HomeMaqolalarFuqarolik jamiyati institutlarining mamlakat taraqqiyotidagi roli

Fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakat taraqqiyotidagi roli

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy maqsadi demokratik huquqiy davlat qurish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishdan iborat. O‘z taraqqiyot yo‘lini tanlagan mamlakatimiz “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilini izchil amalga oshirish doirasida barqaror fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirishni muhim vazifa sifatida belgilagan.

Mamlakatda demokratiya, huquqiy davlat, jamiyat va shaxs erkinliklarini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlari eng muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Ular jamiyat a’zolarining fuqarolik faolligi, milliy o‘z-o‘zini anglashi, siyosiy madaniyati, huquqiy ongini va yuksak ma’naviyatini shakllantirishga hamda uni doimiy ravishda rivojlantirib borishga ko‘maklashish, mustaqil fikrlash, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Fuqarolik jamiyati institutlari – fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvida ishtirok etishiga xizmat qiladigan nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat birlashmalari, oila, mahalla, ijtimoiy harakatlar va boshqa tuzilmalar majmuidir1.

Fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakat hayotidagi o‘rni va ahamiyati aholining turli ijtimoiy guruhlari manfaatlarini ifoda etishda, fuqarolar ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlashda, ularning siyosiy va fuqarolik faolligini oshirishda, mamlakatda ro‘y berayotgan demokratik o‘zgarishlarning ko‘lamini kengaytirish va chuqurlashtirishda, davlat va hokimiyat tuzilmalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati olib borishning asosiy vositasi, butun jamiyat ahamiyatiga molik masalalarni hayotga tatbiq etishda davlatning teng huquqli ijtimoiy sherigi, hamkori sifatida namoyon bo‘ladi.

Umuman olganda fuqarolik jamiyati bu ijtimoiy hayotning davlat ta’siri va aralashuvlaridan, ma’muriy tazyiqlardan xoli bo‘lgan hamda insonlarning xususiy turmush sohasini tashkil etuvchi munosabatlar majmuidir2.

Mamlakatimizni demokratik modernizatsiya qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va
ahamiyati muttasil oshayotgani fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning fuqarolik ongi hamda siyosiy-huquqiy madaniyatining barqaror o‘sayotganidan dalolat beradi. Bu esa kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishning muhim sharti hisoblanadi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, siyosiy partiyalar, harakatlar, kasaba uyushmalari, jamoat birlashmalari va jamg‘armalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, mustaqil ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini kafolatlaydigan mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgan. Ular O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining institutlari tuzilmasini tashkil etadi va fuqarolarning mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni bajarishda faol ishtirokini taʼminlashga ko‘maklashadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi, fuqarolik institutlarining huquq va erkinliklariga rioya qilish kafolatlari, ularga teng huquqiy imkoniyatlar yaratib berishga oid tamoyillar mustahkamlab qo‘yilgan.

Bu borada qabul qilingan jami ikki yuzdan ortiq qonun hujjatlari mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini izchil rivojlantirishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Fuqarolik jamiyatisiz zamonaviy davlatchilikni tasavvur qilish mumkin emas. Kuchli fuqarolik jamiyati demokratik davlatning muhim belgisi bo‘lib, aholi turli qatlamlari manfaatlarini samarali himoya qilish imkonini beradi. Fuqarolarning davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtiroki fuqarolik jamiyatining muhim belgilaridan biri hisoblanadi.

BMT Inson huquqlari kengashining 2017-yilgi hisobotida fuqarolik jamiyati institutlari inson huquqlarini himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish, kambag‘allikni qisqartirish, global ochlikning oldini olish kabi muammolarni hal etishda muhim vosita sifatida eʼtirof etilgan. Chunki ijtimoiy muammolarni hal qilishda fuqarolik jamiyati institutlari katta salohiyatga ega.

Yevropa Ittifoqi davlatlarida mehnat qobiliyatiga ega aholining 5-15 foizi “uchinchi tarmoq” deb ataladigan fuqarolik jamiyati institutlarida faoliyat yuritadi. Bugun ijtimoiy yo‘nalishlarga jamoat tashkilotlari tomonidan davlat tashkilotlariga nisbatan uch barobar ko‘proq investitsiyalar jalb qilinadi. Fuqarolik jamiyati vakillarining 60 foizi ijtimoiy himoya va tibbiy yordam, shuningdek, taʼlim sohalarida xizmat ko‘rsatadi3.

So‘nggi yillarda yurtimizda fuqarolik jamiyati institutlari rivojlanishining yangi davri boshlandi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Harakatlar strategiyasi doirasida zamonaviy demokratik talablarga javob beradigan normativ-huquqiy baza takomillashtirildi, nodavlat notijorat tashkilotlarining mavqeyini kuchaytirish, ularning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan o‘nlab yangi qonun hujjatlari qabul qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti farmoni bilan tasdiqlangan 2021—2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shaklida qo‘llab-quvvatlash hajmini 2025-yilda 1,8 baravarga oshirish va ajratiladigan mablag‘ miqdorini 70 milliard so‘mga yetkazish vazifasi belgilangan.

Nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirishga qaratilgan muhim qadamlar tufayli sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalaridagi ijtimoiy loyihalar o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.

Prezidentimiz o‘zining “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” nomli asarida “Erkinlik va ochiq fuqarolik jamiyati” mavzusida fuqarolik jamiyati institutlariga to‘xtalib o‘tgan. Xususan, asarda ushbu tashkilotlarni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar quyidagilardan iborat ekanligi keltirilgan:

– davlatning va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni yanada jadal va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini birlashtiruvchi zamonaviy, demokratik hamda ochiq-oshkora maydon sifatida ularning yuqori darajadagi tizimli va samarali muloqotini yo‘lga qo‘yish;

– davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorligining zamonaviy mexanizmlarini, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish choralarini joriy qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

– fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, mazkur institutlarning jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish;

– fuqarolik jamiyatining rivojlanishini, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari bilan hamkorligi darajasini, shuningdek, ularning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini baholovchi ko‘rsatkichlarni ishlab chiqish, bu ko‘rsatkichlar asosida davriy va maxsus, jumladan, muqobil ma’ruzalar tayyorlanishini tashkil etish;

– fuqarolik jamiyati institutlariga ularning xalqaro hamkorligini rivojlantirishda, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganishda va ushbu tajribani O‘zbekiston sharoitida joriy etishda ko‘maklashish4.

Yuqorida keltirib o‘tilgan maqsadlar, ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar yaqin kelajakda fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati va davlat, jamiyat boshqaruvidagi rolini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda muhim rol o‘ynaydi.

Bundan tashqari 2021-yil 4-mart sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021—2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 6181-farmoni qabul qilindi. Ushbu konsepsiyaning 2-bobida fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishda ustuvor yo‘nalish qilib fuqarolik jamiyati institutlariga ko‘mak berish hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmini yanada takomillashtirish, davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash kabi normalar belgilandi.

Konsepsiyadagi bu kabi maqsad va vazifalar yaqin kelajakda ushbu institutlarning faoliyatida katta o‘zgarishlar amalga oshirilishidan dalolatdir.

2023-yil 1-maydan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIII bobining “Fuqarolik jamiyati institutlari” deb nomlanishi va konstitutsiyaviy institut darajasigacha ko‘tarilishi bu tashkilotlarning jamiyat hayotida qanchalik katta o‘rin egallashiga yana bir isbotdir. Xususan, Konstitutsiyaning 69-moddasida “Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi. Fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati qonunga muvofiq amalga oshiriladi” deb belgilangan. Ushbu norma fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyatini bevosita tartibga soluvchi hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga doir qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirishga xizmat qilmoqda, shuningdek, bir qancha davlat funksiyalarini bosqichma-bosqich ushbu institutlarga yuklash natijasida ularning faolligini oshirishga turtki bo‘lmoqda.

Fuqarolik jamiyati institutlarini quyidagi mezonlar bo‘yicha tasniflash mumkin:

1. Iqtisodiy sohadagi manfaatlarni qanoatlantiruvchi tuzilmalar: xususiy mulk asosida vujudga keladigan va faoliyat yuritadigan nodavlat tashkilotlari; tadbirkorlar uyushmalari (palatasi) va boshqalar.

2. Ijtimoiy sohadagi manfaatlarni ifodalovchi tuzilmalar: oila hamda uning manfaatlarini aks ettiruvchi maxsus tashkilotlar; ta’lim-tarbiya muassasalari (maktab, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari); fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari; mustaqil ommaviy axborot vositalari; diniy tashkilotlar; milliy-madaniy markazlar; ko‘ngilli jamiyatlar; jamoatchilik fikrini aniqlash va o‘rganish institutlari; turli ijtimoiy ixtiloflarni adolatli hal etuvchi tuzilmalar va boshqalar.

3. Siyosiy sohadagi manfaatlarni aks ettiruvchi institutlar va tuzilmalar: siyosiy partiyalar; ijtimoiy-siyosiy harakatlar; inson huquqlarini himoya qiluvchi institutlar va boshqalar5.

Bu institutni yanada takomillashtirish uchun birinchidan davlat va ma’muriy organlarning ularning faoliyatiga aralashuvini butunlay yo‘q qilish, iqtisodni va ijtimoiy sohalarda ularning faoliyatini erkinlashtirish, ularning huquqlarini mustahkam himoya qilish kerak.

Ikkinchidan esa qachonki mahalliy hokimiyatning vakolatlari jamoat birlashmalariga, asosan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (mahallalar)ga o‘tkazilsa, fuqarolik jamiyatini shakllantirishda katta qadam tashlangan bo‘ladi.

Aksincha, agar mahalliy hokimiyatlarga ushbu institutlarining vakolatlari berilib borilsa, fuqarolik jamiyati qurish murakkab vazifaga aylanadi.

Umumlashtirib aytganda, amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samaradorligiga erishish nafaqat davlat organlari, balki nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan ham faollik, tashabbuskorlikni talab qiladi.

Akbar ASATOV,
O‘zbekiston milliy universiteti talabasi

 

1 Matyaqubov X. O‘zbekistonning eng yangi tarixi. O‘quv qo‘llanma. – Toshkent. 2021. – 75-b.

2 Odilqoriyev X. Davlat va huquq nazariyasi. Darslik. – Toshkent: Yuridik adabiyotlar publish, 2022. – 451-b.

3 https://www.insonhuquqlari.uz/uz/news/fuqarolik-jamiyati-institutlarining-ijtimoiy-siyosiy-jarayonlardagi-ishtiroki-kuchaytirilmoqda

4 Mirziyoyev Sh. Yangi O‘zbekiston strategiyasi. – Toshkent: O‘zbekiston, 2021. – 112-b.

5 Saydullayev Sh. Davlat va huquq nazariyasi. Darslik. – Toshkent: Yuridik adabiyotlar publish, 2022. – 235-b.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa