Biznesning ekologik mas’uliyatini oshirish: huquqiy mexanizmlar

0
189

Bugun global iqlim isishi va o‘zgarishi xalqaro darajadagi dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Аfsuski, bu muammo ko‘pchilik davlatlar qatori O‘zbekistonni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q.

O‘zbekistondagi ekologik holatning naqadar jiddiy ekanligini xalqaro reyting va tadqiqotlardan ham ko‘rish mumkin. Xususan, 2022-yilgi Ekologik samaradorlik indeksiga ko‘ra O‘zbekiston umumiy 38,2 ball bilan 107-o‘rinni egallagan bo‘lsa, havo ifloslanishi bo‘yicha 16,7 ball bilan 167-o‘rinni band etgan.

Xuddi shunday, 2021-yilgi Jahon havo sifati hisobotiga ko‘ra O‘zbekiston havosi eng ifloslangan 12 ta davlatlardan biri hisoblanib, havodagi qum-chang zarrachalari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti meʼyorlaridan 8,6 baravar yuqori.

Sanoat ishlab chiqarishi, qurilish ishlari, avtotransportlar sonining muttasil o‘sishi, daraxtlarni kesish, yashil bog‘ va maydonlar hududining qisqarishi kabi antropogen omillar O‘zbekistonda atrof-muhit ifloslanishiga olib kelayapti, bu havo, yer, yer osti suvlarining ifloslanishida o‘z aksini topmoqda. Bu kabi ekologiyaga zararli ta’sirlarning asosiy sababchilaridan biri korporativ sektor hisoblanadi. Shu sababli rivojlangan davlatlarda biznes hamjamiyatning mas’uliyatini oshirish uchun korporativ ijtimoiy mas’uliyat (KIM) standartlaridan keng foydalaniladi.

Xo‘sh, korporativ ijtimoiy mas’uliyat nima?

KIM – bu korporativ sektorning jamiyat va atrof-muhitga ehtimoliy ta’siri yuzasidan mas’uliyati va hisobdorligi hisoblanadi. KIMning asosiy maqsadi nafaqat aksiyadorlar, balki barcha taraflar uchun umumiy manfaatdorlikni maksimal darajada oshirish bo‘lib, korxonaning salbiy ta’siri, shu jumladan ta’minot zanjiridagi salbiy ta’sirlarni aniqlash, oldini olish va bartaraf etishni nazarda tutadi. KIM shunchaki qonunga amal qilishni anglatmaydi, balki qonunda nazarda tutilgan talablardan ham o‘ziga yuqoriroq talablarni (majburiyatlar) belgilash, jamiyat va ekologiya muammolariga proaktiv yechim taklif qilish hamda tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

KIM – tashkilotning asosiy va yagona maqsadi faqat foyda olish emas, balki korxona faoliyatining jamiyat manfaatlariga ham muvofiq kelishini ta’minlash hamda korxonaning jamiyatga ta’siri yuzasidan proaktiv choralarni amalga oshirishni anglatadi. Bunda KIM korxona faoliyati va munosobatlarida iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik manfaatlar muvozanatini ta’minlash hamda har uchchala manfaatni korxona strategiyasiga integratsiya qilishni anglatadi. Shundan kelib chiqib, KIMning iqtisodiy, ijtimoiy va atrof-muhit masalalari bo‘yicha uchta asosiy yo‘nalishi keltiriladi.

KIMning asosiy yo‘nalishlaridan biri atrof-muhit muhofazasi hisoblanadi. Korporativ ekologik mas’uliyat (KEM) biznesning atrof-muhitga zararli ta’sirini yumshatish, oldini olish va bartaraf etish hamda kelajak avlodlar uchun barqaror ekologik muhitni saqlash va uni qayta tiklashni nazarda tutadi. E’tiborlisi, mazkur standartlar korporativ sektorning o‘z tashabbusi bilan amalga oshiriladigan o‘zini o‘zi tartibga soluvchi mexanizmlardan hisoblanadi.

KEM standartlari korporativ sektorda energiyani tejash, ekologik ifloslanishni kamaytirish, raqobatbardoshlik va nufuzni oshirish, innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish hamda yakunda tashkilot foydasi o‘sishiga xizmat qiladi.

Huquqiy jihatdan KIM asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga soluvchi qonunchilik bilan emas, balki bilvosita normalar orqali tartibga solinadi. Jumladan, tadbirkorlik, mehnat, inson huquqlari, ekologiya, yer, suv masalalariga oid qonun hujjatlarida yuridik shaxslar zimmasiga muayyan majburiyatlar yuklangan. Ayrim davlatlarda KIMni bevosita tartibga soluvchi qonun normalari ham mavjud.

Masalan, Qozog‘iston Tadbirkorlik kodeksining 75-moddasida tadbirkorlikning ijtimoiy mas’uliyati atamasidan foydalanilgan bo‘lib, bu tadbirkorlarning ijtimoiy, ekologiya va boshqa sohalarni rivojlantirish uchun ixtiyoriy hissa qo‘shishi sifatida qayd etilgan.

Bu o‘z navbatida KIM o‘zi ixtiyoriymi yoki majburiymi degan tabiiy savolni keltirib chiqaradi.

Garchi KIM ixtiyoriy ravishda ijtimoiy va ekologik hisobdorlikni o‘z bo‘yniga olishni anglatsa-da, amalda qonun hujjatlari va xalqaro standartlar korporativ sektorga KIM talablarini joriy etish va ularga amal qilish majburiyatini bilvosita yuklaydi.

Bunda yuridik shaxslar o‘z faoliyat turi va tashqi muhitga ehtimoliy ta’siridan kelib chiqib, qanday majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishni ixtiyoriy belgilaydi. Xususan, Yevropa komissiyasi muqaddam KIMni ixtiyoriy majburiyat sifatida e’tirof etgan bo‘lsa, keyinroq berilgan yangi ta’rifda “ixtiyoriylik” tamoyilidan voz kechilgan. Mazkur yo‘nalishdagi tadqiqotlar bozor mexanizmlari ishlaydigan, qonun ustuvorligi va sud hokimiyatining mustaqilligi ta’minlangan hamda iste’molchilik madaniyati shakllangan davlatlarda KIM o‘zini-o‘zi ixtiyoriy tartibga solishini ko‘satadi.

Aksincha, qonun ustuvorligi zaifroq rivojlanayotgan davlatlarda KIMni aqlli tartibga solish maqsadga muvofiqligi ta’kidlangan. Bunda KIM ham ixtiyoriy, ham majburiy mexanizmlar orqali tartibga solinib, korporativ sektor ushbu standartlarga yalpi rioya etish darajasiga chiqishi uchun mazkur tamoyillarni davlat tomonidan rag‘batlantirib borish tavsiya etiladi.

Amalga oshirish mexanizmlari KIMning jamiyatdagi barcha manfaatdor shaxslar uchun birdek afzalliklari yuqoriligini inobatga olib, hozir rivojlangan davlatlarda KIM standartlariga amal qilish biznes yuritishning tarkibiy elementi, jamiyat tomonidan biznesni yuritishga ruxsat berilganligining e’tirofi hisoblanadi. Bu borada milliy qonunchilik, institutsional va xalqaro standartlar KIM talablariga rioya qilishga chorlaydi va qo‘llab-quvvatlaydi.

KEM bilan bog‘liq faoliyat kompaniyaning katta-kichikligi, faoliyat yuritish sohasi, alohida davlatdagi holat va boshqa omillarga qarab farq qiladi. Kompaniya qanchalik katta bo‘lsa, KIM bilan shug‘ullanish uchun resurs va imkoniyatlari shunchalik ko‘p bo‘ladi. Bunda KEM bir qator mexanizmlar asosida amalga oshiriladi. Shulardan eng kenq tarqalgan mexanizmlardan biri korporativ hisobdorlikdir.

Kompaniya o‘z faoliyatining nomoliyaviy jihatlari, xususan atrof-muhitga ta’siri va mazkur ta’sirni yumshatish va ekologik barqarorlikni ta’minlash uchun amalga oshirilgan va amalga oshiriladigan chora-tadbirlar xususida hisobot taqdim etadi. Garchi bunday hisobotlar ixtiyoriy tartibda chop etilishi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik rivojlangan davlatlarda ma’lum toifadagi kompaniyalar (asosan yirik kompaniyalar) uchun bu majburiy mexanizm hisoblanadi. Xususan, Yevropa ittifoqi qonunchiligiga ko‘ra 500 va undan ortiq ishchisi bo‘lgan yirik kompaniyalar o‘z faoliyatining nomoliyaviy jihatlari bo‘yicha hisobot taqdim etishi kerak hamda mazkur standartlar amal qilish doirasini kengaytirish (boshqa kompaniyalarga ham joriy etish) masalasi rejalashtirilmoqda.

Tadqiqotlarga ko‘ra, hisobdorlik kompaniyalarning atrof-muhitga salbiy ekologik ta’sirini kamaytirish va atrof-muhit ifloslanishi darajasini pasaytirishga olib keladi10. Shuningdek, hisobdorlik kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlari bilan birga kompaniya faoliyatiga baho berishning asosiy mezonlaridan bo‘lib, investorlar va boshqa manfaatdor shaxslar uchun muhim hujjat bo‘lib xizmat qiladi. Shu sababli Amerika mintaqasidagi eng zo‘r 100 kompaniyaning 90 foizi, Yevropada 77 foizi, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida 84 foizi, Yaponiyada esa 100 foizi bunday hisobotlarni chop etadi.

Ikkinchi muhim mexanizm lozim darajadagi ehtiyotkorlikdir. Fransiyada 2017-yildan qabul qilingan mazkur mexanizm kompaniyaning ekologiyaga yetkazishi mumkin bo‘lgan xavfini oldindan aniqlash va oldini olish choralarini ko‘rishni talab etadi. Bunda kompaniya o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajara olmasa, istalgan shaxs kompaniyani javobgarlikka tortish bo‘yicha sudga da’vo kiritishi va yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya undirib olishi mumkin.

Shu kabi majburiy mexanizmlardan biri KIM majburiyati hisoblanadi. Indoneziyada 2007-yilda qabul qilingan ushbu chora tabiiy resurslar bilan bog‘liq sohalarda faoliyat yuritayotgan kompaniyalarga ijtimoiy va ekologik mas’uliyat standartlarini majburiy joriy etishni nazarda tutadi. Garchi Indoneziya qonunchiligida ushbu majburiyatning ijro mexanizmlari aniq va takomillashmagan bo‘lsa-da, bu korporativ sektorning xabardorligi va mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda KIM tamoyillarining joriy etilishi KIM O‘zbekistonda yangi kirib kelayotgan institutlardan biri hisoblanadi. Milliy qonunchilikda KIM yoki KEMga oid aniq normalar belgilanmagan.

Boshqa rivojlanayotgan davlatlarda bo‘lgani kabi mamlakatimizdagi KEMning o‘ziga xos xususiyatlari korporativ sektor tomonidan asosiy maqsad ko‘proq foyda olish hamda shaxsiy yoki kompaniya manfaatlarini umumjamiyat manfaatlaridan ustun qo‘yish, korporativ ochiqlik va shaffoflik darajasi pastligi, korxonaning atrof-muhit va ekologiyaga ta’siri yuzasidan befarqlik yoki inobatga olmaslik, KIM va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlaridan xabardorlik darajasi pastligi, KIMdan rasmiyatchilik yoki piar-reklama uchun foydalanish hollari kuzatiladi.

Garchi milliy urf-odat va diniy an’analarga asosan korporativ sektor xayriya ishlarida faol bo‘lsa-da, KIM xayr-ehsondan farqli ravishda maqsadli, davomli, tizimli tarzda aniq natijaga erishishga qaratilgan bo‘lib, amalga oshirilgan ishlar natijasi monitoring va tahlil qilinadi, baho beriladi, shunga oid korporativ siyosat va amalga oshirish mexanizmlari takomillashtirib boriladi.

Bunda kompaniyalar KIMni amalga oshirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari va boshqa tashkilotlarni autsorsing sifatida jalb etishi mumkin.

Ayni paytda davlat resurslari cheklangan, ma’muriy islohotlar sharoitida davlat va nazorat qiluvchi organlarning optimallashtirilishi, xususiylashtirish va davlat vakolatlarining xususiy sektorga o‘tkazilishi, korrupsiya darajasining sezilarli darajada yuqori ekanligi, qonun ustuvorligi zaif sharoitda korporativ sektorning mas’uliyatini oshirishga jiddiy zarurat mavjud. Shunday sharoitda KIM va KEM tamoyillari yuridik shaxslarning mas’uliyati va hisobdorligini oshirish bo‘yicha eng samarali yechimlardan hisoblanadi. KIM tamoyillarini turli vositalar, shu jumladan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangani kabi korparativ miqyosda aniq maqsad va vazifalarni belgilab olib, amalga osirish mumkin.

KIM standartlari O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan ba’zi yirik kompaniyalar, xorijiy yoki qo‘shma korxonalar faoliyatida joriy etilganligini ko‘rish mumkin. KIM tamoyillarini joriy etgan va uni tatbiq etayotgan kompaniyalar buni xalqaro standart, global bozorda ishtirok etishning zaruriy sharti sifatida yoki tashkilotning ta’sischisi bo‘lgan xorijiy kompaniyalarning talablari va kompaniya siyosatiga muvofiq amalga oshirayotganligini ko‘rsatadi.

Umuman olganda, O‘zbekistonda korporativ sektor tomonidan KIMni joriy etgan subyektlar doirasi cheklangan va qamrovi keng emas. Shu sababli davlat va biznes hamjamiyat tomonidan KIM va KEM tamoyillarini keng joriy etish, tatbiq etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish taklif qilinadi.

KEM standartlarini joriy etish masalalari O‘zbekistonda korporativ sektorning mas’uliyati va hisobdorligini oshirish, KEMni keng tatbiq etish yuzasidan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif etiladi:

Birinchidan, KIM va KEM tamoyillari milliy qonunchilikka, xususan, tadbirkorlik va ekologiyaga oid qonunchilikda mustahkamlanishi zarur.

Shuningdek, biznes sektorning faoliyatini o‘zini-o‘zi tartibga soluvchi korporativ kodeks va yo‘riqnomalarda (Korporativ boshqaruv kodeksi, va h.), biznesning ichki hujjatlarida KEM tamoyillariga oid siyosat va qoidalarni kiritish tavsiya qilinadi. Bunda tadbirkorlik subyektlarining birlashmalari, tarmoq uyushmalari KEMni oshirish yuzasidan tarmoq standartlarini joriy etishi maqsadga muvofiq.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi “Atrof-muhitgа tа’sirni bаholаsh mexаnizmini yanаdа tаkomillаshtirish to‘g‘risidа”gi 541-qarori bilan ro‘yxati keltirilgan atrof-muhitga zarar yetkazish darajasi yuqori va o‘rta bo‘lgan faoliyat turlari uchun lozim darajadagi ehtiyotkorlik va hisobdorlik mexanizmlarini joriy etish va majburiy etib belgilash taklif qilinadi. Keyinchalik, mazkur majburiy choralar qo‘llaniladigan subyektlar doirasi bosqichma-bosqich kengaytirilishi mumkin.

Uchinchidan, fuqarolar va biznesning ekologik madaniyati va xabardorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar, targ‘ibot va tushuntirishlar amalga oshirilishi lozim. Bunda korporativ sektorning ekologik mas’uliyatini oshirishga qaratilgan o‘quvlar tashkil etish va uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish, biznesning ekologik xabardorligini oshirish hamda ekologiyaga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish tavsiya etiladi.

Shuningdek, KEM tamoyillarini tatbiq etgan tadbirkorlik subyektlarini turli nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirish tizimini joriy etish maqsadga muvofiq. Mazkur tizim yilning eng yaxshi tadbirkorini taqdirlash bo‘yicha o‘tkazib kelinayotgan an’anaviy respublika tanlovi doirasida o‘tkazilishi mumkin.

KEM tatbiq etilishini nazorat qilish nodavlat notijorat tashkilotlar, OAVlar, faol iste’molchilar qatlami yordamida jamoatchilik nazorati mexanizmlari orqali amalga oshiriladi. Shu sababli davlat fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirishi, ijtimoiy sherikchilik tamoyillari asosida insofsiz tadbirkorlik subyektlari, ekologiyani ifloslantiruvchi shaxslarni fosh etishga oid faoliyatini qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq.

Mazkur chora-tadbirlar korporativ sektordan ma’lum bir moliyaviy xarajatlarni talab etsa-da, bunday xarajatlar mas’uliyatsizlik oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jiddiy ekologik talafotlar va aholi sog‘lig‘i bilan bog‘liq inqirozli holatlar natijasida yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararga qaraganda ancha kam bo‘ladi. Ayni paytda KEM standartlarini joriy etish davlat tomonidan ortiqcha ma’muriy xarajatlarni talab etmaydi va o‘zini o‘zi tartibga solishga qaratilgan mexanizmlarga tayanadi. Buning uchun davlatdan tegishli qonunchilik va standartlarni ishlab chiqish, ularning joriy qilinishini rag‘batlantirish talab etiladi xolos.

Bobir TURDIYEV,
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
katta prokurori

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here