Zamon rivojlangani sari barcha sohalarga yangicha ish uslublari kirib kelmoqda. Jumladan, huquqiy sohada ham ko‘plab zamonaviy metodlar qo‘llanmoqda. Shular qatorida profayling metodining ham o‘ziga xos ijobiy jihatlaridan foydalanilmoqda.
Profayling metodini hozirgi kunda barcha sohalarda qo‘llash mumkin. Bu metod ayniqsa kundalik faoliyatida turli shaxslar bilan muloqotda bo‘ladigan davlat xizmatchilari uchun zarur va foydali bo‘lmoqda.
Ushbu metod yigirmanchi asrning ikkinchi yarmidan hozirga qadar takomillashdi, zamonga moslashib va murakkablashib boradigan amaliy usullardan biriga aylandi. Turli mantiqiy va psixologik tahlillar asosiga qurilgan profayling tizimining jinoyat protsessida ham ahamiyati katta. Xususan, bu metodning jinoyatchilarni tergov qilish, jinoyatlarni fosh etish va tezkor qidiruv ishlarini tashkil etishdagi o‘rni borasida xorijiy va yurtimiz olimlari asarlarida ko‘p fikrlar qayd etilgan. Shuning uchun ham profayling tizimini o‘rganish, bu bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash barcha mamlakatlarda dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolyapti.
“Profayling” atamasi ingliz tilidan olingan. U “shaxs parametrlarini aniqlash” ma’nosini bildirib, keng ma’noda esa shaxsning tashqi ko‘rinishi, verbal va noverbal hamda boshqa xususiy belgilarini tahlil qilish asosida shaxs xulq-atvorini prognoz qilish va baholash metodikasi hamda psixologik usullari yig‘indisi hisoblanadi.
Profayling atamasi dastlab noma’lum shaxsning psixologik portretini jinoyat sodir etilgan
joyda qoldirilgan izlari bo‘yicha tuzish borasida qo‘llangan.
Britaniyalik jarroh Tomas Bond 1888-yilda birinchilardan bo‘lib psixologik portret tuzishga urinib ko‘rgan. Shaxsni profillash 1985-yilda AQSH Federal qidiruv byurosida P. Bruks va R. Ryossler rahbarligida zo‘rlik ishlatilgan seriyali jinoyatlarni fosh etishga ko‘maklashish maqsadida ishlab chiqilib, zo‘ravon jinoyatchilarni ushlashning VICAP (Violent Criminal Apprehension Program) dasturi doirasida qo‘llangan. Avstriya va Germaniyada esa bunday dastur VICLAS (Violent Crime Linkage Analysis System) deb ataladi. VICLAS dasturiga 1991-yilda Kanada politsiyasi asos solgan. Bu aslida hodisa joyida qoldirilgan izlar haqidagi barcha ma’lumotlar kiritilgan bazadir. Ushbu dasturning asosiy maqsadi tergovga ko‘maklashish bo‘lib, xulq-atvorga oid ko‘rsatkichlar aks etgan psixologik portret tuzishda namoyon bo‘ladi. Bunda eng muhimi – jinoyatchining shaxsiy xislatlari emas, balki kutilayotgan xulqi hisoblanadi. Bu keyinchalik kriminalistik profayling deb atay boshlandi.
Yevropalik mutaxassislar fikricha, shaxsning yomon portret va yaxshi portret bo‘yicha tahlili
ushbu portretlarning o‘zaro farqini aniq ko‘rsatib beradi. Jumladan, yaxshi psixologik portretda tergovga yordam beradigan va real faktlar bilan tasdiqlanishi mumkin bo‘lgan axborot bo‘ladi. Ya’ni kriminal psixolog jinoyatga oid barcha ma’lumotlar va kelib tushayotgan barcha holatlar, faktlardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. So‘ngra u barcha axborot asosida psixologik portret tuzadi. Bu portretda jinoyatchilarning taxminiy soni, jinoyatchilarning sonini ko‘rsatuvchi omillar, jinoyatchi (yoki jinoyatchilar)ning jinsi, yoshidan dalolat beruvchi ma’lumotlar, joy bilan tanishligi, mehnat yoki kasbiy ko‘nikmalari, o‘xshash jinoyatlar va shaxsning taxminiy tipi haqidagi ma’lumotlar bo‘ladi.
Taxmin qilinayotgan gumon qilinuvchilar doirasi va ularning jinoiy tarixlari ana shulardan kelib chiqadi va h.
Psixologik profil jinoyatchini izlash uslubi sifatida o‘tgan asrning 80-yillarida Teodor Robertning seriyali qotilliklarini o‘rganish munosabati bilan AQSH Federal qidiruv byurosi Milliy akademiyasi Bixevioristik bo‘limida (FBI Behavioral Sciyences Unit, BSU) tashkil etildi va unda jinoyatchining psixologik portretini tuzish metodidan foydalanildi. Bunda jinoiy faoliyat tahlili asosida avvaldan jinoyatchining shaxsiy tahlili qilinib, psixologik xususiyatlari haqida taxminlar tuzildi.
Notanish jinoyatchining psixoprofilini tuzish asoschilaridan biri – FQB agentlariga kriminologik psixologiyadan ma’ruzalar o‘tuvchi FQB maxsus agenti Jon Duglas 1979-yildan boshlab shaxsiy jinoiy profillashtirish dasturini boshqargan. Aynan FQBning bir qancha maxsus agentlari (R.Rassler, R.Xeyzelvud) bundan rasman foydalana boshladilar va 1984-yilda Zo‘ravonlik jinoyatlari tahlili milliy markazi va Yagona milliy ma’lumotlar bazasi – VICAP tashkil etildi.
Mazkur milliy markaz hozir 5 ta bo‘limdan iborat:
1-bo‘lim terrorizm, o‘t qo‘yish va kriminal portlashlarga qarshi kurashish masalalari bilan shug‘ullanadi;
2-bo‘lim jamiyatdagi kriminal tahdid, kiberjinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bilan shug‘ullanadi;
3-bo‘lim bolalarga qarshi jinoyatlarga, jumladan ularni o‘g‘irlash, bolalarning sirli yo‘qolishi, ularga nisbatan qotillik va jinsiy zo‘ravonlikka qarshi kurashadi;
4-bo‘lim resurslari seriyali, ommaviy va boshqa qotilliklar, jinsiy tajovuz, o‘g‘irlash, bedarak yo‘qolganlar qidiruvi, shuningdek voyaga yetgan qurbonlar bilan bog‘liq boshqa jinoyatlarni o‘z ichiga oladi, bu bo‘lim VICAP dasturining ishlashini ta’minlaydi;
5-bo‘lim xulq-atvor fanlari sohasida strategiya ishlab chiqish, o‘qitish va tadqiqotlar olib borishni ta’minlaydi1.
Mazkur markaz huquqni muhofaza qiluvchi organlarning amaliyotchi tuzilmalariga quyidagi xizmatlarni ko‘rsatadi:
– jinoyat tahlili;
– shaxsi aniqlanmagan jinoyatchining psixologik portreti (profili);
– jinoyatchidagi motivlar tahlili;
– ular o‘rtasidagi tahlil;
– tergov olib borish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
– idoralararo muvofiqlashtirish;
– jinoiy tahdidlarni baholash va ularni boshqarish;
– so‘roq o‘tkazish taktikasini ishlab chiqish;
– tintuv o‘tkazish uchun ruxsat olishni asoslantirishga yordam berish;
– sud jarayoni strategiyasini ishlab chiqish;
– sudda ekspert xulosalarini berish;
– kritik insidentlar yuzasidan tahlillar o‘tkazish2.
Rossiyada profayling metodidan, xususan, kriminal profayling metodidan foydalanishga birinchi marotaba urinish 33 ta qotillik sodir etgan Mixasevich hamda 53 ta qotillik qilgan Chikatiloning jinoiy ishlarini o‘rganib chiqishda qo‘llangan.
1997-yilda Rossiya Ichki ishlar vazirligi akademiyasida psixologik potret tuzish metodikasi ishlab chiqilgan. Notanish jinoyatchining psixologik portreti (profil) – kriminalistik hodisa sifatida jinoyat subyektini aniqlashga qaratilgan bilish uslublari va natijalari, holatlar va izlar majmuida ko‘rinuvchi jinoyatchi haqida aniq axborot yetishmovchiligida va tergov qilishda foydalaniladi.
Profayling metodi tergovchiga jinoyatlarni oldindan aniqlash, subyekt haqida ma’lumot berish, xavfni oldindan bashorat qilish imkoniyatini beradi.
Shuningdek, profayling metodining jinoyatchilarni tergov qilishda joriy etilishi kasbiy kuzatuvchanlik, jinoiy hodisa bilan bog‘liq muhitni tahlil qilish, jinoyat protsessi ishtirokchilarining, xususan, gumon qilinuvchilarning xulqi, ulardagi shubhali alomatlarni aniqlash, xizmat vaqtida ular bilan yuzaga keladigan muammolarni hal qilishda samarali hisoblanadi.
Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasi politsiyasi xodimlarini poligraf (yolg‘on detektori) va profayling texnikasi bo‘yicha o‘qitish keng yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Moskva shahrida joylashgan “Yolg‘on tadqiqoti xalqaro akademiyasi”ning maxsus profayling maktabida amerikalik psixolog Pol Ekmanning yuz mushaklarini o‘rganish uchun FACS (Facial Action Conding System) va EmFacs dasturi bo‘yicha ta’lim beriladi.
Agar profayling metodi bo‘yicha xorij tajribasini o‘rganadigan bo‘lsak, uni bevosita quyidagi yo‘nalishlarga ajratish mumkin: kriminal profayling – asosan Yevropa va AQSHda keng tatbiq etilgan; transportdagi profayling – asosan Isroil va Rossiyada keng tatbiq etilgan.
Kriminal profayling odatda jinoiy xatti-harakatlarni sodir etgan shaxslarning xulq-atvorini o‘rganishga qaratilgan yo‘nalishdir. Uning metodologik asosi psixologiyaning bixevioristik nazariyasiga (inson xulq-atvorini o‘rganishga) tayanadi3. Kriminal profaylingning asosiy maqsadi gumon qilinayotgan shaxslar doirasini toraytirish, jinoiy hodisani qayta tiklash va shu asosda tezkor versiyalarni ilgari surishdan iborat. Bu ekspert bahosi huquqbuzarning shaxsini aniqlamaydi, lekin jinoyatni sodir etgan shaxs qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi kerakligi haqida tushuncha beradi. Ko‘pincha u boshqa yo‘l bilan olib bo‘lmaydigan ma’lumotlarni taqdim etadi4.
Unda inson harakatlarini yuzaga keltiruvchi motivlar bevosita tahlil qilinadi. Buyuk Britaniya, Avstriya, Germaniya va boshqa Yevropa mamlakatlari politsiya tizimida faoliyat olib borayotgan psixolog mutaxassislar, odatda, qotillik jinoyatlarini fosh etishda tajribali xodimlarga bu borada ko‘mak berib boradilar. Ular shaxs noodatiy harakatlarni qay uslubda amalga oshirgani, hudud geografik joylashuvining o‘ziga xos xususiyatlarini, voqea joyida jinoyat sodir etgan shaxsdan qanday izlar qolganini psixologik tahlil qiladilar.
Ikkinchi katta yo‘nalish transportdagi profayling bo‘lib, u asosan Isroil davlatida juda yaxshi rivojlangan. 1965–1990-yillar orasida Isroilda aeroportlarning xavfsizligiga katta e’tibor qaratildi. Sababi, bir necha terrorchilik xurujlari, samolyotlarni o‘g‘irlash, yo‘lovchilarni garovga olish va shu kabi salbiy holatlar yuzaga keldi.
Masalan, 1968-yilda Isroil havo kuchlariga qarashli “Boing” samolyoti Jazoirga o‘g‘irlab ketilgan, 1972-yilda yapon terrorchilik guruhi a’zosi Kazo Okatama Ben-Gurion aeroportida yo‘lovchi va xizmatchilarni avtomatdan o‘qqa tutgan, so‘ng o‘z joniga qasd qilgan. 1985-yilda Rim va Afina shaharlarida Isroil samolyotlariga bir vaqtda terroristik hujum qilingan. Hozirgi kunga kelib Isroil davlati transport xavfsizligi bo‘yicha dunyo miqyosida yetakchilik qilib kelmoqda. Biroq shuni ta’kidlash joizki, xavfsizlikning bu darajada yuqori saviyada tashkil etilishida juda katta mehnat, ilmiy izlanishlar yotibdi. Agar Isroil davlatining transportdagi profayling tizimini tahlil qiladigan bo‘lsak, u murakkab, ammo ancha tizimli ekanining guvohi bo‘lamiz.
Isroil davlatida profaylerlarni tayyorlash uchun odatda 1-2 oy muddat kerak bo‘ladi. Bular psixologiya yoki boshqa sohada ta’lim olayotgan talabalar ham bo‘lishi mumkin. Tayyorlov jarayoni amaliy tarzda tashkil qilinadi. Transportdagi profaylerlar belgilangan vaqt tartibi asosida faoliyat olib borishadi. Faoliyat olib borish muddati 5 yil, navbatchilik boshlig‘i sifatida yana 3 yil faoliyat olib borishi mumkin, shu bilan bu sohadagi faoliyati yakunlanadi. Shuni ta’kidlash joizki, doimiy ravishda ularning ruhiy holati, sog‘lig‘i nazorat qilinib, malaka doirasi ham oshirilib boriladi.
Ushbu metodni rivojlantirishga “Pol Ekman guruhi” kompaniyasi alohida hissa qo‘shdi. Bu kompaniya amerikalik psixolog Pol Ekman rahbarligida insonning hissiy holatini “o‘qib olishga” imkon beruvchi bir qator kompyuter dasturlarini ishlab chiqqan. Bu dasturlar ko‘proq AQSH aeroportlarida, shuningdek xavfsizlikni ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi boshqa tuzilmalarda ham jadal qo‘llana boshlagan.
Profayling metodini qo‘llashda etnik profayling degan tushuncha bo‘lib, bu muammoli hodisa hisoblanadi, ya’ni kelib chiqishiga qarab shaxsni xavf guruhiga kiritish, unga nisbatan kuchaytirilgan nazoratni amalga oshirish uning etnik mansubligi uchun haqorat bo‘lib tuyuladi. Xususan, hozir arabcha yozuvdagi materiallar ko‘tarib olgan yoki Yaqin Sharq hududidagi arablarga xos niqob yoki burqa kiyib olganiga nisbatan profayling tizimi qo‘llanishi, qo‘llangandayam nazoratning qo‘pollik bilan tashkil etilishi ayni o‘sha hududdagi xalqlarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Umuman olganda, jinoyat protsessida profaylingni qo‘llashdan ko‘zlangan maqsad
jinoyatchining jinoyat sodir etmasdan avvalgi yuzi va jismoniy xususiyatlarini aniqlashgina
emas, balki ko‘proq yashirin jinoyatchilarning kechinmalari va hissiy holatlari xususiyatlarini
aks ettiruvchi ekspressiv ifodalarini aniqlashdir5.
Saxodulla SHOMIRZAYEV,
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
Dastlabki tergov va surishtiruv kafedrasi katta o‘qituvchisi,
adliya maslahatchisi,
TDYU mustaqil izlanuvchisi
1 С.Асямов. Криминалистический профайлинг. “ЮРПСИ”, Ташкент, 2022, 63-64-бетлар.
2 С.Асямов. Криминалистический профайлинг. “ЮРПСИ”, Ташкент, 2022, 65-66-бетлар.
3 М.Қодиров, С.Шомирзаев. Божхона профайлинги. Тошкент, 2019. БИ, 28-бет.
4 С.Асямов. Криминалистический профайлинг. “ЮРПСИ”, Ташкент, 2022.
5 Профайлинг в деятельности органов внутренних дел: Учебное пособие / Под ред. В.Л. Цветкова. – М., 2014. – С.10.