Jahon savdo tashkilotining afzalliklari

0
576
nice view of conakry harbour in guinea

Jahon savdo tashkiloti ( JST) 1995-yil 1-yanvardan ish boshlagan. Tashkilotning qarorgohi Shveytsariyaning Jeneva shahrida joylashgan. Yon qo‘shni Qirg‘iziston 1998-yilning 20-dekabrida bu tashkilotga 133-a’zo bo‘lib qo‘shiladi. Tojikiston 2013-yil 2-martda tashkilotning 159-a’zosi bo‘ldi. Qozog‘iston 2015-yilning 30-noyabrida JSTga 162-a’zo bo‘lib kirdi. Quyida Jahon savdo tashkilotining afzal tomonlarini tadqiq qildik.

Mazkur tizim dunyoda tinchlikni mustahkamlashga yordam beradi1.

Jahon savdo tashkilotining tizimi haqiqatan xalqaro hamjihatlikka qulay sharoit yaratadi. Shu ma’noda, sabab-oqibat aloqasini yaxshi anglasak, tizimning ishlashi bo‘yicha aniq tasavvurga ega bo‘lamiz.

Dunyo savdo tizimi quyidagi tamoyillar natijasida yashab kelayotgani aniqlangan: savdo oqimlarining to‘siqsiz harakatlanishi; savdo yuzasidan bahslarni konstruktiv va adolatli hal qilish platformasini bevosita manfaatdor mamlakatlarga yaratib berish.

Tarix savdo bahslarining urushga aylanib ketishi bilan bog‘liq misollarga boy. Chunonchi, 1930-yili yuzaga kelgan savdo urushini eslash kifoya. O‘sha davrda mamlakatlar bir-biriga savdo to‘siqlarini qo‘yib, mahalliy ishlab chiqaruvchining manfaatini himoya qilgan. Mazkur vaziyat “Buyuk inqiroz”ga keltirdi. U Ikkinchi jahon urushiga eshik ochdi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng savdo sohasida yuzaga kelgan ikki hodisa urushdan avvalgi davrdagi tanglikdan xalos qildi. Yevropada ko‘mir va temir rudasini qazib olish va po‘latni ishlab chiqarish sohasida xalqaro hamkorlik boshlandi. Global darajada esa, 1947-yilda tariflar va savdo bo‘yicha Bosh bitim (GATT) tuzildi.

Ikkita yo‘nalish muvaffaqiyatli rivojlandi va hozirgi davrda u sezilarli darajada kengayib ketdi: Yevropa Ittifoqi davlatlararo uyushmasi yuzaga keldi, Jahon savdo tashkiloti (JST) tuzildi2.

Jahon savdo tashkiloti erkin savdoning prinsiplariga ishonch yuzaga kelishi va uning mustahkamlanishida muhim rol o‘ynaydi. Savdogarlar, odatda, iste’molchilari bilan munozaraga borishni xohlamaydilar – iste’molchi (mijoz) doim haq.

Boshqacha aytganda, savdo oqimlari asta-sekin harakatlanadi va ularning ishtirokchilari o‘zaro foyda ko‘rish tomon harakatlanib, sog‘lom tijorat munosabatlarini qo‘llab- quvvatlaydilar, bu esa amaliyotda har qanday siyosiy qarama-qarshilikning oldini oladi.

Bundan tashqari, yaxshi tashkillashtirilgan savdo munosabatlari barchaning farovonlik darajasini ko‘taradi. Shuning uchun ham farovon va barqaror yashayotgan mamlakatlar boshqa mamlakat bilan harbiy to‘qnashuvni istamaydi.

JST tizimi savdo bahslaridagi muammolar bo‘yicha konstruktiv yechim topishga imkon yaratadi3.

Savdo mahsulotlarining hajmi, mahsulotlar assortimenti kengayishi natijasida mamlakatlar yoki kompaniyalar o‘rtasida bahs va muammolar yuzaga keladi. JST tizimi bunday bahslarni tinchlik va konstruktiv yo‘l bilan hal qilishda yordam beradi.

Bahsda ishtirok etuvchi taraflar shartnomalar asosida harakat qiladilar. Ammo liberallashtirish jarayonlari va savdo kengayib borishining boshqa tarafi ham mavjud. Savdo oqimlarining kengayib borishi bahslar yuzaga kelishining katta ehtimoli borligidan dalolat beradi. Bahs holati o‘zibo‘larchilik o‘zaniga qarab yo‘l oladigan bo‘lsa, jiddiy ziddiyatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ammo xalqaro savdo sohasida taranglik jiddiylashuvidan qochish mumkin, chunki mamlakatlar bu borada har xil tashkilotlarga, xususan, JSTga murojaat qilib, savdo bahslarini tartibga solishadi.

Kuchga emas, balki qoidalarga asoslangan tizim barcha uchun hayotni yengillashtiradi4.

JST barcha mamlakatlarni tenglashtirish talabini qo‘ymaydi. Kichik mamlakatlarning manfaatlarini himoyalashda ularga kengroq imkoniyatlarni yaratishi yirik mamlakatlarni savdo shartnomalari bo‘yicha ko‘plab kontragentlari bilan muzokara olib borishdan ozod qiladi.

JST qarorlari asosan konsensus asosida qabul qilinadi. JST shartnomalari barcha mamlakatlar tomonidan kelishilgan – konsensus asosida qabul qilingan va tashkilotga a’zo barcha davlatlarning parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilingan. JST shartnomalari barcha a’zolarga teng tarqaladi.

Ham boy, ham uncha boy bo‘lmagan mamlakatlar protsedura doiralarida o‘zlarining imkoniyatlaridan teng foydalanish vakolatiga egadirlar va bahslarni aynan shunday yo‘l –JST protseduralari orqali hal qilishlari mumkin.

Diskriminatsiyadan xoli qilish prinsipi JST shartnomalarida qayd etilgan bo‘lib, kerak bo‘lmagan murakkabliklardan xoli bo‘lish imkoniyatini yaratadi. Barcha a’zolarga nisbatan bir qator qoidalar to‘plami mavjudligi butun savdo rejimini soddalashtiradi.

Savdoning liberallashuvi hayotning farovonlik darajasini ko‘taradi5.

Oziq-ovqat va kiyim, zarurat uchun kerak bo‘lgan mollar va hashamat jihozlari uchun tegishli narx asosida xarajat qilinadi va bu harakatlar to‘liq savdo siyosati bilan bog‘liq.

Ma’lumotlarga qaraganda, boy mamlakatlar va ularning iste’molchilari qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlashga yiliga 350 mlrd dollar atrofida xarajat qilar ekan.

Proteksionizm juda qimmatga tushadi: uning sharofati bilan narxlar oshib boraveradi. JSTning global tizimi savdodagi to‘siqlarni muzokara o‘tkazish yo‘li bilan pasaytiradi hamda bu borada diskriminatsiyadan xoli qilish prinsipini ishga tushiradi. Buning natijasida ishlab chiqarishdagi xarajatlarning miqdori kamayadi.

Yuqoriroq sifatga ega bo‘lgan mahsulotning yanada kengroq assortimenti6.

Import mahsulotlar assortimentini tasavvur qilaylik: meva-sabzavot, oziq-ovqat, kiyim-kechaklar va boshqa ekzotik narsalar, olamning xohlagan burchagidan endigina uzilgan shifobaxsh gullar, uy uchun xilma-xil jihozlar, kitoblar, musiqa, filmlar va hokazo.

Endi esa import mahsulotlari iste’molchilarining xarid qilish imkoniyatini tahlil qilamiz. Import biz uchun tovar va xizmatlarni tanlash imkoniyatini kegaytiradi va yuqori sifatli bo‘lishini ta’minlaydi. Hattoki mahalliy tovarlarning sifati import mahsulot bilan raqobatga kirib yaxshi tarafga og‘adi.

Ammo tanlovning kengayib borishi faqatgina tayyor import mahsulotlarini sotib olish bilan
cheklanmaydi. Import doimo xomashyo materiallari, sanoat uchun butlovchi materiallar va
uskunalarni ishlatishdan iborat.

U vatandoshlar tomonidan ishlab chiqariladigan yakuniy mahsulotlarning spektrini kengaytiradi, bu esa texnologiyalarning diapazonini yanada katta darajalarga olib chiqadi. Mazkur diapazondan foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Masalan, uyali telefonlar paydo bo‘lganida ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar hattoki bu mahsulotni ishlab chiqarmaydigan mamlakatlarda ham paydo bo‘lgan edi.

