HomeIlmiy maqolalarSog‘liqni saqlash tizimiga xalqaro huquqiy normalarni implementatsiya qilish orqali teletibbiyotni rivojlantirish

Sog‘liqni saqlash tizimiga xalqaro huquqiy normalarni implementatsiya qilish orqali teletibbiyotni rivojlantirish

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishda raqamli texnologiyalardan va teletibbiyotdan foydalanish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishda tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash asosiy maqsadlardan biri hisoblanadi. Biroq hozirgi kunda tibbiyot muassasalarining barchasida ham axborot kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy qilingan deb bo‘lmaydi.

Teletibbiyot yashash va ish joyidan qatʼi nazar insonlarga arzon va yuqori malakali tibbiy maslahatlar olishga yordam beradi. Bu boradagi qarashlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining va UNICEFning konferensiyalarida tan olingan.

Unutmaslik kerakki, sog‘liqni saqlash sohasida zamonaviy axborot tizimidan foydalanishning
asosiy maqsadlaridan biri inson salomatligini saqlash, davolash va diagnostik jarayonlarning
samaradorligini oshirishdir. Fikrimizcha, ushbu maqsadlarga erishish maqsadida milliy islohotlar rejasini ishlab chiqib, axborot tizimining integratsiyasini joriy qilish lozim.

Teletibbiyotdan foydalanishga inson huquqlarini taʼminlashning yana bir muhim jihati sifatida qarash mumkin. Bunga asosiy sabab teletibbiyot yashash va ish joyidan qatʼi nazar insonlarga arzon va yuqori malakali tibbiy maslahatlar olishga yordam beradi. Bu boradagi qarashlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining va UNICEFning konferensiyalarida tan olingan.

Shuningdek, JSSTning salomatlik strategiyasida ham teletibbiyot siyosatini integratsiyalash
va texnologik yordam ko‘rsatish zarurligi ko‘rsatilgan. Teletibbiyot xizmatlarini huquqiy tartibga solish davlat siyosatining asossiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish hozirgi kunda dolzarblik kasb etmoqda.

MDH mamlakatlari tajribasiga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, ularning sog‘liqni saqlash sohasida teletibbiyot faol rivojlanib bormoqda. Uni rivojlantirish maqsadida mahalliy dasturlarni kengaytirish va xalqaro darajaga yetkazish uchun davlatlararo funksiyanal dasturlar ishlab chiqish lozim.

2023-yil 14-aprelda MDH ishtirokchi davlatlarining 55-parlametlararo assambleyasi o‘tkazildi va unda MDH davlatlari o‘rtasida “Sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish to‘g‘risida”gi model qonun1 imzolandi.

Ushbu qonuning asosiy vazifasi sifatida sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish, samarali tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha huquqiy normalarni yaratish, ushba faoliyatda ishtirok etuvchi jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va manfatlarini himoya qilish belgilangan.

Davlatlararo hamkorlik bilan zamonaviy sog‘liqni saqlash sohasida qonunchilik bazasini yaratish va raqamli texnologiyalardan foydalanish ham ichki, ham xalqaro va davlatlararo munosabatlarni yaxshilashga olib keladi. MDH davlatlari uchun raqamli sog‘liqni saqlash sohasini tartibga soluvchi model qonun asosida O‘zbekistonda teletibbiyotdan foydalanishni huquqiy tartibga solish muhim ahamiyatga ega. Shu sababli teletibbiyotga oid normalar “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunga va Aholi sog‘lig‘ini saqlash kodeksi loyihasiga kiritilishi maqsadga muvofiq.

Ekspertlarning fikricha, teletibbiyot xizmatlariga talab jadal oshgach ba’zi mamlakatlar ushbu sohani o‘z milliy qonunchiligi bilan tartibga solishni boshlaganlar.

Bir qator mamlakatlar teletibbiyotdan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida ushbu xizmatlardan foydalanishni moliyalashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqqan va tibbiy sug‘urta dasturlariga kiritgan.

Misol uchun Yevropa ittifoqi fuqarolarning poliklinika va shifoxonalarga kelib turli kasalliklarni yuqtirishining oldini olish va teletibbiyotni rivojlantirish maqsadida bir qancha grantlar eʼlon qilgan.

Yevropada odamlarning ko‘pchiligi surunkali kasalliklar bilan kasallanadi.Ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish lozim, ammo chekka hududlarda yashovchi fuqarolarga ushbu tibbiy yordamni ko‘rsatishda qiyinchiliklar mavjud.

Teletibbiyotdan foydalangan holda chekka hududlarda yashovchi fuqarolarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish mumkin bo‘ladi.

Bugungi kunga qadar Yevropa ittifoqi teletibbiyot va teletibbiy xizmatlar sohasini huquqiy tartibga solish uchun asos yaratgan. Yevropa ittifoqiga aʼzo har bir davlatning milliy (ichki) qonunchiligiga qo‘shimcha ravishda, nafaqat axborot xizmatlarini ko‘rsatish va shaxsiy maʼlumotlarni uzatish, balki tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq maxsus standartlar ham mavjud.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini barcha sohalarga, birinchi navbatda, davlat boshqaruvi, taʼlim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligiga keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari ichki bozorini rivojlantirish, respublikaning barcha hududlarida AT – parklar tashkil etish va bu sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash kabilar bo‘yicha ishlar qilinmoqda. Aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish borasida muayyan natijalarga erishildi.

2018-yil 7-dekabrda Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5590-farmoni bilan
2019-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasining sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan bo‘lib, bunda “elektron sog‘liqni saqlash” tizimini keng joriy etish, yagona milliy standartlar asosida integratsiyalashgan axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari majmuasini yaratish vazifalari belgilangan.

Konsepsiyaga tibbiyot tashkilotlari o‘rtasida axborot almashish hamda masofaviy tibbiy va taʼlim xizmatlarini (maslahatlashuvlar, konsiliumlar, operatsiyalar, master-klasslar va hokazolar) o‘tkazish uchun teletibbiyotni rivojlantirish2 qayd etilgan.

Shuningdek, aholi uchun tibbiyot tashkilotlari va ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar to‘g‘risida axborot olish, shifokorlar malakasi, ish staji, qabul vaqti haqida axborot olish, shuningdek, “elektron navbat”, shu jumladan masofadan navbatni band qilib qo‘yish imkoniyatini tashkil etish, ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini baholash kabilar ham belgilangan.

Konsepsiya Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga, shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishda katta muvaffaqiyatlarga erishgan ilg‘or mamlakatlar tajribasiga asoslangan.

O‘zbekiston Prezidenti 2023-yil 1-mayda “Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Unga ko‘ra Raqamli sog‘liqni saqlash platformasini yaratish, sog‘liqni saqlash tizimida ilg‘or raqamli texnologiyalarni tashkil etish, sohaning barcha darajalaridagi tibbiyot muassasalari uchun maʼlumotlar bazasi kompleksini joriy etish, elektron platforma va dasturiy taʼminotni ishlab chiqish asosiy vazifa etib belgilangan.

Undan tashqari Raqamli sog‘liqni saqlash islohotlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra “Fast Nealthcare Interoperability Resources” xalqaro standarti asosida raqamli sog‘liqni saqlashning quyidagilarni o‘z ichiga oladigan yagona platformasini yaratish ko‘zda tutilgan:

tibbiy maʼlumotlar registrlari va omborlari;

axborot vositachiligi xizmatlari (Ochiq API);

axborot tuzilmalari va tizimlarining o‘zaro aloqasi bo‘yicha protokollari;

milliy tibbiy registrlar (aholi, bemorlar, shifokor va tibbiyot muassasalar va boshqalar bo‘yicha);

terminologiya serveri;

tahlil va hisobot xizmatlari;

mahalliylashtirish;

dasturiy taʼminotning cheklovsiz litsenziyalari.

Bundan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiyalash, sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish jarayonlari rivojlanmoqda.

Yuqoridagi xalqaro normalar va xorijiy tajribadan foydalangan holda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish va ularni amaliyotga joriy etish maqsadida bemorlarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami; shoshilinch va tez tibbiy yordam; ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam; ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan fuqarolarga tibbiy-ijtimoiy
yordam; atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan kasalliklarga chalinganlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatilishidan tashqari teletibbiy yordamni ham zarur deb hisoblaymiz.

Teletibbiyot texnologiyalaridan foydalanish vakolatini Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilashi, shuningdek tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi va standartlarini ishlab chiqishi maqsadga muvofiq. Undan tashqari bemorga tibbiy xodimning teletibbiyot texnologiyalaridan foydalangan holda xizmat ko‘rsatishi tartibi quydagicha belgilanishi lozim:

bemorning shikoyatlari va maʼlumotlarini to‘plash, tahlil qilish, terapevtik va diagnostika tadbirlarining samaradorligini baholash, bemorning sog‘lig‘ini tibbiy nazorat qilish;

shaxsan qabul qilish zarurati to‘g‘risida qaror qabul qilish (ko‘rik, maslahat);

teletibbiyot texnologiyalaridan foydalangan holda konsultatsiyalar o‘tkazishi, davolovchi shifokor tashxis qo‘yishi va davolashni shaxsan qabul qilgandan so‘ng amalga oshirishi kerak.

Xulosa o‘rnida qayd etish joizki, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani, bunda teletibbiyotni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘layotgani ko‘rinib turibdi. Bu jarayonda raqamli texnologiyalarning keng qo‘llanishi shaffof va ishonchli tibbiyotni shakllantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi va aholi salomatligini muhofaza qilishga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.

Faringiz YUSUPOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro huquq va inson huquqlari
kafedrasi o‘qituvchisi

1.https://iacis.ru/baza_dokumentov/modelnie_zakonodatelnie_akti_i_rekomendatcii_mpa_sng/modelnie_kodeksi_i_zakoni.

2 lex.uz/docs/4096197#4098262.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa