Sun’iy intellekt zararini hisoblash xususiyatlari

0
1196

Hozir rivojlangan mamlakatlarda davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot, sanoat, ijtimoiy himoya, ta’lim, tibbiyot, bandlik, qishloq xo‘jaligi, mudofaa, xavfsizlik, turizm va boshqa sohalarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kuchaymoqda.

O‘zbekiston qonunchiligida ham sun’iy intellektni joriy etish masalalari nazarda tutilgan yangi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

2021-yilda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektga oid 4 ta normativ-huquqiy hujjat imzolandi. Hozir mamlakatimizda ko‘p sohalarda sun’iy intellekt bilan bog‘liq turli xil tajribalar o‘tkazilyapti.

Xususan, yerni masofadan zondlash ma’lumotlari asosida tuproq va qishloq xo‘jaligi ekinlari holatini, shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikasi, kombaynlar ishini monitoring qilish jarayonida sun’iy intellekt samarali qo‘llanmoqda. Tibbiyot sohasida sun’iy intellektga asoslangan robotlar yordamida mikrojarrohlik va jarrohlik operatsiyalari samarali o‘tkazilyapti. Farmatsevtika sohasida ham sun’iy intellektdan foydalanib kelinmoqda.

Elektron hukumat sohasida elektron davlat va moliya xizmatlarini ko‘rsatishda foydalanuvchilarni masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) uchun sun’iy intellekt texnologiyalari qo‘llanilmoqda.

Sud-huquq tizimida sun’iy intellekt yordamida katta hajmdagi ma’lumotlar (big data) bilan ishlash yengillashtirildi. Ammo sun’iy intellekt bilan bog‘liq yangi munosabatlarning vujudga kelishi huquqiy asoslarni takomillashtirishni talab etmoqda.

Sun’iy intellektni qo‘llash natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik bilan bog‘liq masalalar ochiqligicha qolmoqda.

Sun’iy intellektning keng joriy etilishi ba’zi holatlarda kutilmagan oqibatlarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Sun’iy intellektdan foydalanish natijasida maxfiy ma’lumotlar sizdiriladi. Shaxslar kamsitiladi. Ma’naviy zarar yetkaziladi. Inson sog‘ligiga jiddiy xavf tug‘iladi. Ba’zida o‘lim holatlari uchraydi.

Sun’iy intellekt doimiy ravishda rivojlanib boradi. Yangi munosabat va harakatlarni vujudga keltiradi. Bu munosabatlarni tartibga solish uchun qonunchilik mukammal bo‘lishi, barcha sohalar uchun mos kelishi va doimiy ravishda takomillashtirilishi zarur bo‘ladi.

Sun’iy intellekt sohasidagi javobgarlik masalalarini tahlil qilishda delikt javobgarlik alohida ahamiyat kacb etadi. Delikt javobgarlik deganda bir shaxsning boshqa shaxsga sodir etgan huquqbuzarligi uchun qo‘llanadigan umumiy javobgarlik tushuniladi. Roman-german va boshqa huquq tizimlari o‘rtasida farqlar mavjud bo‘lsa-da, delikt qoidabuzarliklar aybga asoslanganlik, shuningdek, boshqa shaxsga zarar yetkazishni nazarda tutishi bilan umumiy ahamiyat kasb etadi. Umumiy huquq tizimida delikt qoidabuzarlikka nisbatan da’vogar vajlarini isbotlashi lozim. Roman-german huquq tizimida esa delikt majburiyatlar xususiy (fuqarolik) huquq sohalaridan biri hisoblanadi.

Sun’iy intellekt sohasi huquqida texnologiyalarni sifatli ishlab chiqarish bilan bog‘liq mahsulot uchun javobgarlik masalasi ham turadi. Sun’iy intellekt texnologiyalari yuzasidan javobgarlik ushbu texnologiyalarni ishlab chiqaruvchilarga va sun’iy intellekt dasturlarini o‘rnatuvchilarga nisbatan qo‘llaniladi.

Sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqarishdagi nuqsonlar, dizaynidagi nuqsonlar va ishlab chiqaruvchilar mahsulotning noaniq xavflari to‘g‘risida oldindan ogohlantirmagani sun’iy intellekt texnologiyalari uchun javobgarlikka kiradi.

Yevropa Ittifoqida sun’iy intellekt texnologiyalari uchun javobgarlik qat’iy javobgarlikning bir ko‘rinishi hisoblanadi.

Mahsulot iste’molchilarga yoki ularning mol-mulkiga jismoniy yoki moddiy zarar yetkazsa, iste’molchi zarar va uning kelib chiqishi o‘rtasidagi sabab va bog‘liqlikni isbotlashi talab etiladi.

Sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi beparvolikka yo‘l qo‘ygani yoki uning boshqa xatosi tufayli zarar yetkazilganligi aniqlansa, u kompensatsiya pulini to‘lashi shart hisoblanadi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida sun’iy intellekt texnologiyalarining sifati yoki uning yo‘riqnomalaridagi tartiblar yuzasidan da’volar vaziyatga ko‘ra va javobgarlik nazariyalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Biroq iste’molchi zarar va uning kelib chiqishi o‘rtasidagi sababiy bog‘liqlikni isbotlay olmasa, shuningdek, zarar beparvolik bilan bog‘liq bo‘lmagan muayyan sharoitlarda kelib chiqsa, sun’iy intellekt texnologiyalari ishlab chiqaruvchilari javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchilar mahsulotni muomalaga chiqarish paytida hech qanday nuqson yo‘qligini isbotlasa javobgarlikdan ozod etilishi belgilangan.

Sun’iy intellektga asoslangan mahsulot ishlab chiqaruvchilar ushbu mahsulotlar yetkazgan zarar uchun javobgar bo‘ladi. Masalan, avtonom transport atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan nuqsonlar bilan ishlab chiqarilganda yoki ishlab chiqaruvchi xaridorlarga transport bilan bog‘liq xavflar to‘g‘risida oldindan xabar bermagan taqdirda, ularga javobgarlik tamoyillari qo‘llaniladi.

Biroq sun’iy intellekt texnologiyalari yetkazgan zarar uchun javobgarlikni belgilash, yetkazilgan zararni qoplash kabi masalalarda talaygina muammo va kamchiliklar mavjud.

Sun’iy intellekt sohasida manfaatdor ishtirokchilar sonining haddan tashqari ko‘pligi, sun’iy intellektning avtonomligi, zarar yetkazilish xavfi sabablarini tushuntirishning murakkab ekani, Qora quti (Black Box) doktrinasi va avvaldan bilish, taxmin qilish, bashorat qilish imkoniyati cheklangani muammo bo‘lyapti. Sun’iy intellekt tizimlarini yaratuvchi va ulardan foydalanuvchilar soni shiddat bilan ortib bormoqda. Ular sun’iy intellektga oid munosabatlarning ishtirokchilari hisoblanadi.

Manfaatdor taraflar-ishtirokchilar (stakeholders) o‘rtasidagi javobgarlik chegarasini aniqlash va uni taqsimlash masalasi ushbu munosabatlarning muammoli qismi bo‘lyapti.

Ilgari sun’iy intellekt inson dasturlaydigan, ishlatadigan uskuna hisoblanardi. Bunday vosita
shikast yetkazgan bo‘lsa, uni ekspluatatsiya qilgan shaxs javobgarlikka tortilardi.

Zamonaviy sun’iy intellekt esa tobora avtonom bo‘lib bormoqda. U ma’lumotlarni mustaqil ravishda qayta ishlashi, bu ma’lumotlar asosida yangi bilimlarga ega bo‘lishi va mustaqil qarorlar qabul qilishi mumkin. Mazkur tendensiya esa (AI autonomy) sun’iy intellekt yetkazgan zarar uchun javobgarlikni aniqlash muammosini keltirdi.

Endi sudlar sun’iy intellektning xatti-harakatlari yuzasidan da’volarni ko‘rishda zarar uchun qaysi yuridik yoki jismoniy shaxs javobgar bo‘lishini aniqlashlari lozim.

Sun’iy intellekt mustaqilligining kuchayib borishi javobgarlikning dastlabki mezonlarini aniqlashni murakkablashtiradi, ba’zida esa umuman imkonsiz qilib qo‘yadi. Holbuki, mavjud javobgarlik qoidalari robotning harakati yoki harakatsizligi inson omili (masalan, ishlab chiqaruvchi, operator, uning egasi yoki foydalanuvchisi) bilan bog‘liq bo‘lgan holatlarni ichiga oladigan bo‘lsa va sun’iy intellektning avtonom qarorlar qabul qilishi jarayonida inson omili robotning zararli xatti-harakatlarini oldindan ko‘ra bilishi va oldini olishi mumkin bo‘lsa, an’anaviy qoidalar robot tomonidan yetkazilgan zarar uchun yuridik javobgarlikni keltirib chiqarishda yetarli bo‘lmaydi, chunki ular zararni keltirib chiqargan tarafni aniqlash imkonini bermaydi.

Darhaqiqat, sun’iy intellekt tizimi qanchalik avtonom bo‘lsa, uni nazorat qilish murakkablashadi va agentlik (inson omili), nazorat va bashorat qilishga asoslangan umumiy javobgarlik tamoyillari buziladi.

Delikt huquqiga asosan sun’iy intellekt ishlab chiqaruvchilari, operatorlar va sun’iy intellektdan foydalanuvchilar qachon va qay holatda majburiyatlarni buzishlari yoki xatoga yo‘l qo‘yishlari kabi zarar va uning kelib chiqishi o‘rtasidagi sababiy bog‘lanishni aniqlash qiyin bo‘ladi.

Inson omilini zarar yetkazishda ma’lum bir harakatni amalga oshirgan deb taxmin qilish mumkin bo‘lsa, xususan, dasturchi sun’iy intellektga ma’lumotlarning ma’lum bir turini hisobga olishni buyurgan bo‘lsa, uning javobgarligi tegishli sun’iy intellektning mustaqilligi (avtonomligi) darajasiga mutanosib bo‘lishi va ushbu mustaqillik darajasini qanday qilib to‘g‘ri va adolatli baholash muhim hisoblanadi.

Sun’iy intellekt inson omili aralashuvisiz o‘tmishdagi tajribalaridan saboq chiqarib, o‘zini takomillashtirsa hamda samaradorligini oshirish uchun operatsion tizimiga tuzatishlar kiritib, yangi bilimlar asosida harakat qiladigan bo‘lsa, ushbu vaziyatda sun’iy intellekt bilan bir muncha vaqt aloqada bo‘lgan kishining “aybi” yoki “burchni buzishi” to‘g‘risida fikr yuritish kabi muammolar hanuzgacha dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Sun’iy intellektning avtonomligi mahsulot javobgarligi bo‘yicha ham talaygina muammolarni
keltirib chiqaradi. Ya’ni qonunchilikda sun’iy intellektning “avtonom” fikrlashi natijasida kelib chiqadigan zararni qoplash bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish imkoniyati mavjud emas.

Bu esa, ba’zi mualliflarning fikriga ko‘ra, sun’iy intellekt bilan bog‘liq huquqiy yondashuvdagi jiddiy kamchiliklardan biri hisoblanadi.

Ko‘p holatlarda sun’iy intellektning mustaqil qarori natijasida yetkazilgan zarar bilan sun’iy intellekt texnologiyalaridagi nuqsonlar natijasida kelib chiqqan zararni ajratish yoki farqlash mushkul bo‘ladi.

Bunda aybni isbotlash talab etilmasa ham, da’vogar mahsulotning nuqsonli ekanligini ko‘rsatib berishi juda ham qiyindir. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, aksariyat hollarda sun’iy intellektni ishlab chiqaruvchilar sun’iy intellekt muomalaga chiqarilgan vaqtda ular xavfni bilishlari mumkin emasligini isbotlay olsalar, javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Sun’iy intellekt mustaqil o‘rganishi (mashinali o‘rganish) natijasida takomillashib, inson aralashuvisiz yanada “aqlli” bo‘lar ekan, ishlab chiqilgan paytidagi holatidan farqlangani bois deyarli har safar undan yetkazilgan zarar qoplab berilmagan.

Sun’iy intellektning eng avtonom shakllarining sifati nuqtayi nazaridan uni ishlab chiqarganlarga javobgarlik tamoyillarini qo‘llash murakkab holatni yuzaga keltiradi. Chunki mazkur vaziyat ularni o‘zlari nazorat qila olmaydigan xatti-harakatlar uchun javobgarlikka tortish bilan barobar bo‘ladi, natijada esa sun’iy intellekt ishlab chiqaruvchilarini innovatsion g‘oyalarni joriy etishdan qaytaradi.

Zarar yetkazishning sabablari va holatlarini tushuntirishning o‘ziga xos murakkabligi (Black Box doktrinasi) Sun’iy intellektning ishlash algoritmi maqsadga erishishga asoslangan. Sun’iy intellektni ishlab chiquvchilar barcha holatlarni oldindan dasturlash imkoniga ega emaslar va ularning har biri uchun aniq ko‘rsatma bermaydilar.

Aksincha, ular mashinaga ma’lum bir vazifani yuklaydilar va sun’iy intellektga ma’lumotlarni kiritish, ulardan o‘rganish va maqsadlariga erishish uchun eng yaxshi harakat yo‘nalishini aniqlashga harakat qilishadi. Ushbu holat sun’iy intellekt dasturchilari kutmagan muvafaqqiyatli natijalarga olib kelishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, ular sun’iy intellektning yakuniy natijaga olib keladigan “fikrlash jarayoni”ni tushuntira olmaydilar. Xuddi shu holat sun’iy intellektni muvaffaqiyatsizlikka ham olib kelishi mumkin. Mazkur holat har doim ham inson tomonidan  tushuntirilishi yoki tushunilishi mumkin emas.

Masalan, tibbiyot sohasidagi algoritmlar bemorlardagi xavfni bashorat qilish va tashxis qo‘yish uchun bemor va shifoxona ma’lumotlarini qayta ishlaydi, ammo ma’lumotlarning qaysi elementlari qayta ishlanganligini, umumiy baholashda har bir elementga qancha urg‘u berganligini aniqlash imkoni har doim ham bo‘lavermaydi.

“Qora quti” – sun’iy intellekt harakatlarini tahlil etish va barcha javobgarlik tartiblari (rejimlari) uchun sabab-oqibat va javobgarlarni belgilash va zarar darajasini taqsimlashga ta’sirini ko‘rsatadi. “Qora quti” fenomeni da’volarda nuqson va zarar o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlashning asosiy elementlaridan hisoblanadi.

Sud muhokamasi doirasida, agar da’vogar sun’iy intellektning noto‘g‘ri harakatlariga nima sabab bo‘lganini tushuntirish uchun sun’iy intellektning fikrlash jarayoni va holatlarini qayta tiklay olmasa (backup), uning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish ancha qiyin bo‘ladi.

Sun’iy intellekt natijasida yetkazilgan zararni oldindan bilishning mushkul ekanligi sun’iy intellektning yuqori darajada taraqqiy etishi uning harakatlari va oqibatlarini oldindan ko‘rish imkoniyatini yaratadi. Buning sababi shundaki, zamonaviy sun’iy intellektning ko‘plab shakllari nazoratda bo‘lishidan farqli o‘laroq, nazoratsiz mashinali o‘rganish asosida ishlaydi. Nazoratda o‘rganish holatlarida sun’iy intellekt ishlab chiquvchilari sun’iy intellekt harakatlari natijalarini sezilarli darajada nazorat qiladilar, shuning uchun ular hech bo‘lmaganda sun’iy intellekt yangi ma’lumotlarga qanday munosabatda bo‘lishini oldindan bilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ushbu holatlarda voqelikni oldindan bilish, bashorat qilishning yetishmasligi javobgarlik tamoyillariga sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Boshqacha aytganda, sudlanuvchi faqat da’voning mumkin bo‘lgan natijalarini oldindan oqilona muddatlarda taxmin qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan taqdirdagina javobgar bo‘lishi ko‘plab mamlakatlarning sud amaliyotida uchrab turadi.

Sun’iy intellektning harakatini bashorat qilish imkonsizligi mahsulot sifati uchun javobgarlik
tamoyillari nuqtayi nazaridan jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Ko‘pgina yurisdiksiyalarda mahsulot tomonidan zarar yetkazish xavfi mavjud bo‘lsa yoki nuqsonlar va noto‘g‘ri ko‘rsatmalar uchun ishlab chiqaruvchilar javobgar bo‘lishi alohida ta’kidlangan.

Zararni hisoblashning o‘ziga xos xususiyatlari

Zarar yetkazish to‘g‘risidagi qonunning asosiy maqsadi jabrlanuvchilarga barcha manfaatlarini baholash asosida yetkazilgan zararni to‘liq qoplashdan iborat.

An’anaga ko‘ra bunday zararni qoplash kompensatsiya tamoyili asosida tartibga solinadi.
Shunga ko‘ra faqat haqiqiy zarar qoplanishi lozim.

Sun’iy intellekt haqida so‘z borganda, bir necha turdagi zararlar yuz berishi mumkin, jumladan:

inson yoki jismoniy mulkka shikast yetkazish (masalan, mustaqil boshqariladigan avtomobil piyodani urib yuborishi yoki uyga borib urilishi); intellektual mulk huquqi yoki shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi qoidalarining buzilishi natijasida kelib chiqadigan zarar;

• sof iqtisodiy yo‘qotishlar (masalan, ma’lumotlarga zarar yetkazish bilan
bog‘liq xarajatlar).

Har qanday holatda faqat qoplanishi lozim bo‘lgan zarar kompensatsiya qilinadi.

Intellektual mulk huquqining buzilishi 

Sun’iy intellekt doirasida katta hajmdagi ma’lumotlar (big data) intellektual mulk to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan himoya qilinadi. Intellektual mulk huquqining buzilishi ma’lumotlar bazasini yoki tijorat sirini himoya qilish bilan bog‘liq munosabatlarda sun’iy intellekt tomonidan huquqbuzarlik sodir bo‘lganida yuzaga keladi. Biroq ushbu holatda zarar miqdorini aniqlash va hisoblash juda nozik masalaga aylanadi.

Zarar miqdorini hisoblash turli huquq tizimlari orasida farqli jihatlarga ega. Zarar deganda asosan da’vogar zarar ko‘rgan yoki boy bergan foyda sifatida haqiqiy zarar va asossiz orttirilgan boylik (huquqbuzar asossiz ravishda ko‘rgan foyda) tushuniladi.

Axborot texnologiyalari sohasida ma’lumotlar murakkab qurilmaning bir qismini tashkil qilganda, asossiz orttirilgan boylik shaklidagi zararni isbotlash nozik masala bo‘lishi mumkin. Buning uchun tegishli qoidalar amal qilishi kerak, chunki huquqbuzarlik bilan bog‘liq holda asossiz olingan foyda belgilangan tartibda qayd qilingan bo‘lishi shart, bunda foyda keltiruvchi boshqa omillar, masalan, ko‘p qirrali qurilmaga o‘rnatilgan, mualliflik huquqini buzmaydigan tarkibiy qismlardan foydalanish lozim.

Yana bir texnik jihatdan murakkablik shundaki, tegishli ma’lumotlarni chiqish vaqtida tanib bo‘lmaydi yoki ular chiquvchi axborotlarda aks etmaydi (misol uchun, kiruvchi axborot bir dona chiqish axborotini yaratish uchun minglab boshqa kiruvchi axborotlar bilan bir vaqtda foydalaniladi), bunda shuni ham eslatib o‘tish joizki, aksariyat holatlarda sud amaliyotida kiruvchi yoki chiquvchi axborot tanib olinishidan qat’i nazar, axborotni takrorlash harakati deb hisoblanadi.

Bunday hollarda (ko‘p qirrali qurilma, kiruvchi axborotlar foydalanilmasligi yoki chiquvchi axborotlarda ma’lumot aks etmasligi) da’vogar asossiz boylik orttirilgan holatni isbotlashi qiyin, aksariyat holatlarda da’vogar haqiqiy zarar o‘rniga minimal standart sifatida nazarda tutilgan (ya’ni, boy berilgan foydani isbotlash zaruratisiz) royalti to‘lovini undiradi.

Sir tutilgan ma’lumotlarning buzilishi yuzasidan fuqarolik javobgarligi tegishli ma’lumotlar maxfiylik qoidalari bilan himoyalangan bo‘lsagina qo‘llaniladi. Juda ham ko‘p holatlarda ma’lumotlarning xususiyatiga qarab da’vogarning shaxsiy huquqlariga qo‘shimcha zarar yetishi mumkin, ularning darajasi va jiddiyligi ayrim mamlakatlarning qonunchiligida qo‘shimcha pul undiruviga asos bo‘ladi.

Axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan davrda shaxsiy ma’lumot tovarga aylanib bormoqda, chunki ma’lum bir xizmatlar ko‘rsatilishida shaxsiy ma’lumotlardan foydalanilmoqda.

Hozir ma’lumotlardan onlayn platformalarda (ijtimoiy tarmoq, qidiruv tizimi, kontent va boshqalar) boshqa mahsulot yoki ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun reklama sifatida foydalanilmoqda.

Ma’lumotlarni sir caqlash bo‘yicha alohida tashkilotlar bor. Bu tashkilotlar Shartnoma amaliyotini joriy etish hamda unda axborotni mulk sifatida baholash to‘g‘risidagi takliflarni berishyapti. Shuning uchun har safar shaxsiy ma’lumotlardan ruxsatsiz foydalanilganda ma’lumotlarning egasi zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega. Biroq, shuni yodda tutish lozimki, barcha turdagi ma’lumotlardan ruxsatsiz foydalanish har doim ham zarar keltirib chiqarmaydi. Xususan, ochiq sud majlislaridagi ma’lumotlarning oshkor qilinishida hech qanday zarar kelib chiqmaydi.

Shaxsiy ma’lumotlardan ruxsatsiz foydalanishning hammasi ham zarar keltirib chiqarmaydi, xususan, shaxsiy ma’lumotlar evaziga savdo yoki iqtisodiy daromad ko‘rilsa, bu javobgarlik uchun asos bo‘lmaydi.

So‘nggi yillarda texnologiyalar va nanotexnologiyalar shiddat bilan rivojlanyapti. Shunday ekan, sun’iy intellekt yetkazgan zarar uchun javobgarlikning nazariy jihatlari va uning tamoyillarini atroflicha tahlil etish juda muhim. Javobgarlik mexanizmlari, isbotlash usullari, zarar va huquqbuzarlik o‘rtasidagi sababiy bog‘lanishni aniqlashning mexanizmlarini takomillashtirish va aniqlash yuqori planga chiqadi.

Bundan tashqari, sun’iy intellekt texnologiyalari sohasida bir necha subyektning ishtirok etishi ushbu munosabatlarda yetkazilgan zarar va javobgarlik darajasini aniqlashni yanada murakkablashtirib bormoqda. Mazkur tendensiya qonunchilikni takomillashtirish va sun’iy intellekt sohasida alohida qonun qabul qilishni talab etmoqda. Shuningdek, bu sohada alohida etika kodeksini ishlab chiqish lozim.

Sardor BOZAROV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
“Xalqaro xususiy huquq“ kafedrasi professori
vazifasini bajaruvchi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here