Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini ta’minlovchi davlat organlari tizimida prokuratura alohida o‘rin tutadi. Yuridik adabiyotlarda suv resurslaridan kompleks va oqilona foydalanish, ularni boshqarish va muhofaza qilish sohasida davlat organlari va prokuraturaning vakolatlarini aniqlashtirish va ajratish borasida fikr-mulohazalar ilgari suriladi. Bu sohadagi qonunchilikni nazorat qilish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organlarining prokuratura organlari bilan Suvdan foydalanish sohasida prokuratura faoliyati Suv va suvdan foydalanish sohasida prokuratura faoliyati yo‘nalishlarini takomillashtirish ekologiya va atrof tabiiy-muhitni muhofaza qilish sohasida muhim ahamiyatga ega. adashtirilishi prokuratura organlarining faoliyatida samaradorlik pasayishiga olib kelishi haqidagi fikrlar shular jumlasidandir.
Adabiyotlarda prokuratura organlaridan tashqari ushbu sohada qonunlarga rioya etilishini nazorat qiluvchi davlat organlarining o‘zlari har doim ham qonunlarga amal qilmasliklari ta’kidlanadi. Bu esa mazkur organlarning faoliyatini qonun doirasida tashkil etishning dolzarbligini, har bir qonunbuzarlik uchun jazoning muqarrar bo‘lishini ta’minlashda prokuratura organlarining roli naqadar muhimligini ko‘rsatadi.
Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan prokuror nazorati samaradorligini oshirish maqsadida prokurorlar nazorat qiluvchi organlar bilan o‘zaro tajriba almashishi, hamkorlik masalalariga e’tiborni kuchaytirishlari kerak. Nazorat qilinadigan hududdagi qonuniylik to‘g‘risida o‘zaro ma’lumot berish tizimi samarali ishlashi lozim.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishda prokuror nazoratini amalga oshirishning samaradorligi ko‘p jihatdan prokuratura xodimlarining nazariy tayyorgarligi, malakasining sifati va prokuror tekshiruvlarida tezkorlikning ta’minlanishiga bog‘liq.
SUVDAN FOYDALANISH SOHASIDA PROKURATURA FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISHDA QUYIDAGI YO‘NALISHLARGA ASOSIY E’TIBOR BERILISHI MAQSADGA MUVOFIQ:
birinchidan, hududlarda qonun ustuvorligini ta’minlashning huquqiy asosi sifatida suv va suvdan foydalanish to‘g‘risidagi qonunchilikni hamda prokuratura organlari faoliyatini tashkil etish va faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirish;
ikkinchidan, ushbu sohadagi prokuratura faoliyatini ilmiy asosda to‘g‘ri tashkil etish maqsadida ushbu jarayonning ilmiy, uslubiy ta’minotini oshirish, zamonaviy texnologiyalardan va axborot tizimlaridan, fan yutuqlaridan foydalanish, sohada prokuror nazoratini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni faollashtirish;
uchinchidan, prokuratura organlari xodimlarining moddiy ta’minotini normal darajaga yetkazish;
to‘rtinchidan, atrof-tabiiy muhitni muhofaza qilishga oid qonunlar ijrosini nazorat qilishga mas’ul prokurorlar bilan boshqa nazorat qiluvchi organlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, atrof-muhitni muhofaza qilishga mas’ul davlat organlarining faoliyati uchun normal sharoitlarni yaratish, shuningdek jamoat nazorati va jamoatchilik bilan hamkorlik masalalariga e’tiborni kuchaytirish;
beshinchidan, suv resurslaridan kompleks va oqilona foydalanish, ularni boshqarish va muhofaza qilish sohasida davlat organlari va prokuraturaning vakolatlarini aniqlashtirish va ajratish;
oltinchidan, prokurorlarining soha bo‘yicha nazariy tayyorgarligini kuchaytirish, ularining ekologik madaniyatini oshirish maqsadida malaka oshirish tizimini takomillashtirish.
Suv va suvdan foydalanish sohasida prokuratura faoliyati yo‘nalishlarini takomillashtirishda sohaga oid qonun hujjatlarini mukammallashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunida Bosh prokuratura tizimida tabiatni muhofaza qilishga ixtisoslashgan prokuraturaning faoliyatiga doir normalarni mustahkamlash shular jumlasidandir.
Hozir “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunda ixtisoslashtirilgan prokuraturalar faoliyati, ularning o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq normalar mavjud emas. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining tashkiliy-shtat tuzilmasida agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi, Tabiiy ko‘llarda baliqchilikni rivojlantirish va suv resurslaridan foydalanishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi, Toshkent tabiatni muhofaza qilish, Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturalari tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi “Jizzax viloyatida tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 226-qaroriga asosan Bosh prokuratura tizimida 8 nafar shtat birligidan iborat bo‘lgan Zomin tabiatini muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat va yerlardan noqonuniy foydalanishni bartaraf etish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura tashkil etildi.
Ushbu prokuratura tuzilmalarining faoliyati boshqa sohalardan o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turishi e’tiborga olinadigan bo‘lsa, ularning faoliyati va maqomiga doir normalarni “Prokuratura to‘g‘risida” gi qonunda mustahkamlash maqsadga muvofiq.
Fikrimizcha, “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunga “Ixtisoslashtirilgan prokuratura organlari faoliyati to‘g‘risida”gi alohida bob kiritilishi lozim. Ushbu bobning kiritilishi hududiy va ixtisoslashtirilgan prokuraturalar o‘rtasidagi vakolatlarni farqlash imkonini beradi.
Bu borada o‘rganilgan xorijiy davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, Ispaniyada Bosh prokuratura tizimida Bosh prokurorning atrof-muhit va yerni rejalashtirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi ta’sis etilgan.
Rossiyaning “Prokuratura to‘g‘risida”gi federal qonuni 54-moddasida ixtisoslashtirilgan prokuraturalar tushunchasi berilgan.
Suv resurslaridan foydalanish sohasida prokuror nazoratini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlarning yetarli emasligini inobatga olib, prokuratura organlarida faoliyat olib borishni maqsad qilgan mutaxassislarni tayyorlashning sifatini oshirish maqsadida yuridik oliy ta’lim muassasalarida “prokuratura nazorati” fanini Davlat ta’lim standarti fanlarining majburiy komponentiga kiritish maqsadga muvofiq.
Suv va suvdan foydalanish sohasida prokuratura faoliyati yo‘nalishlarini takomillashtirishda prokuratura xodimlarining soha bo‘yicha nazariy tayyorgarligini ta’minlash, prokuror va tergov xodimlarining ekologik madaniyatini oshirish maqsadida malaka oshirish tizimini rivojlantirish muhim o‘rin tutadi. Bu esa o‘z navbatida prokuratura xodimining o‘qishga bo‘lgan munosabatini yaxshilash hamda o‘zining kasbiy mahoratini muntazam oshirib borishini taqozo etadi.
Prokurorlar doimiy ravishda o‘z ustida ishlashlari, nazariy bilimlarini kengaytirib borishlari kerak. Shu sababli “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunning “Prokurorlar faoliyatini baholash” deb nomlangan 45-moddasiga prokuratura xodimlarining faoliyatini ularga yuklatilgan xizmat majburiyatlari doirasida baholashning asosiy mezonlarini nazarda tutuvchi normalarni kiritish va unda “xodimning o‘qishga bo‘lgan munosabati hamda kasb mahoratini oshirib borishi” degan qo‘shimchani kiritish maqsadga muvofiq.
Shavkatjon RAHIMOV,
Bosh prokuratura akademiyasi
mustaqil izlanuvchisi