HomeMaqolalarMulk daxlsizligini ta’minlashning konstitutsiyaviy va fuqaroviy huquqiy jihatlari

Mulk daxlsizligini ta’minlashning konstitutsiyaviy va fuqaroviy huquqiy jihatlari

O‘zbekiston iqtisodiyotining  negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etib, jamiyat va fuqarolar farovonligini ta’minlash, mamlakatimiz hayoti va iqtisodiy taraqqiyotida ijobiy o‘zgarishlar hamda yangilanishlarni amalga oshirishga xizmat qiladi.  Jamiyatda yuzaga keladigan iqtisodiy munosabatlar yoxud mavjud iqtisodiyot davlatimizning ijtimoiy-iqtisodiy siyosati doirasida qabul qilingan qonunlar ta’siri ostida shakllanadi va rivojlanadi.

Bu o‘rinda, iqtisodiyotning samarali amal qilishiga va xalq farovonligi o‘sishiga imkoniyat yaratuvchi omil sifatida mulkka alohida e’tibor qaratilib,  O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 65-moddasi 1-qismida “Fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi” deb belgilab qo‘yilganini, tegishli kodeks va qonunlarimizda ham mulkning har qanday shakllariga  ruxsat berilganini e’tirof etish mumkin.

Ta’kidlash lozimki, davlat mulkning xilma-xil shakllari zamirida bozor munosabatlarini rivojlantiradi, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi.

Jamiyatning iqtisodiy negizi undagi mavjud mulkchilik munosabatlariga asoslanishi mulk nafaqat huquqiy mazmunga, balki iqtisodiy ma’noga ham egaligini anglatadi. Mulk insonlarning erki-irodasidan tashqarida vujudga keladi. Kishilar mehnati bilan yaratilgan yoki tabiat tomonidan insonlarga berilgan boyliklar har doim mulk bo‘lib kelgan.  Mulk birinchidan, kishining ashyoga nisbatan egalik his-tuyg‘usi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, ushbu ashyo xususida kishilar o‘rtasida vujudga keladigan munosabatdir. Demak, bir so‘z bilan aytganda, mulk ashyo va unga nisbatan egalik hissi bilan bog‘liq munosabatlardan iborat. O‘z navbatida, mulkiy munosabatlar qonunlar bilan tartibga solinadi va ularning ta’siri ostida mulkiy huquqiy munosabatlar sifatida namoyon bo‘ladi.

Iqtisodiy ma’nodagi mulk shakllari deyilganda, moddiy ne’matlarni o‘zlashtirish usullarining yig‘indisi tushuniladi. Bunday usullar yakka tartibda yoki jamoat bo‘lib yoxud davlat tomonidan amalga oshiriladi. Yuridik ma’nodagi mulk shakli esa moddiy ne’matlarni muayyan subyektlarga tegishliligini  mustahkamlovchi va mulkning huquqiy rejimini belgilovchi huquqiy me’yorlar yig‘indisidan iborat bo‘ladi.

Konstitutsiya 65-moddasi mulk shakllarining turli xil bo‘lishi mumkinligini ifodalash bilan birga O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik, Yer va boshqa kodekslari, “Raqobat to‘g‘risida”gi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi hamda tegishli boshqa qonun hujjatlarida  belgilangan asoslar va tartibga muvofiq mol-mulkning hajmi, soni, miqdori cheklanmasligini ham nazarda tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 165-moddasida mulk huquqi, uning muddatsizligi,  167-moddasida esa mulkning  xususiy va ommaviy shakllari mavjudligi qayd etilgan. O‘z navbatida, xususiy mulk shakli yakka shaxsga tegishli mulk (fuqarolar yoxud jismoniy shaxslar mulki) va nodavlat yuridik shaxslar mulki ko‘rinishlarida (turlarida) namoyon bo‘ladi. Ommaviy mulk tarkibiga esa O‘zbekiston Respublikasi mulki va  ma’muriy-hududiy tuzilmalar mulki (munisipal mulk) kiradi.

Mulk shakllarining bunday turkumlanishida mulk subyekti maqomi va mol-mulk rejimining uzviy birligi asosiy mezon  hisoblanadi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi Qonuni 5-moddasida mulkning an’anaviy ikki shaklidan tashqari jamoa mulki, aralash mulk, boshqa davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar yuridik va jismoniy shaxslarining mulki kabi ko‘rinishlarda bo‘lishi ham ko‘zda tutilgan. Har qanday hollarda ham davlat mulkning xilma-xil shakllarini rivojlantirish uchun ularning qonuniy tengligini ta’minlaydi va himoyasini kafolatlaydi. 

