Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashda xorijiy tajriba

0
153

Iqtisodiy o‘sish sur’atlari, yalpi milliy mahsulot sifati, uning tarkibi kichik biznes subyektlari tomonidan belgilanadi. Eng rivojlangan mamlakatlarda kichik biznes yalpi ichki mahsulotning 60-70 foizini tashkil qiladi, shuning uchun ham kichik biznes faoliyati rag‘batlantiriladi va turli davlat dasturlari bilan qo‘llab-quvvatlanadi.

Kichik va o‘rta biznesning global alyansi (The Global Alliance of SMEs) tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlardagi kichik biznes yalpi mahsulotning taxminan 39 foizini ishlab chiqaradi, shuningdek, mehnatga layoqatli aholining yarmini ish bilan ta’minlaydi, bu esa yirik kompaniyalarga qaraganda ikki baravar ko‘p innovatsiyalarni ishga tushirish imkonini beradi. Aynan kichik biznes subyektlari rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar sanoatida innovatsion jarayonlarning generatori hisoblanib, iste’mol shaklining o‘zgarishiga dinamik ta’sir ko‘rsatishga qodir sanaladi.

Yana bir muhim jihat kichik biznes subyektlari mahsulot eksportida muhim ishtirokchi ekanligidir. Mutaxassislar qator rivojlangan mamlakatlarning sanoat eksportida kichik va o‘rta korxonalar ulushini aniqladi. Shunday qilib, Germaniya va Niderlandiyada bu ulush taxminan 40 foiz, Italiyada – taxminan 20-25 foiz, AQSh va Yaponiyada – 15 foiz.

Ko‘pgina mamlakatlarda kichik va o‘rta korxonalar ko‘pincha ichki bozor ehtiyojlarini qondirish uchun, yiriklari esa tashqi bozor uchun ishlaydi. Tashqi iqtisodiy aloqalarda kichik va o‘rta biznes (KO‘B) muhim o‘rin tutadi. Xususan, Xitoy eksportida kichik va o‘rta korxonalar ulushi 50 foizdan ortiq, Koreya Respublikasida 40 foiz, Rossiyada esa 6 foizdan oshmaydi. Rossiyada kichik va o‘rta korxonalar mamlakat yalpi ichki mahsulotining taxminan 20 foizini tashkil qiladi, bu esa mehnatga layoqatli aholining 25 foizini ish bilan ta’minlaydi. Taqqoslash uchun, Xitoy yalpi ichki mahsulotidagi kichik va o‘rta biznesning ulushi 60 foizni, Germaniyada – 55 foiz, Yaponiya va AQShda – 50 foizdan, rivojlanayotgan mamlakatlar guruhida – 33 foizni tashkil etadi. Tarkibiy jihatdan Rossiya kichik va o‘rta korxonalarining 40 foizdan ortig‘i savdoda to‘plangan1.

Ma’lumki, har qanday soha davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga muhtoj. Xorijiy tajribaga
nazar solsak, Xitoyda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha asosiy davlat organi Biznesni muvofiqlashtirish va hamkorlik markazi bo‘lib, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohasida milliy va xorijiy tashkilotlar o‘rtasida texnologik hamkorlik uchun zarur infratuzilmani yaratishni taʼminlaydi.

Ushbu tashkilotning vazifalariga quyidagilar kiradi:

  • kichik biznes sohasidagi muammolarni o‘rganish va siyosatni ishlab chiqish;
  • biznesni rivojlantirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishning kompleks tizimini yaratish;
  • savdo ko‘rgazmalari, yarmarkalar, ishbilarmonlik muzokaralarini tashkil etishga ko‘maklashish, o‘qitish va konsalting xizmatini ko‘rsatish.

Mazkur institut bilan bir qatorda Kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish davlat jamg‘armasi ham kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etadi. Uning asosiy vazifasi qonuniy daromadlarni har qanday shaxs va tashkilotlarning tajovuzlaridan himoya qilish, kichik va o‘rta biznes subyektlari huquqlarini barcha sohalarda (imtiyozli kreditlar, soliqlar va b.) himoya qilishdan iborat. Ko‘pgina mamlakatlar qatori Xitoy KO‘B rivojlanishini rag‘batlantirish uchun davlat fondlari yaratilgan va takomillashtirmoqda. Ushbu fondlarning asosiy vazifasi KO‘B subyektlariga ishlab chiqarishni kengaytirish uchun bank kreditlari olishga ko‘maklashishdir. Davlat idoralari bilan bir qatorda Xitoy provinsiyalari ma’muriyatlari ham o‘z budjetlari hisobidan KO‘B eksportini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Kichik biznes rivojlanishida davlatning roli Rivojlangan mamlakatlarda kichik biznesga yordam ko‘rsatishda davlatning roli haqidagi materiallarga ko‘ra kichik biznesni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi modellarini ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiq: Amerika modeli asosan kichik biznesni budjetdan (davlat va munitsipal) kreditlash va kredit uyushmalarini qo‘llab-quvvatlash orqali iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan. Yevropa modeli bandlikni ta’minlash va daromadlarni teng taqsimlashga qaratilgan. Shu bilan birga, sanoat-texnologik markazlar, biznes-inkubatorlar va boshqalarni
yaratishga sezilarli kapital sarflanadi.

