Savol: Zing-zing! “Ey, senda-chi? … bormi?!” Javob: …

0
224

Rosa asabga tekkan, hozir ham vaqti-vaqti bilan televizoringiz oynakini chertib
qoladi; eslaganingiz, ha, o‘sha kemiruvchi jonzot. Gir aylanib, qaytalaveradi: reklama o‘rovi tovonga yopishgan gajak tikon og‘rig‘idek tanaga tarqab, kun o‘tmayoq miyani kemira boshlaydi. Do-oo-d, devorgan ko‘pchilik, shundaymasmi?

Bu birgina misol, xolos. Zavqi kelgan mardum istagancha davom ettirishi mumkin. Reklama – daromad qaynarxumchasi. Har ikki taraf – oluvchiyu beruvchiga. Ma’lum-u mashhur Genri Fordning ma’lumu mashhur gapi bor: “agar 4 dollar pulim bo‘lganda, uch dollarini reklamaga sarf qilardim”. Ammo…

Ammosi shundaki, jamiyat to‘(ye)kis tartib talab qiladi. An’anaviysi – qonun. Qonun – me’yor chizig‘i. Undan o‘tsangiz, javobgarlikka tortilasiz.

Rostisi ham shu: so‘nggi yillarda TVdan tortib radiogacha, internetdan tortib tashqi reklama bannerlarigacha urchigan turfa, maza-bemaza reklamalar axiyri iste’molchilarning sabr kosasini to‘ldirib, ijtimoiy tarmoqlarni batabang qildi. Qo‘shsavolki, “Chegarasi bormi? Egasi yo‘qmi?”…

Qariyb chorak asr chidagan…

Amaldagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunimiz 1998-yilda qabul qilingan va ushbu 30 moddadan iborat hujjatga o‘tgan davr mobaynida 15 marotaba o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Gap shundaki, qonun zamon talabiga javob bermasa, ming “o‘zgartish va qo‘shimchalar” qilmang, bu holat xalqona aytganda “yiqilgan devorni suvash”ga o‘xshaydi. Yiqilgan devorni oshib o‘tishdan osoni borakanmi? Bunday paytda binokorlar nima qiladi? To‘g‘ri, devor qayta, mustahkam qilib tiklanadi. Yangi qonun – ya’ni.

2021-yil 21-mayda parlament qonunchilik palatasi rasmiy saytiga “Muhokama etilayotgan qonun loyihalari” ruknida yangilik osildi: “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi.

Endi e’tibor bering: mavzu jiddiy (odamlar e’tirozlari ko‘pligidan ba’zida internet sayriga yurak bezillab qolgan) bo‘lishiga qaramasdan, ushbu loyiha naq olti oy quyi palatada dimiqib yotdi. Albatta, “qonun (loyiha) pishiq-puxta bo‘lsin, deganmiz. Qaytargan bo‘lishimiz mumkin. Ijrochi (ishlab chiqqan)lar vaqtida opkelishmadi” deyilishi-da tabiiy. Axir o‘rganib qolganmiz.

Shunday qilib, 2021-yil 28-dekabrda quyi palata qonun loyihasini qabul qilib, Senatga yuboradi.

Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi ishchi guruhi 2022-yil 8-fevralda yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunni muhokamadan o‘tkazdi.

“Qonun muhokamasi davom etmoqda” qo‘shimcha qilinadi – Senat axborot xizmati tarqatgan xabar so‘nggida.

Buyog‘ini shundog‘am bilasiz, muhokama tugagach, umumiy (barcha senatorlar jam) yig‘ilishga olib chiqiladi. Yig‘ilishda qabul qilinsa, imzo uchun Prezidentga yuboriladi. Bizning ixtiyorimizdagi qonun loyihasi (yangi tahrir) 51-moddasida esa shunday yozilgan: “Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi”. Endi tasavvur qiling, deylik Senat ushbu masalani birinchi chorakdagi (katta ehtimol bilan mart oyi) yig‘ilishda hal qilsa, loyiha roppa rosa bir yil o‘tib, amalga oshgan bo‘ladi. Balki, ayni band o‘zgarar. Balki o‘zgarmas. Nima bo‘lganda ham! Sabrliroq bo‘lamiz…

Tarki odat – mahol. Bani-bashariyat tarixiga qaytamiz.

