HomeMaqolalarPedagog xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari

Pedagog xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari

Yurtimizda pedagog xodimning jamiyatdagi maqomini yuksaltirish, uning faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish va kasbiy kamol topishi uchun sharoit yaratish hamda huquqiy kafolatlarini taʼminlash muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 52-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi.

Davlat o‘qituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi. O‘qituvchi maqomi Konstitutsiya darajasida belgilanishi davlatning ilm-fan, maʼrifat va taʼlimga qaratayotgan eʼtiborining yaqqol ifodasidir.

Mehnat kodeksining 501- moddasi pedagog xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilab berdi. Unga ko‘ra, umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarining, maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda boshqa tashkilotlarning bolalarni o‘qitish yoki tarbiyalash bilan bevosita shug‘ullanuvchi pedagog xodimlari va boshqa xodimlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tartibda dastlabki tarzda (ishga qabul qilish chog‘ida) va davriy (ish jarayonida) majburiy tibbiy ko‘riklardan o‘tadi.

Tegishli maʼlumotga, kasbiy tayyorgarlikka, maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.

Pedagog xodimlarni oliy taʼlim tashkilotlariga kafedra mudiri, professor, dotsent, katta o‘qituvchi, o‘qituvchi (assistent), stajyor-o‘qituvchi lavozimlariga ishga qabul qilish Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq tanlov asosida amalga oshiriladi.

Oliy taʼlim tashkilotining rahbariga tanlov o‘tkazilguniga qadar kafedra mudiri vakant lavozimi bo‘yicha vazifalarni bajarishni kafedraning yetakchi o‘qituvchilaridan birining yoki tegishli fakultet dekanining zimmasiga yuklatishga ruxsat beriladi.

Oliy taʼlim tashkilotlariga soatbay haq to‘lanishi shartlari asosida o‘qituvchilik ishiga kirayotgan shaxslar tanlovsiz, oliy taʼlim tashkiloti rahbarining buyrug‘i bilan ishga qabul qilinadi.

Taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlariga haftasiga o‘ttiz olti soatdan ortiq bo‘lmagan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi va yillik uzaytirilgan mehnat taʼtili beriladi. Pedagog xodimlar ish vaqtining aniq davomiyligi va yillik uzaytirilgan mehnat taʼtilining davomiyligi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Taʼlim tashkilotlari mehnatga haq to‘lash uchun mavjud mablag‘lar doirasida mustaqil ravishda lavozim maoshlariga tabaqalashtirilgan ustamalar belgilashga hamda mehnatga haq to‘lash va uni rag‘batlantirishning turli shakllarini qo‘llashga haqli.

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi “Pedagog xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mehnat taʼtili davomiyligi meʼyorlarini belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 263-qarori bilan pedagog xodimlar uchun 56 kalendar kungacha yillik uzaytirilgan mehnat taʼtili davomiyligi meʼyorlari tasdiqlandi.

“Taʼlim to‘g‘risida”gi qonunning 45-moddasiga ko‘ra, pedagog xodimlarni ularning lavozim majburiyatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday boshqa ishga jalb qilish taqiqlanadi.

Biroq pedagog xodimlarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarga jalb etish hollari uchramoqda. Shu sababli ham taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlarini o‘z xizmat vazifalari bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish hollariga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun hujjatlarini hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 27-martdagi 826-qonuni bilan Jinoyat kodeksiga pedagog xodimlarni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma kiritildi. Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda pedagog xodimlarni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik, shuningdek ularning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Maʼmuriy ­javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasiga ko‘ra, biror shaxsni majburiy mehnatga jalb etish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha (33 million so‘mgacha) jarimaga sabab bo‘lsa, taʼlim tashkilotining pedagog xodimini majburiy mehnatga jalb qilish esa bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravarigacha (49,5 million so‘mgacha) jarima bilan jazolanadi.

Jinoyat kodeksi 1482-moddasida pedagoglarni mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi. Pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash uchun, agar xuddi shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan (49,5 mln so‘mdan) ikki yuz baravarigacha (66 mln so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 1975-moddasi taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga taʼlim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga taʼsir ko‘rsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki taʼlim tashkiloti pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Eʼtiborli jihati, ilgari pedagogning faoliyatiga noqonuniy aralashish uchun faqat jarima jazosi belgilangan edi. Endilikda xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosi belgilanishi mumkin.

Biroq pedagoglarning maqomini oshirish bo‘yicha bugungi kunga qadar amalga oshirilgan chora-tadbirlar, qabul qilingan hujjatlar ular faoliyatini to‘laqonli bajarishga, yetarli darajada moddiy, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga asos bo‘la olmayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi yalpi majlisida 2023-yil 1-avgustda qabul qilingan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi o‘qituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligini oshirish, sohadagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir1. Taʼkidlash kerak, mazkur qonun loyihasida o‘qituvchilar kutgan ayrim yengillik va imtiyozlar nazarda tutilgan.

Xususan, qonun loyihasida pedagog o‘zining kasbiy faoliyatini amalga oshirish chog‘ida o‘z shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish uchun sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish belgilangan.

Shuningdek, qonun loyihasida pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash, ilk bor kasbiy faoliyat boshlayotgan shaxsga bir o‘quv yili davriga o‘qituvchi-murabbiylikni amalga oshiruvchi pedagog xodimni biriktirish nazarda tutilayapti.

Shu bilan birga, davlat taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tishi, pedagog xodimni kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash davlat tomonidan taʼminlanishi aks etmoqda.

Qonunning qabul qilinishi pedagog kasbining ahamiyati va nufuzini oshirishga, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga, ularni kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuvlardan himoya qilishga hamda mehnatini munosib rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Muhammadamin KARIMJONOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
katta o‘qituvchisi

1 https://adliya.uz/uzb/posts/педагогнинг-мақоми-тўғрисидаги-қонун-қонунчилик-палатаси

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa