarsiz bo‘lsin” degan edi. Aksar hollarda yuridik hujjatlar aholi uchun tushunarli bo‘lmagan tillarda ishlab chiqilgan. Masalan, O‘rta asrlarda G‘arbiy Yevropada qonunlar faqat lotin tilida nashr qilingan, bunday qonunlar omma (masalan, nemislar) uchun tushunarli bo‘lmagan.

Albatta, yuqoridagi kabi salbiy holatlar juz’iy xususiyatga ega, umumiy tarzda yangi davrga kelib huquq normalarini ifoda etishda yangicha uslublar qo‘llanilib, takomillashib bordi. Ushbu xususiyatlar quyidagilarda ko‘rinadi: birinchidan, huquq normalari kazuallikdan umumiylik kasb eta boshlagan. Chunki, ushbu davrga kelib, huquqning ijtimoiy tartibga solish doirasi ancha kengaygan va murakkablashgan; ikkinchidan, qonunchilik matni aniq shaklda ifoda etila boshlangan. Bunda huquq normalari ijtimoiy hayotning muayyan sohalari bo‘yicha tasniflangan. Normativ-huquqiy hujjatlar murakkab tuzilishga ega bo‘lib, ular o‘z navbatida boblar, bo‘limlar, paragraflar va boshqa qismlarga ajratilgan. Yirik normativ-huquqiy hujjatlar, xususan kodekslar umumiy va maxsus qismlarga bo‘lingan.

Istiqlolga qadar mamlakatimizda yuridik texnika masalalari kommunistik mafkura bilan yo‘g‘rilgan tarzda namoyon bo‘ldi. Chunki qabul qilinadigan har bir normativ-huquqiy hujjatning tub mazmun-mohiyati kommunistik g‘oya va uning prinsiplariga mos bo‘lishi taqazo etilar edi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda huquq ijodkorligi va huquqni qo‘llash masalalarini takomillashtirishga jiddiy e’tibor berib kelindi.

Xususan, yurtimizda 2005-yildan e’tiboran professional asosda ishlaydigan ikki palatali parlament tashkil topdi. O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 14-dekabrdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonuni, 2006-yil 11-oktabrda “Qonun loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi va boshqa bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Shuningdek, yuridik texnika masalasi huquqshunos olimlarning u yoki bu ilmiy ishlari va nashrlarida tahlil etilib, munosabat bildirildi. Jumladan, H.Odilqoriyev O‘zbekiston Respublikasida qonun chiqarish jarayonining o‘ziga xos jihatlarini, G.Mirzayeva qonun chiqaruvchi hokimiyatning mohiyati, jamiyat hayotida tutgan o‘rni va qonunchilik faoliyatini yoritish bilan birga yuridik texnikaning u yoki bu jihatlariga e’tibor qaratganlar.

Sh. Ko‘chimov huquqiy normalarni o‘zbek tilida ifodalashning ilmiy-nazariy muammolarini o‘rganib, qonunlarning tili, ifoda usuli, huquqiy atamashunoslik masalalariga e’tibor qaratgan.

Ikki palatali parlament tashkil topganidan so‘ng H. Odilqoriyev va I. Tulteyev tomonidan e’lon qilingan “Ikki palatali parlament” nomli monografiyada ikki palatali parlamentning vujudga kelishi, jahon miqyosida rivojlanishi, xorijiy mamlakatlar tajribasi sinchkovlik bilan o‘rganilib, ikki palatali parlament sharoitida qonun qabul qilish jarayonini yangicha asoslarda tashkil etish masalalari aks ettirilgan. S.Abbosxo‘jayev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatini tashkil etish masalalarini ilmiy va amaliy jihatdan tadqiq etgan. Bu tadqiqotlarda ham yuridik texnikaning ba’zi jihatlariga to‘xtalib o‘tilgan.

I.Tulteyev “Huquq ijodkorligi prognozi: nazariya, metodologiya, amaliyot” nomli ilmiy ishini himoya qilib, unda huquq ijodkorligi va huquqni qo‘llash faoliyatining amaliy muammolarini teran ilmiy nuqtayi nazardan yechish, qonunchilik va boshqa huquq ijodkorligi organlarining ish samaradorligini oshirish imkoniyatini, qonunchilik tizimidagi kamchilik va ziddiyatlarni bartaraf etish yo‘llarini ko‘rsatib bergan.

Hozirgi paytda Toshkent davlat yuridik universitetida “Yuridik texnika” va “Qonunchilik texnikasi” nomli o‘quv kurslari o‘qitilishi munosabati bilan M. Najimov, Sh.Saydullayevlarning “Qonunchilik texnikasi” nomli o‘quv qo‘llanmasi nashr etildi.

O‘zbekistonda yuridik texnikaning shakllanishi va rivojlanishiga misol bo‘ladigan manbalar juda ko‘p va ularning har biri mustaqil tadqiqot obyekti bo‘la oladi. Xulosa sifatida aytish mumkinki, jamiyat taraqqiy etishi bilan yuridik hujjatlar, o‘z navbatida, yuridik texnikaning qoidalari ham rivojlanib borgan. Kelgusida ham huquqiy tizim va voqelik bilan hamohang tarzda yuridik texnika masalasi o‘zining yangi sifat bosqichiga ko‘tariladi.

Shuhrat BERDIYAROV,
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
Jinoyat huquqi va kriminologiya kafedrasi professori,
yuridik fanlar doktori

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here