Qonun hujjatlariga muvofiq tarzda qo‘lga kiritilgan har qanday ashyolar xususiy mulk bo‘lishi mumkin. Ya’ni, xususiy mulk huquqi shaxsning qonun hujjatlariga muvofiq tarzda qo‘lga kiritgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqi bo‘lib, uning miqdori va qiymati cheklanmaydi. Fuqarolar, xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari, kooperativlar, jamoat birlashmalari, jamoat fondlari va davlatga qarashli bo‘lmagan boshqa yuridik shaxslar xususiy mulk huquqining sub’yektlari hisoblanadi. Qonun bilan man etilgan ayrim ashyolardan tashqari har qanday ashyo xususiy mulk bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonuni 4-moddasida xususiylashtirilmaydigan mulk obyektlarining 18 ta toifasi belgilab berilgan. Ular sirasiga O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida yer (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, masalan O‘zbekiston Respublikasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonuni (15.11.2021-yildagi O‘RQ-728-son) 10-moddasiga muvofiq 4 toifadagi yer uchastkalarini xususiylashtirishga yo‘l qo‘yiladi)), yer osti boyliklari, ichki suvlar, havo havzasi, o‘simlik va hayvonot dunyosi; moddiy madaniy meros obyektlari, davlat fondlarini kiritgan holda, shu jumladan, kitoblarning, kino, foto-fonohujjatlar, arxivlar va ilmiy-tadqiqot muassasalarining fondlari, muzeylar va muzey boyliklari, shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar; O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining, valyuta zaxirasining, davlat maqsadli jamg‘armalarining, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining mablag‘lari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining oltin zahirasi; pul muomalasi bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi davlat tashkilotlari, qimmatli qog‘ozlarni, ordenlarni, medallarni va pochta to‘lovi belgilarini ishlab chiqarishni ta’minlovchi korxonalar va tashkilotlar; O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari, Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligining korxonalari, muassasalari va harbiy-texnikaviy mol-mulki (sanoatda qayta ishlov berilguniga qadar, shuningdek, sanoatda qayta ishlov berilishi mumkin bo‘lmagan mol-mulk); qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar, himoya vositalari, harbiy texnika, ehtiyot qismlar, butlovchi qismlar va ular uchun asbob-uskunalar, portlovchi moddalar, pirotexnika mahsulotlari, shuningdek ularni ishlab chiqarish uchun maxsus materiallar va uskunalar ishlab chiqish, tayyorlash, ta’mirlash va realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi korxonalar; kuchli ta’sir etadigan zaharlar, giyohvandlik moddalari va zaharli moddalar ishlab chiqaruvchi, shuningdek, tarkibida giyohvandlik moddalari va zaharli moddalar bo‘lgan ekinlar ekuvchi, yetishtiruvchi va ularga qayta ishlov beruvchi korxonalar; portlash xavfi bo‘lgan va zaharli moddalarni tashishni amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan korxonalar; umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari; maxsus vazifalarni bajaradigan korxonalar; qabristonlar kiradi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, ommaviy mulk respublika va ma’muriy-hududiy tuzilmalar mulkidan (munitsipal mulk) iborat bo‘lib, respublika mulkiga – yer, yer osti boyliklari, suv, havo bo‘shlig‘i, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy boyliklar, davlat hokimiyati va boshqaruvi respublika organlarining mol-mulki, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan madaniy va tarixiy boyliklar, respublika budjetining mablag‘lari, oltin zaxirasi, davlatning valyuta fondi va boshqa fondlari kiritilgan. Shuningdek, korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, o‘quv, ilmiy, ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlari, intellektual faoliyat natijalari, basharti bular budjet yoki davlatning o‘zga mablag‘lari hisobidan yaratilgan yoki sotib olingan bo‘lsa va boshqa ayrim mol-mulklar ham respublika mulki bo‘lishi mumkin.

Respublika mulki – respublika budjetiga tushadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar hisobidan, shuningdek, qonunlarda nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra boshqa tushumlar hisobidan tashkil etilib, qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan tartib va shartlar asosida xususiy mulk qilib berilishi mumkin. Respublika mulki bo‘lgan mol-mulkni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati yoki ular maxsus vakil qilgan organlar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, tasarruf qilish huquqiga egadirlar.

Munitsipal mulk esa – davlat hokimiyati mahalliy organlarining mol-mulki, mahalliy budjet mablag‘lari, munisipal uy-joy fondi va kommunal xo‘jalik, korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, xalq ta’limi, madaniyat, sog‘liqni saqlash muassasalari, shuningdek, boshqa mol-mulklardan iborat bo‘ladi. Ushbu mulk turi mahalliy budjetga tushadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar hisobidan, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslarga muvofiq, boshqa tushumlar hisobidan tashkil etiladi. Munitsipal mulk bo‘lgan mol-mulkni, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, davlat hokimiyati mahalliy organlari yoki ular vakil qilgan organlar tasarruf etadilar. O‘z navbatida, munisipal mulk obyektlari ham xususiy mulk qilib berilishi mumkin.

   Davlat mulkining mavjud bo‘lish zarurati quyidagi obyektiv sabablar bilan izohlanadi:

– davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatini tashkil etish;

– huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatini tashkil etish;

– davlat xavfsizligi va mudofaa ehtiyojlari;

– ilm-fan va madaniyatni ta’minlash;

– kam ta’minlangan aholini ijtimoiy himoya qilish;

– tabiiy ofatlarga va favqulodda holatlarga qarshi kurash va uning oqibatlarini bartaraf etish;

– ba’zi tarmoqlarda ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish (masalan, atom, yonilg‘i energiyasi kabi).

Davlat mulk shakllarining erkin sharoitini va mulkdorlar huquqlarini ta’minlash maqsadida iqtisodiy munosabatlarning o‘ziga xos jihatlarini belgilab beradi. Bu jihatlar: birinchidan, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligi; ikkinchidan, iste’molchilar huquqlari ustuvorligi; uchinchidan, halol raqobat muhitining yaratilgani; to‘rtinchidan, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi; beshinchidan, mulk shakllarining huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilganida o‘z ifodasini topadi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi va Fuqarolik kodeksida xususiy mulkning barcha mulk shakllari qatorida teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya etilganligi mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lib, uning 65-moddasi 3-qismida “Xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor o‘z mol-mulkidan  qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas” deb belgilab qo‘yilgan. Ushbu qoidaning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 65-moddasi 1-2-qismlari normasining mazmun-mohiyati bilan mantiqan bog‘liqligi ko‘zga tashlanadi. Ayni paytda, Konstitutsiyaning ushbu normasi  Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 17-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan “hech kim zo‘ravonlik bilan o‘z mulkidan mahrum etilishi mumkin emas” degan qoidaning mazmunidan kelib chiqib, xususiy mulk daxlsizligiga oid qismini boyitadi. Chunonchi, mulkdor mol-mulkidan faqat qonunda ko‘rsatilgan hollarda va tartibda, shuningdek sudning qarori asosidagina mahrum qilinishiga ruxsat etiladi. Yanada e’tiborli jihati, endilikda, ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi yangilanishlar talqinida xususiy mulk nafaqat  yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek mamlakatimiz fuqarolarining boyligi va moddiy mustaqilligi, balki shu bilan birga ma’naviy erkinining ham manbai sifatida baholanadi. 

Mulkka nisbatan belgilangan “daxlsizlik va davlat himoyasida bo‘lishlik” mulk huquqini himoya qilish choralari orasida o‘ziga xos o‘ringa ega. Birinchi navbatda, “daxlsizlik” deganda, shaxsning o‘ziga yoki muayyan huquqlariga nisbatan qonunga zid bo‘lgan xatti-harakatlar bilan  u yoki bu darajada ta’sir o‘tkazishni taqiqlovchi qonuniy choralar majmui nazarda tutiladi. Ikkinchidan, “daxlsizlik” – huquq subyektiga tegishli va uning vakolatlari ostida hamda xo‘jalik hukmronligidagi ob’yektning har qanday huquqbuzarliklardan holi bo‘lishini qonun bilan ta’minlanganligini ham anglatadi. Konstitutsiyaning 65-moddasi 3-qismi hamda 66-moddasi va Fuqarolik kodeksining 166 va 172-moddalarida  belgilangan mulkning daxlsizligi ham, mulkdorga tegishli bo‘lgan mol-mulkka nisbatan huquqlarning har qanday buzilishi va u bilan bog‘liq manfaatlarga har qanday putur yetkazilishining taqiqlanishini hamda mulk huquqi u kimga tegishli bo‘lishidan qat’i nazar faqatgina qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardagina bekor qilinishi mumkinligi qoidasi  mulk daxlsizligining mazmunini ifodalaydi.

Mulk daxlsizligi tamoyili oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, Konstitutsiyaning 65-moddasi 2 va 3-qismlari, 66-moddasi, 41-moddasi 1-qismi, 47-moddasi 1-3-qismlarida bu boradagi normalar e’tirof etilgan. Darhaqiqat, mazkur normalarning asosiy maqsadi – mulk daxlsizligini ta’minlashdir. Ushbu qayd etilgan moddalar bilan bir qatorda, Fuqarolik kodeksining 2-bo‘lim 13-19-boblarida nazarda tutilgan qator normalar ham mazmun jihatidan mulk daxlsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Zero, ularning maqsadi to‘g‘ridan-to‘g‘ri mulk huquqini himoya qilishga va mulk daxlsizligini ta’minlashga qaratilganki, ularning amalga oshirilishi natijasida shaxsning mulk huquqlari ta’minlanadi. Buning yaqqol misoli sifatida Konstitutsiyaning 21-moddasi 2-qismidagi o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirish jarayonida boshqa shaxslar, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shartligini yoki 47-moddasi 1-qismidagi har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi va uning  daxlsizligini keltirib o‘tish o‘rinli. Zero, har ikkala holatda ham mulk daxlsizligi unsurlari o‘z ifodasini topgan. Demak, aytish mumkinki, Konstitutsiyaning 41, 65-moddalarigina emas, balki 21, 47-moddalari normalarida ham mulk daxlsizligining mazmun-mohiyati aks ettirilgan.

“Mulk daxlsizligi” tushunchasi mulkdorga qarshi turgan barcha subyektlarning mulk huquqini buzishdan o‘zlarini tiyishlari va saqlashlaridan iborat bo‘lib, mulk davlat himoyasidadir. Mulkdor o‘zining mulk huquqi kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzilishini bartaraf etishni, shuningdek buzilgan huquqlarini tiklashni  talab qilish huquqiga ega. Mulk daxlsizligiga oid  konstitutsiyaviy normalar joriy qonunchiligimizda, jumladan, fuqaroviy-huquqiy, ma’muriy-huquqiy, jinoiy-huquqiy normalarda o‘z aksini topgan bo‘lib, ushbu tamoyilning ijrosida amaliy ahamiyat kasb etadi. 

Mulkdor mulkidan faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina, ya’ni mulkdorning ixtiyoriy suratda majburiyatni bajarishi, mulkdorning mol-mulk taqdirini hal qiladigan bir tomonlama qaror qabul qilishi, sud qarori yoki davlat hokimiyati organi qarori asosida mol-mulkni olib qo‘yish (sotib olish) yo‘li bilan (masalan, musodara, rekvizitsiya), shuningdek mulk huquqini bekor qiluvchi qonun hujjatlariga asosan (masalan, nasionalizatsiya) mahrum etilishi mumkin.

Ta’kidlash muhimki, O‘zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi, huquqiy jihatdan himoya qilinganligi, shuningdek, xususiy mulk daxlsizligi   konstitutsiyaviy va fuqaroviy huquqiy asoslarining qiyosiy tahlili, birinchidan,  iqtisodiy makon birligi; ikkinchidan,  investisiyaviy va ishbilarmonlik muhiti; uchinchidan, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakati; to‘rtinchidan, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratilishi va monopol faoliyatga yo‘l qo‘yilmasligi kabi kafolatlari kesimida davlat tomonidan ishonchli mustahkamlangani va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotda qo‘llanilishi mumkinligini tasdiqlaydi.

Konstitutsiyaning 65-moddasi qoidasini hayotga bevosita joriy etishning moddiy va prosessual mexanizmlari sifatida O‘zbekistonning Fuqarolik, Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslari tegishli qoidalari, mulk va mulkchilikka oid bir qator qonun hujjatlari, jumladan “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi  va boshqaruv tizimini takomillashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida 2021-yil 14-iyulda qabul qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-tamoyillari to‘g‘risida”gi qonunlar, shuningdek, Prezidentning 2022-yil 24-avgustdagi “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘yilmaslik, xususiy mulkning  kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 198-farmoni muhim ahamiyatga ega.

Muxtasar qilib aytganda, O‘zbekiston Konstitutsiyasi, jumladan iqtisodiy negizlarining konstitutsiyaviy qoidalari to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi va ular asosida qabul qilingan qonunlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lining iqtisodiy negizlarini belgilab beradi, davlat iqtisodiyotning asosini tashkil qiluvchi xilma-xil mulk shakllari, jumladan xususiy mulk daxlsizligini to‘liq kafolatlaydi.

Rustam Ro‘ziyev,

Jamoat xavfsizligi universiteti

“Fuqaroviy huquqiy fanlar” kafedrasi professori, y.f.d.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa

2024-yil noyabr soni