HomeMaqolalarUy-joy huquqlаrini himoya qilish usullаrini huquqiy tаrtibgа solishning dolzаrb muаmmolаri

Uy-joy huquqlаrini himoya qilish usullаrini huquqiy tаrtibgа solishning dolzаrb muаmmolаri

Uy-joy munosabatlarini huquqiy tartibga solishning yaxlit tizimi davlat tomonidan izchil uy-joy siyosatini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega. Bu, o‘z navbatida, uy-joy sohasidagi davlat boshqaruvini ta’minlashni, uy-joy siyosatini tartibga solishning samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishni kafolatlaydi.

Xalqaro tajribaga nazar solsak, huquqiy doktrinada olimlar o‘rtasida uzoq vaqtdan beri uy-joy huquqlari buzilishining mohiyati nimada, uy-joy huquqlarini qanday himoya qilish kerak, uy-joy huquqlarini sud tomonidan himoya qilishning eng samarali usulini qanday tanlash lozimligi xususida tortishuvlar mavjud. Shu bilan birga, uy-joy huquqlarini himoya qilishning samarali usuli vakolatli shaxsning uy-joy huquqlarini himoya qilishning tegishli usulini tanlashni anglatishi haqida hech qanday bahs mavjud emas.

Taʼkidlash lozimki, himoya faqat muhofazalovchi yuridik normalariga asoslanadi. Vakolatli organlar tomonidan qonunda belgilangan tartibda yoki buzilgan huquqni tiklash uchun mustaqil ravishda qo‘llaniladigan huquqni amalga oshirishning majburiy usulini nazarda tutadi. Huquqlarni himoya qilish – noqonuniy cheklash va (yoki) huquqlardan noqonuniy mahrum qilishning oldini olish va (yoki) bartaraf etishga qaratilgan harakatlar yoki harakatlar majmuidir1. Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarining huquqiy kafolatlari muammosi avvalambor amaldagi qonunchilikda ularni muhofaza qilish va himoya qilish muammosidir2.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasiga ko‘ra, har kim uy-joy daxlsizligi
huquqiga ega. Unga ko‘ra, hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qo‘yishni va ko‘zdan kechirishni o‘tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi. Uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi. Uy-joy daxlsizligi inson va fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinlaridan biri hisoblanadi.

Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 45-moddasida turar joyga unda istiqomat qiluvchilarning xohish-irodasiga xilof ravishda noqonuniy tarzda kirish mansabdor bo‘lmagan shaxs tomonidan sodir etilganligi uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan.

Shu jihatdan, himoyaga bo‘lgan huquq shaxs huquqiy maqomining asosi bo‘lib konstitutsiyaviy xususiyatga ega.

Yuridik fanda subyektiv huquqni himoya qilish mohiyatini tushunishda to‘rtta asosiy yondashuv mavjud: “chora-tadbirlar nazariyasi”, “faoliyat nazariyasi”, “huquqiy normalar tizimi nazariyasi”, “huquqni amalga oshirish nazariyasi”.

Huquqni himoya qilish – himoya qilish jarayoni (masalan, uy-joyga egalik qilish to‘g‘risidagi shubhalarni bartaraf etish uchun vakolatli shaxs tomonidan amalga oshirilgan harakatlar) va uning natijasi (masalan, uy-joyga egalik huquqining real tasdig‘i) sanaladi.

Vakolatli shaxs tomonidan talab etiladigan natija huquqni himoya qilishning maqsadi hisoblanadi. Shu bilan birga, huquqni himoya qilish jarayoni vakolatli shaxslar va vakolatli organlarning ushbu maqsadga qaratilgan muayyan harakatlari (harakatsizligi) bilan bog‘liq. Ushbu jarayonning mohiyati himoya usullarini turli shakllarda (yurisdiksiya yoki yurisdiksiya bo‘lmagan tarzda) qo‘llashdir. Himoya shaklini aniqlash har qanday yondashuv (subyekt, taomillar, protsess orqali) va himoya qilish usullari faqat qonun bilan belgilangan shakllarda amalga oshirilishi mumkin, chunki shakl buzilgan huquqlarni himoya qilishning yakuniy ifodasidir.

Biroq huquq egasi uy-joy huquqlarini himoya qilish usulini tanlash uchun nafaqat uy-joy huquqlarini himoya qilish tamoyillariga, balki uy-joy huquqlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlariga ham rioya qilishi kerak. Shu sababli qonun chiqaruvchi uy-joy huquqlarini himoya qilish usullarini kengaytirdi, uy-joy huquqlari buzilgan shaxsga nafaqat uy-joy huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi daʼvo arizasi bilan sudga, balki harakatlari natijasida arizachining uy-joy huquqlarini buzgan shaxsning noqonuniy harakatlari ustidan maʼmuriy organga ham shikoyat bilan murojaat qilishni taklif qiladi.

Xususan, maʼmuriy organga hokimiyat yoki vasiylik va homiylik organi kiradi, ular o‘z vakolatlarini hisobga olgan holda mulkdorlarining buzilgan uy-joy huquqlarini tiklash yoki voyaga yetmaganlarning uy-joy huquqlarini tiklash to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish huquqiga ega3.

Shunga qaramay, shikoyatlarni ko‘rib chiqishning maʼmuriy tartibi, uy-joy huquqlarini himoya qilishning sud tartibidan farqli o‘laroq, Uy-joy kodeksi va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan buzilishlar ro‘yxati bilan cheklangan va bunday cheklovlarga qaramay uy-joy huquqlarini himoya qilish buzilgan uy-joy huquqlarini tiklash va uy-joy huquqlarini buzuvchiga nisbatan sanksiyalarni qo‘llashning samarali usuli hisoblanadi4.

Shu bilan birga, qonun chiqaruvchi shunday vaziyatni nazarda tutadiki, agar shaxs uy-joy huquqlarini himoya qilishning maʼmuriy usulini qo‘llay olmasa, u maʼmuriy organning qaroriga, masalan, shikoyatni qondirishni rad etish haqidagi qaroriga eʼtiroz bildirishga haqli. Shuning uchun sud organlari sud nazoratini amalga oshiradilar va maʼmuriy organ qarorining qonuniyligi va asosliligini tekshiradilar.

Ushbu qarorga jabrlanuvchi shaxs tomonidan ham, jabrlanuvchi shaxsning uy-joy huquqlarini buzuvchi tomonidan ham eʼtiroz bildirilishi mumkin. Shu maʼnoda, qonun chiqaruvchi jabrlangan shaxsning uy-joy huquqlarini buzuvchining aybsizlik prezumpsiyasini o‘rnatadi, bu sud tomonidan belgilanishi yoki rad etilishi lozim.

Uy-joy huquqlarini himoya qilish usullari quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak: foydalanish huquqini tan olish, xususiylashtirish, uy-joy kooperativiga aʼzolikka kirish, ko‘chib o‘tish, yaxshi uy-joy sharoitlariga muhtoj bo‘lib ro‘yxatidan o‘tish, xizmat turar-joylarini olish, uy-joy guvohnomasini olish, budjet hisobidan uy-joy bilan taʼminlash. Uy-joy huquqlarini himoya qilishning yuqoridagi barcha usullari uy-joy huquqlarini himoya qilishning yurisdiksiya shakliga kiritilishi zarur.

Biroq, uy-joy huquqlarini himoya qilishning yurisdiksiya shaklidan tashqari, qonun chiqaruvchi uy-joy huquqlarini himoya qilishning yurisdiksiyasiz shaklini – uy-joy huquqlarini o‘z-o‘zini himoya qilishni, agar u bunday huquqni amalga oshirish chegarasidan tashqariga chiqmasa, uy-joy huquqlarini buzuvchiga, shuningdek uchinchi shaxslarga zarar yetkazmasa hamda ularning qonuniy manfaatlarini buzmasa amalga oshirilishi mumkinligini nazarda tutadi5. Xususan, uy-joy huquqlari o‘z-o‘zini himoya qilish, masalan, bino mulkdorining katta hajmli narsalarni (shkaf, mebel, kir yuvish mashinasi va boshqalarni) ko‘p kvartirali uy-joyning umumiy yo‘lagiga chiqarib qo‘yishi, agar uning qo‘shnisi katta hajmli narsani chiqarib qo‘yish orqali umumiy mulkdan, yaʼni yo‘lak bo‘ylab o‘tish va yashash xonasidan chiqishga to‘sqinlik qilmasa qo‘llanilishi mumkin.

Аgar turar-joy binosi mulkdori, bir katta hajmli narsani (shkaf, mebel, kir yuvish mashinasi va hokazo) surib qo‘yish orqali ushbu mol-mulkni shikastlasa yoki buzsa, uy-joy huquqini himoya qilish chegarasidan tashqariga chiqqan hisoblanadi va katta hajmli narsa mulkdoriga yetkazilgan zararni qoplash lozim bo‘ladi.

Shuni taʼkidlash kerakki, qonun chiqaruvchi tomonidan belgilangan uy-joy huquqlarini himoya qilish usullari ro‘yxati yopiq deb hisoblanmaydi, ko‘rsatilgan ro‘yxat faqat mulk aylanmasining o‘sishi hisobiga kengaymoqda, xususan, sud amaliyotida uy-joy huquqlarini himoya qilishning bunday usullari turar-joy binolariga yetishmayotgan huquqni tan olish sifatida tan olinadi, agar u qonuniy ravishda sotib olinmagan bo‘lsa, uy-joy huquqini yo‘qotish yoki turar-joy binosining insofsiz xaridorining aybi tufayli uy-joyning yo‘qolishi (yo‘q qilinishi) munosabati bilan zararni qoplash to‘g‘risida sudga da’vo kiritiladi.

O‘z irodasiga qarshi yashash maydonini tark etgan shaxs va nuqsonlar bilan bitimlar tuzishda uni qo‘lga kiritgan shaxs manfaatlari muvozanati sud tomonidan o‘rnatilishi kerak. Chunki sud tomonidan nizoni hal qilishda boshqa birovning turar-joy binolarini sotib oluvchi va turar-joy binosini o‘z ixtiyoridan tashqari tark etganini isbotlashi uchun sobiq mulkdorning xatti-harakatlari mezonlariga muvofiq baholovchi kategoriyalarni qo‘llaydi6.

Uy-joy huquqlarini himoya qilish usullarini amalga oshirishda qonun chiqaruvchi va huquqni
muhofaza qiluvchilar uy-joy huquqi deganda nimani tushunishi juda muhim rol o‘ynaydi: mustaqil huquq sohasi7, fuqarolik huquqi instituti (yoki kichik soha)8, kompleks institut qonun9 yoki qonunchilik sohasi10, bu himoya qilish usulini tanlashni, fuqarolik huquqlarini himoya qilish tizimida uy-joy huquqlarini himoya qilish shaklining mohiyatini anglatadi.

Odatda, uy-joy huquqi deganda, umumiy fuqarolik huquqi, yer huquqi, oila huquqi va maʼmuriy huquqni o‘z ichiga olgan murakkab huquq sohasi tushuniladi, zero, bu birinchi navbatda uy-joy munosabatlarini tartibga solishning imperativ usuli emas, balki dispozitiv usul bilan tartibga solinishi lozimligi, qonun chiqaruvchi tomonidan qo‘llaniladigan uy-joyni himoya qilish usullari va shakllari uy-joy huquqlari buzilgan shaxsga to‘liq yuridik kafolatlarni taqdim etmaydi, shuningdek Konstitutsiya, Fuqarolik kodeksi, Uy-joy kodeksining normalari ham fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan huquqlarni lozim darajasidagi himoyasini amalga oshira olmaydi.

D.I.Imamovaning qayd etishiga ko‘ra “mulk huquqi deganda egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqini, mulk huquqi himoyasi deganda esa mulk egalarining buzilgan huquqlarini himoya qilish va tiklashga yoki mulkdorning mulkiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan, mamlakat fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan vositalar yoki usullar to‘plamini tushunish kerak”11.

D.A.Chiniyevning fikricha, “mulk huquqini huquqiy normalar va qoidalarning murakkab tizimi sifatida himoya qilish mulkdor huquqlarining to‘liq va to‘siqsiz amalga oshirilishini taʼminlashga qaratilgan bo‘lib, bu fuqarolik aylanmasi va umuman iqtisodiyotning barqarorligi kafolati bo‘lib xizmat qiladi12.