Savdo daromadlarning o‘sishiga ko‘mak beradi7.

Savdo to‘siqlarining pasayishi savdo aylanmasi hajmini oshiradi, assortimentini ko‘paytiradi,
bu esa, o‘z navbatida, ham milliy, ham individual, shaxsiy darajada qo‘shimcha daromadlarga olib keladi. Ammo bu yerda ba’zi aniqlashtiruvchi ma’lumotlar kerak bo‘ladi.

Rezidentda qo‘shimcha daromadga ega bo‘lish vaziyati yuzaga kelishi hokimiyatlar qo‘lida qayta taqsimlanishi mumkin bo‘lgan resurslar mavjud ekanidan darak beradi.

Iqtisodchilar statistikasiga ko‘ra, savdo to‘siqlarining qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va xizmatlar sohasida uchdan bir darajaga pasayishi jahon iqtisodiyotining 613 milliard dollar o‘sishiga ko‘mak beradi.

Savdo iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi, bu esa bandlik sohasiga ijobiy ta’sir qiladi8. Savdo, shak-shubhasiz, ish o‘rinlarini yaratishda katta salohiyatga ega. Amaliyotdan dalillar bor, savdo to‘siqlarining pasayishi bandlik sohasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ammo proteksionizm
bandlikka salbiy ta’sir qiladi.

Ushbu murakkab vaziyat va uni hal qiluvchi yondashuv ham tegishli ravishda yaxshi o‘ylab rejalashtirilishi kerak bo‘ladi. Savdoning kengayishi paytida ba’zi ish o‘rinlarining yo‘q bo‘lish qonuniyati ham haqiqatdir. Bunday vaziyatning atroflicha tahlili ikkita muammo borligidan dalolat beradi.

Birinchidan, texnik taraqqiyot, uning ta’siri bandlikka va ishlab chiqarishga tarqaladi va bu
omil muayyan ish o‘rinlarini yaratadi va boshqa ish o‘rinlarini yo‘q qilishi mumkin.

Ikkinchidan, savdo ko‘pgina hollarda milliy daromadning o‘sishiga (farovonlikning oshishiga) ko‘mak beradi, lekin bu holat har doim ham yangi ish o‘rinlari yaratilishi bilan bog‘liq bo‘lmaydi. Bu holat raqobat va importning o‘sishi natijasida ish o‘rnini yo‘qotgan shaxslarga ayniqsa og‘ir tushadi.

Ba’zi mamlakatlar o‘zga mamlakatlarga qaraganda vaziyatga tezroq moslashadilar. Buning sababi shundaki, ularda qisman yanada samarali va ixcham siyosiy regulyator (tartibga soluvchi vosita) lar mavjud. Bunday vositalarga ega bo‘lmagan mamlakatlar esa real imkoniyatlarni boy beradilar.

Faktlar shuni tasdiqlaydiki, proteksionizm bandlikka katta zarar yetkazadi. Chunonchi, AQShning avtomobil sanoatidagi savdo to‘siqlari, Yaponiyadan keladigan avtoulovlar importini pasaytirdi, ammo ularning narxi ko‘tarildi, natijada savdo hajmlari pasayib ketdi va ish o‘rinlari yo‘qoldi.

Boshqacha aytganda, muammoni savdoning hajmini cheklab hal qilish katta muammoga aylandi. Mamlakat adaptatsiya davrida qiyinchiliklarni boshidan kechirar ekan, muqobil harakat sifatidagi proteksionizm vaziyatni faqat og‘irlashtiradi.

Asosiy prinsiplar tizimning iqtisodiy samaradorligini oshiradi va mahsulotning tannarxini kamaytiradi9.

Savdo tizimining ko‘pgina afzalliklarini raqamlarda tasavvur qilish yetarli darajada murakkabdir. Diskriminatsiya savdoni murakkablashtiradi.

Savdo mamlakatlarga mehnat taqsimlovini amalga oshirish, shuningdek ishlab chiqarish resurslaridan samarali foydalanish imkoniyatini beradi.

JSTning savdo tizimiga kelsak, u nihoyatda qulay afzalliklarni taklif qiladi. Tizim asosida yotgan muhim prinsiplarga ko‘ra, u samara darajasini ko‘tarishga va xarajatlarni keskin pasaytirishga ko‘mak beradi.

Diskriminatsiyadan xoli bo‘lish prinsipi JST savdo tizimidagi asosiy prinsiplardan biridir. Bundan tashqari, tizimda yana boshqa prinsiplar ham mavjud:

• transparentlik (siyosat shaffofligi, normalarning va qoidalarning shaffofligi);

• savdo sharoitlariga nisbatan ishonch darajasining o‘sishi (savdo to‘siqlarini pasaytirish bilan bog‘liq majburiyatlar va boshqa mamlakatlarning ichki bozorga kirib kelishini kengaytirish ikki tarafli yuridik kuchga ega);

• bojxona tartib-taomillarining soddalashuvi va standartlashtirilishi, byurokratiyaning bartaraf etilishi, ma’lumotlarning markazlashgan bazalari, shuningdek “Savdo tartib-taomillari soddalashuvi” ga yo‘naltirilgan boshqa choralar.

Mazkur omillar kompaniyalarning ishlab chiqarishdagi xarajatlarini pasaytiradi va kelgusi kunga ishonchni rag‘batlantiradi. Bu, o‘z navbatida, yanada ko‘proq ish joylari paydo bo‘lishiga va tovarlar, ish va xizmatlarning sifati oshib borishiga olib keladi.

Tizim lobbilashga qarshi kurashda mamlakat hokimiyatiga yordam beradi10.

XX asrning ikkinchi yarmida shakllangan GATT-JST tizimi mamlakatlarning hokimiyatlariga
savdo siyosatida yanada muvozanatli yondashuvni amalga oshirishda yordam ko‘rsatadi.

Proteksionizm siyosati natijasida olingan saboqlardan biri shundan iboratki, mazkur siyosat
XX asrning birinchi o‘n yilligida ustun bo‘lib, zarar keltirgandi. Chunki tor doiradagi manfaatlarga siyosiy ta’sir etishda haddan tashqari nomuvozanatlangan ulush berildi. Bu esa cheklov siyosatini yanada chigallashtirib, oxir-oqibat savdo urushiga aylandi. Ammo bu urushda faqat mag‘lubiyatga uchraganlar bo‘ldi, hech kim g‘alaba qozona olmadi.

Importning cheklanishi iqtisodiy sektorni qo‘llab-quvvatlovchi usul sifatida namoyon bo‘ladi go‘yo. Biroq bu boshqa sektorlarga qaraganda iqtisodiy jihatdan muvozanatdan chiqish deb tan olinadi va ular buning natijasida jabr tortmasliklari zarur. Masalan, yengil sanoatingizni muhofaza qilmoqchi bo‘lsangiz, qolganlar yanada qimmat narxda kiyim uchun pul to‘lashiga to‘g‘ri keladi, bunday holat, o‘z navbatida, barcha sektorlarda maoshning miqdoriga ta’sir ko‘rsatadi.

Proteksionizmning tobora keskinlashuvi o‘zga mamlakatlar tomonidan proteksionistik siyosatni olib boruvchi davlatga javoban savdo to‘siqlarini kuchaytirishiga olib keladi. Aynan shunday holat 1920–1930-yillarda yuz berib, dahshatli oqibatlarga olib keldi.

Hokimiyatlar alohida, tor manfaatlarni lobbilashtiruvchi guruhlarning bosimiga qarshi turishlari kerak. JST tizimi ularga bu yo‘nalishda yordam berish imkoniga ega.

GATT-JST tizimi keng sohalarni o‘z ichiga oladi. Shuning uchun savdo muzokaralarida GATTJST doirasida biron-bir guruh faol ravishda o‘z manfaatlarini lobbilashtirish bilan shug‘ullanadi va hokimiyatdan o‘zi uchun alohida vakolatlarni yaratib berishini talab qiladi. Bu hollarda hokimiyat iqtisodiyotning barcha sektorlariga oid manfaatlar asosida keng miqyosli shartnoma tuzishning zaruratini vaj qilib, bunday xurujlarni rad etishi mumkin bo‘ladi.

Tizim samarali boshqaruvni rag‘batlantiradi11.

JST qoidalariga asosan biron-bir savdo sohasiga oid sektor liberallashuvi bilan bog‘liq majburiyat qabul qilinadigan bo‘lsa, bunday qarorni orqaga qaytarish qiyin bo‘ladi. Shu bilan birga, qoidalar bir qator noadekvat siyosiy qarorlar qabul qilinishiga to‘sqinlik qiladi. Biznes uchun esa bunday holat savdo sharoitlariga oid katta aniqlik va ravshanlikka ega bo‘lishdir.

Qoidalarning mavjudligi korrupsiya yo‘lida samarali to‘siqlar vujudga kelishiga olib keladi. Qoidalar noadekvat (nomutanosib, to‘g‘ri kelmaydigan) siyosiy qarorlarni qabul qilmaslik talabi borligini bildiradi. Proteksionistik siyosat, yuqorida qayd etganimizdek, aynan shunday noadekvat variant sanaladi, chunki uning natijasida ham milliy, ham xalqaro miqyosda zarar ko‘riladi.

Ba’zi bir savdo to‘sig‘lari korrupsiyaga olib keladi. Bunday savdo to‘siqlari sifatida import yoki eksportni cheklovchi kvotalarni ko‘rsatish mumkin, JST aynan shu kvotalar bilan kurash olib borishga majbur bo‘ladi.

Yetkazib berish hajmlarini cheklar ekan, kvotalar sun’iy ravishda mahsulot narxini oshirib qo‘yadi va natijada anomal ravishdagi juda katta foyda yuzaga keladi (iqtisodchilar bunda “kvotali renta” to‘g‘risida gapiradilar). Lobbistlar tegishli ta’sirni ushlab turish maqsadida, kezi kelganda, shu foydani siyosiy bozorda ishlatishi mumkin.

Boshqacha aytganda, kvotalar savdoni cheklashda umuman noadekvat vositaga aylanadi.

Hokimiyatlar JST doirasidagi qoidalarda shunday kelishuvga keldilarki, kvotalardan foydalanishga o‘rin yo‘q va ularni rag‘batlantirish taqiqlanadi. Shunga qaramasdan, ko‘pgina mamlakatlarda har xil turdagi kvotalardan foydalanish davom ettirilmoqda. Hokimiyatlar bu kvotalar ular uchun juda zarur deb xitob qiladilar. To‘g‘ri, ular JST shartnomalarining nazoratida bo‘lib, ularning qisqartirilishi yoki umuman olib tashlanishi bo‘yicha bir qator shartnomalar tuzilgan, xususan, gazmol sanoati sohasida.

JST shartnomalari bir qator boshqa sohalarni ham qamrab oladi, bu esa korrupsiyaga qarshi kurash va boshqaruvning samarasiz metodlarini qo‘llashga qarshi kurashda yordam berishi mumkin.

Transparentlik (shaffoflik, masalan, jamoatchilikka savdo qoidalari to‘g‘risida barcha ma’lumotlarni yetkazish), savdoning boshqa shartlarining liberallashuvi, mahsulot xavfsizligi va standartlashuviga oid mezonlarning yanada aniq bo‘lishi, shuningdek nodiskriminatsiya tamoyili volyuntaristik qarorlarni qabul qilish va firibgarlik qilish imkoni bo‘lgan tirqishlarni yopishda yordam beradi.

JST qoidalariga rioya etmaslik sud sanksiyalariga olib kelishi va tadbirkorlik faoliyatiga to‘siq bo‘lishi mumkin.

JST qoidalari xalqaro savdodagi barcha talablarga so‘zsiz rioya qilish, ishlab chiqaruvchining va iste’molchining huquqlari va qonuniy manfaatlarini muhofaza etishga qaratilgan. Ammo kontrafakt mahsulot ishlab chiqarsa, tadbirkorlar muqarrar ravishda mulkiy va boshqa javobgarlikka duchor etilishi mumkin. Bu masala bo‘yicha O‘zbekistonda yuz bergan noxush bir hodisa bilan tanishtirmoqchimiz.

Sudlar tovar belgisidan noqonuniy foydalangan 8 nafar shaxsga 24 mln so‘mga yaqin jarima tayinlaydi12.

Adliya vazirligi “Nokia Corporation”ning intellektual mulk huquqlarini himoya qildi. Bu haqda
vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

2023-yili Finlandiya korporatsiyasining ishonchli vakili O‘zbekistonda kompaniya tovar belgisidan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha vazirlikka murojaat yuborgan.

Murojaat asosida Adliya vazirligi o‘rganish o‘tkazadi. Natijada Toshkent shahrida “Nokia”
tovar belgisi bilan aynan bir xil bo‘lgan kontrafakt mahsulot sotilayotganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur hamda Chilonzor tuman sudlari tomonidan sakkiz nafar shaxsga 23 mln 760 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Huquqbuzarlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-moddasi birinchi qismi –
mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganida yuqoridagi hodisa uchun mamlakatimiz jarima to‘lashiga to‘g‘ri kelar edi. Shuning uchun JST qoidalarini puxta o‘rganish va ularga rioya qilish masalasi dolzarb ahamiyatga ega. Zero, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida “Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish” maqsadi (93-maqsad) nazarda tutilgan13.

Shu ma’noda Jahon savdo tashkilotining Asosiy kelishuvlarini to‘la hajmda davlat tiliga o‘girish va chop etish, O‘zbekistonda xalqaro savdo-tijorat sudini barpo etish, milliy qonunchilikda kontrafakt va odamning salomatligiga zarar keltiruvchi mollarni chiqarish yoki noqonuniy ravishda begona savdo markasi yoki logotipdan foydalanganlik uchun javobgarlik choralarini belgilash taklif etiladi.

Mirodil BARATOV,
O‘zFA Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i,
yuridik fanlar doktori, professor.
Bori AKRAMXODJAYEV,
O‘zFA Davlat va huquq instituti katta ilmiy xodimi,
yuridik fanlar nomzodi, dotsent

1 Анатомия ВТО // Электронная публикация: Центр гуманитарных технологий. — 05.09.2006. URL: https://gtmarket.ru/library/articles/454.

2 Анатомия ВТО // Электронная публикация: Центр гуманитарных технологий. — 05.09.2006. URL: https://gtmarket.ru/library/articles/454.

3 Урегулирование торговых споров// http://www.rgwto.com/wto.asp?id=3669&doc_id=3335

4 Trade Profiles 2023// https://www.wto.org/english/res_e/publications_e/trade_profiles23_e.htm.

5 Процесс либерализации мировой торговли// https://vovworld.vn/ru-RU/ -936351.vov.

6 Международная торговля, стандарты и регламенты// Мальский О.М., Новоскольцев А.В., Ягольник А.М. Право Всемирной торговой органи зации (применительно к присоединению России к ВТО)/Практическое пособие – М.: Издательство «Проспект», 2012; ГОСТ ISO 9000-2011 (ISO9000:2005) Системы менеджмента качества. Основные положения и словарь.

7 https://fincult.info/article/zhiznennyy-tsikl-biznesa-5-etapov-razvitiya.

8 Хукман Б. Превратить ВТО в организацию, в большей степени способствующую развитию // Финансы & развитие. 2005. С. 14–18. URL: https://www.imf.org/external/pubs/ft/fand

9 Developing countries in WTO dispute settlement // Official website of the World Trade Organization. URL: tratop_e/dispu_e/disp_settlement_cbt_e/c11s1p1_e.htm.

10 Khukman B. (2005) Turn the WTO into an organization more conducive to development. Finance & Development, pp. 14–18. URL: https://www.imf.org/ external/pubs/ft/fandd/ rus/2005/03/pdf/hoekman.pdf.; Лоббизм по-русски. Как работает рынок продвижения интересов в России// https://www. kommersant.ru/doc/3268864.

11 https://www.kt.kz/rus/project/otkrytie_135-y_kantonskoy_yarmarki_v_kitae_zaplanirovano_1377960583.html

12 https://www.spot.uz/oz/2024/01/31/nokia-rights.

13 Ўзбекистон Президентининг “Ўзбекистон – 2030” стратегияси тўғрисида” 11.09.2023 йилдаги 158-фармони // Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 12.09.2023 й., 06/23/158/0694-сон. https://lex.uz/ru/docs/6600413

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here