Yaponiya modeli davlat kredit tashkilotlari orqali kichik biznes subyektlariga beriladigan kreditlarni past foiz stavkalari darajasida malakali boshqarishni joriy etishga qaratilgan. Biz ushbu uchta modelni batafsil ko‘rib chiqamiz.

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar o‘rtasida ba’zi farqlar mavjud: Gretsiya, Finlandiya, Shvetsiya, Italiya, Portugaliya va Ispaniyada korxonalar Yevropa Ittifoqidagi boshqa davlatlardan ancha kichik (6 ishchi). Boshqa mamlakatlarda o‘rtacha korxonalar yirikroq bo‘lib, ularda 7 nafardan (Belgiya va Fransiya) 15 nafar xodimgacha (Avstriya) ishlaydi2.

Shuni yodda tutish kerakki, har qanday mamlakatda kichik biznes sohasi ko‘p bo‘lishiga qaramay, juda dinamik, ommaviy bankrotlik tufayli doimiy o‘zgarib turadi. Shunday qilib, yangi tashkil etilgan kichik korxonalarning qariyb 50 foizi bir yil ichida, 3 yildan keyin – 7-8 foizi, 5 yildan keyin – 3 foizdan ko‘p bo‘lmagan holda o‘z o‘rnini saqlab qoladi. Shunga qaramay, rivojlangan mamlakatlarda kichik korxonalarning umumiy soni, qoida tariqasida, aynan davlat boshqaruvi san’ati tufayli o‘sib boradi yoki o‘zgarishsiz qolmoqda.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida kichik tadbirkorlikni rivojlantirish odatda bir nechta vazirlik
o‘rtasida yoki vazirliklar ichidagi maxsus tarmoqlar o‘rtasida taqsimlanadi. Shunday qilib, Germaniya va Niderlandiyada kichik biznes bo‘limlari Iqtisodiyot vazirligi tarkibida joylashgan bo‘lsa, Fransiyada Sanoat vazirligida tegishli bo‘lim, Buyuk Britaniyada esa maxsus Kichik biznes vazirligi mavjud.

Muayyan o‘ziga xosliklarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining aksariyat mamlakatlarida o‘zaro o‘xshash xususiy yordam institutlari mavjud:

  • savdo-sanoat palatalari – trening va ta’lim, texnologik konsalting, eksportni qo‘llab-quvvatlash, sertifikatlashtirish, korxonalar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish sohalarida faoliyat yuritadi;
  • moliya institutlari (banklar, venchur kapital jamiyatlari, qurilish jamiyatlari) – kichik biznesga kapital va moliyalashtirishni ta’minlaydi;
  • xususiy konsalting va yuridik firmalar – menejment va boshqaruvda konsalting, texnologik, marketing konsalting va b. xizmatlarni ko‘rsatadi.

Yevropa Ittifoqi davlatlarining kichik biznesga nisbatan siyosatining o‘ziga xos xususiyati mintaqalarning rolini oshirishdir.

Mintaqalar ikkita davlat guruhiga bo‘linadi:

  • Siyosatni ishlab chiqish asosan hukumat darajasida amalga oshiriladigan mamlakatlar – Daniya, Gretsiya, Irlandiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Portugaliya va Buyuk Britaniya. Bu mamlakatlarda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha strategiya va chora-tadbirlarni ishlab chiqishda faqatgina hukumat qonun chiqaruvchi hokimiyatga ega.
  • Mintaqalar kichik biznesga nisbatan mustaqil siyosat ishlab chiqish vakolatiga ega bo‘lgan mamlakatlar. Belgiya, Fransiya, Germaniya, Italiya va Ispaniyada ham markaziy, ham mintaqaviy hokimiyat organlari tadbirkorlar faoliyati uchun huquqiy shart-sharoitlarni ishlab chiqishi mumkin.

Biroq, tafsilotlardagi farqlarga qaramay, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash siyosatini ishlab chiqishda umumiy yondashuv bor:

1. Ma’muriy va tartibga soluvchi ishbilarmonlik muhiti – soliq tizimini soddalashtirish, statistik va soliq hisobotlarini qisqartirish, litsenziya olish tartibini soddalashtirish va h.

Natijada Fransiyada moliyaviy deklaratsiyalar soddalashtirildi va ularning soni qisqardi. Buyuk Britaniyada kichik biznes subyektlarining yillik auditini o‘tkazish talabi bekor qilindi.

2. Moliyaviy shart-sharoitlar – asosan davlat tomonidan uskunalarni modernizatsiya qilish yoki xodimlar sonini ko‘paytirish bilan ishlab chiqarishni kengaytirish uchun foydalaniladigan kredit kafolatlarini berish imtiyozi qo‘llaniladi.

3. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus zaxiralarni shakllantirish, shuningdek, fiskal imtiyozlar va subsidiyalardan foydalanish. Buyuk Britaniya va Niderlandiya kabi mamlakatlar kredit kafolatlarini taqdim etishga e’tibor qaratadi. Fiskal imtiyozlar va subsidiyalar amaliyoti, qoida tariqasida, hududlarni jonlantirish uchun ishlatiladi. Shunday qilib, Buyuk Britaniyada “Shaharlar uchun harakat” dasturi qabul qilingan bo‘lib, u eski sanoat markazlarini qayta tiklashga yordam berish va ijtimoiy iqlimni
yaxshilashga qaratilgan.

4. Eksportni rivojlantirish – imtiyozli shartlarda eksport kafolatlarini ta’minlash, axborot manbalarini markazlashtirish orqali axborotdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash; konsalting xizmatlarini ko‘rsatish, muayyan mahsulotga bo‘lgan talabni o‘rganish, raqobatchilarni aniqlash va boshqa marketing tadqiqotlari natijalari haqida ma’lumot berish.

5. Raqobatbardoshlikni oshirish – ilmiy-texnik tadqiqotlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, kadrlar malakasini oshirish. Niderlandiya va Irlandiyada soliq imtiyozlari, Portugaliyada esa yangi mahsulot yoki texnologiyalarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun subsidiyalar joriy qilingan.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida kichik biznes AQShda kichik biznes toifasiga 500 nafardan kam odam ishlaydigan xo‘jalik yurituvchi subyektlar kiradi. Kichik korxonalar ishchilar soni 20 kishigacha, 20 dan 100 gacha va 100 dan 499 kishigacha bo‘lgan firmalarga bo‘linadi. Bundan tashqari, kichik korxonalar qatorida yollanma mehnatdan foydalanadiganlar va kompaniya egasi yollanma ishchilarni jalb qilmasdan ishlaydigan korxonalar mavjud.

Bugungi kunda AQShda 500 dan kam xodimga ega 7 millionga yaqin korxona mavjud bo‘lib, ulardan 6 million korxonada 20 dan kam odam ishlaydi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan 18,3 mln yakka tartibdagi korxona mavjud. Mamlakatda har yili 600 mingga yaqin kichik biznes subyekti ro‘yxatga olinadi va 500 mingga yaqini tugatiladi. Ammo bu kichik biznes subyektlarining talab dinamikasiga o‘ta sezgir va moslashuvchanligini ko‘rsatadi.

Amerika kichik biznesi iqtisodiyotning barcha jabhalarida: savdoda, ishlab chiqarish sektorida, moliya sektorida, konsaltingda, innovatsiyalar sohasida va ijtimoiy xizmatlar sohasida namoyon bo‘ladi. Kichik biznesning ilmiy-tadqiqot va yangi mahsulotlarni ishlab chiqishga qo‘shgan hissasi katta: AQShdagi kashfiyotlar va ixtirolarning asosiy qismi kichik va o‘rta ixtisoslashgan firmalar hissasiga to‘g’ri keladi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, joriy ma’muriyat davrida aholining eng yuqori daromad guruhi
uchun soliq imtiyozlari qo‘llash orqali biznesga 80 foiz soliq imtiyozi qo‘llangan. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, yuqori daromad guruhidagi soliq to‘lovchilarning 2/3 qismini kichik biznes vakillari tashkil etadi.

Zamonaviy kichik biznes qonunchiligining asosini 1953-yilda qabul qilingan “Kichik biznes to‘g’risida”gi qonun tashkil etadi. Qonunga ko‘ra kichik biznes bo‘yicha ma’muriyat tadbirkorlik subyektlariga kreditlar ajratish, kichik tadbirkorlarga tovarlar va xizmatlarni yetkazib berish uchun federal shartnomalar bo‘yicha bosh pudratchi sifatida ishlash va ularga texnik va boshqaruv yordamini ko‘rsatish huquqiga ega.

Qonunda belgilangan qoidalarning amalga oshirilishi bir qator maxsus dasturlar orqali ta’minlanadi. Ma’muriyatning Moliya va investitsiya faoliyati bo‘limi kichik biznes tuzilmalarini bevosita, xususiy bank tuzilmalari bilan qo‘shma kreditlar bilan ta’minlaydi, shuningdek, xususiy bank tuzilmalaridan kichik biznes subyektlariga kreditlar bo‘yicha kafolatlar beradi, bu orqali ishlab chiqarishni qayta jihozlash, kengaytirish, asbob-uskunalar, xomashyo va materiallarni sotib olish, ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashda ma’lumotlar bazasi va normativ huquqiy bazaning yaratilishi muhim sanaladi. Yaponiya bu borada o‘z tajribasi bilan yorqin misol bo‘la oladi. Tadqiqotlar Yaponiyada kichik biznes faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha asosiy dasturlarning ko‘p qirraliligi, murakkabligi, izchilligi va samaradorligini ko‘rsatdi.

Masalan, Yaponiyada biznesni rivojlantirish uchun moliyaviy yordam kredit dasturlari, kreditlarni kafolatlash dasturlari va investitsiya dasturlarini (aksiyalarni moliyalashtirish) qamrab oladi. Yuqoridagilardan tashqari, kichik va o‘rta korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshqaruv va tashkiliy dasturlar muhim o‘rin tutadi. Yaponiyada xususiy biznesni boshqarishga yordam berishning asosiy dasturlari tadbirkorlik madaniyatini rivojlantirish, tashkilotlarda menejmentni takomillashtirish, treninglar va seminarlar o‘tkazish, axborot xizmatlari va innovatsiyalarni joriy etish, korxonada bankrotlikni bashorat qilish va mazkur holatda moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.

Rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, kichik biznesni rivojlantirish iqtisodiyotni isloh qilishning samarali usullaridan biridir. Ular resurslarni, shu jumladan ishchi kuchini jalb qilishning eng katta mexanizmidir. Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash mamlakatga ko‘plab muammolarni, jumladan, ijtimoiy masalalarni hal qilishga yordam beradi: yangi ish o‘rinlari yaratish, aholining moliyaviy barqarorlik darajasini oshirish, iqtisodiy sohada: xorijiy investitsiyalar uchun jozibadorlik, xususiy kapital aylanmasini tezlashtirish, raqobat muhitini rivojlantirish omilidir. G’arb mamlakatlarida kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni tartibga soluvchi va qo‘llab-quvvatlovchi ko‘plab tashkilotlar mavjud.

Hukumat tomonidan rivojlanish uchun javobgarlik bir qancha vazirliklar yoki ularning idoralari zimmasiga yuklanadi. Odatda, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash siyosati ikki yoki uchta vazirlik tomonidan amalga oshiriladi3.

Demak, taklif etilayotgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi kichik biznes subyektlarining ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini saqlash va mustahkamlashga katta yordam beradi. Bu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga va aholining hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashda soliq tizimi Kichik biznes subyektlari uchun soddalashtirilgan soliqqa tortish tizimi doimiy tanqid qilinib, hattoki uni butunlay bekor qilish takliflari ham uchraydi. Biroq kichik va o‘rta biznesga imtiyozlar berish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida xorijiy davlatlarning tajribasiga e’tibor qaratish lozim. Bu amaliyot ko‘plab mamlakatlarda, jumladan, soliq tizimini juda qattiq deb ta’riflash mumkin bo‘lgan mamlakatlarda mavjud. Misol tariqasida dunyoning bir qancha davlatlari tajribasini keltiramiz.

AQSh. Soliq majburiyatlari hisobini yuritish va hisoblashning yagona tizimi bilan AQSh soliq
qonunchiligi kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun bir qator imtiyozlarga ega. Xususan, daromad solig‘i stavkalarining progressiv shkalasi bo‘yicha – 50 ming dollargacha bo‘lgan foyda uchun 15 foizdan, 10 million dollardan ortiq foyda uchun 35 foizgacha soliqni nazarda tutadi. Qizig’i shundaki, AQShda kichik biznes uchun ba’zi imtiyozlar (masalan, kichik biznesning aksiyalarini sotishdan olingan daromadga soliq imtiyozlari) faoliyat turlari bo‘yicha cheklangan. Jami aktivlari 50 million dollargacha bo‘lgan korxona aksiyalarini sotish orqali ushbu imtiyozdan foydalanish mumkin. Biroq uning bir sharti bor: u bank, sug‘urta yoki boshqa moliyaviy faoliyat, loyihakonstruktorlik ishlari, yuridik xizmatlar, buxgalteriya hisobi va ushbu masala bo‘yicha konsalting, neft va gaz qazib olish, mehmonxona va restoran biznesi bilan shug‘ullanmasligi lozim.

Xuddi shunday, buxgalteriya hisobining kassa usulidan:

• qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar (yoki yalpi daromadi 1 million dollargacha bo‘lgan yuridik shaxslar);
• har qanday iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar, agar tovarlarni sotib olish va sotish ularning asosiy daromad manbayi bo‘lmasa;
• har qanday iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar (tovarlarni sotib olish va sotish asosiy daromad manbayi hisoblanmasligi kerak), agar ularning yillik yalpi daromadi 5 million dollardan oshmasa, foydalanish mumkin4.

Qo‘shma Shtatlarda fuqarolikka bevosita bog‘liq bo‘lgan imtiyoz ham mavjud. Agar korporatsiya 75 nafardan ortiq bo‘lmagan ulushdorga ega bo‘lsa hamda ularning barchasi AQSh fuqarolari yoki rezidentlari bo‘lsa, ular qonuniy ravishda ikki tomonlama soliqqa tortilishdan (daromad solig‘i va dividend solig‘i) saqlanishi mumkin.

Niderlandiya. Niderlandiyada, xuddi Buyuk Britaniyada bo‘lgani kabi, kichik korxonalar boshqalar kabi hisob-kitob ishlarini yuritadi. Biroq, stavkalarning progressiv shkalasi nafaqat daromad solig‘iga, balki foyda solig‘iga ham tegishli. 50 ming yevrogacha bo‘lgan soliqqa tortiladigan foyda 30 foiz stavkada, undan yuqorisi – 35 foiz stavkada soliqqa tortiladi. Ushbu mamlakatlarda kichik biznes subyektlari soliqqa tortiladigan daromadni investitsiyalar uchun sarflangan mablag‘larning bir qismini (taxminan 27 foiz) qoplashi mumkin.

Ushbu imtiyoz faqat yillik investitsiya summasi 3,9–566 ming evro bo‘lsa va har bir alohida aktiv birligi kamida 1 ming evroni tashkil qilgan taqdirda qo‘llaniladi. Buyuk Britaniyadan farqli o‘laroq, Niderlandiyada imtiyoz qo‘llanadigan korxonalar soni cheklanmagan. Biroq asosiy foyda oluvchilar kichik va o‘rta biznes vakillari hisoblanadi. Bundan tashqari, mamlakat yangi ochilgan kompaniyalar uchun bir qator imtiyozlar beradi. Masalan, qarz olish bilan bog‘liq xarajatlar uchun daromad solig‘i va foyda solig‘i stavkalari kamayadi. Agar korxona yil davomida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga 625 soat ish vaqti sarflasa, qonun hujjatlarida soliqqa tortiladigan foydani kamaytirish ham nazarda tutilgan.

Shveysariya. Bu mamlakatda betaraflik tamoyili asosida qurilgan dunyodagi eng qat‘iy soliq tizimi mavjud. Barcha korxonalar tashkiliy-huquqiy shakli, iqtisodiy faoliyat turi, joylashgan joyi va boshqalardan qat‘i nazar, bir xil soliq solinadigan baza, bir xil soliq stavkalari va ro‘yxatga olish, buxgalterlik hisoboti yuritish va to‘lovlarni amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlar qo‘llaniladi. Binobarin, biznes turi o‘xshash bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkor uchun ham, korporatsiya uchun ham soliq yuki bir xil bo‘ladi.

Biroq soliqlarni to‘lash bilan bog‘liq tartiblarni soddalashtirish uchun istisnolar mavjud. Xususan, yakka tartibdagi tadbirkorlar, kichik savdogarlar va aylanmasi 720 ming frankgacha bo‘lgan aksariyat korxonalar buxgalteriya hisobining kassa usulidan foydalanishlari mumkin. Bundan tashqari, o‘zini band qilganlar va kichik savdogarlar o‘z bizneslarini ro‘yxatdan o‘tkazishlari shart emas.

Buning uchun soliq idorasiga xabar berish kifoya. Yillik aylanmasi 1 million frankdan oshmaydigan kompaniya yilda bir marta soliq deklaratsiyasini topshirishi mumkin. Yillik aylanma bu ko‘rsatkichdan oshsa soliq deklaratsiyasini har oyda topshirish lozim. Tovar aylanmasi 40 million frankgacha bo‘lgan kompaniyalar QQSni hisobot davri tugaganidan keyin 42 kun ichida to‘lashlari shart, kattaroq aylanmaga ega biznes vakillari esa qonun bo‘yicha 26 kun ichida to‘lashlari kerak. Nihoyat, qonun o‘zini o‘zi band qilgan tadbirkorga faoliyatining dastlabki besh yilidagi yo‘qotishlari o‘rnini qoplashga va shu bilan kelajakdagi daromadlarini oshirishga imkon beradi.

Buyuk Britaniya. Buyuk Britaniya qonunlari soliq qoidalarini qo‘llash orqali kichik biznesni
rivojlantirishni rag‘batlantirishning barcha mexanizmlarini nazarda tutadi. Bundan tashqari, bu qonunlar (umuman Britaniya huquq tizimiga xos) ancha moslashuvchan.

Birinchidan, qonunchilikda quyidagi shartlardan kamida ikkitasiga javob beradigan kichik korxonalar uchun binolar va inshootlarning tezlashtirilgan amortizatsiyasi (25 foiz) nazarda tutilgan:
• yillik daromad 11,2 million funt sterlingdan oshmasligi kerak;
• aktivlar qiymati 5,6 million funt sterlingdan oshmasligi kerak;
• korxonalar xodimlari soni 250 kishidan oshmasligi kerak.

Ikkinchidan, mamlakatda vaqti-vaqti bilan vaqtinchalik soliq imtiyozlari joriy etilmoqda, bu esa davlatga zarur bo‘lgan biznes yo‘nalishini rivojlantirishni rag‘batlantirish imkonini beradi.

Masalan, 2003-yilning martigacha Buyuk Britaniyada kichik biznes subyektlari uchun yuqori texnologiyali mahsulotlarni xarid qilish uchun imtiyoz mavjud edi – sotib olingan kompyuterlar, zamonaviy aloqa uskunalari va boshqalar narxining 100 foizini soliqqa tortiladigan foydani kamaytirish uchun hisobotga kiritish mumkin edi.

Kichik biznesni rivojlantirishda sharqona model Ma’lumki, Yaponiya aholisi 127 million kishi,
umumiy hududning atigi 13 foizini tekislik, qolgan qismini tog‘lar tashkil etishiga qaramay mamlakat iqtisodiyoti juda rivojlangan.

Yaponiya xususiy tadbirkorlik mamlakati hisoblanadi. Davlat sanoatda faqat zarbxonaga egalik qiladi. Hozirgi vaqtda Yaponiyada kichik korxonalar soni umumiy korxonalar sonining 99 foizini tashkil qiladi. Hozirgi kunda Yaponiyada 6,5 million kichik korxona bor. Ularda 54 million kishi, ya’ni, barcha ishchi kuchining 80 foizi ishlaydi. Ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi qariyb 55 foiz (taxminan 3 trillion dollar), kapital qo‘yilmalardagi ulushi 40 foizga yaqin, barcha yapon mahsulotlari eksportidagi ulushi esa bugungi kunda 15 foiz5.

Butun dunyoda Yaponiyaning iqtisodiy, ilmiy va texnikaviy yutuqlari birinchi navbatda bir necha o‘nlab yirik kompaniyalar nomi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, kichik va o‘rta biznes Yaponiyaning gullab-yashnashiga juda katta hissa qo‘shib, YIMning 53 foizidan ortig‘ini tashkil etadi.

1946-yildan boshlab Yaponiyada kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 40 dan ortiq qonun qabul qilindi va 1963-yilda “Kichik va o‘rta korxonalar to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi bilan bu sohadagi asosiy yo‘nalishlar va siyosiy vositalar belgilandi. Yaponiya iqtisodiy rivojlanishining asosiy vazifasi kichik va o‘rta biznesda innovatsion yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rag‘batlantirishdan iborat. U yerda kichik korxonalarning maqomi va ularga imtiyozlar qonuniy ravishda belgilab qo‘yilgan.

Yaponiyada kichik biznesni rag‘batlantirish hukumatdan tortib tadbirkorlarning jamoat birlashmalarigacha bo‘lgan barcha darajalarda amalga oshiriladi. Markaziy hokimiyat organlari va mahalliy hukumat firmalarga barcha bosqichlarda: ro‘yxatdan o‘tishdan boshlab to rivojlanguncha subsidiya ajratadi. Davlat ssudalar ajratadi va kafolatlar berish orqali kreditlashni ta’minlaydi.

Shuningdek, hukumatning moliyaviy ko‘magida davlat va aralash tashkilotlar tizimi orqali kadrlar tayyorlanib, maslahat va axborot ta’minoti ko‘rsatiladi. Kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirishda savdo-sanoat palatalari va ularning filiallari muhim o‘rin tutadi, ularning soni 515 ta. Palata aʼzolarining 95 foizidan ortig‘i kichik va o‘rta biznes vakillari. Bu esa biznesda yuzaga keladigan muammoga o‘z vaqtida yechim topish va samarali tizimni yaratishga yordam beradi. Mutaxassislar tadbirkorlarga bepul maslahat berishadi, chunki bunday tadbirlar davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi. Bu yerda treninglar, o‘quv seminarlari, mutaxassislar malakasini oshirish kurslari ham o‘tkaziladi.

Eng ko‘p e’tibor iqtisodiyotning ko‘p sonli aholi jalb qilingan ijtimoiy ahamiyatga ega tarmoqlariga qaratiladi. Bu orqali ijtimoiy barqarorlikka erishish va aholi quyi qatlami manfaatlarini himoya qilish ko‘zlangan.

Yaponlar kichik biznes turi sifatida restoranlarni eng jozibali deb bilishadi. Mazkur biznes turida sulolaviy an’analar davom ettiriladi va boshqaruv avloddan-avlodga o‘tkaziladi. An‘anaviy hunarmandchilik bilan shug’ullanuvchilarga ham yetarlicha imtiyozlar berilgan. Yaponiyada kimono uchun mato yasash juda obro‘li kasb hisoblanadi. Ko‘plab rivojlangan davlatlar tomonidan qabul qilingan kichik va yirik biznes o‘rtasidagi hamkorlikning yapon modeli nimasi bilan farqlanadi?

Tokioda kichik va yirik biznes deyarli barcha sohalarda yonma-yon faoliyat yuritadi. Masalan, kichik tadbirkorlik subyektlari ommaviy uy-joylar qurish bilan shug‘ullansa, yirik tadbirkorlik subyektlari yo‘llar, zavodlar, ko‘p qavatli turar-joy va ma’muriyat binolari, savdo majmualari qurilishi bilan shug‘ullanadi.

Transportda ham shunday: yuk tashish bilan kichik korxonalar shug‘ullansa, yiriklari – taksi
parklari, avtobus korporatsiyalarini boshqaradi. Ya’ni, yirik biznes kichik biznesni ish bilan ta’minlaydi. Mashinasozlikka kelsak, mehnat talab qiladigan jarayonlarda yirik kompaniyalar qaysi yo‘nalish foydali ekanligini – ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishmi yoki kichik subpudratchilar tarmog‘ini buyurtmalar bilan ta’minlashmi o‘zlari aniqlaydi. Sanoatdagi kichik korxonalarning qariyb 55 foizi texnologik zanjirlar ishtirokchisi sifatida faoliyat yuritib, yirik korxonalarga xizmat ko‘rsatadi.Yaponiyadagi yirik korxonaning o‘rtacha umr ko‘rish muddati taxminan 30 yil, kichik korxona – 10 yilgacha davr suradi.

Mamlakat hukumati tadbirkorlik sohasini yangilash, yangi korxonalar tashkil etishga ko‘maklashish haqida g‘amxo‘rlik qiladi. Jumladan, 2003-yilda qabul qilingan qonun katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Unga ko‘ra tadbirkor boshlang‘ ich kapitalsiz, ya’ni atigi bir yena bilan kichik biznes ochishi mumkin.

Mazkur imtiyoz tufayli o‘tgan davrda 32 ming korxona tashkil etildi. Biroz oldinroq kichik biznes sohasida bankrotlik tartibini imkon qadar soddalashtirgan qonun qabul qilindi. Ushbu qonunga ko‘ra, kreditorlarning tarqoq bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun majburiyatlar aktivlardan oshib ketishidan oldinroq kreditorlardan himoyalanish uchun sudga murojaat qilish mumkin. Shunday qilib, davlat tadbirkorlarga moliyaviy yordam bermaydi, balki axborot va huquqiy yordam ko‘rsatadi.

Yaponiyada mahalliy darajada kichik biznes uyushmalari mavjud. Ular mahalliy savdo va sanoat palatalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va Markaziy Yaponiya Savdo-sanoat palatasi (xususiy) ularning muvofiqlashtiruvchi markazi hisoblanadi.

Savdogarlar uyushmasi muayyan hududda o‘z saflarida tartibni saqlaydigan va munitsipalitet oldida ularning manfaatlarini ifodalovchi saylangan organlarga ega. Misol uchun, Tokioda Ueno stansiyasi yaqinida kichik savdo arkadasi mavjud bo‘lib, u ham birlashma hisoblanadi. Va u mahalliy savdo palatasi tomonidan himoyalangan.

Yaponiyada uzoq tarixga ega bo‘lgan ko‘plab oilaviy korxonalar qadimiy texnologiyalar va ishlab chiqarish usullarini avloddan-avlodga o‘tkazadi, har bir prefektura uchun anʼanaviy mahalliy resurslardan foydalanadi va Yaponiyaning madaniy anʼanalarini o‘zida mujassam etgan mahsulotlar ishlab chiqaradi. Bunday ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularga yordam berish uchun “Rin crossing” onlayn platformasi mavjud bo‘lib, unda yapon ishlab chiqaruvchilari o‘z mahsulotlari haqidagi ma’lumotlarni bepul joylashtiradilar.

Platformadan 278 ta ishlab chiqaruvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Onlayn platforma turli xil bepul yordam dasturlarini, marketing va ishlab chiqarish kabi masalalar bo‘yicha seminarlarni taqdim etadi6. Hududiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari (HTQM) 47 ta prefekturaning har birida va mamlakatning 10 ta yirik shahrida joylashgan.

Ushbu markazlar tegishli prefekturalar yoki yirik shaharlarning ehtiyojlariga qaratilgan kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshiradi, tadbirkorlarga mavjud yordam resurslari (moliya, texnologiya, materiallar, ishlab chiqarish maydonlari, uskunalar, mutaxassislar va b.) bo‘yicha maslahat beradi. Shu bilan birga, HTQM tadbirkorlar uchun o‘quv dasturlarini amalga oshiradi va keng ko‘lamli mavzular (menejment, texnologiya, logistika, tashqi savdo va boshqalar) bo‘yicha seminarlar o‘tkazadi. Barcha HTQMlar savdo-sanoat birlashmalari va mahalliy savdo-sanoat palatalari bilan hamkorlikda ish boshlagan va faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun keng ko‘lamli xizmatlarni taqdim etadi.

Tokioda 123 ta universitet, ko‘plab ilmiy-tadqiqot institutlari iqtidorli va malakali mutaxassislarning mavjudligi, yuqori texnologiyali kichik va o‘rta korxonalar soni ortib borayotgani bu shaharni Yaponiya sanoatining jadal rivojlanish markaziga aylantirdi. Innovatsion KO‘B va yirik ilmiy-ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligini oshirish maqsadida “Tama” kichik biznesni rivojlantirish zonasi tashkil etildi. “Tama” zonasining muvaffaqiyatli tajribasi Yaponiyada boshqa innovatsion klasterlarni shakllantirishni faollashtirish imkonini berdi.

Yaponiya standartlariga ko‘ra, kichik biznes – bu 20 kishidan ko‘p bo‘lmagan ishlab chiqarish korxonasi bo‘lib, xizmat ko‘rsatish sohasida esa xodimlar soni 5 kishidan oshmasligi kerak. Davlat kichik korxonalar manfaatlarini himoya qiladi, yirik va o‘rta biznesning u yoki bu tarmoqni monopollashtirishiga yo‘l qo‘ymaydi. Agar siz Yaponiyada biznes ochishga qaror qilgan bo‘lsangiz, unda kichik korxonadan boshlashingiz kerak.

Bundan tashqari, kichik korxonalar ma’lum imtiyozlarga ega:
• katta qarz yoki bankrotlik uchun soliq stavkasining kamaytirilishi;
• tadqiqot va tajribalar uchun asbob-uskunalar sotib olishda, shuningdek, amortizatsiya uchun asbob-uskunalar sotib olishda soliq stavkasining pasaytirilishi.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bozor munosabatlari yo‘lga qo‘yilishi bilan kichik biznes davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘ladi. Buni Yaponiya amaliyoti ham tasdiqlaydi. Yaponiyada kichik biznesni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi juda rivojlangan va tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Yaponiyada har yili kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 180 milliard yenaga yaqin mablag‘ ajratiladi.

Yaponiyada kichik biznesni rag‘batlantirish siyosatini amalga oshirish uchun to‘rtta markaz mavjud:
• markaziy hukumat;
• mahalliy hokimiyat organlari;
• yirik biznes;
• kichik korxonalarning mustaqil birlashmalari.

Markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlari kredit kafolatlari, soliq imtiyozlari, subsidiyalar va kreditlar orqali kichik biznesni tashkil etish va rivojlantirishni rag‘batlantiradi. Mahalliy hokimiyat organlari va yirik korxonalar texnik va konsalting yordami, axborot va kompyuter xizmatlarini ko‘rsatish, kadrlar tayyorlashga ko‘maklashadi.

Imtiyozli kreditlar yangi texnologiya va mahsulotlarni ishlab chiqarish va uskunalarni o‘zlashtirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladi. Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash soliq imtiyozlari orqali ham amalga oshiriladi, bu kichik biznesga o‘z foydasining bir qismini zaxiralash imkonini beradi. Kichik va o‘rta biznes va kooperativlarning daromadlariga soliq stavkalari 27-28 foizni, yirik firmalar uchun 38 foizni tashkil qiladi7.

Yaponiyada kichik biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining asosi quyidagilardir:
• imtiyozli kreditlar;
• kichik korxonalarning kooperativlarga birlashishini rag‘batlantirish. Yaponiyada kichik va o‘rta korxonalar bilan bevosita ishlashga ixtisoslashgan banklar ham mavjud.

Shunday qilib, Yaponiyada kichik biznesni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning rivojlangan tizimi ishlab chiqilgan va u doimiy ravishda takomillashtirilmoqda. Yaponiyada kichik biznesning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishda xususiy banklar tomonidan kichik
biznesga beriladigan kreditlar bo‘yicha davlat kafolatlari tizimi katta rol o‘ynaydi. Umuman
olganda, kichik biznes faoliyat yuritishi va rivojlanishining yapon modelini deyarli namunali
deb hisoblash mumkin, yapon tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash tizimi esa allaqachon dunyoda eng keng qamrovli va yetuk tizimlardan biri sifatida e’tirof etilgan.

Feruz JO‘RAYEV,
jurnalist

 

1. https://core.ac.uk/download/pdf/287382436.pdf.

2. https://studfile.net/preview/9994719/page:8/.

3. https://izron.ru/articles/voprosy-sovremennoy-ekonomiki-i-menedzhmenta-svezhiy-vzglyad-i-novye-resheniya-sbornik-nauchnykh-tru/sektsiya-1-ekonomicheskaya-teoriya-spetsialnost-08-00-01/perspektivy-razvitiya-malogo-predprinimatelstva-v-rossii/.

4. http://dspace.nbuv.gov.ua/bitstream/handle/123456789/15377/09-Matrosova.pdf

5. https://www.moscowtorgi.ru/news/bolshaia_dvadtcatka/48/.

6. https://cyberleninka.ru/article/n/zarubezhnyy-opyt-podderzhki-malogo-i-srednego-predprinimatelstva-evropeyskiy-soyuz-i-yaponiya.

7. https://studwood.net/1305856/ekonomika/osobennosti_politiki_yaponii_oblasti_podderzhki_razvitiya_malogo_srednego_predprinimatelstva_mehanizm.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here