“Devorlarga yozish man etiladi. Kimki yozsa, unga g‘am-alam, omadsizlik bo‘lsin”

Reklama so‘zi “reclamare”, “réclame” – “qichqiriq”, “baqirish”, “jalb qilish” ma’nolarida keladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, tarixda ilk reklamalar og‘zaki, yozma matndagi esa Qadimgi Misrga borib taqaladi. Hozirda London muzeyida saqlanayotgan papirusda (mahalliy quldor tarafidan yozdirilgan) shunday jumlalar bor: “U yaxshi ko‘radi, eshitadi, sog‘lom, buyurgan ishlaringizni itoat bilan bajaradi.” Qarangki, bunaqasi ham bor ekan: “Men Mimos, Kipr orolidan bo‘lib, shu yerda yashayman. Tangrining roziligi bilan tushlaringizni kelishilgan narxda ta’birlab beraman”. Shugina joyiga zavqingiz keldi, hoynahoy. Kuldirgich belgisi.

Qadimgi Rimda esa reklama uchun maxsus ustunlar – albumslar tiklangan. Ustunlar qolib, boshqa devorlar ham reklamalar bilan to‘lib ketganidan ma’muriyat maxsus qaror chiqarishga majbur bo‘ladi. Unda shunday bitiklar bor edi: Devorlarga yozish ma’n etiladi. Kimki yozsa, unga g‘am-alam, omadsizlik bo‘lsin!

Insoniyat rivojiga bemisl hissa qo‘shgan – koshif Iogann Guttenbergning bosma dastoh (kitob chop qilish)ni ixtiro qilishi esa, shubhasiz, bu yo‘nalishda inqilob yasadi. Bosma tarqatma reklamalar davri boshlandi. Reklama tarixiga oid davriy uzviylik – alohida tadqiqot. Shu uchun qisqa-qisqa to‘xtalamiz.

XV–XVII asrlardagi Yevropa reklamalari ko‘proq import va eksport tovar mahsulotlari to‘g‘risida bo‘lgan. Masalan, kofe, choyni qaysi bozorlarda xarid qilinishi ko‘rsatilgan. AQShda 1704-yilda “Boston nyusletter” gazetasida dastlabki reklama e’lonlari chop etila boshlanadi.

Keyinchalik radio kashf etilgach, ushbu axborot vositasi reklama biznesida katta rol o‘ynay boshlaydi. Birinchi radio reklamasi AQShda 1922-yilning 28-yanvarida 10 daqiqacha davom etib, 100 dollarga rasmiylashtirilgan. Ilk rasmiy reklama agentli sifatida esa filadelfiyalik Uolni Palmer tilga olinadi. U 1841-yildan boshlab, gazetalarda reklamalarni joylashtirish orqali daromadning 25 foiz ulushiga ega chiqqan. Bugungi kun bilan solishtirish uchun: Amerikalik reklama giganti Jorj Batten (“George Batten Company” reklama agentligi asoschisi) kompaniyasining XIX asr oxiri XX boshlaridagi yillik aylanma mablag‘i 3 milliard (!) dollardan oshgan.

Muhokama qilinayotgan loyiha nimasi bilan jozibali?

Aytilishicha, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunni (yangi tahrirdagi – izoh tahririyatniki) qabul
qilishga zarurat shundaki, amaldagi qonunda umumiy tusga ega bo‘lgan va ishlamaydigan normalar mavjud bo‘lib, ular reklama faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni to‘liq qamrab olmagan.

Yana-chi? Vaqtingizni tejash uchun asosiy yangiliklarni keltiramiz:

– davlat va nodavlat tashkilotlarining reklama sohasidagi vakolatlari aniq belgilanmagan, natijada huquqni qo‘llash amaliyotida ko‘plab huquqbuzarliklar sodir etilmoqda;

– reklama obyektining xavfsiz bo‘lishiga oid talablar mavjud emas;

– dori vositalari, biologik aktiv va oziq-ovqat qo‘shimchalari, bolalarga mo‘ljallagan oziq-ovqatlar, alkogolli va energetik ichimliklar reklamasiga nisbatan cheklovlar nazarda tutilmagan;

– yangi tahrirdagi qonun “reklama obyekti”, “nomaqbul reklama”, “axloqsiz reklama”, “yashirin reklama”, “homiylik” kabi yangi tushunchalar bilan to‘ldirilmoqda;

– televideniye, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va telekommunikasiya tarmoqlarida reklama joylashtirish tartibi takomillashtirilmoqda;

– telekanallarda davomiyligi o‘n daqiqadan kam bo‘lgan teleko‘rsatuvlarni reklama bilan uzib qo‘yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mana bu normalarni esa hozirda reklama bozorida tobora bodrab borayotgan masalalar deyish mumkin:

– taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning
tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslarning ishtirok etishi;

– olimlarning, tibbiyot xodimlarining tavsiyalaridan, xuddi shuningdek alohida shaxslarning minnatdorchiligidan, tavsiyalaridan va reklama qilinayotgan dori vositalarining ta’siri haqidagi hikoyalaridan iborat bo‘lgan tavsiyalardan foydalanish taqiqlanmoqda.

Voyaga yetmaganlarning ishonchi va tajribasi yetishmasligini suiiste’mol qilishdan himoya qilish tartibi alohida keltirilmoqda.

Statistik raqamlar…

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, reklama sohasida nohalol raqobat va noto‘g‘ri reklamaning oldini olish maqsadida 2021-yil mobaynida agentlik tomonidan 27 mingga yaqin o‘rganishlar o‘tkazilib, shundan 15 ming 486 holatda turli kamchiliklar aniqlangan va ularni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rilgan.

Yana bir gap. Foydalanayotganingiz, qaysiki ijtimoiy tarmoq ilovasi bo‘lmasin, xabarlar oqimida tavakkalchilikka asoslangan onlayn-qimor o‘yinlari reklamasiga duch kelasiz. Ma’lumki, respublikamizda totalizator va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish va bunday xizmatlarni reklama qilish noqonuniy hisoblanadi. Agentlik shu maqsadda 1 105 ta o‘rganish o‘tkazib, 102 ta holatda ana shunday xizmatlar reklamasini aniqlagan va ularning barchasi bartaraf etilgan. Bu sirasida AOKA bilan hamkorlikda 30 dan ortiq totalizator va bukmekerlik reklamasini noqonuniy ravishda yurituvchi saytlarga kirish imkoniyati cheklab qo‘yildi.

QISQA MATNDA:

savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari tashqi va ichki qismida reklama qilinishi taqiqlangan mahsulotlarga, yayne tamaki, alkogol, elektron sigaret, pivo va boshqa reklama-axborotlarini joylashtirish bo‘yicha 1 ming 71 ta;

daraxtlarga o‘rnatilgan noqonuniy reklama va e’lonlar 3 416 ta;

moddiy madaniy meros obyektlarida tashqi reklamani ruxsatsiz joylashtirish bo‘yicha 25 dan ortiq;

ijtimoiy tarmoqlarda 4 387 ta;

dori vositalari, biologik faol qo‘shimchalar (BAD) va boshqa (ozdiruvchi, semirtiruvchi) preparatlarga oid reklamalarda 395 ta holat, kamchiliklar aniqlanib bartaraf etilgan.

Shuningdek, noto‘g‘ri reklama oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli iste’molchiga 146 mln. so‘m miqdorda yetkazilgan ziyon to‘liq hajmda qoplanib berilgan.

Eslatib o‘tamiz, agentlik “Reklama to‘g‘risida”gi amaldagi qonun doirasida o‘rganuvlar o‘tkazgan.

Umidimiz bisyor

Sirtdan qarasangiz, barchasi imkon qadar silliq ketayotgandek. Biroq nojo‘ya ta’siri tobora kuchayib borayotgan muammolar yechimi ko‘pam cho‘zilmasligi tarafdorimiz (Senat loyihani qaytarib yuborishi mumkin-ku). Chunki davr shiddati soha rivojlanishi pallasi barobarida salbiylikka ham baravar tosh bosmoqda. Bizningcha, tarozi milining tuzatilishi bo‘yicha xo‘p va ko‘p maslahatlashuv o‘tdi. O‘rnatilishi kechikmasin.

Maqola muqaddimasiga qaytsak:
Savol: Zing-zing! “Ey, senda-chi? Qonun
bormi?!”
Javob: Endi bo‘ladi!
Va, kutamiz…

P.S: Ushbu maqolada doimiy murojaat qiladiganimiz – xorij tajribasini keltirmaslikni ma’qul topdik. Sababi, imkon qadar kuzatganlarimiz – yaqin qo‘shnilar (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston), shuningdek, Ozarbayjon, Moldova, Rossiya kabi davlatlar “Reklama to‘g‘risida” qonunlariga ko‘z tashlab, yangi tahrirdagi qonunda aksariyat jo‘yali, zamon talabidan kelib chiquvchi va albatta milliy qonunchilik inobatga olingan normalar qamrab olinganining guvohi bo‘ldik.

Asliddin Alimardon

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here