AQSH sudyalari haqida (Kasb va shaxsiyat)

0
359

Roman-german va anglo-sakson huquq tizimlaridagi sudyalarning darajasida katta farq bor. AQSh sudyalari chindan hukumatning bir qismi hisoblanadi. Shuning uchun ularga siyosiy kuch sifatida ham qaraladi. Sudga hurmatsizlik ko‘rsatgan yoki uning buyruqlarini buzganlarni sudyalar jarimaga tortadi yoki qamoqqa olinishiga erishadi.

Amerikaning barcha sudyalari qonunni konstitutsiyaga zid deb topish huquqiga ega1. Ular pretsedent asosida qaror qabul qila oladi. Qaysidir vaziyatda pretsedentni inkor qilishlari ham mumkin. Ish pretsedentsiz, noyob bo‘lganda sudya boshqa sudlarning shunga yaqin masalalar bo‘yicha chiqargan qarorlariga asoslanib va o‘z aqliga suyanib qaror chiqaradi.

Amerikada fitrati toza, tajribali, zehni o‘tkir shaxs sudya bo‘lishi mumkin. Javobgarlikning og‘ir yuki va professional yolg‘izlik – sudyalarning kasbiga oid belgi. Jamiyatning munosabati ham sudyalarga qiyinchilik tug‘diradi, chunki jamiyat fikri sudya uchun bosimdir. Negaki omma kino va kitoblarda tasvirlangan sudyalar obrazi bo‘yicha hayotdagi sudyalarga munosabat bildiradi.

Yolg‘izlar kasbi

Amerikalik sudyalar kasb taqozosiga ko‘ra yolg‘izlikka duchor bo‘ladi. Xolis qolish uchun ular
odamlardan, taraflardan masofa saqlaydi, shuningdek boshqa sudyalardan ham uzoqlashadi.

Jefri Pakkard Massachusets shtatida sudya bo‘ldi. U endi advokat bo‘lib ishlagan davrini qo‘msaydi. U 30 yillik advokatlik davrida suddan ofisiga qaytib, suddagi jarayonlarni, taassurotlarini hamkasblariga so‘zlab bergan. “Biz 12-15 kishi edik. Bir-birimizni doim qo‘llaganmiz. Meni sudyalikka tayinlashgandan keyin hammasi o‘zgardi.

Endi eng yaqin do‘stlarimdan tashqari hamma bilan masofa saqlayman”.

Nyu-yorklik sudya Emili Gudman uni qo‘llaydi: “Ko‘p qavatli uylarda yashovchi nyu-yorkliklar qo‘shnisini tanimaganday sudyalar ham boshqa sudyaning xonasiga kirmaydi. Sudyalar hamkasbining sud majlisiga kirmaydi. Boshqa sudya bilan maslahatlashmaydi. Hamma qarorlarni konsiliumsiz, hech kim bilan maslahatlashmay qabul qilishga mahkum. Advokatlar sudyalarga nisbatan erkinroq. Ular boshqa yuristlar bilan bemalol muloqot qiladi. Hatto raqiblari bilan gaplashadi. Axborot almashadi. Norasmiy vaziyatda ko‘rishadi.
Tennis va golf o‘ynaydi. Sudyalar esa yolg‘iz bo‘ri maqomidadir”.

Ish boshog‘rig‘i

Massachusets shtati oliy sudining sudyasi Robert Kordi shunday deydi: “Sudya vazifasiga tayinlanganimda endi ko‘p o‘qishim kerakligini tushunardim. Lekin har oyda minglab sahifani o‘qishni xayolimga keltirmabman. Har oyda biz 22 ta ishni boshidan oxirigacha ko‘ramiz. Bu 44 ta sud majlisi degani. Unda tomonlar ariza beradi. Keyin bu arizalar bo‘yicha taraflarning fikri eshitiladi. So‘ng ekspertlarning xulosasi… Har bir ariza 40-50 sahifa degani. Ilovalari ham bor…”.

Missuri shtatining apellyatsiya sudi sudyasi Lisa Uayt Hardvik aytadi: “Ishlarni hal qilish uchun qancha vaqt ketkizishimizni odamlar bilsa hayron qolishi mumkin. Ular sudyalar qonunlarni yoddan biladi yoki shablon qarorlarga ega deb o‘ylashadi. Hatto oddiy holatlarda ham normativ hujjatlarni qayta o‘qiymiz va har bir bobni taqqoslab chiqamiz”.

Kasb foydasi

Shunchalik ekan, nega yuristlar uchun sudyalik kasbi jozibador?

Anglo-sakson huquq tizimidagi AQSh va boshqa mamlakatlarda sudya fuqarolik hamda jinoiy ishlarni ko‘rish huquqiga ega. Pretsedentlardan kengroq foydalanish esa sudyaning ishni ko‘rishda ijodiy yondashuvini ta’minlaydi. Sudyalar har kuni har xil odamlar bilan turli holatlarda to‘qnashadi. Bitta sudya aytganday turfa xillik ishimizga o‘zgacha ta’m beradigan masalliqdir.

Yangi insonlar bilan muloqot qilish va murakkab savollarga javob topish imkoni omadli advokatlarni sudyalikka chorlaydi. Masalan, Boston shahridagi ilg‘or firmaning hamkor boshqaruvchisi Robert Kordi advokatlikdan sudyalikka o‘tdi. “Ishlarning turfa xilligi intellektual sa’y-harakatlarga undaydi, – deydi sudya Pakkard. – Biz bir ishdan boshqasiga tez o‘tib ketishimiz kerak. Bu qiyin, lekin g‘oyatda qiziqarli”.

Lekin sudyalarning aytishicha, amal, qudrat tuyish va shu bilan birga odamlar taqdiri bo‘yicha javobgarlik hissi bu kasb egasi uchun muhim o‘rin tutadi.

Sud boshlandi

Sud majlisi teatr tomoshasiga o‘xshaydi. Sudya bunda rejissyor, aktyor. Tanqidchi rolini ham o‘ynaydi. Lekin hamma vaqt ham bu “tomosha”si nima bilan tugashini bilmaydi.

Missuri shtati apellyatsion sudi sudyasi Lisa Harduik aytadi: “Sud jarayonida fikrlarim o‘zgarib turishini kuzatib turaman. 30 foiz holatda tomonlar mening avvalgi fikrimni o‘zgartirishga urinishgan”.

“Yaxshi advokat faqat qonunni biladi. Zo‘r advokat esa sudyani ham biladi” degan naql bor.
Taqdirlarni hal qiluvchi sudyalar haqiqatan ham sud jarayoni ishtirokchilari o‘yin qoidalariga rioya qilishini istaydi.

Federal apellyatsiya sudining qurolli kuchlar bo‘yicha sudyasi Endryu Effron harbiy sudlardagi fuqarolik ishlarini ko‘radi. U o‘zining pozitsiyasini shunday bayon qiladi: “Advokatning ishi o‘zining argumentlarini menga qalashtirib tashlash emas. U oldindan reja tuzgan bo‘lishi kerak. Agar uning so‘zini sudya qabul qilishini istasa, puxta asoslangan uch-to‘rtta tezisi bo‘lishi kerak. Ana shularga urg‘u berishi lozim”.

Sudya Effronning aytishicha, yuristlar savollariga javob berolmasa uning ensasi qotadi: “Tushunaman, advokat menga o‘zining qarashlarini yetkazmoqchi, lekin men undan nimadir so‘rasam bu muhim ekanini anglashi kerak. Uning savolga javobi bo‘lmasa, “ish bilan tanishib chiqmaganman, uni ko‘rishni boshqa kunga ko‘chiraylik” deb tan olishi lozim”.

Ishonchni yo‘qotishning oson yo‘li – qonunning ahamiyatini tushirish yoki konkret ishdagi salbiy faktlarni yashirish. Ko‘p sudyalar bu fikrga qo‘shiladi. Advokatlar ish bilan tanishganini ko‘rsata olishi kerak. Shunchaki ishning bayonini o‘qib berishni sudyalar ma’qullamaydi. Bunga ishonish qiyin, lekin shunday holatlar ham bo‘lib turadi.

Rossiyalik sobiq federal sudya Yuriy Svetkov professional-psixologik sifatiga qarab sudyalarni bir nechta turga bo‘ladi. U avval tergovchi, prokuror vazifasida ishlagan. So‘ng ancha yil sudyalik qilgan.

Rejissyor sudya

Sudya sud jarayonlarini jamoatchilik bilan bo‘lishishga urg‘u berganda, bunday sudyani rejissyor tipidagi sudya deb ataymiz. Sud jarayoni “inson komediyasi”ning g‘aroyib janri. Chunki sudya sud jarayonida ham rejissyor, aktyor va tomoshabin maqomida bo‘ladi. Rejissyor sudya sud jarayonini boshqarishda yuqori darajada professional qoniqish tuyadi. Sudya faoliyatining mana shu tarafi qoyilmaqom bajarilganida sudyalik kasbining chuqur ma’nosi yuzaga chiqadi.

Rejissyor tipidagi sudya boshqaruvida sud jarayonining har bosqichi aniq qurilmaga ega bo‘ladi.

Sud tartibiga ikir-chikirigacha rioya qilinsa ham hech kim zerikmaydi. Bu dalillarni o‘rganish va guvohlarni so‘roqqa tutish tizimiga ta’sir qilib, sud jarayoni dinamikasini o‘zgartirib, unga dramatik tus beradi. Sud jarayonida ehtiroslar jo‘shganda hazil-huzul bilan jarayon ishtirokchilarining junbushlarini pasaytiradi.

Ustoz sudya

Sud jarayoni qatnashchilariga e’tiborni qaratishga urg‘u beradigan sudyani ustoz tipidagi sudya deyish mumkin. Ishtirokchilar ichida sudyaning maqomi baland bo‘ladi. Nizoni faqat u hal etish funksiyasiga ega. Shu bilan birga ustoz sudya ishtirokchilarga tarbiya berish funksiyasini ham bajaradi.

Bunday sudya jarayonning nafaqat huquqiy bilimi oz qatnashchilarini tarbiyalamoqchi bo‘ladi, shuningdek yoshidan qat’i nazar usta yuristlarga ham dakki berib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. Turli xil tarbiya amallarini qo‘llaydi. Ularga sudda o‘zini qanday tutishni o‘rgatadi. Ayblanuvchini ogohlantiradi, jabrlanuvchiga nasihat qiladi yoki aksincha.

Sudda eslangan amaldor yoki tashkilotlarni to‘satdan tanqid qilib qoladi.

Rejissyor sudyaning sud jarayoni ko‘p senariy bo‘yicha rivojlansa, ustoz sudya bitta senariy
bo‘yicha ishlaydi. Bu maqomdagi sudya sud jarayonini avtoritar usulda boshqaradi va buni yashirmaydi.

Bu sudya ochiqdan-ochiq taraflarning birining yonini oladi. Bitta fikrda turadi. O‘ziga yoqmagan tarafning fikrini rad qilib, ularning so‘zini bo‘lib turadi. U avvaldan bir qarorga kelib bo‘lgan, jarayondagi muhokamalar uning g‘ashiga tegadi. U chiqargan hukm ko‘pincha tushunarsiz, unga asos bo‘lgan dalillarda oydinlik kam bo‘ladi.

Ustoz tipidagi sudya ko‘p vaqtni bekorga sarflagani uchun sud jarayonida qatnashuvchi professional yuristlar uni xushlamaydi, ayniqsa tergovchilar. Chunki sudya tergovchilarni xuddi imtihon paytidagidek so‘roqqa tutadi. Taraflar sudyaning g‘ashiga tegmaslikka harakat qilishadi. Sudya ishdan chalg‘imasligi uchun tanbehlariga e’tiroz bildirishmaydi.

Izzattalab sudya

O‘zining professional maqomiga urg‘u berib ish yuritayotgan sudyani izzattalab sudya deb ataymiz. U ulug‘vor ko‘rinishga intiladi. Taraflar unga xushomad qilishlarini, “muhtaram rais” deb murojaat etishlarini talab qiladi.

Izzattalab sudya protsessual tartibdan tashqaridagi munosabatlarga o‘rin qoldirmaydi. Sud jarayonida ham qonunchilikda ko‘rsatilgan rasmiy munosabatdan tashqariga chiqmaydi. Hujjatlar bilan ishlashni yoqtirmaydi. Bu ishni yordamchisi yoki kotibiga yuklaydi. Shuning uchun ham u qo‘l qo‘ygan hujjatlar tushuniksiz va haddan tashqari qisqa bo‘ladi.

Izzattalab sudya o‘ziga xosligini ko‘rsatish uchun tajribada ko‘rilmagan g‘ayritabiiy qarorlar chiqarishi mumkin. Lekin bu qaror salbiy oqibatga olib kelmasligini oldindan yaxshilab chamalaydi. Bu sudya mustaqil va kutilmagan qaror chiqaradi. Taraflar uning yo‘rig‘iga yurishini doim rejasiga kiritadi. Shuning uchun bunday tipdagi sudyani prokuror va tergovchilar yoqtirmaydi.

Bunday sudyaga taraflardan biri xushomadgo‘ylik qilsa, ya’ni uning sifatlarini majlisda ta’kidlab tursa, o‘ziga maqbul qarorni chiqarishga erishishi mumkin.

Konveyer tipidagi sudya

Konveyer tipidagi sudya ishning muddatiga urg‘u beradi. Juda katta ruhiy ham fiziologik yukni ko‘taradigan bu tipdagi sudyalarga hozirgi davrda talab oshgan. Bunday sudya ishga pragmatik yondashadi.

Uning uchun protsedura zarariga bo‘lsa ham protsessual hujjatlarni risoladagiday yozish muhim. Ish materiallari doirasidan chiqmasdan xulosaga keladi. Bu bunday sudya yozgan hujjatlar chuqur ma’nili va o‘ziga xos fikrlar bilan boyigan degani emas. Uning hujjatlari shablon usulida, shu bilan birga sip-silliq va aniq yoziladi.

Bu sudyaga sud jarayoni yoki haqiqat yuzaga chiqishi qiziq emas. Konveyer tipidagi sudyaning o‘y-xayoli sud jarayonini puxta hujjatlashtirishda bo‘ladi. Taraflar sud jarayonida sust bo‘lsa u asabiylashadi, ularga dakki berib, ishni tezlashtiradi.

Bunday sudya sud jarayonidan zerikib, parallel ravishda keyingi ish qog‘ozlari bilan tanisha boshlaydi. Chunki hozirgi ish haqida u oldindan bir qarorga kelgan bo‘ladi. O‘zini tutishi bilan hammaga bu jarayon unga qiziqmasligini bildiradi. U sud jarayonidan zavq olmaydi. Aksincha, qancha ko‘p sud ishlarini o‘tkazsa ko‘ngli shuncha to‘ladi. Jarayon qatnashuvchilari qancha ko‘p bo‘lsa, bu unga qo‘shimcha boshog‘riqday tuyuladi.

Bu sudya chiqargan qarorlar ko‘pincha sud tajribasida eskirgan chiqadi. Qarorlarni yuqori instansiyaning pozitsiyasiga moslab chiqaradi. Shuning uchun ham bunday sudya chiqargan qarorlar kamdan-kam hollarda o‘zgartiriladi yoki bekor qilinadi.

Tergovchi tipidagi sudya

Sudya dalillarni chuqur o‘rganishga mukkasidan ketsa, uni tergovchi tipidagi sudya deb ataymiz.

Bunday sudyalar asosan prokuratura va ichki ishlar organlarida ishlagan, qirq yoshdan oshgan erkaklardir. Ular dastlabki tergovdan qoniqmaydi. Hamisha jinoiy ishni qaytadan tergov qilishni istashadi. Taraflar va guvohlar so‘roq qilingan vaqtda bu tipdagi sudyalar diqqatli bo‘lishadi. Sudda nostandart tergov harakatlarini qo‘llashadi: joylarga borib, tergov eksperimenti o‘tkazishni xohlab qolishadi va hokazo.

Tergovchi sudya sud jarayoni protseduralariga nisbatan befarq bo‘ladi. Hukm chiqarishda dalillar tahliliga ko‘proq e’tibor qaratadi. Bu borada unga teng keladigani yo‘q. Lekin u protsedurada kamchilikka yo‘l qo‘yadi. Jazo qo‘llashda xato qiladi. Shuning uchun ham u chiqargan ko‘p hukmlar bekor bo‘ladi yoki o‘zgartiriladi.

Prokurorlar bunday sudyaga ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Bunday sudya ularga qattiq talablar qo‘yishi mumkin Chunki dastlabki tergovni tekshirish va tahlil qilishga ko‘p vaqt ketkazadi. Advokatlarga esa bunday sudyalar yoqadi. Bu tipdagi sudyalar ish jarayonida advokatga dalillarini isbotlash uchun katta imkon beradi. Oldin tergovchi bo‘lib ishlagan advokat va prokurorlar tergovchi sudyalarni qadrlashadi.

Sud jarayonida taraflar tergovchi sudyani chalg‘itolmaydi, yolg‘on yoki isbotlanmagan dalillarini o‘tkazolmaydi.

Murod SHAMBAYEV
tayyorladi

1 https://www.legal-business.ru/temy/lyudi/442-professiya-sudya.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here