Sudyalar hamjamiyati organlari: amaldagi holat va istiqbol

0
692

2017-yilda sudyalar hamjamiyatining oliy organi O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi.

Mamlakatimizda sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini joriy etish orqali sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Yangi O‘zbekiston sharoitida sud-huquq islohotini chuqurlashtirish maqsadida sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlarni izchil davom
ettirish kerak.

Qayd etish lozim, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini tashkil etishning mustahkam huquqiy va nazariy asoslarini yaratmasdan, shu jumladan sudyalar hamjamiyati organlarining tushunchasi va huquqiy tabiati, ularning tizimi va iyerarxiyasi hamda asosiy vazifa va vakolatlarini qonun darajasida belgilamasdan turib yuqoridagi vazifani samarali amalga oshirishning imkoni bo‘lmaydi.

Shu munosabat bilan , O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi 60-farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyotning chinakam mustaqilligini ta’minlashda sudyalar hamjamiyati organlarining rolini yanada oshirish, sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini keng joriy etish vazifalari belgilab berilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 16-yanvardagi 11-farmoni bilan tasdiqlangan 2023–2026-yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasida ham sudyalar hamjamiyati organlarining huquqiy asoslarini belgilash zarurligi qayd etilgan.

So‘nggi yillarda sud-huquq sohasida keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, xalqaro ekspertlar xulosasiga ko‘ra, mamlakatning sud tizimi boshqa davlat organlaridan mustaqil degan fikriga to‘liq qo‘shilib bo‘lmaydi.

Jumladan, sudyalarning institutsional va shaxsiy mustaqilligi yetarli darajada ta’minlanmaganligi, siyosiy organlarning sudyalar karyerasi bilan bog‘liq masalalarni hal etishdagi sezilarli ta’siri, sudyalarni tanlash va lavozim bo‘yicha ko‘tarish tartibining shaffof emasligi kabi muammolar saqlanib qolmoqda.

Ushbu holat sud hokimiyatining boshqa davlat hokimiyatidan, xususan ijro hokimiyatidan to‘liq mustaqil bo‘lishini, sudyalar professional faoliyatini aralashuvsiz va bosimlarsiz erkin amalga oshirishlari uchun ishlarni kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Yuqoridagi muammolarni sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini rivojlantirmasdan va sudyalar hamjamiyati organlarining sud tizimi boshqaruvidagi rolini oshirmasdan turib hal etib bo‘lmaydi. Bu rivojlangan demokratik davlatlarning tajribasida isbotini topgan.

Sudyalar hamjamiyati organlarining huquqiy tabiati va o‘ziga xos xususiyatlari, ularning sud va davlat hokimiyatining boshqa organlari tizimida tutgan o‘rni hamda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashdagi roli kabi masalalarni chuqur tadqiq qilish vazifasi ham muhim ahamiyatga ega.

Afsuski, sudyalar hamjamiyati organlari O‘zbekiston sud-huquq tizimida yangi institut bo‘lganligi sababli qayd etilgan masalalar milliy huquqshunos-olimlar e’tiboridan chetda qolmoqda.

Jumladan, yuridik fan va qonunchilikda sudyalar hamjamiyati organlarining ommaviy-huquqiy tabiati, ularning tushunchasi, tizimi va iyerarxiyasi, shuningdek, ushbu organlarning faoliyati o‘zini o‘zi boshqarish xususiyatiga ega ekanligi ochib berilmagan.

Sohada saqlanib qolayotgan nazariy, amaliy va huquqiy muammolar sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini mustahkamlash, ularga sud tizimini boshqarish bilan bog‘liq masalalarni samarali hal qilish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish zarurligidan dalolat beradi.

Mazkur muammolarni samarali hal etish maqsadida sudyalar hamjamiyati organlarining mustahkam huquqiy asoslarini belgilash lozim. Shu jumladan, ularning faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq barcha asosiy masalalarni o‘z ichiga oluvchi “Sudyalar hamjamiyati organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ishlab chiqilib, qabul qilinishi lozim.

Ivan NIKONOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
mustaqil izlanuvchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here