Fikrimizcha, uy-joy huquqlarini himoya qilish usuli ko‘p ahamiyatli, ko‘p jihatli kategoriyadir.
Qonun ijodkorligi darajasida uy-joy qonunchiligini tan olish – uy-joy qonunchiligida subyektiv uy-joy qonunchiligining mavjudligini (daʼvogarning) yoki mavjud emasligini (javobgarning) aniqlash imkoniyati shaklida belgilangan himoya chorasi hisoblanadi. Huquqni muhofaza qilish darajasida uy-joy qonunchiligini tan olish daʼvo arizasi predmetiga to‘g‘ri keladigan subyektiv uy-joy qonunchiligining mavjudligi yoki mavjud emasligini aniqlashning o‘ziga xos talabidir. Huquqni tan olishning ushbu konsepsiyasi uy-joy huquqlarini tan olish turlarini ijobiy (uy-joy huquqlarining mavjudligini tan olish) va salbiy (uy-joy huquqlarining mavjud emasligini tan olish) turlariga ajratishga asoslanadi13.

Xulosa qilib aytganda, uy-joyga nisbatan mulk huquqni himoya qilish usullarini tanlashda huquq egasining buzilgan huquqini tiklashga qaratilgan choralar bilan birga, majburiyatni aslicha bajarish, kompensatsiya evaziga mutanosib uy-joy berish yoki boshqa mulk bilan almashtirish kabi himoya usullarini ham keng qo‘llash muhim ahamiyat kasb etadi. Uy-joy dastlab ijtimoiy funksiyani, yaʼni inson uchun boshpana vazifasini bajarar ekan, faqat pul ko‘rinishida to‘lanadigan zararni qoplash yoki kompensatsiya berish bilan birga huquqi buzilgan shaxsga tanlash imkoniyatini berishi, buzilgan yoki olib qo‘yilgan uy-joy o‘rniga mutanosib bo‘lgan boshqa turar joy berish chorasini qo‘llash o‘rinliroqdir.

Muhayyo АSHUROVA,
yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

 

1 Абрамов В.И. Соотношение понятий «охрана», «защита», «гарантированность», «обеспечение» прав ребенка // Государство и право. 2005. – № 6. – С.69.

2 Несмеянова И.А. Жилищные права несовершеннолетних граждан, нуждающихся в государственной защите: автореф. дис. … канд. юрид. наук. – М.: 2011. – 28 с

3 Овинников В.А. Актуальные проблемы правового регулирования способов защиты жилищных прав // Международный научный журнал «ВЕСТНИК НАУКИ». 2021. – № 11 (44) Т.1. – С. 80.

4 Несмеянова И.А. Жилищные права несовершеннолетних граждан, нуждающихся в государственной защите: автореф. дис. … канд. юрид. наук. – М.: 2011. – 28 с.

5 Галкин Г.П. Защита прав гражданина при обращении взыскания на заложенное жилое помещение. – М.: Статут, 2019. – 13 с

6 Кириченко О.В., Накушнова Е.В. Права и обязанности граждан – собственников жилых помещений в многоквартирных домах: учеб. пособие. – М.: Юстицинформ, 2019. – 118 с.

7 Седугин П.И. Жилищное право; учебник для вузов. – М.: Норма, 2003. – 21 с.

8 Толстой Ю. К. Жилищное право: учебник. – М.: Проспект, 2015. – С. 28-29 с.

9 Тихомиров М.Ю. Товарищество собственников жилья: новые требования законодательства. – М.: Изд-во Тихомирова М.Ю., 2014. –С 11-12. 10 Свит Ю.П. Жилищное право: учебник и практикум для академического бакалавриата. – М.: Юрайт, 2018. – 8 с.

11 Имамова Д.И. Правовые основы защиты права собственности // Universum : экономика и юриспруденция : электрон. научн. журн. 2021. 5(80). URL: https://7universum.com/ru/economy/archive/item/11645

12 Чиниев Д.А. Защита прав и интересов собственника – необходимое условие осуществления права собственности // Актуальные проблемы права: материалы IV Междунар. науч. конф. (г. Москва, ноябрь 2015г.). – М.: Буки-Веди, 2015. – С. 151-155. – URL: https://moluch.ru/conf/law/ archive/179/8798/.

13 Маркарян Л.В. Признание права как способ защиты жилищных прав: автореф. дис. … канд. юрид. наук. – М.: 2015. – 24 с.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa