Mehnat kodeksining 25-bobi (Ijtimoiy va huquqiy jihatdan kuchli himoya qilinishga muhtoj shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari) 2-paragrafi 411-422-moddalari 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlariga bag‘ishlangan.
Mehnat kodeksining 413-moddasiga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar mehnatga oid yakka tartibdagi huquqiy munosabatlarda katta yoshdagi xodimlar bilan teng huquqlarga ega bo‘ladi, mehnatni muhofaza qilish, ish vaqti, ta’tillar va boshqa mehnat shart-sharoitlari sohasida esa ular uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan qo‘shimcha imtiyozlardan foydalanadi.
Kodeksning 4-moddasi 3-qismiga ko‘ra, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida xodimlarning huquqlarini mehnatning muayyan turiga xos bo‘lgan talablar yoki yuqoriroq ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslar (oilaviy vazifalarni bajarish bilan band bo‘lgan shaxslar, voyaga yetmaganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, homilador ayollar va boshqalar) to‘g‘risidagi alohida g‘amxo‘rlik bilan bog‘liq holda asoslangan tarzda farqlash, istisno etish, ularga afzallik berish, shuningdek ularni cheklash kamsitish deb hisoblanmaydi.
Ishga qabul qilishga necha yoshdan yo‘l qo‘yiladi?
Mehnat kodeksining 118-moddasiga ko‘ra, ishga qabul qilishga ushbu kodeksning 20-moddasiga muvofiq shaxslar mehnatga oid huquq layoqatiga va muomala layoqatiga ega bo‘lishi bilan, 16 yoshdan yo‘l qo‘yiladi.
Yoshlarni mehnatga tayyorlash uchun ta’lim tashkilotlarining, kasb-hunar maktablarining, kollejlar va texnikumlarning o‘quvchilarini ularning sog‘lig‘iga hamda ma’naviy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, o‘qitish jarayonini buzmaydigan yengil mehnatni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun ishga qabul qilishga ular 15 yoshga to‘lishi bilan ota-onadan birining (ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxsning) yozma roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Madaniy-tomosha tashkilotlarida, televideniye, radioeshittirish tashkilotlarida va boshqa ommaviy axborot vositalarida, shuningdek professional sportchilar bilan ota-onaning har ikkisining (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsning) roziligi hamda vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan, sog‘lig‘iga va ma’naviy kamol topishiga ziyon yetkazmasdan asarlarni yaratish va (yoki) ijro etishda (ko‘rgazmaga qo‘yishda) ishtirok etish uchun 15 yoshga to‘lmagan shaxslar bilan mehnat shartnomasini tuzishga yo‘l qo‘yiladi.
Ko‘rsatilgan yoshga to‘lgan shaxslar qabul qilinishi mumkin bo‘lgan ishlar, kasblar, lavozimlar ro‘yxatlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Bunday holda xodimning nomidan mehnat shartnomasini uning ota-onasi (ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxs) imzolaydi. Vasiylik va homiylik organining ruxsatnomasida har kunlik ishning eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan davomiyligi hamda ish bajarilishi mumkin bo‘lgan boshqa shartlar ko‘rsatiladi.
18 yoshga to‘lmagan shaxslarni ishga qabul qilish va ularning mehnatini qo‘llash ushbu kodeksning 411-422-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
18 yoshga to‘lmagan shaxslarni kasanachi sifatida ishga olish
mumkinmi?
Mehnat kodeksining 444-moddasiga ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan jismoniy shaxs kasanachi bo‘lishi mumkin.
18 yoshga to‘lmagan shaxslarni vaxta usulidagi ishlarga jalb qilish mumkinmi?
Mehnat kodeksining 466-moddasiga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan shaxslarni vaxta usulida bajariladigan ishlarga jalb qilish mumkin emas.
18 yoshga to‘lmagan chet el fuqarosini ishga qabul qilish mumkinmi?
Mehnat kodeksining 522-moddasiga ko‘ra, mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududiga qonuniy ravishda kirib kelgan chet el fuqarolari 18 yoshga to‘lganida xodim sifatida yakka tartibdagi mehnat munosabatlariga kirishish huquqiga ega.
18 yoshga to‘lmagan shaxslarni ishga qabul qilishda dastlabki sinov belgilash
mumkinmi?
Mehnat kodeksining 129-moddasi 3-qismiga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan shaxslar ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi.
18 yoshga to‘lmagan shaxslardan ishga qabul qilish vaqtida qanday hujjatlar
talab qilinadi?
Ishga qabul qilish vaqtida ishga kirayotgan 18 yoshga to‘lmagan shaxslardan Mehnat kodeksining 124-moddasida, shuningdek boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hujjatlar talab qilinadi.
18 yoshga to‘lmagan shaxs o‘rindoshlik asosida ishlashi mumkinmi?
Mehnat kodeksining 433-moddasiga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda o‘rindoshlik asosida ishlashiga, agar o‘rindoshning asosiy ishi xuddi shunday sharoitlar bilan bog‘liq bo‘lsa (bundan sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlari xodimlari mustasno) va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar o‘rindoshlik asosida ishlash xodimning, boshqa shaxslarning sog‘lig‘iga yoki ishlab chiqarish jarayoni xavfsizligiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lsa, ish beruvchi kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda mehnat shart-sharoitlari hamda tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olib, muayyan kasb, mutaxassislik va lavozimlarga nisbatan o‘rindoshlik asosida ishlashga cheklovlar belgilashi mumkin.
18 yoshga to‘lmagan shaxsni ishga qabul qilishda mehnat qonunchiligi talablariga
rioya etilmasa mehnat shartnomasi bekor qilinadimi?
Bu harakatlar mehnat qonunchiligini buzish sifatida baholanadi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Ushbu xodimlar bilan esa ishga qabul qilish yuzasidan belgilangan qoidalar buzilganligi munosabati bilan agar yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarlikni bartaraf etishning imkoni bo‘lmasa va u ishni davom ettirishga to‘sqinlik qilsa Mehnat kodeksining 168-moddasi (Mehnat shartnomasini taraflarning xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra bekor qilish) 1-qismi 4-bandiga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor bo‘ladi.
Kodeksning 170-moddasiga ko‘ra, ish beruvchining mehnat shartnomasini ushbu kodeks 168-moddasi birinchi qismining 4-bandiga ko‘ra bekor qilish to‘g‘risidagi buyrug‘ida ishga qabul qilishning qanday qoidalari buzilganligi, nima uchun ularni bartaraf etib bo‘lmasligi va ular qaysi sababga ko‘ra mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga to‘sqinlik qilayotganligi ko‘rsatilishi kerak.
Bundan tashqari 18 yoshga to‘lmagan shaxsga mazkur ish beruvchidagi ish stajiga bog‘liq holda Mehnat kodeksining 173-moddasida belgilangan tartibda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab beriladi, bundan ishga qabul qilishning belgilangan qoidalari xodimning aybi bilan buzilgan hollar mustasno.
18 yoshga to‘lmagan shaxslarni ishga qabul qilishda qanday kafolat bor?
Mehnat kodeksining 411-moddasiga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga “Aholi bandligi
to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq belgilanadigan eng kam ish o‘rinlari hisobidan zaxiradagi ish o‘rinlariga mahalliy mehnat organlarining yo‘llanmasi bilan ishga joylashish kafolatlanadi.
18 yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan qaysi ishlarda foydalanish
taqiqlanadi?
Mehnat kodeksining 412-moddasiga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning mehnatini mehnat sharoiti zararli va (yoki) xavfli bo‘lgan ishlarda, yer osti ishlarida, shuningdek bajarilishi ularning hayotiga va sog‘lig‘iga, xavfsizligiga va ma’naviy jihatdan kamol topishiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda (tungi kafe va klublarda, spirtli ichimliklarni, tamaki mahsulotlarini, narkotik va psixotrop moddalarni, toksik preparatlarni ishlab chiqarish, tashish hamda sotish va boshqalar) qo‘llash taqiqlanadi.
18 yoshgacha bo‘lgan xodimlarning ular uchun belgilangan normalardan ortiq bo‘lgan og‘irlikdagi yuklarni ko‘tarishi va tashishi taqiqlanadi.
18 yoshgacha bo‘lgan xodimlar mehnatining qo‘llanilishi taqiqlanadigan va bajarilishi voyaga yetmaganlarning sog‘lig‘iga va ma’naviy jihatdan kamol topishiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlar ro‘yxati, shuningdek ularning og‘ir yuklarni ko‘tarishi va tashishi chog‘ida yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p normalar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
18 yoshga to‘lmagan xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shartmi?
Mehnat kodeksining 414-moddasiga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar faqat dastlabki majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan keyin ishga qabul qilinadi va keyinchalik ular 18 yoshga to‘lguniga qadar har yili majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim.
Ushbu kodeksning 360-moddasida nazarda tutilgan majburiy tibbiy ko‘riklar ish beruvchining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
18 yoshga to‘lmagan xodimlarga ish vaqti bo‘yicha qanday imtiyozlar berilgan?
Mehnat kodeksining 415-moddasiga ko‘ra, ish vaqtining davomiyligi 16 dan 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun haftasiga 36 soatdan oshmaydigan, 15 dan 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun esa haftasiga 24 soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi.
O‘quv yili davomida o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlayotgan o‘quvchilarning ish vaqti davomiyligi ushbu moddaning birinchi qismida tegishli yoshdagi shaxslar uchun nazarda tutilgan ish vaqti eng ko‘p davomiyligining yarmidan oshishi mumkin emas.
Mehnat kodeksining 416-moddasiga ko‘ra, har kunlik ishning (smenaning) davomiyligi quyidagilardan oshishi mumkin emas 15 dan 16 yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun – olti kunlik ish haftasida to‘rt soatdan, besh kunlik ish haftasida besh soatdan, 16 dan 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun esa olti kunlik ish haftasida olti soatdan, besh kunlik ish haftasida yetti soatu o‘ttiz daqiqadan; o‘quv yili davomida ishni o‘qish bilan birga olib boruvchi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tashkilotlarining 15 dan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilari uchun – olti kunlik ish haftasida ikki soatdan, besh kunlik ish haftasida ikki soatu o‘ttiz daqiqadan, 16 dan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilari uchun esa olti kunlik ish haftasida uch soatdan, besh kunlik ish haftasida to‘rt soatdan.
Ta’til vaqtida 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlarning mehnatiga ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida haq to‘lash, xuddi ish vaqti davomiyligi to‘liq bo‘lganda xodimlarning tegishli toifalari uchun to‘lanadigan miqdorda amalga oshiriladi (MK 420-moddasi 1-qismi). Masalan, ta’til vaqtida haftasiga 24 soat ishlaydigan bolaga 40 soat uchun haq to‘lanadi.
O‘quv yili davomida o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlayotgan 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlar mehnatiga ishlagan vaqtidan kelib chiqib yoki ishlab chiqarish natijasiga qarab haq to‘lanadi (MK 420-moddasi 4-qismi). Masalan, haftasiga 12 soat ishlaydigan bolaga 12 soatga haq to‘lanadi.
18 yoshga to‘lmagan xodimlarni xizmat safariga yuborish mumkinmi?
Mehnat kodeksining 417-moddasiga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlarni xizmat safariga
yuborish, tungi ishlarga, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.
Madaniy-tomosha tashkilotlarining, televideniye, radioeshittirish tashkilotlarining va boshqa ommaviy axborot vositalarining ijodiy xodimlari, professional sportchilar, shuningdek asarlar yaratishda va (yoki) ijro etishda (namoyish etishda) ishtirok etuvchi boshqa shaxslar Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ishlar, kasblar, lavozimlar ro‘yxatlariga muvofiq ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidadan mustasnodir.
18 yoshga to‘lmagan xodimlarga ta’tillar bo‘yicha qanday imtiyozlar berilgan?
Mehnat kodeksining 418-moddasiga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlarga davomiyligi kamida 30 kalendar kun bo‘lgan yillik mehnat ta’tili beriladi va ular bu ta’tildan yilning o‘zlari uchun qulay bo‘lgan istalgan vaqtida foydalanishi mumkin.
Agar yillik mehnat ta’tili berilayotgan ish yili xodim 18 yoshga to‘ladigan va to‘lib bo‘lganidan keyingi davrlarni qamrab olsa, ta’tilning davomiyligi xodim 18 yoshga to‘lguniga qadar va 18 yoshga to‘lganidan keyingi ishlangan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqariladi.
18 yoshga to‘lmagan xodimlarni ta’tildan
chaqirib olish mumkinmi?
Mehnat kodeksining 232-moddasi 2-qismi va 418-moddasi 3-qismiga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlarni yillik mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
18 yoshga to‘lmagan xodimlar mehnat ta’tilining bir qismini keyingi ish yiliga
ko‘chirish mumkinmi?
Mehnat kodeksining 230-moddasi 3-qismiga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan xodimlarga, nogironligi bo‘lgan xodimlarga har yilgi mehnat ta’tilini, shuningdek ushbu kodeksning 481 va 483-moddalarida ko‘rsatilgan har yilgi qo‘shimcha ta’tillarni bermaslik taqiqlanadi.
18 yoshga to‘lmagan xodimlarga ish davrida ularning xohishiga ko‘ra har yilgi
mehnat ta’tilini pulli kompensatsiya bilan almashtirish mumkinmi?
Mehnat kodeksining 234-moddasi 3-qismiga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan xodimlarga, I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga beriladigan ijtimoiy ta’tillarning barcha turlaridan, har yilgi uzaytirilgan asosiy mehnat ta’tillaridan, shuningdek ushbu kodeksning 481 va 483-moddalarida nazarda tutilgan qo‘shimcha ta’tillardan asli holida foydalaniladi hamda mehnat davrida ularni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mehnat shartnomasini bekor qilishda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun
qanday qo‘shimcha kafolatlari bor?
Mehnat kodeksining 421-moddasiga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlar bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga, mehnat shartnomasini bekor qilishning umumiy tartibiga rioya etishdan tashqari, mahalliy mehnat organining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Bundan tashqari MK 161-moddasi 5-qismiga ko‘ra, umumiy o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlarining, shuningdek davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan oliy ta’lim tashkilotlarining tegishli ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirgan bitiruvchilari bilan mehnat shartnomasi ushbu mehnat shartnomasi tuzilgan kundan e’tiboran uch yillik muddat o‘tguniga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinganida ish beruvchi bu haqda mahalliy mehnat organiga yozma shaklda xabar berishi kerak.
18 yoshga to‘lmagan shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ota-onasining
talabi bilan bekor qilish mumkinmi?
Mehnat kodeksining 422-moddasiga ko‘ra, ota-onadan biri (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxs), shuningdek mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlar hamda voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar, agar ishni davom ettirish 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning hayotiga va sog‘lig‘iga, xavfsizligiga hamda ma’naviy kamol topishiga tahdid solayotgan bo‘lsa yoki ularga boshqacha tarzda ziyon yetkazishi mumkin bo‘lsa, bunday shaxslar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli.
Bu holatda mehnat shartnomasi 18 yoshga to‘lmagan shaxs bilan kodeksning 168-moddasi (Mehnat shartnomasini taraflarning xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra bekor qilish) 1-qismining 10-bandiga (qonunda nazarda tutilgan boshqa hollar) ko‘ra bekor qilinadi.
18 yoshga to‘lmagan xodim to‘liq moddiy javobgar bo‘lishi mumkinmi?
Mehnat kodeksining 341-moddasiga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlar faqat qasddan yetkazilgan zarar uchun, alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatida yetkazilgan zarar uchun, shuningdek jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etish natijasida yetkazilgan zarar uchun to‘liq moddiy javobgar bo‘ladi.
Kodeksning 343-moddasi 2-qismiga ko‘ra, pul va tovarlar bilan muomala qilishga oid xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan ishga qabul qilinayotgan yoki ishni bajarayotgan 18 yoshga to‘lgan shaxs ishga qabul qilinayotganda yoki keyinchalik mehnat shartnomasiga qo‘shimcha tariqasida ushbu shaxs bilan to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnoma tuzilishi mumkin.
Muhammadamin KARIMJONOV,
TDYU Mehnat huquqi kafedrasi
katta o‘qituvchisi