Raqamli iqtisodiyotda texnologiyalar transferini tartibga solish

0
440

Hozir raqamli iqtisodiyot rivojlanmoqda va barcha mamlakatlar ushbu sohaga alohida e’tibor qaratayapti. Shu bilan birga, raqamli iqtisodiyotda tijoratlashtirishning turli usullari, jumladan, texnologiyalar transferini birlashtiradigan gibrid biznes modellari shakllanmoqda.

Raqamli iqtisodiyot XXI asr inqilobi bo‘lib, biznes yuritishning an’anaviy usulini o‘zgartirdi. Ushbu soha to‘rtinchi sanoat inqilobining natijasi hisoblanadi. Raqamli inqilob deb ataladigan uchinchi sanoat inqilobi XX asrning oxirida sodir bo‘ldi hamda analog elektron va mexanik qurilmalarni raqamli texnologiyalarga aylantirdi. Mazkur texnologiyalar kiberdunyoni yaratdi, unda hamma narsa bir tugmani bosish masofasida shakllandi.

Dunyo texnologiya mehnat tabiatini o‘zgartirayotgan to‘rtinchi sanoat inqilobi davrida yashamoqda. Ushbu texnologiyalardan sanoatda foydalanish sanoat 4.0 deb nomlanadi.

Raqamli iqtisodiyot – iqtisodiy faoliyat, biznes operatsiyalari va professional munosabatlar raqamli va hisoblash texnologiyalarining global tarmog‘iga asoslangan iqtisodiyot.

Bu faoliyat biznes, iqtisod, ijtimoiy, madaniy va yana ko‘plab sohalarning o‘sishiga olib keladi. Sun’iy intellekt, robototexnika, virtual reallik, mobil qurilmalar, 3D bosib chiqarish, aqlli sensorlar, katta ma’lumotlar tahlili, kengaytirilgan reallik, ma’lumotlarni vizualizatsiya qilish, kognitiv hisoblash, joylashuv, mijozlar profilini aniqlash, blokcheyn, kvant va bulutli hisoblashga asoslangan. Raqamli texnologiyalar yordamida davlatlar o‘z iqtisodiyotini tezlashtirishda ustunlikka erishmoqda. Texnologiyalardan foydalanish mamlakatlar, hududlar va shaharlarning rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.

Garchi dunyo aholisining katta qismi hali raqamli xizmatlardan foydalana olmayotgan va hududlarning katta qismida internet aloqasi bo‘lmasa-da, hozirgi texnologik taraqqiyot ma’lumotlar oqimi va internetga bog‘liq.

Raqamli transformatsiya – samaradorlikni oshirish va xarajatlarni kamaytirish, mijozlarga foyda va foydalanish qulayligi uchun raqamli texnologiyalarni biznesga qabul qilish va integratsiyalashish.

Iqtisodiy o‘sish va raqamli texnologiyalar o‘zaro bog‘liq. Ushbu texnologiyalarni joriy etish natijasida korxonalar global bozor har kuni yangi o‘zgarishlar olib keladigan va ishbilarmonlik faolligini rag‘batlantiradigan
giperdrayvga o‘tdi.

Tadbirkorlik uchun raqobat poygasi an’anaviy korxonalar uchun g‘ayritabiiylikni keltirib chiqardi. Ularni sotish, narxlarni belgilash, mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqarish va yetkazib berishni o‘zgartirish vaqti keldi deya o‘ylashga majbur bo‘lmoqda. Zamonaviy texnologiyalar mijozlarga tezkor xizmat ko‘rsatishga yordam beradi, vazifalarni bajarish vaqtini qisqartiradi va xodimlarning mehnat samaradorligini oshiradi. Raqamli avtomatlashtirish tendensiyasi uning onlayn platformalarini rivojlantirishga yo‘naltiriladigan investitsiyalarni kengaytiradi.

Misol uchun, Ispaniyaning “Zara” kiyim-kechak do‘koni 77 mamlakatda 5000 dan ortiq do‘koniga ega bo‘lib, ular mijozlarning xohishiga ko‘ra tarqatish, inventarizatsiyani boshqarish uchun raqamli texnologiyalardan foydalanadi. Natijada sof savdoning 18 foizga o‘sishi aniqlandi. Amerikada “Domino” xaridorlar buyurtmalarini kuzatishi mumkin bo‘lgan kuzatuv texnologiyasini ishga tushirdi. Bu o‘zgarish ularning daromadini 11 foizga oshirdi.

Shunday qilib, raqamli iqtisodiyotda platforma yechimlariga asoslangan tarmoq biznes modellari asosiy modellarga aylanmoqda. Ular intellektual mulk huquqi egasini sherik sifatida kiritishni nazarda tutuvchi hamkorlik tamoyiliga asoslanadi.

Globallashuv hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Tarmoq modellarida muvofiqlashtirish va nazorat qilish axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va platforma yechimlari yordamida amalga oshiriladi.

Kraudsorsing (kraudfanding) platformalari texnologiyalar transferi uchun rivojlanayotgan kanallarga aylanmoqda. Kraudsorsing ishlab chiqarish va tijoratlashtirish funksiyalarini uchinchi tomon tarmoq jamoalariga autsorsing qilishni o‘z ichiga oladi. Kollektiv intellektual kapitaldan foydalangan holda kraudsorsing platformalari innovatsiyalarning samarali tarqalishiga yordam beradi. Kraudsorsing biznes modellari tashqi muhitdagi o‘zgarishlarga eng moslashtirilgan ochiq turdagi modellardir.

A. Tojiboyevning ta’kidlashicha, kraudsorsing shartnomasiga ko‘ra investor qimmatli qog‘oz, ulush yoki raqamli huquqqa egalik qilish maqsadida maxsus platforma operatori hisobraqamiga pul o‘tkazish majburiyatini oladi, operator esa tegishli mablag‘ evaziga investitsiya jalb qilgan yuridik shaxsga qarashli qimmatli qog‘oz, ulush yoki raqamli huquqni investor nomiga o‘tkazish va rasmiylashtirish majburiyatini oladi. Kraudsorsing shartnomasi yozma (qoida tariqasida elektron) shaklda tuziladi va vakolatli davlat organi tomonidan ro‘yxatga olinadi.

An’anaga ko‘ra, intellektual mulk o‘z ifodasini topgan texnologiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita tijoratlashtirishning biznes modellari mavjud. Innovatsion kompaniyalar rahbariyati oldida biznes modelini oqilona tanlash vazifasi turibdi.

Ma’lum bo‘lishicha, modellar bir-biridan farq qiladi: 1) texnologik innovatsiyalar darajasi; 2) daromad olish usullari; 3) texnologiyalarni uzatish kanallari; 4) bozorga yo‘naltirilganlik; 5) investitsion jozibadorlik darajasi; 6) moliyalashtirish manbasining hajmi va xususiyati; 7) investor strategiyalari; 8) ishga tushirish va joriy xarajatlar qiymati; 9) xavf darajasi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri tijoratlashtirish intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarni (yoki uning qismlarini) to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishdan daromad olishni o‘z ichiga oladi (patentlar, nou-xau, franchayzalar, mualliflik huquqlari va boshqalar).

Intellektual mulk huquqlarini topshirishning klassik usullariga quyidagilar kiradi: korxonaning ustav kapitaliga huquqlarni joriy etish; foydalanish huquqini boshqa yuridik yoki jismoniy shaxsga o‘tkazish; litsenziya va konsessiya shartnomalari bo‘yicha barcha mulkiy huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish; lizing shartnomasi bo‘yicha barcha mulkiy huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish; patent huquqlarini sotish; intellektual faoliyat natijasida olingan patentga bo‘lgan huquqlar buyurtmachiga o‘tishi sharti bilan keyingi ilmiy-tadqiqot ishlari uchun shartnoma olish.

Bugungi kunda bunday uzatish kanallari tobora jozibador bo‘lib bormoqda. Masalan: axborot ni sotish; ilmiy jurnallarda tijorat nashri; venchur kapital qo‘yilmalar orqali intellektual mulk obyektlarini o‘tkazish; fond bozorida sotish uchun biznesni rivojlantirish.

Shuningdek, litsenziyalarni olish va ularni qayta sotish (sublitsenziyalash). Bilvosita tijoratlashtirish intellektual mulkni o‘zida mujassam etgan innovatsion mahsulotlarni sotishdan daromad olishni o‘z ichiga oladi.

Quyidagi tijoratlashtirish usullari qo‘llanilishi mumkin: innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishda intellektual mulkdan foydalanish; tadqiqot va ishlanmalar uchun shartnoma olish; tayyor uskunalarni sotish; mutaxassislarni ishga topshirish, xodimlarni o‘qitish, biznesni rivojlantirish. Innovatsiyalar potensialini ro‘yobga chiqarishning to‘liq shakli biznesni tashkil etish uchun “IP”dan mustaqil foydalanish bo‘lib, quyidagilarni o‘z ichiga oladi: tayyor mahsulot ishlab chiqarish va sotishni tashkil etish; uskunalarni ishlab chiqarish va lizingga berish; muhandislik xizmatlarini ko‘rsatish.

Asosiy mezon sifatida transfer biznes modelini tanlashda korxona maqsadlariga to‘liq javob beradigan mezonlarni tanlash lozim. Innovatsion kompaniyalar amaliyotining tahlili shuni ko‘rsatdiki, innovatsion kompaniyalar rahbariyati texnologiyalarni uzatishning quyidagi imkoniyatlaridan manfaatdor:

1) axborot va intellektual mulk obyektlariga ruxsatsiz kirishni cheklash va taqiqlash, shuningdek, ulardan vijdonsiz bozor ishtirokchilari tomonidan noqonuniy foydalanish;

2) investorlar va hamkorlar uchun jozibadorlikni ta’minlash;

3) biznes modelini amalga oshirish va tashkiliy tuzatishlar uchun minimal xarajatlar darajasini ta’minlash;

4) uzoq vaqt davomida ushbu intellektual mulkdan foydalanishga asoslangan raqobatbardosh pozitsiyalarni saqlab qolish.

Shunday qilib, biznes-jarayonlarni raqamlashtirish barqaror tendensiyaga aylanib bormoqda va texnologiya transferi biznes modellarini sezilarli darajada o‘zgartiradi va innovatsion strategiyalarni ishlab chiqishda yangi yondashuvlarni talab qiladi.

Raqamli iqtisodiyot doirasida texnologiyalar transferining ko‘rib chiqilayotgan rivojlanishidan kelib chiqib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini takomillashtirish, soha mutaxassislari sonini ko‘paytirish strategiyasini ishlab chiqish, barcha davlat xizmatlari onlayn rejimida bo‘lishini ta’minlash, tadqiqot va startaplarni rag‘batlantirish, foydalanuvchilarning asosiy huquqlarini himoya qilish va raqamli iqtisodiyotga ishonchni mustahkamlash uchun raqamli faoliyatni tartibga solish, kiberxavfsizlikni ta’minlash, noqonuniy kontentdan himoya qilish va ma’lumotlarni boshqarishni soddalashtirish maqsadga muvofiq.

Hilola SHARIPOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti doktorant

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here