HomeYangiliklarReklama haqida 5 ta savolga javob

Reklama haqida 5 ta savolga javob

Har kuni va har qadamda reklamalarga duch kelamiz. TV, radio, bannerlar, plakatlar, simyog‘ochlar… Ularning hammasi ham qonun talablariga mosmi? Reklama uchun qanday talablar qo‘yiladi? Qaysi mahsulotlarni reklama qilish mumkin emas? hudud24.uz reklama haqida, unda tilning ahamiyati, qanday reklamalar taqiqlanishi, bolalar uchun zararli reklamalar, javobgarlik masalalariga to‘xtaladi.

  1. Reklama o‘zi nima?

Qonuniy tilda reklama — har qanday reklama vositalaridan foydalangan holda tarqatiladigan, mazmuni O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan reklamadan foydalanuvchilarga qaratilgan va reklama ob’ektiga e’tiborni jalb qilish, unga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish yoki qo‘llab-quvvatlash, shuningdek uni bozorda bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida ilgari surish uchun mo‘ljallangan maxsus axborot hisoblanadi.

Ushbu tarifdan kelib chiqib, ko‘plab reklama beruvchilar reklama uchun qoida yo‘q deb hisoblaydi va ularning reklamasi bir nechta qonun talablariga zid bo‘lib qoladi.

Aslida reklama tayyorlanayotganda “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablariga bo‘ysunish va ushbu Qonun doirasidan chiqmagan holdagina reklamalarni joylashtirish shart.

  1. Reklama uchun til qoidasi bormi?

O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama davlat tilida tarqatilishi kerak. Boshqa tillarda faqatgina reklama mazmunining tarjimasi quyidagi bir nechta talablarni buzmagan holda takror berilishi mumkin:

  1. Davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi kerak.
  2. Davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi kerak.
  3. Davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kerak;
  4. tele- va radiokanallarda, shuningdek bosma nashrlarda tarqatiladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining yigirma foizidan oshmasligi kerak.

Ushbu qoida:

  • faqat chet tillarda e’lon qilinadigan bosma nashrlarda va noshirlik mahsulotining boshqa turlarida joylashtiriladigan reklamaga;
  • ko‘rsatuvni (eshittirishni) chet tillarda amalga oshiruvchi ommaviy axborot vositalarining tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlarini namoyish etish (eshittirish) jarayonida joylashtiriladigan reklamaga;
  • Internet jahon axborot tarmog‘idagi materiallarni faqat chet tillarda joylashtiradigan veb-saytlarning axborot resurslariga joylashtiriladigan reklamaga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari), bosma usulda terilgan bo‘g‘inli belgilar (logotiplar) asli qaysi tilda bo‘lsa, shu tilda keltirilishi mumkin.

  1. Qanday reklamalar taqiqlanadi?

Quyidagilarni:

  • ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonunda taqiqlangan tovarlarni;
  • ishlab chiqarilishi va (yoki) realizatsiya qilinishi uchun tegishli sertifikatlari va litsenziyalari, majburiy sertifikatlashtirish guvohnomalari yoki maxsus ruxsatnomalari mavjud bo‘lmagan tovarlarni;
  • giyohvandlik vositalarini yoki psixotrop va (yoki) kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni;
  • pornografiya mahsulotlarini reklama qilish taqiqlanadi.
  1. Bolalar uchun zararli reklamalar qaysilar?

Har qanday reklamani ham bola to‘g‘ri tushunishi qiyin bo‘ladi, masalan, ayrim reklamalar ko‘chma ma’nolarga ham ega bo‘lishi mumkin. Shu boisdan, reklamada quyidagilar taqiqlanadi:

  • voyaga yetmaganlarning iste’mol qilishi taqiqlangan tovarlarni iste’mol qilayotgan yoki ulardan foydalanayotgan voyaga yetmaganlarning tasvirlaridan foydalanish;
  • xavfli vaziyatlarda, shu bilan birga ularning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga tahdid soluvchi xatti-harakatlarni sodir etishga, shu jumladan o‘z sog‘ligiga zarar yetkazishga undovchi vaziyatlarda voyaga yetmaganlarni namoyish etishdan foydalanish;
  • voyaga yetmaganlarni tovarlarni olishga da’vat qilish yoki reklama qilinayotgan tovarlarni olishni iltimos qilib uchinchi shaxslarga murojaat etishga undash;
  • haqiqiy yoki o‘yinchoq quroldan foydalanish;
  • ota-onalar va tarbiyachilarni obro‘sizlantirish, voyaga yetmaganlarning ularga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazish;
  • voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan tovarlarni voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan telekanallarda, teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish.
  1. Reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik qanday?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1781-moddasiga ko‘ra, reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun BHMning 3 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima jazosi nazarda tutilgan.

Salamat TUREMURATOV,
huquqshunos

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa