Kibermakonda xalqaro mehnat taqsimoti

0
203

Kibermakon zamonaviy inson uchun yangi borliqdir. Iroda va ongdan qat’i nazar har bir shaxs ushbu muhitning bir qismidir, chunki zamonaviy dunyoda ko‘pchilik ijtimoiy ta’sirlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali amalga oshiriladi.

Kibermakonni jismoniy va ijtimoiy makon bilan bir qatorda ko‘rib chiqish, birinchi va ikkinchi xususiyatlarini ochib berish mumkin. Bunday sharoitda tabiiy va intellektual resurslardan yangicha foydalanish imkonini beradigan ijtimoiy ishlab chiqarishning global tizimi yaratilmoqda. Kibermakon muhiti nihoyatda mobil va moslashuvchan bo‘lib, nafaqat cheksiz imkoniyatni, balki insoniyat ilgari hech qachon duch kelmagan yangi xavflarni ham yaratadi.

Kibermakon ijtimoiy makondir, chunki real odamlar o‘rtasida o‘zini haqiqiy hayotdagidek ko‘rsatishi yoki har xil turdagi avatarlardan foydalangan holda o‘zining yangi qiyofasini yaratishi mumkin bo‘lgan ko‘plab ijtimoiy ta’sirlar mavjud.

Aleksandr Voyskunskiy ta’kidlaganidek, kibermakondagi xatti-harakatlar quyidagi xususiyatlar bilan belgilanadi: anonimlik, uzatish (haqiqatdan internet makoniga va aksincha), obro‘ni oshirish, harakatchanlik, immersion, tarqatish.

Zamonaviy “virtuallashtirilgan jamiyat” hayotining barcha sohalari virtual aloqa orqali, ya’ni tasvirlar, belgilar va matnlarni uzatish orqali ishlaydi. Ijtimoiy institutlar yangi sharoitda ijtimoiy voqelikning bir qismi bo‘lib qolishdan to‘xtamasdan virtual shaklga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, kibermakon va virtual haqiqat tushunchalarining o‘rnini bosadi. Virtual haqiqat – real dunyodagi obyektlarning funksiyalarini (ko‘rish, eshitish, teginish) taqlid qilishga qodir bo‘lgan turli xil texnik va elektron qurilmalardan foydalanish natijasida hosil bo‘lgan shaxsning hissiyotlari to‘plami. Virtual haqiqat sun’iy muhitni yaratadi. Virtual voqelik yordamida shaxslar kibermakonga sho‘ng‘ib ketishadi.

Shuningdek, tadqiqotchi I. Rustambekov o‘z ilmiy ishida virtual yoki kibermakonning paydo bo‘lishini ta’kidlab o‘tgan, bu yangi tarmoqlararo qonun – “Kiber huquq” bilan tartibga solinishi lozim.

Ammo virtual haqiqatdan farqli o‘laroq, kibermakon voqelik illyuziyasini yaratish uchun sensorli simulyatsiyalarga asoslanmagan. Kiberfazoda asosan obyektiv voqelik bilan bog‘liq bo‘lgan matnli aloqa mavjud.

Shunday qilib, kibermakon yoki boshqa so‘z bilan aytganda, raqamli muhit – axborotni qabul qilish, uni almashish va boshqarish, shuningdek, aloqa qilish uchun agentlarning o‘zaro ta’sirining o‘ta murakkab tizimlarini yaratishga imkon beruvchi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mahsulotlarining ishlashi uchun makon.

Aytish mumkinki, kibermakonda raqamli iqtisodiyot paydo bo‘lmoqda. Raqamli iqtisodiyot xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi munosabatlarning tubdan yangi formatidir. Kompyuter texnologiyalari va internet rivojlanmoqda, bozorda faoliyatning yangi yo‘nalishlari tobora ko‘paymoqda. Xodim turli korxonalarga jalb qilinishi mumkin va faqat bitta tashkilotga bog‘lanmaydi.

Shuningdek, u o‘zi uchun topshiriqlar hajmini va ish hajmini mustaqil ravishda belgilashga va bajarilgan ishlarning narxini belgilashga haqli. Ish beruvchi bunday xodimlarni jalb qilish orqali bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishda xarajatlarni kamaytiradi: real ish o‘rinlarini qisqartirish, tashkilot ish yukining ma’lum bir nuqtasigagina yetarli ishchi kuchini jalb qilish va tejalgan mablag‘ni boshqa sohalarni rivojlantirishga yo‘naltirish.

Hozirgi vaqtda “raqamli iqtisodiyot” atamasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiyotni tavsiflash uchun ishlatiladi.

Raqamli iqtisodiyot – iqtisodiy faoliyat, biznes operatsiyalari va o‘zaro professional munosabatlarda raqamli va hisoblash texnologiyalarining global tarmog‘iga asoslangan iqtisodiyot. Ushbu faoliyat sun’iy intellekt, narsalar interneti, robototexnika, virtual reallik, mobil qurilmalar, 3D bosib chiqarish, aqlli sensorlar, katta ma’lumotlar, to‘ldirilgan reallik, ma’lumotlarni vizuallashtirishga asoslangan biznes, iqtisodiyotning o‘sishiga yordam beradi.

Ushbu hodisaning bir qismi sifatida biznes sezilarli darajada kengaydi va davlat chegarasidan tashqariga chiqdi. Texnologiya mahsulotlar va xizmatlarni qayta tashkil etdi, biznesning yangi shaklini yaratdi, foydali imkoniyatlarni oshirdi va yangi boshqaruv madaniyatini rivojlantirdi. O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni huquqiy tartibga solish masalalariga mahalliy tadqiqotchilar ham, olimlar ham alohida e’tibor qaratayotganini ko‘rish mumkin.

Raqamli iqtisodiyot har bir kompaniya uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatmaydi va ba’zi hollarda qo‘shimcha qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Agar xalqaro mehnat taqsimotini hisobga oladigan bo‘lsak, raqamli iqtisodiyot juda yangi nostandart bandlik modeli sifatida paydo bo‘ldi.

Raqamli iqtisodiyot xalqaro mehnat taqsimotini rivojlantirish omili bo‘lib, axborot texnologiyalari rivojlangan mamlakatlarda samara berishi mumkin. Bunda davlatning qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyatga ega. Raqamli iqtisodiyot va unda xalqaro mehnat taqsimotini takomillashtirish uchun qonunchilik bazasini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish lozim.

Mehnat kodeksiga bunday o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda kibermakonning o‘ziga xos xususiyatlari, uning transchegaraviy tabiati va xorijiy element bilan murakkablashgan munosabatlarning paydo bo‘lishi hisobga olinishi zarur.

Mutaxassis Islombek Rustambekov o‘z asarida internet tarmog‘idagi xususiy huquqiy munosabatlar (majburiyatlar, mulk, shartnomalar, xizmatlar, elektron tijorat, intellektual mulk) alohida huquqiy tuzilmalar bilan tartibga solinishi lozimligini qayd etadi.

O‘tkazilgan tahlillar asosida va yuqoridagi mualliflarning fikriga qo‘shilgan holda Mehnat kodeksiga alohida bob – “Virtual xalqaro xususiy mehnat munosabatlarini tartibga solish” va Fuqarolik kodeksiga alohida bob – “Kibermakonda amaldagi qonun”ni kiritish maqsadga muvofiq. Bu vujudga kelayotgan yangi munosabatlarni tartibga solishga, bunday munosabatlar ishtirokchilarining huquqlarini himoya qilishga va xalqaro savdo-iqtisodiy munosabatlar doirasida xalqaro mehnat taqsimoti bilan ham bevosita bog‘liq bo‘lgan ziddiyatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Raqamli iqtisodiyot xalqaro mehnat taqsimotining eng yirik va istiqbolli yo‘nalishlaridan biri, ammo u iqtisodiyotning eng tartibga solinmagan sohasi ham deb xulosa qilish mumkin. Shunga qaramay, prognozlarga ko‘ra, 2025-yilga borib frilanserlarning daromadi 13,84 trillion dollargacha oshadi.

Bugungi kunda AQSh raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi, buni frilanserlar sonidan bilish mumkin – 56,7 million kishi, Yevropada – 24 million kishi. AQSh va Yevropada hukumat raqamli iqtisodiyot masalalarini qonunchilik darajasida hal qilishga harakat qilmoqda, chunki bu butun mamlakat iqtisodiyotining bir qismiga aylanib ulgurdi.

Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotning xalqaro mehnat taqsimotining bir qismi sifatida faoliyat yuritishi uchun barcha imkoniyat mavjud. Biroq buning uchun jahon tajribasini qo‘llash, ya’ni bozorni raqamlashtirish va konsolidatsiya qilish, shuningdek, yetarlicha qonunchilik bazasini tayyorlash zarur.

Shohida ESHMATOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti
o‘qituvchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here