Raqamli huquq nima?

0
664

Davlat va jamiyat hayotining raqamlashuvi huquqiy munosabatlarga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Natijada “raqamli huquqlar” nomli tushuncha vujudga keldi.

Raqamli huquq – muayyan harakatning raqamli texnologiyalar asosida amalga oshirilishini joriy etish hamda amal qilishini ta’minlashning huquqiy jihatlarini nazarda tutuvchi qoidalar majmui. Biroq hozir “raqamli huquq” tushunchasi, uning tutgan o‘rni va huquqiy voqelik sifatidagi mohiyati ilmiy-amaliy jihatdan yetarli darajada tahlil etilmagan.

Huquq subyektlariga tegishli bo‘lgan muayyan xatti-harakatni amalga oshirish, moddiy yoki nomoddiy ne’matlarga ega bo‘lish yoki kimdandir nima (yoki xatti-harakat)nidir talab qilish har doim muayyan huquqning mavjud yoki mavjud emasligi bilan bog‘lanadi. Shu sababli huquq doktrinasi, joriy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida huquq subyektlariga tegishli bo‘lgan huquqlar doirasini aniqlashtirish, ularni tasniflash hamda qo‘llash bo‘yicha tushuntirish va tavsiya berishga alohida e’tibor qaratiladi. Subyektning muayyan holatda qanday huquqqa egaligi, qaysi ijtimoiy munosabatda ishtirok etayotganidan kelib chiqqan holda obyektiv va subyektiv huquqlar farqlanadi. Mutaxassislar subyektga tegishli huquqlarni obyektiv va subyektiv huquqlarga bo‘lishni qabul qilgan.

Bundan tashqari, fuqarolik huquqida subyektlarga tegishli bo‘lgan huquqlar turli mezonlardan kelib chiqib turlicha tasniflanishi hamda ularga nom berishda ham rang-barang yondashilishi kuzatiladi. Masalan, tabiiy huquqlar, mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlar, ashyoviy yoki majburiyat huquqlari, mutlaq yoki nisbiy huquqlar, istisno huquq yoki faktik monopol huquqi, talab qilish huquqi va hokazo. Mazkur huquqlarning tabiati va ularning mohiyati yurisprudensiya, xususan, fuqarolik huquqida uzoq vaqtlardan beri ancha keng va atroflicha tadqiq etilganini ta’kidlagan holda, huquq faniga endilikda ma’lum bo‘lib kelayotgan “raqamli huquq”ni tadqiq etishga e’tibor qaratish lozim.

Amaldagi qonunchilik to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqamli huquqlar haqidagi qoidani nazarda tutmaydi. Biroq keyingi yillarda raqamlashtirishning huquqiy asoslari borasida qator qonun hujjatlari qabul qilingani e’tirofga loyiq. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, 2020-yil 5-oktyabrdagi 6079-farmoni bilan tasdiqlangan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasida raqamli huquqlarga oid muayyan normalar belgilangan. Biroq qonunchilik, shuningdek, huquq fanida “raqamli huquq” tushunchasi, uning mohiyati va huquqiy kategoriya sifatida talqini borasida tasavvurlar hali yetarli emas. “Raqamli huquqlar” (digital rights) termini xorijiy mamlakatlarda “raqamli makondagi inson huquqlari” sifatida talqin etiladi.

Ko‘plab xorijiy huquqiy tizimlar bugungi kunda raqamli huquqlar sohasida hujjatsiz qimmatli
qog‘ozlar bilan bog‘liq huquqiy tartibga solishda tokenlarning bir nechta turini qoplash yo‘lidan bormoqda. Masalan, Yaponiyada 2017-yil 1-apreldan boshlab kriptovalyuta bitkoin bilan birgalikda to‘lov vositasi hisoblanishini nazarda tutuvchi qonun kuchga kirdi.

AQSHda kriptovalyutani tushunishga nisbatan yagona yondashuv mavjud emas. Ayni paytda kriptovalyuta pul sifatida mol-mulk va ayirboshlaydigan tovar sifatida talqin etiladi. Blokcheynga asoslangan tokenlar turlicha tavsifga ega. AQSH qonunchiligi bo‘yicha tokenlarning maqomi belgilanmagan.

Xitoy Xalq Respublikasining kriptovalyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq kriptovalyuta “virtual mulk” maqomiga ega. Buyuk Britaniyada kriptovalyutani axborot (ma’lumotlar) sifatida talqin qilish yaqin vaqtgacha ustuvorlik qilardi. Sud “Coinbase” birjasida kriptovalyutani vaqtinchalik muzlatish to‘g‘risida buyruq chiqargan va endilikda kriptovalyutaga nisbatan mulk huquqi to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llanilishi kerak.

Yevropa ittifoqi 2019-yil dekabrda o‘z hududida barqaror kriptovalyutadan foydalanishga ruxsat bermadi, bu “Facebook”ka nisbatan ham tatbiq etiladi. Kriptovalyutaga ruxsat berilishi uchun esa avvalo barcha yuridik va normativ talablar, nazorat qilishda yuzaga keladigan xatarlar va vazifalar belgilanishi talab etiladi. Yevropa ittifoqining qator a’zolari, xususan, Fransiya, Germaniya va Malta kriptovalyutani tartibga soluvchi o‘z hisobraqamlariga ega. Biroq Yevropa ittifoqining ko‘plab a’zolari Yevropa nazorat organlarining tavsiyalarini ma’qullashadi va kriptovalyuta bozorini huquqiy tartibga solish asoslari yaratilishining tarafdori hisoblanadi.

Fikrimizcha, kriptovalyuta va umuman raqamli huquqlarni tartibga solish, avvalo, raqamli muhitning chegara bilmaslik xususiyatidan kelib chiqib bir mamlakat doirasida emas, balki xalqaro ko‘lamda amalga oshirilishi zarur. Bunda raqamli huquq tushunchasining mohiyatini qonunchilik darajasida aniq belgilash va uning alohida turlari sifatida blokcheyn, kriptovalyuta hamda mulkiy tusda bo‘lgan va raqamli muhitda yuzaga keladigan va amal qiladigan boshqa huquqlarni huquqiy tartibga solish asoslarini yaratish lozim.

Fuqarolik huquqi nuqtayi nazaridan raqamli huquqlar mulkiy huquqlarning bir ko‘rinishi sifatida ko‘zga tashlanadi. Lekin raqamli huquqlarni sof ma’noda faqat mulkiy huquq sifatida talqin etish ham to‘g‘ri emas, albatta. Yuridik adabiyotlarda raqamli huquqlar yuzasidan turlicha fikrlar bildirilgan. Bunda ayrim olimlar raqamli huquqlarni fuqarolik huquqining mustaqil obyekti sifatida e’tirof etish tarafdori bo‘lsa, boshqa guruh olimlari raqamli huquqlari mustaqil obyekt emas, balki obyektlarni ifodalash usuli sifatida talqin etishga harakat qiladi. Birinchi guruh olimlardan V. Zorkinning fikricha, “raqamli huquqlar deganda, kishilarning raqamli asarlarga kirish, ulardan foydalanish, ularni yaratish va nashr etish, kompyuter va boshqa elektron qurilmalar, kommunikatsiya tarmoqlari, shu jumladan internet tarmog‘iga kirish va foydalanishga bo‘lgan huquqlari tushuniladi”.

S. Potapenko va Y. Pavlovning tahliliga ko‘ra, fuqarolik huquqlari obyektlaridan biri sifatida raqamli huquqlar – istisno tariqasida faqat axborot muhitida mavjud bo‘lgan mulkiy huquqlar bo‘lib, o‘zida raqamli moliyaviy aktivlar va utilitar raqamli huquqlarni, shuningdek, qonunda shu nuqtayi nazaridan nomlangan majburiyat va qonunda nazarda tutilgan belgilarga javob beradigan axborot tizimilari qoidalariga muvofiq mazmuni va amalga oshirish shartlari belgilanadigan boshqa huquqlarni ifoda etadi.

A. Karsxiyaning fikricha, raqamli huquqlar mulkiy huquqlarning bir turi sifatida e’tirof etiladi. Ular fuqarolik huquqlarining barcha obyektlariga (nomoddiy ne’matlardan tashqari) nisbatan huquqlarni tasdiqlaydi, fuqarolik muomalasi obyekti sifatida fuqarolik-huquqiy munosabatlarda ishtirok etadi.

Ikkinchi guruh mualliflari esa aksincha raqamli huquqlarni fuqarolik huquqining mustaqil obyekti emasligi, balki ko‘p hollarda huquqlarni rasmiylashtirishning raqamli shakli hisoblanishini ta’kidlashadi. Masalan, S. Sarbashning fikricha, raqamli huquqlar – ma’lum bo‘lgan huquq: ashyoviy, majburiyat, korporativ, istisno, shaxsiy huquqning rasmiylashtirilishi, ya’ni faqatgina uning shaklidir.

Fikrimizcha, raqamli huquqlar nafaqat huquqning mavjudligini qayd etuvchi shakl yoki virtual maydonda huquqni amalga oshirish va ifodalashning usuli, balki fuqarolik huquqining obyektlari tarkibiga kiradigan mulkiy huquqlarning bir turi hamdir. Zero, internet va virutal makonning yaratilishi bilan birga faqat mazkur olamda mavjud bo‘ladigan va tan olinadigan, shu makondagi mulkiy muomalada bo‘lganligi sababli egalariga muayyan foyda keltiradigan hamda egalik qilish, foydalanish va tasarruf etishga oid xatti-harakatlar orqali amalga oshiriladigan obyektlar – huquq ko‘rinishida namoyon bo‘lmoqda. Mutaxassislar bunga misol sifatida kriptovalyuta, token, turli internet o‘yinlari, raqamli muhitda yaratilgan boshqa mol-mulk, shuningdek, raqamli xizmatlarning yangi turlari, masalan, “bulutli” kompyuter xizmatlarini ko‘rsatishadi.

Raqamli huquqlar mulkiy huquq sifatida egasiga muayyan moddiy manfaat kelishini shu huquq qaratilgan shaxsga nisbatan talabni qo‘yish orqali ta’minlaydi. Mulkiy huquq egasi har doim o‘z huquqi qaratilgan obyektni muomalaga kiritish orqali uni muomalaga kiritgan shaxsdan haq talab qiladi yoki mulkiy huquq obyekti bo‘lgan obyektning o‘zi muayyan ma’noda uning foydasigi qiymatni hosil qiladi. Masalan, kriptovalyuta bozori raqamli muhitda amalga oshirilishi kriptovalyuta qiymatining o‘sib borishi, unga bo‘lgan talabning ortishi va natijada egasi uchun muayyan foyda kelitirishi mumkin. Shu sababli mulkiy huquqlarning mustaqil turi sifatida raqamli huquqlar mulkiy huquqlarga xos bo‘lgan umumiy belgilarga ega bo‘lishi bilan birga, mulkiy huquqlarning boshqa turlaridan bir qator jihatlariga ko‘ra farqlanadi.

Ta’kidlash lozimki, amaldagi qonunchilikda raqamli huquqlar tushunchasining ta’rifi mavjud emas. Biroq ayrim davlatlar qonunchiligida raqamli huquqlar borasida muayyan tushunchalar shakllantirilgan. Xususan, Rossiya Federatsiyasi Grajdanlik kodeksi 141.1-moddasi “Raqamli huquqlar” deb nomlanib, unda quyidagi qoidalar keltirilgan: qonunda raqamli huquqlar sifatida belgilangan hamda mazmuni va amalga oshirish shartlari qonunda nazarda tutilgan belgilarga mos keluvchi axborot tizimi qoidalariga muvofiq aniqlanadigan majburiyat huquqi va boshqa huquqlar raqamli huquqlar hisoblanadi. Raqamli huquqni amalga oshirish, tasarruf etish va uni tasarruf etishni cheklash uchinchi shaxslarga murojaat qilinmasdan, faqat axborot tizimi orqali amalga oshirilishi mumkin. Agar qonunda boshqacha holat nazarda tutilgan bo‘lmasa, axborot tizimi qoidalariga muvofiq ushbu huquqni tasarruf etish imkoniyatiga ega bo‘lgan shaxs raqamli huquq egasi sifatida tan olinadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda raqamli huquq egasi sifatida boshqa shaxslar ham tan olinishi mumkin. Bitim asosida raqamli huquqning boshqa shaxsga o‘tishida ushbu raqamli huquq bo‘yicha majburiyatni zimmasiga olgan shaxsning roziligi talab qilinmaydi.

Mazkur normadan ko‘rinadiki, raqamli huquqlar – mulkiy xususiyatga ega bo‘lgan hamda egasi tomonidan boshqa shaxslardan buzmaslik talab etilish huquqini vujudga keltiradigan
vakolatlar majmui bo‘lib, o‘zining yaratilishi va huquqni vujudga keltirish, foydalanish xususiyatlari bilan odatdagi mulkiy (talab qilish) huquq hisoblanadi. Bu esa raqamli huquqlarning istiqbolda fuqarolik huquqi, shu jumladan, telekommunikatsiya huquqining alohida obyekti sifatida shakllanishiga asos mavjudligini ko‘rsatadi.

Shu jihatdan ta’kidlash lozimki, raqamli huquqlarga oid qoidalar Fuqarolik kodeksiga kiritilishi va bunda raqamli huquqlarning xususiyatlari, ularning tan olinishi hamda himoya qilishga oid qoidalar belgilanishi maqsadga muvofiq.

Chunki raqamlashtirishning tobora chuqurlashib va rivojlanib borishi raqamli texnologiyalarni yaratuvchilarning huquqlarini ta’minlash va undan foydalanishning maqbul huquqiy mexanizmlarini ishlab chiqishni taqozo etadi.

Rustam XURSANOV,
Toshkent davlat yuridik universitet Fuqarolik huquqi
kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar nomzodi

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here