HomeMaqolalarKorrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish: muammo va yechimlar

Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish: muammo va yechimlar

O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarning huquqlarini himoya qilish qonun ustuvorligini taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, korrupsiyaviy huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarning huquqlarini taʼminlash hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat muhitini yaratish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi 158-farmoni bilan “O‘zbekiston – 2030”
strategiyasi qabul qilindi.

Mazkur strategiyada qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimidagi islohotlar yo‘nalishi doirasida “Korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish ishlarini jadal davom ettirish” asosiy vazifa sifatida belgilandi1.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z maʼruzasida korrupsiyaga qarshi kurashish jamiyat va davlat oldida turgan dolzarb masala ekanligini qayd etib kelmoqda. Shu bois ham davlat rahbari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan qo‘shma majlisidagi nutqida ushbu muammoga alohida eʼtibor qaratib, “bu borada aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, tizimli preventiv choralarni ko‘rish zarurligi va shu asosda korrupsiyaning nafaqat oqibatlarini, balki sabablarini oldindan bartaraf etish bo‘yicha taʼsirchan choralar amalga oshiriladi” deb taʼkidlagan edi2.

O‘zbekistonda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asosi yaratilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi 60-farmoni bilan tasdiqlangan taraqqiyot strategiyasi 84-maqsadi doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish kabi maqsadlar davomiy vazifa sifatida belgilandi3. Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi 6257-farmoni bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha 2021–2022-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi”ning 39-bandiga binoan fuqarolarning korrupsiya holatlari haqida tezkor xabar berish imkoniyatini kengaytirish asosiy vazifa sifatida qayd etildi. Biroq bugungi kundagi tahlillar amaldagi qonunchilikda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarning huquqlarini himoya qilishning normativ-huquqiy asoslari mukammal emasligini ko‘rsatmoqda.

Xususan:

Chegara bilmas muxbirlar” (Reports without borders) xalqaro tashkiloti tomonidan “Matbuot va so‘z erkinligi” bo‘yicha eʼlon qilingan yillik hisobotga4 ko‘ra, O‘zbekiston 2022-yilda matbuot va so‘z erkinligida 45,74 ball bilan 180 ta davlat orasidan 133-o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, 2023-yilda 45,73 ball bilan 137-o‘rinda qayd etilib, 4 pog‘ona pastladi.

Mazkur yillik hisobotda O‘zbekiston Respublikasida korrupsiya haqida xabar bergan shaxslar, ommaviy axborot vositalari, blogerlar va jurnalistlarga tahdid qilinayotganligi, shuningdek, ularning huquqiy himoyasini yetarlicha taʼminlashning normativ-huquqiy asoslari va mexanizmlari to‘liq emasligi taʼkidlangan5.

Xabar beruvchilarning so‘z erkinligini taʼminlash korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy jihati sifatida davlat va xususiy sektorda korrupsiyaviy jinoyatlarni profilaktika qilishda muhim ahamiyatga ega ekanligi haqida so‘z yuritilgan. Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Istanbul harakatlar rejasining 4-raund monitoringi hisobotining 14.7-tavsiyasida O‘zbekistonda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi mazkur tavsiya rasmiy bajarilgan bo‘lsa-da, amaldagi normalar korrupsiya to‘g‘risida xabar bergan shaxslarning himoyasini yetarli darajada taʼminlay olish yoki olmasligi xususida yagona xulosaga kela olmaganining guvohi bo‘lishimiz mumkin6.

BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining 33-moddasida har bir ishtirokchi Davlat vakolatli organlarga mazkur Konvensiyada jinoyat deb topilgan jinoiy xatti-harakatlar xususida istalgan dalillar to‘g‘risida halol va oqilona asoslarga tayangan holda xabar berayotgan shaxslarni himoya qilishga qaratilgan tegishli choralarni o‘zining ichki huquqiy tizimiga kiritish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishi lozimligi qayd etilgan7 . Shuningdek, Yevropa kengashining xabar beruvchi shaxslarni himoya qilishga doir tavsiyasida korrupsiyaga oid jinoyatlar haqida xabar bergan shaxslarning xalqaro-huquqiy maqomi belgilab qo‘yilgan8.

O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslar va ularning yaqin qarindoshlarining huquqlarini huquqiy jihatdan himoya qilishning normativ-huquqiy asoslari “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunining 28-moddasida belgilangan. 28-moddaning 3-qismida, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qiluvchi shaxslarning hamda ularning yaqin qarindoshlarining hayotiga va sog‘lig‘iga haqiqiy tahdidni, ularga nisbatan zo‘rlik ishlatilganligini, ularning mol-mulki yo‘q qilinganligi yoki shikast yetkazilganligini tasdiqlovchi yetarli asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq ularni himoya qilishi shartligi qayd etilgan.

Mazkur qonunning 1-moddasiga ko‘ra, ushbu qonunning maqsadi jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Bundan tashqari, mazkur qonun normalarida belgilangan xavfsizlik choralari jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandan so‘nggina jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilishi mumkin.

Shuningdek, qonunning 4-moddasi 3-qismiga ko‘ra, himoya qilish choralari jinoyat ishi qo‘zg‘atilguniga qadar arizachiga, jinoyat shohidiga yoki jinoyatning oldini olishga yoxud uni fosh etishga ko‘maklashuvchi shaxslarga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin.

Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 6-bobida jinoyat protsessida ishtirok etuvchi shaxslar sifatida guvohning huquqiy maqomi belgilangan.

Kodeksning 65-moddasiga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha aniqlanishi lozim bo‘lgan biror holatni bilishi mumkin bo‘lgan har qanday shaxs guvoh sifatida ko‘rsatuv berish uchun chaqirilishi mumkin. Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 298-moddasiga ko‘ra, maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha aniqlanishi kerak bo‘lgan biron-bir holatdan voqif bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday shaxs shu ish yuzasidan guvoh sifatida chaqirilishi mumkin.

Bundan tashqari, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxs, guvoh, jinoyat shohidi, jinoyatning oldini olishga yoxud uni fosh etishga ko‘maklashuvchi shaxslarning huquqiy maqomi tahlil etilganda, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 829-qarori bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 3-bandiga ko‘ra, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslar alohida tushuncha va maqomda belgilanganining guvohi bo‘lishimiz mumkin.

Rossiya Federatsiyasi Jinoyat-protsessual kodeksining 56-moddasida, guvoh – jinoyat ishini tergov qilish va hal qilish bilan bog‘liq har qanday holatlardan xabardor bo‘lishi mumkin bo‘lgan va guvohlik berishga chaqirilgan shaxs ekanligi9 , Moldova Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 90-moddasida guvoh – jinoiy taʼqib qilish organi yoki sud tomonidan chaqirilgan, shuningdek ushbu kodeksda nazarda tutilgan tartibda jinoyat ishiga oid dalillarni taqdim etuvchi shaxs sifatida belgilangan10.

Shuningdek, BMTning 2003-yil 31-oktabrdagi Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining 32-moddasida har bir ishtirokchi davlat jinoiy xatti-harakatlar munosabati bilan ko‘rsatmalar berayotgan guvohlar, ekspertlar, jinoyatni ochishda boshqacha tarzda ko‘maklashayotgan shaxslar va jabrlanuvchilarni himoya qilishi, 33-moddada jinoyat deb topilgan jinoiy xatti-harakatlar xususida xabar bergan shaxslarni himoya qilish choralarni o‘zining ichki huquqiy tizimiga kiritishi lozimligi belgilangan11.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Korrupsiyaga qarshi davlatlar guruhi (GRECO) xalqaro tashkilotining tavsiyalarida hamda Yevropa kengashining Korrupsiya uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi konvensiyasining 22-moddasida guvoh va xabar bergan shaxs ikki alohida toifa sifatida, Yevropa ittifoqining “Xabar beruvchilarning himoyasi to‘g‘risida”gi tavsiyalar va tushuntirishlar memorandumining 7-prinsipida har bir davlat milliy qonunchilik tizimida xabar bergan shaxsni (whistblower) alohida toifa sifatida ularning huquqiy himoyasining normativ-huquqiy asoslarini ishlab chiqishi lozimligi qayd etilgan12.

Xorij tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, Buyuk Britaniyada xabar bergan shaxslar alohida toifa sifatida qayd etilgan va jinoyat ishi qo‘zg‘atilguniga qadar ularning huquqiy himoyasini taʼminlashning mexanizmlari ishlab chiqilgan bo‘lib, bu jarayonlar 1998-yilda qabul qilingan “Xabar beruvchilar va jamoat manfaatlari uchun oshkor qilish to‘g‘risida”gi qonunda (PIDА) o‘z aksini topgan13. Shuningdek, xabar bergan shaxsning guvoh, jinoyat shohidi va jinoyatni ochishda ko‘maklashuvchi shaxsdan alohida toifa sifatida ajratilganligi Irlandiyaning “Xabar beruvchilarning himoyasi to‘g‘risida”gi (The Protected Disclosures Act 2014)14, Ruminiyaning “Xabar beruvchi shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi (Whistleblower Protection Act 2004) qonunlarida ham o‘z aksini topgan15.

Fikrimizcha, yuqoridagi tahlillarga asosan guvoh hamda korrupsiyaviy huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxs bir maqomga ega emas va ular farqlanishi lozim. Xususan, yuridik adabiyotlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, huquqshunos olimlar bu ikki toifaning huquqiy maqomi turlicha ekanligi haqida o‘zlarining fikrlarini bildirib o‘tishgan. Jumladan, V.Nexamkinning fikriga ko‘ra, guvoh, jinoyat shohidi hamda jinoyat haqida xabar bergan shaxsning o‘zaro farqi shundaki, xabar bergan shaxs qonunga bo‘ysunuvchi fuqaro sifatida jinoyatga oid xabar hamda maʼlumotlarni huquqni muhofaza qilish organlariga oshkor qiladi. Yagona farq ularning maqsadlarida namoyon bo‘ladi. Xabar bergan fuqaroning asosiy maqsadi yordam berish, jinoyatning oldini olishdir16.

Bizningcha, huquqshunos olim guvoh, jinoyat shohidi va xabar bergan shaxsning farqini ularning maqsadida ko‘rmoqda.

Yaʼni xabar bergan shaxs mustaqil harakat qilib, o‘zi xohlagan tarzda korrupsiyaviy huquqbuzarlik haqida xabar bersa, guvoh, jinoyat shohidi huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ularning ixtiyoriga qarshi o‘laroq ham jinoyat protsessiga jalb etilishi mumkin. Shuningdek, V.Katasonovning fikricha, xabar bergan shaxs birinchi navbatda fuqarolik burchi va vatanparvarlik tuyg‘usiga asoslanishi kerakligi haqidagi pozitsiyada ekanligi va xabar berishning erkinligi, guvoh va jinoyat shohidining zimmasida majburiyat borligi bilan farqlanadi17.

Fikrimizcha, yuqoridagi nazariy tahlillarga asoslangan holda guvoh, jinoyat shohidlari hamda xabar beruvchilarning huquqiy maqomi turlicha bo‘lib, mazkur farqni quyidagicha tahlil qilish mumkin.

Birinchidan, guvoh bevosita sodir etilgan jinoyat ishlari bo‘yicha har qanday maʼlumotga ega bo‘lgan, jinoyat ishi bo‘yicha aniqlanishi lozim bo‘lgan biror holatni bilishi mumkin bo‘lgan alohida maqomga ega shaxs. Korrupsiyaviy huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxs esa jamoat manfaatlariga zarar yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy jinoyat to‘g‘risidagi axborotni eshitgan hamda oshkor qilgan har qanday shaxsdir.

Ikkinchidan, guvoh hamda korrupsiyaviy huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxsning huquqiy maqomining chegarasi mavjud. Guvohning huquqiy maqomi chegarasi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan paytdan eʼtiboran, to sudning hukmi chiqquniga qadar davom etsa, korrupsiyaviy huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxsning huquqiy maqomi chegarasi sodir etilishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaga oid jinoyat haqidagi axborotni eshitgan, bilgan, xabar topgan va sodir etilayotgan jinoyat haqidagi maʼlumotni yuqori turuvchi rahbariga oshkor qilgan yoki huquqni muhofaza qiluvchi organga bergan paytidan boshlanadi va shu paytda tamomlanadi.

Uchinchidan, guvoh jinoyat protsessiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan paytdan eʼtiboran kirib keladi. Korrupsiyaviy huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxs jinoyat protsessida bevosita ishtirok etuvchi shaxs sifatida tan olinmaydi.

Mazkur maqolada qayd etilgan tahlil va tadqiqot natijalariga ko‘ra amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan quyidagi takliflar ilgari suriladi:

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasining “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 4-moddasi 3-qismi quyidagi tahrirda bayon qilinishi lozim: “Ushbu qonunning maqsadi jabrlanuvchilarni, guvohlarni, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat”.

Ikkinchidan, mazkur qonunning 1-moddasi ikkinchi qismiga “Ushbu qonunning asosiy vazifalari jabrlanuvchilarning, guvohlarning, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarning va jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilarining (bundan buyon matnda himoya qilinuvchi shaxslar deb yuritiladi) hayoti, sog‘lig‘i hamda mol-mulkiga tajovuz tahdidi mavjud bo‘lganda qo‘llanadigan, jinoyatlarning oldini olishga yoki ularni fosh etishga ko‘maklashadigan, xavfsizlik va ijtimoiy himoya qilish choralarini o‘z ichiga oladigan chora-tadbirlar tizimini belgilashdan, shuningdek, ularni qo‘llashning asoslari hamda tartibini aniqlashdan iboratdir” degan mazmunda qo‘shimcha kiritish lozim.

Uchinchidan, qonunning 4-moddasi 3-qismiga “Himoya qilish choralari jinoyat ishi qo‘zg‘atilguniga qadar korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxsga, arizachiga, jinoyat shohidiga yoki jinoyatning oldini olishga yoxud uni fosh etishga ko‘maklashuvchi shaxslarga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin” degan qo‘shimcha kiritish maqsadga muvofiq.

Shaxzod MAJIDOV,
Huquqni muhofaza qilish
akademiyasi tayanch doktorant

 

1 Ўзбекистон Республикаси Президентининг “Ўзбекистон – 2030” стратегияси тўғрисида”ги фармони. ПФ-158-сон. 11.09.2023. Қонунчилик маълумотлари миллий базаси. https://lex.uz/docs/97664.

2 Халқ сўзи газетаси 2021 йил 7 ноябрь № 238 (8018).

3 Ўзбекистон Республикаси Президентининг “2022–2026 йилларга мўлжалланган Янги Ўзбекистоннинг тараққиёт стратегияси тўғрисида”ги фармони. ПФ-60-сон. 28.01.2022. Қонунчилик маълумотлари миллий базаси. https://lex.uz/docs/5841063.

4 Reports without borders. Get informed. Index Uzbekistan in 2023. https://rsf.org/en/country/uzbekistan.

5 Reports without borders. Get informed. Index Uzbekistan in 2023. https://rsf.org/en/country/uzbekistan.

6 Fighting Corruption in Eastern Europe and Central Asia. Anti-corruption reforms in Uzbekistan. Istanbul anti-corruption action plan fourth round of
Monitoring. OECD 2019.

7 Бирлашган Миллатлар Ташкилотининг Коррупцияга қарши конвенцияси. Нью-Йорк, 31.10.2003. Ўзбекистон Республикаси халқаро шартномалари тўплами, 2008 й., 3-4-сон. https://lex.uz/docs/1461329

8 Recommendation CM/Rec (2014) 7 adopted by the Committee of Ministers of the Council of Europe on 30 April 2014 and explanatory memorandum. Protection of Whistblowers. Council of Europe, October 2014 Printed at the Council of Europe.

9 Уголовно-процессуальный кодекс Российской Федерации. Принят Государственной Думой 22 ноября 2001 года. (Одобрен Советом Федерации 5 декабря 2001 года).

10 Уголовно-процессуальный кодекс Республики Молдова. от 14 марта 2003 года №122-XV. (В редакции Законов Республики Молдова от 21.07.2005 г).

11 Бирлашган Миллатлар Ташкилотининг Коррупцияга қарши конвенцияси. Нью-Йорк, 31.10.2003. Ўзбекистон Республикаси халқаро шартномалари тўплами, 2008 й., 3-4-сон. https://lex.uz/docs/1461329

12 Criminal Law Convention on Corruption. Counsel of Europe. Strasbourg, 27.01.1999. European Treaty Series – No. 173. Page-6.

13 Whistleblowing and the Public Interest Disclosure Act 1998. (c.23) (accessible version) – GOV.UK.

14 Protected Disclosures Act 2014. [No. 14] SCH.4.

15 (Whistleblower Protection Act 2004). Law 571/2004, Published in the Official Gazette on 14 December 14, 2004.

16 Гранина Н. Стук-стук. Что заставляет россиян доносить друг на друга. https://lenta.ru/articles/2016/04/18/donos.

17 Катасонов В.Ю.. Финансовый кризис и доносительство. http://zanauku.ru/index.php?option=com_content&task=view&id=6273&itemid=39k.

 

 

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa

2024-yil noyabr soni