HomeMaqolalarBrend olishning afzalliklari va undan noqonuniy foydalanishning oqibatlari

Brend olishning afzalliklari va undan noqonuniy foydalanishning oqibatlari

O‘zbekiston Respublikasining jahon bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lishida intellektual mulk huquqi masalasi muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Intellektual mulk masalasini davlat siyosati darajasiga ko‘tarmas ekanmiz, O‘zbekiston bundan o‘n yildan keyin ham raqobatbardosh bo‘lmaydi”1.

Hozir intellektual mulkning huquqiy muhofazasi davlat siyosatida muhim o‘rin tutadi. Intellektual mulk huquqini himoya qilishning muhim yo‘nalishlaridan biri mamlakatda kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarilishi va olib kelinishining oldini olish hamda muomalasiga qarshi kurashish hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasiga noqonuniy yo‘llar bilan kontrafakt, qalbaki tovar-moddiy boyliklarning olib kirilishi iqtisodiyotga va aholining  salomatligiga jiddiy xavf soladi. Mana bir necha yildirki, mamlakatimizda jahon standartlariga javob beradigan raqobatbardosh tovarlar ishlab chiqarishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Tovar belgisi yoki xizmat ko‘rsatish belgisining (brend) o‘zi nima?

Tovar belgisi (xizmat ko‘rsatish belgisi) yuridik va jismoniy shaxslar tovarlari, xizmatlarini boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning shu turdagi tovarlari, xizmatlaridan farqlash uchun xizmat qiladi.

Bu belgi (ingliz tilida Brand) logotip sifatida belgilangan tartibda ro‘yxatdan ham o‘tkaziladi.
Brend (ing. Brand) – tamg‘a, belgi degani. Brend juda katta tushuncha, uni oddiygina qilib ta’riflab bo‘lmaydi. Brend faqat logotip emas.

Brend bu:

– kompaniya strategiyasi;
– xodimlari, narx siyosati;
– raqobatchilardan farqlanishi;
– kuchli taraflari;
– iste’molchilar uchun yaratilgan o‘ziga xos qiymatlar;
– shuningdek, nom va logotip.

Brendni ishlab chiqishdan asosiy maqsad doimiy mijozlarga ega bo‘lish, bozorda sezilarli farqni va qiymatni hosil qilish hisoblanadi. Brend nafaqat mahsulot (xizmat), balki egasiga bozorda mavqe beradi. Jamiyatda o‘rnini topishiga xizmat qiladi. Kontrafakt mahsulotlardan ishonchli himoyani ta’minlaydi.

Brend egasi mahsulot (xizmat) ning sifati, narxi va har qanday mayda detallariga e’tibor qaratadi. Natijada esa bozorda har qanday raqobatga bardoshli mahsulot (xizmat) paydo bo‘ladi. Mahsulot uchun eksport eshiklari ochiladi.

Bugun brendiga ega bo‘lmagan mahsulotlar mahalliy bozorda sinadi. Brend olish bugun dolzarb masalaga aylandi. Mahsulot yoki xizmat sifatli va arzon bo‘lsa ham bir kuni brend mahsulotning soyasida qoladi.

Kontrafakt mahsulot ishlab chiqarayotgan tadbirkorlik subyektlarining aksariyat qismi qonunbuzilish holatida bo‘ladi. Bunga asosiy sabab qonunchilikni lozim darajada bilmasliklari ortidan noto‘g‘ri xulosaga kelib, mavjud va mashhur brendlarning ayrim element yoki nomiga o‘zgartirish kiritish orqali bozorga oson kirishni ko‘zlashdir. Bu holat iste’molchilarni chalg‘itadi. Mahsulot esa kontrafakt sifatida qayd etiladi.

Iste’molchilarda ham kontrafakt mahsulotga nisbatan yetarli immunitet shakllanmagan: qalbaki mahsulot bilan kontrafakt mahsulotni farqlamaydi.

Kontrafakt so‘zi fransuzchadan tarjima qilinganda, mualliflik huquqini buzish degan ma’noni anglatadi. Shu bilan birga, kontrafakt so‘zi inglizcha “counterfeit” so‘zidan olingan, u “qalbaki” degan ma’noni bildiradi.

“Kontrafakt” atamasi intellektual mulk huquqlarini buzgan holda ishlab chiqarilgan barcha mahsulotga tegishli. Kontrafakt ishlab chiqaruvchi taniqli brend va logotiplarni soxta mahsulotlarga qo‘llash orqali xaridorni aldaydi.

Qonunchilikka ko‘ra, kontrafakt mahsulot huquq egasining tovar belgisiga bo‘lgan huquqlarini buzish, iste’molchini adashtirish darajasida tovar nomini o‘zgartirish yoki takrorlash sanalsa, qalbaki mahsulot – tashqi ko‘rinishi asl (original) mahsulot bilan aynan bir xil, lekin mahsulot tarkibi, sifati va boshqa muhim xususiyatlari asl mahsulotnikidan ancha past va arzon bo‘lgan mahsulot hisoblanadi.

Boshqacha aytganda, kontrafakt mahsulotni ishlab chiqarishda original mahsulot egasining reputatsiyasidan foydalangan holda o‘z tovarini sotuvga taklif etish tushinilsa, qalbaki mahsulotda minimal xarajatlar hisobiga, qoida tariqasida, yashirin yo‘llar bilan original mahsulotni takrorlashga harakat qilinadi.

Shuning uchun intellektual mulkka oid qonunchilik haqidagi bilim va ko‘nikmalarni oshirish muhim ahamiyatga ega. Kontrafakt mahsulot davlat iqtisodiyoti uchun ham jiddiy zarar yetkazadi.

Endi tovar belgisidan noqonuniy foydalanishning huquqiy oqibatlarini ko‘ramiz.

O‘zbekiston Respublikasi “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida” gi qonunining 3-moddasiga ko‘ra, tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisi bu bir yuridik va jismoniy shaxslar tovarlari va xizmatlarini boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning shu turdagi tovarlaridan farqlash uchun xizmat qiladigan, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan belgilardir.

O‘zbekistonda tovar belgilarini huquqiy muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlar “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadi.

Qonunning 4-moddasiga muvofiq tovar belgisi huquqiy jihatdan uni ushbu qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish asosida, shuningdek O‘zbekistonning xalqaro shartnomalariga muvofiq muhofaza qilinishi belgilangan. Ushbu qonunning 26-moddasiga2 binoan tovar belgisining egasi tovar belgisidan foydalanish va uni tasarruf etish mutlaq huquqiga ega.

Tovar belgisini yoki shu belgi bilan belgilangan tovarni ruxsat berilmagan tarzda tayyorlash, qo‘llash, olib kirish, savdoga taklif etish, sotish, o‘zgacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish yoki ularni shu maqsadda saqlash yoxud ular bilan adashtirib yuboradigan darajada aynan o‘xshash bo‘lgan bir xildagi tovarlarni belgilash tovar belgisiga doir mutlaq huquqni buzish deb e’tirof etiladi.

Shuningdek, qonunning 27-moddasi birinchi qismiga muvofiq, tovar belgisi uni ishlatish uchun ro‘yxatga olingan tovarlarda va (yoki) ularning idishi hamda o‘rovida tovar belgisining egasi tomonidan yoki litsenziya shartnomasi asosida bunday huquq berilgan shaxs tomonidan qo‘llanilishi tovar belgisidan foydalanish deb hisoblanadi.

Mazkur moddaning uchinchi qismiga asosan tovar belgisidan yoki adashtirib yuborish darajasida u bilan o‘xshash bo‘lgan belgidan tovarlarda, tovarlarning etiketkalarida, o‘rovlarida qonunga zid ravishda foydalanilganda ular kontrafakt hisoblanadi.

Ushbu xatti-harakatlar sodir etilishi mazkur qonunning 371-moddasiga asosan tovar belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki ular bilan adashtirib yuboradigan darajada o‘xshash bo‘lgan bir turdagi tovarlar uchun belgilardan qonunga xilof ravishda foydalanish yuridik shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Jarimalar miqdori huquqbuzarliklarning har bir turi bo‘yicha alohida belgilanadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-moddasiga3 asosan o‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, geografik ko‘rsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud o‘zganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 1107-moddasiga4 muvofiq tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanayotgan shaxs tayyorlab qo‘yilgan tovar belgisi tasvirlarini yo‘q qilishi, qonunga xilof ravishda foydalanayotgan tovar belgisini yoki almashtirib yuborish darajasida unga o‘xshash bo‘lgan belgini tovardan yoki uning idishi va o‘rovidan yo‘qotishi shart. Ushbu talablarni bajarishning iloji bo‘lmagan taqdirda tegishli tovar yo‘q qilib tashlanishi lozim. Demak, brendni ro‘yxatdan o‘tkazib mahsulot yoki xizmatni davlat himoyasiga topshirish foydalidir.

Javlonbek QO‘CHQOROV,
Namangan viloyati adliya boshqarmasi
Intellektual mulk huquqlarini himoya qilish bo‘yicha
bosh maslahatchi

1 https://www.gazeta.uz/uz/2020/10/12/intellectual-property/.

2 https://www.lex.uz/acts/24925.

3 https://www.lex.uz/acts/97664.

4 https://lex.uz/docs/180552.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa