HomeMaqolalarSha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘si…

Sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘si…

Sha’nga tajovuzlardan himoyalanish huquqi mohiyatan insonning konstitutsiyaviy huquqlari ichida eng asosiysi hisoblanadi. Shu ma’noda insonning sha’ni – uning huquq va erkinliklari manbayidir. Sha’n – bu jamiyat tomonidan muayyan insonning ijtimoiy qimmati, o‘ziga xosligini, har bir shaxsni insoniyat jamiyatining bir bo‘lagi sifatida tan olishdir.

Sha’n va qadr-qimmat turli shakllarda himoya qilinadi: konstitutsiyaviy-huquqiy, jinoiy-huquqiy, fuqaroviy-huquqiy va h. Bunda agar konstitutsiyaviy-huquqiy shakl himoya institutining o‘zini mustahkamlasa, boshqa shakllar uni amalga oshirish mexanizmini tartibga soladi.

Fuqarolik kodeksi 100-moddasiga binoan fuqaro o‘zining sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar yuzasidan, basharti bunday ma’lumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga to‘g‘ri kelishini isbotlay olmasa, sud yo‘li bilan raddiya talab qilishga haqli. Bunda qonun shaxsiy huquqlarni himoya qilishda shaxsning jamiyatda o‘z mehnati bilan tutgan o‘rni, topgan obro‘sini nazarda tutadi. Fuqarolik qonunchiligida bunday qoidalarning bo‘lishi shaxslarning huquqlari yanada kengroq himoya qilinishiga alohida e’tibor qaratilganini bildiradi.

Sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘siga tajovuz qilingan taqdirda, ko‘p hollarda huquq sohibiga moddiy emas, balki ma’naviy zarar yetadi. Ma’naviy zarar huquqi buzilgan shaxsning jismoniy yoki ruhiy iztiroblari, qayg‘u-alam, g‘am-tashvish singari ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi.

Qonunga asosan, agar fuqaroga uning shaxsiy-nomulkiy huquqlarini buzuvchi yoxud unga tegishli boshqa nomoddiy ne’matlarga tajovuz qiluvchi harakatlar orqali ma’naviy zarar yetkazilsa, shuningdek, qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda sud huquqbuzar zimmasiga ko‘rsatilgan zararni pul orqali (moddiy ko‘rinishda) tovon to‘lash bilan qoplashni yuklashi mumkin.

Ma’naviy zararni qoplash xarajatlarini belgilashda sud huquqbuzarning aybi darajasi va boshqa e’tiborga molik holatini hisobga oladi. Sud, shuningdek, zarar yetkazilgan shaxsning individual xususiyatlari bilan bog‘liq jismoniy va axloqiy qiynoqlari (iztiroblari, ruhiy azoblari) darajasini ham hisobga olmog‘i shart. Sha’n, qadr-qimmatni himoya qilishda ko‘p hollarda sud huquqni qayta tiklash yoxud huquqbuzarliklarni to‘xtatishni ta’minlovchi choralar ko‘radi.

Sha’n – fuqaroning muayyan darajada tasdiqlanishi, uning ijtimoiy holatidir. Qadr-qimmat
esa mazkur holatning sohibi ongida aks ettirilishi, ya’ni jamiyat tomonidan taqdirlanishiga ko‘ra shaxsning o‘z-o‘ziga bergan bahosidir. Mehnat kodeksining 6-moddasida aytilganidek, mehnat sohasida o‘zini kamsitilgan deb hisoblagan shaxs kamsitishni bartaraf etish hamda o‘ziga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni to‘lash to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqli.

Ishchanlik obro‘si jismoniy yoki yuridik shaxsning fuqarolik muomalasida ishtirok etganidagi insofli yoki insofsiz harakat qilishini bildiradi. Biron-bir fuqaroning yoki tashkilotning nomiga, sha’niga dog‘ tushirishga, badnom qilishga, qadr-qimmatini pastga uradigan ma’lumotlarni tarqatishga qonun yo‘l qo‘ymaydi. Bunday hollarda huquqlari buzilgan shaxslarning manfaatlari, jinoyat qonunchiligi normalari (Jinoyat kodeksining 139-140-moddalari) hamda fuqarolik qonunchiligi bilan himoya qilinadi (Fuqarolik kodeksining 100-moddasi).

Har qanday salbiy ma’lumotlar sha’n va qadr-qimmatni, ishchanlik obro‘sini pastga uradigan yoki unga dog‘ tushiradigan ma’lumotlar hisoblanavermaydi. Fuqarolik qonunida nazarda tutilgan ma’lumotlar, birinchidan, birovning sha’niga dog‘ tushiradigan yoki qadr-qimmatini, ishchanlik obro‘sini pastga uradigan bo‘lishi, ikkinchidan, bu ma’lumotlar tarqatilgan bo‘lishi va uchinchidan, mazkur ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi kerak.

Ma’lumotlar aniq faktlar yoki shaxsning xulqi, xatti-harakatini baholashdan iborat bo‘lishi mumkin. Bunday ishlar bo‘yicha javobgar taraf faktlarning haqiqatda bo‘lganini yoki keltirilgan baho va tavsif dalillariga to‘g‘ri kelishini isbotlasagina da’vogar oldida javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. Agar javobgar da’vogar shaxsni tavsiflovchi dalillarning bo‘lganini isbotlay olmasa sud uni javobgarlikka tortishi mumkin.

Basharti, fuqaroning sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar ommaviy-axborot vositalarida tarqatilgan bo‘lsa, ayni shu ommaviy-axborot vositalarida raddiya berilishi lozim.

Basharti, bunday ma’lumotlar tashkilotdan olingan hujjatda uchrasa, bunday hujjat almashtirilishi yoki qaytarib olinishi kerak.

Boshqa harakatlarda raddiya berish tartibini sud belgilaydi. O‘zining sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilgan fuqaro bunday ma’lumotlar rad etilishi bilan bir qatorda ularni tarqatish oqibatida yetkazilgan zarar va ma’naviy ziyonni qoplashni talab qilishga haqlidir. Ushbu moddadagi fuqaroning ishchanlik obro‘sini himoya qilish to‘g‘risidagi qoida yuridik shaxsning ishchanlik obro‘sini himoya etishga nisbatan ham tegishli yo‘sinda tatbiq etiladi (Fuqarolik kodeksining 100-moddasi).

Bozor munosabatlari shakllanayotgan sharoitda fuqarolar va yuridik shaxslarning sha’ni, qadr-qimmati, shuningdek, ishchanlik obro‘sini tiklash, ijtimoiy munosabatlarda ularning faoliyatiga odilona baho berish hayotiy ahamiyatga ega.

Xulosa qilib aytganda, sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini kafolatlash, insonning sha’ni, qadr-qimmati, uning shaxsiy hayoti va turar joyini himoya qilish uchun konstitutsiyaviy huquqlarni mustahkamlashga qaratilgan bir qator tashkiliy-huquqiy choralar amalga oshirilishi zarur.

Jasur OTABOYEV,
Sudyalar oliy kengashi huzuridagi
Sudyalar oliy maktabi tinglovchisi

 

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa