Sud tizimi mustaqilligi: dunyo va biz

0
155

Prezident Shavkat Mirziyoyev mustaqilligimizning o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida yuksak marralarga erishish uchun 2026-yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasidagi 5 ta asosiy vazifani belgilab berdi. Ushbu yo‘nalishlardan biri sud tizimiga tegishli bo‘ldi.

Xususan, Prezident: “Sud tizimi mustaqil bo‘lmas ekan, jamiyatimizda rivojlanish bo‘lmaydi. Sud idorasiga ishi tushgan har bir shaxs ushbu dargohda qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonch hosil qilishi lozim.

Yangi O‘zbekistonda har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishi kerak. Sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanadi, ularning xavotirsiz ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi”, – deya ta’kidladi.

Darhaqiqat, sud hokimiyatining mustaqilligi demokratiya va inson huquqlarini ta’minlashdagi eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Ushbu prinsip mamlakatimiz Konstitutsiyasida ham mustahkamlab qo‘yilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslar huquq va erkinliklari buzilganda sudga murojaat qiladi, fuqarolar davlat organlari, mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy harakatlari ustidan shikoyatlarini bevosita sud organlariga berishadi. Ushbu jarayonda sud organlarining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritishi qonuniy va adolatli qaror qabul qilinishiga xizmat qiladi.

Sudyalarning mustaqilligi sud hokimiyati tashkil etilishi va faoliyatining eng muhim prinsipi bo‘lib, sudyalarga o‘zlarining ichki ishonchiga asoslanib sud ishlarini yuritishi, faqat Konstitutsiya va boshqa qonunchilik hujjatlari asosida qarorlar qabul qilishi mumkin bo‘lgan sharoitni yaratishda namoyon bo‘ladi. Bunga sudya har qanday ta’sirdan, tashqi bosimdan xoli bo‘lsagina erishish mumkin. Faqat shundagina odil sudlovni amalga oshirishda sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligi ta’minlanadi.

Sudyalarning mustaqilligi bir necha jihatlarni qamrab oladi. Bular ma’muriy ishlarda, moliyaviy masalalarda hamda qarorlar qabul qilishda mustaqillik, sudyalikka tayinlash tartibi, moliyaviy ta’minlanganlik kabilar. Yana  sudyalar o‘zlarining kasb vazifalarini bajarishda mustaqillikka ega bo‘lishi, ularning professionallik darajasi va shaxsiy axloqiy fazilatlari asosida tayinlanishi yoki saylanishi, sudyalar uzoq muddatli kafolatlangan lavozimga ega bo‘lishlari kerak.

Xorijiy mamlakatlar tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, sudyalar mustaqilligi turli jabhalarda kafolatlanganini ko‘rishimiz mumkin.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida sudyalarni saylash va tayinlashning o‘ziga xos amaliyoti shakllangan. Federal sudlardagi sudyalik lavozimlariga tayinlash Senat roziligi bilan AQSH prezidenti tomonidan amalga oshiriladi, bunda Senat prezident taklif qilgan nomzodni rad etish huquqiga ega.

Federal sudyalikka nomzodlarga kasbiy mahorat jihatidan ham, axloq jihatidan ham yuqori talablar qo‘yiladi (advokat, maslahatchi yoki universitet professori sifatida katta ish tajribasiga ega bo‘lish, sha’niga dog‘ tushmaganlik va shu kabilar). Federal sudyalar o‘z lavozimlariga umrbod tayinlanadi. Ularni faqat impichmentdek murakkab jarayon natijasida lavozimdan chetlatish mumkin.

1958-yili qabul qilingan Fransiya Konstitutsiyasida boshqa davlatlarning konstitutsiyalaridan farqli ravishda odil sudlovning asoslari haqida hech narsa aytilmasdan “Sudyalar o‘zgarmasdir” deb belgilangan. Ya’ni, bunda sudyaning xohishisiz nafaqat o‘z lavozimidan chetlatish, boshqa past lavozimga yoki yuqori lavozimga o‘tkazish mumkin emas. Shu bilan bir qatorda, bu prinsip lavozimdan chetlatish, vaqtincha chetlatish, o‘zgartirish va belgilangan muddatdan oldin lavozimidan ketishga majburlashni qat’iy cheklaydi.

Germaniyaning tajribasini kuzatar ekanmiz, sudyalarning huquqiy holati asosan 1962-yili kuchga kirgan “Sudyalar to‘g‘risida”gi federal qonun bilan tartibga solingan. Qonunda izohlanishicha, sudya oddiy amaldorlar qatoriga kirmaydi, balki davlat bilan o‘ziga xos munosabatda bo‘ladi.

Bunday huquqiy maqomga ega bo‘lish ularning mustaqilligini davlat amaldorlarining g‘ayrihuquqiy ta’siridan muayyan darajada kafolatlaydi.

Gretsiya Konstitutsiyasining 88-moddasiga ko‘ra sudyalarning oyligi ularning bajarayotgan vazifalariga mutanosib bo‘lishi kerak.

Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasining 120-moddasiga ko‘ra “Sudyalar mustaqildir va faqat Konstitutsiya hamda fedaral qonunlarga bo‘ysunadi”. Rossiyada sudyalarning mustaqilligi siyosiy, iqtisodiy hamda huquqiy jihatdan ta’minlanadi.

Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra sudning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga har qanday aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar sud qo‘llanilishi lozim bo‘lgan qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiyada mustahkamlangan inson va fuqarolarning huquqlari hamda erkinliklariga zid kelsa, ish yuritishni to‘xtatib, ushbu aktni Konstitutsiyaga zid deb topish uchun Konstitutsiyaviy kengashga murojaat qilishi shart.

O‘ylaymizki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari natijasida 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida nazarda tutilgan davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazorati o‘rnatilishi hamda fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasi oshishiga erishiladi.

Shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashda sudyalar jamiyati organlari rolining oshishiga, sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyili keng joriy etilishiga hamda sudyalarga g‘ayriqonuniy tarzda ta’sir o‘tkazishning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlar yaratilishiga xizmat qiladi.

Anvar NORQO‘ZIYEV,
Gʻallaorol tumanlararo
iqtisodiy sudi raisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here