Bugungi kunda dunyoda korrupsiya tufayli yetkazilayotgan zarar ko‘lami yildan yilga oshib bormoqda. Jumladan, AQSHda o‘tkazilgan tadqiqotlarda korrupsiyaning zarari pulga chaqilib mamlakatda ishlab chiqarishni kengaytirishga sarflanganida 12 mln inson qo‘shimcha ish o‘rni bilan taʼminlanishi, shuningdek, ishchilarning o‘rtacha daromadi 10 foizga oshishi mumkinligi aniqlangan1. Shuning o‘ziyoq korrupsiyaning naqadar xavfli ekanini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan mazkur jinoyat yildan yilga ko‘paymoqda. Jumladan, O‘zbekiston Bosh prokuraturasining maʼlumotiga ko‘ra, 2023-yilda korrupsiya bo‘yicha 3412 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 15,1 foiz ko‘p. Jinoyat ishlari bo‘yicha 3575 nafar mansabdor jinoiy javobgarlikka tortilgan, bu 2022-yilga nisbatan 14,7 foiz ko‘p. Korrupsiya natijasida davlat va jamiyat manfaatiga 1 trln 546 mlrd so‘m (2022-yilda 1 trln 120 mlrd so‘m) zarar yetkazilgan2.
Ushbu jinoyatga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, shu jumladan, korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarning imkoniyatidan kengroq foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, AQSH Federal qidiruv byurosining qayd etishicha, korrupsiyaning 34,2 foizi korxona va tashkilotlarning ishchilari, 25,4 foizi guvoh va jabrlanuvchilar, 9,2 foizi muassasa rahbarlarining xabarlari, 19,2 foizi tergovga qadar tekshiruvda, 12 foizi nazorat qiluvchi organlarning xabarlariga asosan fosh etilgan3.
Korrupsiyani fosh etishda xabarchilarni himoya qilish, shuningdek, ularning faolligini oshirish hamda ushbu sohaga qo‘shayotgan hissasi uchun munosib taqdirlash maqsadida ularni rag‘batlantirishni takomillashtirish kerak.
O‘zbekistonning “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunida xabarchilarni rag‘batlantirishning huquqiy asoslari belgilangan. Xususan, ushbu qonunning 28-moddasiga ko‘ra xabarchilar Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda rag‘batlantiriladi4. Hukumatning 2020-yil 31-dekabrdagi 829-qarori bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra rag‘batlantirish bir martalik pul mukofoti, tashakkurnoma yoki esdalik sovg‘a shaklida bo‘ladi5. Shuningdek, xabarchilarni rag‘batlantirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston davlat budjeti hisobidan qilinadi. Biroq amaliyotda har yili davlat byudjeti parametrlarida xabarchilarni rag‘batlantirishga atalgan pul alohida ko‘rsatilmayotgani, shuningdek, rag‘batlantirishning boshqa manbalari belgilanmagani sababli xabarchilarga pul to‘lashda ayrim muammolar yuzaga kelmoqda. Bu esa xabarchilarning shashtini qaytarayapti.
Bu borada qo‘shnilarimizda ahvol qanday? Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining 270-buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashda boshqa yo‘l bilan yordam bergan shaxslarni rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaning 6-bandiga ko‘ra rag‘batlantirish bilan bog‘liq xarajatlar respublika budjetidan alohida tartibda ajratiladi6. Shunga ko‘ra har yili davlat budjeti parametrlarida rag‘batlantirish uchun ajratiladigan pul alohida belgilab qo‘yiladi. Masalan, 2017–2019-yillarda Qozog‘istonda davlat budjetidan korrupsiya haqida
xabar bergani uchun 708 kishi 99 mln tenge (2,4 mlrd so‘m) pul bilan rag‘batlantirilgan7.
Fikrimizcha, xabarchilarni rag‘batlantirish manbalarini qayta ko‘rib chiqish lozim. Jumladan,
xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirishning manbai sifatida quyidagilarni belgilash kerak:
O‘zbekiston davlat budjeti mablag‘i;
himoya qiluvchi davlat organlariga shu maqsad uchun maxsus ajratiladigan mablag‘;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriyalari (pullari);
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
O‘zbekistonning “Homiylik to‘g‘risida”gi qonunining 4-moddasida homiylik ushbu moddada ko‘rsatilganidan boshqa maqsadlarda ham amalga oshirilishi mumkinligi belgilangan. Shuningdek, mazkur moddaga ko‘ra saylovoldi tashviqoti va referendumga qo‘yilgan masalalar bo‘yicha tashviqot maqsadida homiylik qilish va qonunga zid bo‘lgan har qanday faoliyatni homiylik vositasida qo‘llab-quvvatlash taqiqlangan8. Xabarchilarni rag‘batlantirishning manbasi sifatida jismoniy va yuridik shaxslarning xayriyalarini berishni cheklovchi yoki rad qiluvchi birorta norma mavjud emas. Shunga ko‘ra xabarchilarni rag‘batlantirish manbasi sifatida jismoniy va yuridik shaxslarning xayriyalarini kiritish lozim. Jumladan, xabarchilarni rag‘batlantirish maqsadida himoya qiluvchi davlat organlariga shu maqsad uchun maxsus ajratiladigan mablag‘, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning xayriyalarini qabul qiluvchi maxsus jamg‘arma tuzish maqsadga muvofiq.
O‘zbekiston hukumatining 2020-yil 31-dekabrdagi 829-qarori bilan tasdiqlangan nizomning 5-bandida rag‘batlantirishda xabarchining xohishi hisobga olinishi belgilangan9. Biroq ushbu nizomda xabarchi rag‘batlantirishdan voz kechishga haqli ekanligi haqida birorta norma mavjud emas. Bu esa xabarchining xohishini hisobga olish prinsipiga ziddir.
Bizningcha, ushbu tamoyildan kelib chiqib, nizomga xabarchi o‘z xohishiga ko‘ra o‘zining yozma roziligi asosida rag‘batlantirishdan voz kechishga haqli ekanligi haqidagi normani kiritish lozim.
Shahzod MAJIDOV,
Huquqni muhofaza qilish
akademiyasi tayanch doktoranti
1 Crime.vl.ru. Коррупция в России и мире.
2 https://prokuratura.uz/#/korrupsiyagaqarshi.
3 Qobilov Sh. Ichki ishlar organlarida korrupsiyaning oldini olish va xodimlarda korrupsiyaga qarshi xulq-atvorni shakllantirish: darslik /masʼul muharrir Q.Abdurasulova. – T.: Oʻzbeksiton IIV akademiyasi, 2021, 73-b.
4 https://lex.uz/docs/5193571.
5 Vazirlar Mahkamasining «Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 829-qarori. 31.12.2020.
6 http://zan.gov.kz/client/#!/doc/185645/rus.
7 https://hsti.uz/?p=26505.